306-modda. Soliq solish obyekti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksning 172-moddasida koʻrsatilgan ish haqi tarzidagi daromadlar yagona ijtimoiy toʻlovning soliq solish obyektidir. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar uchun yagona ijtimoiy toʻlovning soliq solish obyekti ularning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilguniga qadar oxirgi ish joyi boʻyicha olingan, Oʻzbekiston Respublikasida budjet muassasalari xodimlari uchun ish haqi oshirilishi hisobga olingan holda qayta hisoblanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlarni berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomasiga muvofiq yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentiga toʻlanadigan chet ellik xodimlarning daromadlari ham yagona ijtimoiy toʻlovning soliq solish obyektidir.
