211-modda. Soliqdan ozod qilinadigan import
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Quyidagi tovarlarni import qilish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:
1) jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirishning bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida tasdiqlangan normalari doirasida olib kirilayotgan tovarlar;
2) chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar rasmiy foydalanishi uchun, shuningdek ushbu vakolatxonalarning diplomatik va maʼmuriy-texnik xodimlari, shu jumladan ularning oʻzlari bilan birga yashayotgan oila aʼzolari shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan tovarlar;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda insonparvarlik yordami tariqasida olib kirilayotgan tovarlar;
4) davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar tomonidan xayriya yordami maqsadida, shu jumladan texnik koʻmak koʻrsatish maqsadida olib kirilayotgan tovarlar;
5) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro va chet el hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) mablagʻlari, shuningdek grantlar hisobiga yuridik shaxslar tomonidan olib kirilayotgan tovarlar;
6) dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlar, shuningdek dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariyaga moʻljallangan buyumlar ishlab chiqarish uchun qonun hujjatlarida belgilanadigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan xom ashyo. Mazkur imtiyoz olib kirilayotgan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida ham ishlab chiqarilayotgan tayyor dori vositalariga, veterinariya dori vositalariga, tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlarga nisbatan tatbiq etilmaydi;
7) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kirilayotgan texnologik asbob-uskunalar, shuningdek butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, agar ularni yetkazib berish texnologik asbob-uskunalarni yetkazib berish kontrakti shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa. Import qilingan texnologik asbob-uskunalar olib kirilgan paytdan eʼtiboran uch yil mobaynida eksportga realizatsiya qilingan yoki tekin berilgan taqdirda, mazkur imtiyozning amal qilishi qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi;
8) investor bilan davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq investitsiya majburiyatlari sifatida olib kiriladigan mol-mulk;
