86-modda. Soliq tekshiruvlarining turlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq tekshiruvlari quyidagi turlarga boʻlinadi:
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishuvga koʻra oʻtkaziladigan tekshiruvlar;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishuvga koʻra oʻtkaziladigan tekshiruvlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
soliq toʻlovchining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish);
jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida oʻtkaziladigan tekshirish yoki tavakkalchilikni tahlil etish natijalarining yakunlari boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tashabbusiga koʻra tekshirish.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan tekshirish hamda faoliyati tugatilayotganda yagona soliq toʻlovini toʻlovchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorni tekshirish;
tegishli ruxsatnomalarsiz alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishini tekshirish;
qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud boʻlmagan alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilishini yoki realizatsiya qilinishini tekshirish;
taqiqlangan tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishi faktlariga barham berish boʻyicha tekshirish;
oʻz faoliyatini rasman toʻxtatib turgan davr mobaynida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni davom ettirayotgan jismoniy shaxsning faoliyatini tekshirish.
Notijorat tashkilotlarini, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarini, shuningdek chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari hamda filiallarini ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan tekshirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
