93-modda. Hududlar va joylarni koʻzdan kechirish. Mol-mulkni inventarizatsiyadan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari, zarurat boʻlganda, soliq toʻlovchi tomonidan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliq solish obyektlari bilan bogʻliq hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini hamda boshqa binolar, shu jumladan joylarni koʻzdan kechirishi, shuningdek soliq toʻlovchining mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazishi mumkin. Koʻzdan kechirish oʻtkazilayotganda soliq tekshiruvi qaysi shaxsga nisbatan amalga oshirilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs yoki uning vakili qatnashishga haqli. Koʻzdan kechirish oʻtkazilayotganda zarur hollarda foto va kinosuratga olinishi, videoyozuvga tushirilishi, hujjatlardan koʻchirma nusxalar olinishi mumkin, bu haqda bayonnomada koʻrsatiladi. Koʻzdan kechirish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksning 100-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda bayonnoma tuziladi.
Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish vaqtida mol-mulkni inventarizatsiyadan oʻtkazish buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
