260-modda. Soliq solinadigan bazani belgilash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan olingan suv hajmi suvdan foydalanishning buxgalteriya (birlamchi) hisobga olish hujjatlarida aks ettirilgan suv oʻlchagich asboblarining koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi.
Suvdan oʻlchagich asboblarsiz foydalanilgan taqdirda, uning hajmi suv obyektlaridan suv olish limitlaridan, suv isteʼmolining texnologik va sanitariya normalaridan, ekinlar hamda dov-daraxtlarni sugʻorish normalaridan yoki maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlovchi boshqa usullardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Soliq toʻlovchilar yer usti va yer osti manbalaridan olib foydalanilgan suv resurslari hajmlarining alohida-alohida hisobini yuritadi. Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan suv keladigan vodoprovod tarmogʻidagi suvdan foydalanilgan taqdirda, soliq solinadigan baza manbaning har bir turi boʻyicha alohida-alohida aniqlanadi. Suv yetkazib beruvchi yuridik shaxslar vodoprovod tarmogʻiga suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan keladigan suv hajmlarining nisbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga joriy soliq davrining 15-yanvariga qadar taqdim etishlari kerak. Davlat soliq xizmati organlari besh kun ichida ushbu maʼlumotlarni soliq toʻlovchilar eʼtiboriga yetkazishi lozim.
Soliq toʻlovchi issiq suv hamda bugʻ hosil qilinishi boʻyicha soliq solinadigan bazani ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun oʻzi foydalangan suv resurslari hajmidan kelib chiqqan holda aniqlaydi.
Binolarning bir qismi, alohida joylar ijaraga topshirilganda soliq solinadigan baza suv yetkazib beruvchi yuridik shaxs bilan shartnoma tuzgan ijaraga beruvchi tomonidan aniqlanadi.
Binolarning bir qismini, alohida joylarni ijaraga olgan va suv yetkazib beruvchi yuridik shaxs bilan shartnoma tuzgan yuridik shaxslar soliq solinadigan bazani mustaqil ravishda aniqlaydi.
Soliq toʻlovchilar yuridik shaxslar bilan suv yetkazib berilishi yuzasidan solishtirib koʻrish jarayonida olingan suvning hajmini aniqlashtirishda suv hajmi farqini solishtiruv amalga oshirilgan davrdagi hisob-kitoblarda aks ettiradi.
Yuridik shaxslarning hududida taʼmirlash-qurilish va boshqa ishlarni bajaruvchi soliq toʻlovchilar bu ishlarni bajarish jarayonida foydalaniladigan suv uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlamaydi. Taʼmirlash-qurilish va boshqa ishlarni bajarayotganda foydalaniladigan suv hajmi uchun bu ishlar qaysi yuridik shaxslar uchun bajarilayotgan boʻlsa, oʻsha yuridik shaxslar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlaydi. Qurilish ishlari yangi qurilish maydonida bajarilgan taqdirda, qurilishda foydalaniladigan suv hajmi uchun qurilish tashkiloti suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlaydi.
