199-modda. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
1) mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini oʻtkazish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan:
tovarni va boshqa mol-mulkni joʻnatish (sotish);
ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshilgan hissa;
mol-mulkni bepul berish (ishlarni bepul bajarish, xizmatlarni bepul koʻrsatish), shu jumladan yuridik shaxs xodimlariga ularning mazkur yuridik shaxsdagi faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy ehtiyojlari uchun mol-mulkni bepul berish (ishlarni bepul bajarish, xizmatlarni bepul koʻrsatish), agar ushbu modda ikkinchi qismining 6-bandida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) almashtirish uchun mol-mulkni berish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish);
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda xodimga ish haqi hisobiga yoki muassisga (ishtirokchiga) dividendlar toʻlash hisobiga mol-mulk berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish);
garov bilan taʼminlangan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, garovga qoʻyuvchi tomonidan garov narsasini berish;
zayom shartnomalari asosida tovar-moddiy zaxiralarni berish;
2) bitta yuridik shaxsning bir tarkibiy boʻlinmasi tomonidan boshqa tarkibiy boʻlinmasiga, agar tarkibiy boʻlinmalar ushbu Kodeksga muvofiq mustaqil soliq toʻlovchilar boʻlsa, mol-mulkni berish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish;
3) mol-mulkni moliya ijarasiga (shu jumladan lizingga) berish;
4) toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan tovarni joʻnatish;
5) mol-mulkni operativ ijaraga berish;
6) intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqni oʻtkazish yoki ulardan foydalanish huquqini berish;
7) yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini hisoblab chiqarishda ushbu Kodeksning 147-moddasiga muvofiq xarajatlari chegirilmaydigan soliq toʻlovchining oʻz ehtiyojlari uchun oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni berish, oʻz kuchi bilan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish.
Quyidagilar tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti boʻlmaydi:
1) soliq toʻlovchining xarajatlari sifatida qaraladigan, uning oʻz ehtiyojlari uchun tovarlarni berish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, bundan ushbu moddaning birinchi qismi 7-bandida nazarda tutilgan xarajatlar mustasno;
