362-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yagona yer soligʻini toʻlovchilar quyidagilardir:
qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar;
qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining tajriba-eksperimental xoʻjaliklari va taʼlim muassasalarining oʻquv-tajriba xoʻjaliklari.
Agar ushbu moddaning uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga javob beradigan yuridik shaxslar soliq solish maqsadida qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar jumlasiga kiradi:
yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish va oʻzi yetishtirgan mazkur mahsulotni qayta ishlash yoxud yer uchastkalaridan foydalangan holda faqat qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish asosiy faoliyat turi boʻlgan yuridik shaxslar;
qishloq xoʻjaligini yuritish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻzlariga belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalariga ega boʻlgan yuridik shaxslar;
qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish va oʻzi yetishtirgan mazkur mahsulotni qayta ishlash ulushi realizatsiya qilish yoki qayta ishlash uchun olingan qishloq xoʻjaligi mahsulotini oʻz ichiga oluvchi qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash umumiy hajmida kamida 50 foizni tashkil etadigan yuridik shaxslar.
Ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shartlarga javob beradigan yangidan tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yagona yer soligʻini toʻlovchilar boʻladi.
Quyidagilar yagona yer soligʻini toʻlovchilar sifatida qaralmaydi:
oʻrmon va ovchilik xoʻjaliklari;
yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari.
