191-modda. Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya soliq toʻlovchining olingan yillik daromadi toʻgʻrisidagi yozma arizasidan iborat boʻladi.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyasiga asosiy ish joyi boʻyicha toʻlangan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakldagi maʼlumotnoma ilova qilinadi.
Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda unda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
soliq toʻlovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, jinsi, fuqaroligi, doimiy yashash joyi manzili;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
soliq solinishi lozim boʻlgan daromadlar turlarga ajratib koʻrsatilgan holda olingan jami yillik daromad (bir martalik operatsiyalardan hamda mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlarni deklaratsiya qilish uchun faqat ushbu operatsiyalarning oʻzidan olish moʻljallanayotgan daromad aks ettiriladi);
daromadlarning manbalari;
daromad olish bilan bogʻliq xarajatlar, majburiy toʻlovlar, chiqimlar va ajratmalarning summalari;
jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq boʻyicha imtiyozlar;
hisoblab chiqarilgan soliq summasi;
haqiqatda toʻlangan soliq summasi.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada jismoniy shaxslarning jami yillik daromadini deklaratsiya qilish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek elektron shakldagi axborot tarzida taqdim etilishi mumkin.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya blankalari soliq toʻlovchilarga davlat soliq xizmati organlari tomonidan bepul beriladi.
Jismoniy shaxs taqdim etgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada toʻlanishi lozim boʻlgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summasining kamayishiga olib keluvchi xatolar aniqlangan taqdirda, jismoniy shaxs deklaratsiyaga zarur oʻzgarishlar kiritishi shart.
