65-modda. Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish davlat soliq xizmati organining daʼvo arizasi asosida sud tartibida amalga oshiriladi.
Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda rasmiylashtiriladi unda soliq qarzdorligi hosil boʻlgan soliq davri koʻrsatiladi va soliq toʻlovchi soliq hisobiga qoʻyilgan joydagi davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan imzolanadi. Daʼvo arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
soliq qarzi borligi toʻgʻrisida soliq toʻlovchining mavjud shaxsiy kartochkalaridan koʻchirma;
toʻlov topshiriqnomalari, toʻlov talabnomalari va inkasso topshiriqnomalari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Undiruvni sud hujjatlari asosida soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq qarzini undirish uchun davlat ijrochilari tomonidan inkasso topshiriqnomalari qoʻyilayotganda davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzining shunga oʻxshash summasiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalarining ijrosi bekor qilinadi.
