279-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega boʻlgan yuridik shaxslar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari yer soligʻini toʻlovchilaridir.
Koʻchmas mulk ijaraga berilgan taqdirda, ijaraga beruvchi yer soligʻini toʻlovchi boʻladi.
Yer uchastkasidan bir nechta yuridik shaxs birgalikda foydalangan taqdirda, har bir yuridik shaxs yer uchastkasining foydalanilayotgan maydonidagi oʻz ulushi uchun yer soligʻini toʻlovchidir.
Quyidagilar yer soligʻini toʻlovchilar boʻlmaydi:
notijorat tashkilotlar. Notijorat tashkilotlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan taqdirda, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan tartibda tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yer uchastkalari boʻyicha yer soligʻi toʻlovchilar boʻladi. Bunda ushbu Kodeksning 132-moddasida koʻrsatilgan boshqa daromadlarni olish tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralmaydi.
yagona yer soligʻini toʻlovchilar, agar ushbu Kodeksning 57-bobida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa.
