159-modda. Soliq solinadigan foydani kamaytirish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi quyidagi summaga kamaytiriladi:
1) ekologiya, sogʻlomlashtirish va xayriya jamgʻarmalariga, madaniyat, sogʻliqni saqlash, mehnat organlari, jismoniy tarbiya va sport muassasalariga, taʼlim muassasalariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga beriladigan badallar, homiylik va xayriya tariqasidagi mablagʻlar summasiga, biroq soliq solinadigan foydaning ikki foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;
3) ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga, yangi texnologik jihoz xarid qilishga, ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga, shuningdek ushbu maqsadlar uchun olingan kreditlarni uzishga, lizing obyekti qiymatining oʻrnini qoplashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasiga, tegishli soliq davrida hisoblangan amortizatsiyani chegirib tashlagan holda, biroq soliq solinadigan foydaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda. Soliq solinadigan foydani kamaytirish yuqorida koʻrsatib oʻtilgan xarajatlar qilingan soliq davridan eʼtiboran, texnologik jihoz boʻyicha esa u foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida amalga oshiriladi. Yangi texnologik jihoz xarid qilingan (import qilingan) paytdan eʼtiboran uch yil ichida realizatsiya qilingan yoki tekinga berilgan taqdirda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda, mazkur imtiyozning amal qilishi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun bekor qilinadi. Ushbu imtiyoz tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilar tomonidan qoʻllaniladi;
5) yosh oilalar toifasiga kiruvchi xodimlarga ipoteka kreditlari badallari toʻlashga va (yoki) mulk sifatida uy-joy olishga tekin yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasiga, biroq soliq solinadigan bazaning 10 foizidan oshmagan miqdorda;
6) diniy va jamoat birlashmalarining (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va harakatlardan tashqari), xayriya jamgʻarmalarining mulkida boʻlgan korxonalar foydasidan shu birlashmalar va jamgʻarmalarining ustavda belgilangan faoliyatini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan ajratmalari summasiga.
7) qoʻshimcha foyda soligʻini toʻlovchilar uchun sof qoʻshimcha foyda summasiga;
