197-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar quyidagilardir:
1) soliq solinadigan oborotlarga ega boʻlgan yuridik shaxslar, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa;
2) ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilayotgan soliq solinadigan oborotlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlash boʻyicha majburiyat yuklatiladigan yuridik shaxslar;
3) tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar, oʻz ehtiyojlari uchun bojsiz olib kirish normalari doirasida tovarlar olib kiruvchi jismoniy shaxslar bundan mustasno;
4) oddiy shirkat soliq solinadigan oborotlarni amalga oshirayotganda zimmasiga uning ishlarini yuritish yuklatilgan (ishonchli shaxs) sherik (ishtirokchi) — yuridik shaxs.
Quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar hisoblanmaydi:
notijorat tashkilotlar. Ushbu modda birinchi qismining 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek tadbirkorlik faoliyati doirasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oborotini hamda ushbu Kodeks 199-moddasi birinchi qismining 5 va 6-bandlarida koʻrsatilgan oborotlarni amalga oshirganda notijorat tashkilotlar ushbu oborotlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar boʻladi. Bunda ushbu Kodeksning 132-moddasida koʻrsatilgan boshqa daromadlarni olish tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralmaydi;
agar ushbu Kodeksning XX boʻlimida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan yuridik shaxslar.
Yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar boʻlgan yuridik shaxslar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yilning navbatdagi choragi boshlanguniga qadar bir oydan kechiktirmasdan, yangi tashkil etilayotgan yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar boʻlgan yuridik shaxslar esa faoliyat boshlanguniga qadar taqdim etiladigan yozma bildirishga asosan ixtiyoriy asosda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashi mumkin.
Alohida toifadagi soliq toʻlovchilar uchun, aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarishni va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshiruvchilar bundan mustasno, ushbu Kodeksninng 401-bobida belgilangan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibi 2021-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrga belgilanadi.
