338-modda. Notarial harakatlar bajarilganligi uchun davlat boji undirishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Notarial harakatlar davlat notarial idoralari tomonidan bajarilganligi uchun davlat boji notarial harakatlar amalga oshirilganda undiriladi, notarial idoralardagi ishlarda mavjud boʻlgan hujjatlarning dublikatini, hujjatlarning nusxalarini berganlik uchun esa ular berilayotganda undiriladi.
Davlat boji toʻlashdan bir taraf ozod etiladigan bitimlar boʻyicha davlat bojini boshqa taraf toʻliq toʻlaydi.
Davlat notarial idorasi depozitiga qabul qilish uchun pul summalari pochta orqali yoki bankdan kelib tushgan hollarda davlat bojining tegishli summalari kelib tushgan puldan ushlab qolinadi, ularning qoldigʻi esa depozitga qabul qilinadi. Ushlab qolingan davlat boji summalari davlat notarial idorasi depozit summalarini bankka navbatdagi topshirish chogʻida budjetga oʻtkazilib, bank kvitansiyasi notarial idora ishlarida saqlanadi.
Davlat notarial idorasi binosidan tashqarida amalga oshiriladigan notarial harakatlar uchun davlat boji ikki baravar miqdorda undiriladi, bundan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolarida notariuslarning sayyor qabullari chogʻida amalga oshiriladigan notarial harakatlar, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning ishonchnomalarini notarial tartibda tasdiqlash mustasno.
Bir nechta merosxoʻr (shu jumladan qonun boʻyicha, vasiyatnoma boʻyicha va merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega merosxoʻrlar) boʻlgan hollarda davlat boji har bir merosxoʻrga tegishli meros ulushidan hisoblab chiqariladi.
Voyaga yetmagan merosxoʻrlar (shu jumladan, meros qoldiruvchilarning bolalari boʻlmagan merosxoʻrlar) mavjud boʻlgan taqdirda davlat boji faqat voyaga yetgan merosxoʻrlardan ularning merosdagi ulushiga mutanosib ravishda undiriladi.
Agar merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma merosxoʻrlarning arizasi boʻyicha meros mol-mulkning bir qismiga berilayotgan boʻlsa, davlat boji mol-mulkning berilayotgan guvohnomada koʻrsatilgan qismi uchun belgilangan stavka boʻyicha hisoblab chiqariladi. Keyinchalik mol-mulkning qolgan qismiga guvohnoma berilganida davlat boji mol-mulkning umumiy qiymatidan hisoblab chiqariladi, toʻlashga esa hisoblab chiqarilgan summa bilan birinchi guvohnoma berilganligi uchun toʻlangan summa oʻrtasidagi farq taqdim etiladi.
Qonun boʻyicha bir vaqtning oʻzida boshqa merosxoʻrlar mavjud boʻlgan taqdirda, meros mol-mulkning bir qismi merosxoʻrlarga vasiyatnoma boʻyicha oʻtgan hollarda davlat boji vasiyatnoma boʻyicha mol-mulkning qismidan alohida hisoblab chiqariladi, qolgan mol-mulkning qismidan esa umumiy tartibda hisoblab chiqariladi.
