340-modda. Davlat bojini boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan undirishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik uchun davlat boji dalolatnomalarni roʻyxatda qayd etish chogʻida, takroriy guvohnomalar berganlik uchun esa, ular berilayotganida toʻlanadi.
Chet elga chiqish, Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirganlik uchun, bu hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritganlik uchun, shuningdek yashash guvohnomasini, fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini berganlik yoki ularning muddatini uzaytirganlik yoxud chet ellik fuqarolarning pasportlariga yoki ularning oʻrnini bosadigan hujjatlariga chiqib ketish yoki kirib kelish huquqini beradigan vizalar qoʻyganlik uchun davlat boji tegishli hujjatlar olinguniga qadar, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisidagi arizalardan esa, bunday arizalar berilguniga qadar toʻlanadi.
Chet eldan kirish va chet elga chiqish huquqini beruvchi hujjatlarni, yashash guvohnomasini, fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini berganlik yoki ularning muddatini uzaytirganlik, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisidagi arizalardan, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan chet elga xizmat safariga yuboriladigan fuqarolarning xorijga chiqish huquqini beruvchi hujjatlardan davlat boji belgilangan tartibda ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan toʻlanadi.
Chet elga xizmat safariga yuborilgan xodimlar bilan birgalikda ularning xotini va bolalari xizmat safarining butun muddatiga safarga borganida davlat boji xizmat safariga yuborilganlarning oʻzlaridan undirilgani kabi tartibda va miqdorlarda undiriladi. Oila aʼzolari chet elga xizmat safariga yuborilgan shaxsning oldiga mehmon boʻlib oddiy safarga borganlarida davlat boji umumiy asoslarda undiriladi.
Chet ellik fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishga vizalar berganlik uchun davlat boji har bir shaxsga alohida viza yoki bir nechta shaxsga umumiy viza berilayotganligidan qatʼi nazar, oʻn olti yoshga toʻlgan har bir shaxsdan undiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini turar joyga qayd etganlik va turgan joyi boʻyicha hisobga olganlik, ov qilish huquqi uchun ruxsatnoma berganlik uchun davlat boji hujjat berilayotganda toʻlanadi.
