337-modda. Sudlarda davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, alohida tartibda yuritiladigan ishlar boʻyicha arizalardan, maʼmuriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha sudlarga beriladigan shikoyatlardan, sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, shuningdek sudlar tomonidan hujjatlarning nusxalarini berganlik uchun davlat boji quyidagi tartibda undiriladi:
shartnomalarni haqiqiy emas deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi, shartnomalarni bekor qilish toʻgʻrisidagi yoki ularning shartlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi daʼvo arizalariga shartnoma toʻlaligicha yoki uning biron bir qismi nizolashilayotganligidan qatʼi nazar, shartnoma oldi nizolari boʻyicha arizalar uchun belgilangan stavkalar boʻyicha toʻlanadi;
qarshi daʼvo arizalaridan, shuningdek uchinchi shaxslarning ishga mustaqil daʼvo talablari bilan kirishganligi toʻgʻrisidagi arizalardan davlat boji umumiy asoslarda undiriladi;
Sud dastlabki daʼvogarni uning roziligi bilan boshqa shaxs bilan almashtirganda, bu shaxs davlat bojini umumiy asoslarda toʻlashi kerak.
Ishdan dastlabki daʼvogar chiqib ketgan va u huquqiy voris bilan almashtirilgan hollarda, davlat boji, agar u dastlabki daʼvogar tomonidan toʻlanmagan boʻlsa, qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda huquqiy vorisdan undiriladi.
Sudya bir yoki bir nechta birlashgan daʼvo talablarini alohida ish yuritish uchun ajratgan taqdirda, daʼvo taqdim etilganda toʻlangan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. Alohida ish yurituvga ajratganlik yuzasidan davlat boji ikkinchi bor toʻlanmaydi.
Ilgari koʻrmasdan qoldirilgan takroran berilgan arizalar boʻyicha davlat boji qaytadan umumiy asoslarda toʻlanadi. Agar ariza koʻrmasdan qoldirilganligi munosabati bilan davlat boji qaytarilishi kerak boʻlgan, lekin qaytarilmagan boʻlsa, agar davlat boji budjetga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq daʼvo muddati tugamagan boʻlsa, davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi dastlabki hujjat takroran berilgan arizaga ilova qilinishi mumkin.
Davlat boji hisoblab chiqariladigan daʼvo bahosi daʼvogar tomonidan, belgilangan hollarda esa, fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual qonun hujjatlariga muvofiq sud tomonidan aniqlanadi.
Agar ishni muhokamaga tayyorlash paytida daʼvogar alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi ishni tugatish haqida ariza bergan boʻlsa, bunday hollarda javobgardan davlat boji undirilmaydi.
