218-modda. Hisobga olinadigan soliq summasi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini aniqlashda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oluvchi haqiqatda olingan va (yoki) soliq toʻlovchi tomonidan ishlab chiqarilgan hamda oʻz ehtiyojlari uchun foydalanilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan (toʻlangan) qoʻshilgan qiymat soligʻining summasini hisobga olish huquqiga ega, agar bunda quyidagi shartlar bajarilsa:
1) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oluvchi ushbu Kodeksning 197-moddasiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi boʻlsa;
11) tovarlardan (ishlardan, xizmatlardan) soliq solinadigan oborotlar, shu jumladan nol darajali stavka qoʻllaniladigan oborotlar maqsadida foydalanilsa;
2) olingan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) yetkazib beruvchi tomonidan yozilgan hisobvaraq-faktura yoki ushbu Kodeksning 222-moddasiga muvofiq taqdim etiladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi alohida ajratib koʻrsatilgan boshqa hujjat mavjud boʻlsa;
3) tovarlar import qilinganda qoʻshilgan qiymat soligʻi budjetga toʻlangan boʻlsa. Agar import qilingan tovarlar boʻyicha soliqni budjetga toʻlashdan ozod etish tarzida boʻshagan mablagʻlarni aniq maqsadlarga yoʻnaltirish sharti bilan imtiyoz berilgan boʻlsa ham qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobga olinadi;
4) ushbu Kodeksning 207-moddasida nazarda tutilgan hollarda qoʻshilgan qiymat soligʻi budjetga toʻlangan boʻlsa;
5) nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan tovarlar eksportida chet ellik sotib oluvchi (toʻlovchi) tomonidan eksport qilinayotgan tovarlar uchun haq toʻlanganligini tasdiqlovchi bank hujjatidan koʻchirma mavjud boʻlsa.
Mol-mulk ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻyilma sifatida olinganda oluvchi yetkazib beruvchi tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shartlarga rioya qilgan holda hisobga olish huquqiga ega.
Nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan tovarlarni eksportga realizatsiya qilish oboroti maqsadida foydalaniladigan, haqiqatda olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan (toʻlangan) qoʻshilgan qiymat soligʻi tovarlar eksportidan soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaragʻiga kelib tushgan valyuta tushumining ulushida hisobga olinadi. Tovar vositachilik, topshiriq shartnomasi boʻyicha vositachi, ishonchli vakil orqali eksportga realizatsiya qilingan taqdirda, qoʻshilgan qiymat soligʻi vositachining, ishonchli vakilning yoki soliq toʻlovchining hisobvaragʻiga kelib tushgan valyuta tushumining summasi ulushida hisobga olinadi.
