Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son)
02.01.2014
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2013-yil 8-noyabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2013-yil 12-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi vasiylik va homiylik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilik
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vasiylik — oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida muqobil joylashtirishning huquqiy shakli;
homiylik — oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida muqobil joylashtirishning huquqiy shakli. Sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga koʻra homiylik belgilanishi mumkin;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs — oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxs;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar — alohida gʻamxoʻrlikka, shuningdek oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj boʻlgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan ota-onasi boʻlgan hamda bolalarning hayoti yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid tugʻdirayotgan yoki ularning taʼminoti, tarbiya va taʼlim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotgan bolalar, sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqarolar.
4-modda. Vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning oʻz vaqtida aniqlanishi, hisobga olinishi va joylashtirilishini taʼminlash;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilik ijrosini taʼminlash;
bolalarni oilada tarbiyalash shaklining ustuvorligini taʼminlash;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash;
vasiylik va homiylik sohasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash;
vasiylik va homiylik sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
5-modda. Vasiylik va homiylikning asosiy prinsiplari
Vasiylik va homiylikning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
insonparvarlik va mehr-shafqat;
vasiylik va homiylik masalalarida individual yondashuv;
bolalarni oilada tarbiyalash shaklining ustuvorligi;
vasiylik va homiylikka doir majburiyatlarni qabul qilishning va rad qilishning ixtiyoriyligi.
6-modda. Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni qabul qilgan oilani kuzatib borish
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni qabul qilgan oila joylashgan yerdagi vasiylik va homiylik organlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning ijtimoiy va psixologik moslashuvini taʼminlash maqsadida ushbu oilani kuzatib borishni amalga oshiradi.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni qabul qilgan oilani kuzatib borish qonunchilikda nazarda tutilgan maslahat yordami, huquqiy, ijtimoiy, psixologik-pedagogik, tibbiy yordam koʻrsatilishini koʻzda tutadi.
Vasiylikka yoki homiylikka muhtoj boʻlgan shaxslarni qabul qilgan oilani kuzatib borish bepul amalga oshiriladi.
2-bob. Vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda ularning vakolatlari
7-modda. Vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari
Vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Vasiylik va homiylik boʻyicha faoliyat:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan — voyaga yetmaganlarga nisbatan;
tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan — sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga nisbatan amalga oshiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni ushbu Qonunda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida yashaydigan, yetim qolgan yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda vasiylik yoki homiylik belgilash chora-tadbirlarini koʻradi.
Vasiylik va homiylik organlaridan tashqari boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni aniqlash va muqobil joylashtirish boʻyicha faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
vasiylik va homiylik sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
vasiylik va homiylikni belgilash, shuningdek vasiy va homiy tayinlash tartibini belgilaydi;
vasiylik va homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni, ularning joylashtirilganligini hamda mol-mulkini hisobga olishning elektron axborot tizimini (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) tashkil etish va yuritish tartibini hamda unga kiritiladigan maʼlumotlar roʻyxatini belgilaydi;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildini yuritish va vasiy yoki homiy tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
81-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi oʻz vakolatlari doirasida:
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarni oilada tarbiyalash shaklining ustuvorligini taʼminlaydi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolalarga munosib turmush va taʼminot sharoitlarini taʼminlaydi;
oila va bolalarni qoʻllab-quvvatlash muassasalari tarmoqlarini, xizmatlarini, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga hamda ularning oilalariga maslahat yordami, huquqiy, ijtimoiy, psixologik yordam va xizmatlar koʻrsatish markazlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
axborot tizimini yuritadi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlash masalalarini hal etadi;
yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga gʻamxoʻrlik qilayotgan shaxslarni ragʻbatlantirish mexanizmlarini yaratadi hamda takomillashtiradi;
muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini monitoring qiladi;
vasiylik va homiylik sohasida xalqaro hamkorlikni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻz vakolatlari doirasida:
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etadi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga munosib turmush va taʼminot sharoitlarini taʼminlaydi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlovchi davlat muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
ijtimoiy ishlar sohasida vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni maslahat yordami, ijtimoiy-huquqiy, psixologik-pedagogik, tibbiy jihatdan kompleks qoʻllab-quvvatlashni taʼminlovchi mutaxassislar tayyorlaydi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga hamda ularning oilalariga maslahat yordami, huquqiy, ijtimoiy, psixologik-pedagogik, tibbiy yordam va xizmatlar koʻrsatish markazlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
vasiylik va homiylik sohasida xalqaro hamkorlikni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
vasiylik va homiylik sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, ularni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi hamda amalga oshiradi, bundan vasiylik va homiylik sohasining voyaga yetmaganlarga doir qismi mustasno;
vasiylik va homiylik sohasidagi vazifalarni bajaruvchi tuman, shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatini nazorat qilishni hamda muvofiqlashtirib borishni amalga oshiradi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
axborot tizimini yuritadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Tumanlar, shaharlar hokimlari vasiylikni yoki homiylikni belgilash va tugatish boʻyicha, shuningdek vasiylarni yoki homiylarni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod etish yoxud chetlashtirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, bundan voyaga yetmaganlarga nisbatan vasiylik va homiylikka oid qarorlar mustasno.
11-modda. Vasiylik va homiylik organlarining asosiy vazifalari
Vasiylik va homiylik organlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni oʻz vaqtida aniqlash va hisobga olish;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning zarur hujjatlarini tayyorlash va ularni joylashtirish;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi hamda vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishini, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning taʼminoti, ularga tarbiya va taʼlim berish sharoitlarini, shuningdek mol-mulki but saqlanishini taʼminlash ustidan nazorat qilish.
12-modda. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari oʻz vakolatlari doirasida:
yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlaydi va ularning hisobini yuritadi;
yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarning axborot bazasini yuritadi, shuningdek davlat statistika hisobotini tegishli davlat statistika organiga qonunchilikda belgilangan shaklda va muddatlarda taqdim etadi;
yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi, ularning muqobil joylashtirilganligi hamda mol-mulki haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritadi;
yetim bolalarning va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan hamda vasiylarga va homiylarga qoʻyiladigan talablarga mos boʻlgan shaxslarni tanlashni hamda hisobga olishni amalga oshiradi;
yetim bolalarga va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilash uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi;
yetim bolalarning va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning turmush va taʼminot sharoitlarini, shuningdek vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning turmush sharoitlarini tekshiruvdan oʻtkazadi hamda bu haqda dalolatnoma tuzadi;
yetim bolalarga va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilanishi zarurligini aniqlab, vasiy yoki homiy etib tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini yuritadi;
vasiylar va homiylarning oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularga vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarni tarbiyalashni, ularning tibbiy kuzatuvini tashkil etishda, taʼlim muassasalariga hamda ishga joylashtirilishida yordam koʻrsatadi;
yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirishni, shuningdek ularning mol-mulki but saqlanishini taʼminlaydi;
bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid tugʻilgan hollarda uni ota-onasidan yoxud ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan olib qoʻyish chora-tadbirlarini koʻradi;
voyaga yetmaganni toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilish (emansipatsiya) toʻgʻrisida homiylarning roziligi bilan qaror qabul qiladi;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan belgilangan tartibda ariza bilan sudga murojaat qiladi, mazkur masalalar yuzasidan ishlarni sud majlislarida koʻrib chiqishda ishtirok etadi;
oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganning oʻz ish haqi, stipendiyasi yoki boshqa daromadlarini mustaqil ravishda tasarruf etish huquqini cheklash yoki uni bu huquqdan mahrum etish toʻgʻrisida sudga zarur hollarda ariza bilan murojaat qiladi, voyaga yetmaganning qonunda belgilangan tartibda toʻla muomala layoqatiga ega boʻlishi hollari bundan mustasno;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarga tegishincha maslahat yordami, huquqiy, ijtimoiy, psixologik-pedagogik va tibbiy yordam koʻrsatish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi;
fuqarolarga vasiylik va homiylik masalalari boʻyicha maslahatlar beradi;
fuqarolarning vasiylik va homiylik masalalariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan zarur choralar koʻradi.
yetim bolalarning va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy holati va turmush sharoitlarini baholashdan oʻtkazadi hamda baholash natijalari asosida bolalarning ijtimoiy maqomini belgilaydi;
yetim bolalarning va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qonuniy vakili sifatida har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan boʻlgan munosabatlarda, shu jumladan sudda muqobil joylashtirish shakllari boʻyicha tarbiyaga olingan (bundan farzandlikka olingan bolalar mustasno) bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi, ularning nomidan hamda ularning eng ustun manfaatlarini koʻzlab harakat qiladi;
yetim bolalarni va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllari boʻyicha tarbiyaga olgan shaxslar, tashkilotlar tomonidan bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatilishining, tarbiya berilishining va qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa xizmatlar koʻrsatilishining monitoringini olib boradi;
yetim bolalarning, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning moddiy taʼminot olish huquqlarini taʼminlashda aliment toʻlovlarini, bolaning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiyasi uchun qoʻshimcha xarajatlarni ota-onadan yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bola foydasiga undirish boʻyicha sudga ariza (daʼvo arizasi) kiritadi;
bolaning ota-onasini bedarak yoʻqolgan deb topish va (yoki) vafot etgan deb eʼlon qilish boʻyicha sudga ariza kiritadi;
yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga meros asosida yoki mol-mulkka egalik qilishning boshqa shakllari asosida tegishli boʻlgan, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan koʻchar va koʻchmas mol-mulk ular voyaga yetguniga qadar boshqa shaxslarga berilishining oldini olish choralarini koʻradi;
yetim bolalarning va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni, hujjatlarni hamda ularning koʻchirma nusxalarini barcha davlat organlari, tashkilotlar va muassasalardan soʻrov asosida bepul oladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Tuman, shahar tibbiyot birlashmalarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Tuman, shahar tibbiyot birlashmalari oʻz vakolatlari doirasida:
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolarni, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan shaxslarni aniqlaydi hamda ularning hisobini yuritadi;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarning axborot bazasini yuritadi, maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun taqdim etadi, shuningdek davlat statistika hisobotini tegishli davlat statistika organiga qonunchilikda belgilangan shaklda va muddatlarda taqdim etadi;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi, ularning joylashtirilganligi hamda mol-mulki haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun tuman, shahar hokimligiga taqdim etadi;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan hamda vasiylarga va homiylarga qoʻyiladigan talablarga mos boʻlgan shaxslarni tanlashni hamda hisobga olishni amalga oshiradi;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolarga, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan shaxslarga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni tayyorlaydi;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolarning, sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan shaxslarning turmush va taʼminot sharoitlarini, shuningdek vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning turmush sharoitlarini tekshiruvdan oʻtkazadi hamda bu haqda dalolatnoma tuzadi;
vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxsning vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkinligi toʻgʻrisida tuman, shahar hokimiga xulosa beradi;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini yuritadi;
vasiylar va homiylarning oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularga vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarni parvarish qilishni, tarbiyalashni va ularning tibbiy kuzatuvini tashkil etishda yordam koʻrsatadi;
vasiylikni yoki homiylikni tugatish toʻgʻrisida, shuningdek ushbu Qonunning 29 va 30-moddalarida nazarda tutilgan hollarda vasiylarni yoki homiylarni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod etish yoxud chetlashtirish haqida tuman, shahar hokimiga iltimosnomalar kiritadi;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga doir ariza bilan belgilangan tartibda sudga murojaat qiladi, mazkur masalalarga doir ishlarni sud majlislarida koʻrib chiqishda ishtirok etadi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarga tegishincha maslahat yordami, huquqiy, ijtimoiy, psixologik-pedagogik va tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha hamkorlik qiladi;
fuqarolarga vasiylik va homiylik masalalari boʻyicha maslahatlar beradi;
fuqarolarning vasiylik va homiylik masalalariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan zarur choralar koʻradi.
Tuman, shahar tibbiyot birlashmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar va ularning mol-mulki toʻgʻrisidagi axborot
15-modda. Axborot tizimiga kiritish uchun maʼlumotlarni taqdim etish
Vasiylik va homiylik organlari vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi, ularning muqobil joylashtirilganligi hamda mol-mulki haqidagi maʼlumotlarni har oyda axborot tizimiga kiritadi.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning yashash joyi va uning mulkiy ahvoli oʻzgargan taqdirda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari uch ish kuni ichida axborot tizimiga tegishli oʻzgartirishlarni kiritishi shart. Tuman, shahar tibbiyot birlashmalari mazkur oʻzgartirishlar toʻgʻrisida yetti ish kuni ichida tuman (shahar) hokimliklarini xabardor etishi hamda uning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildini mazkur shaxsning yangi yashash joyidagi tuman, shahar tibbiyot birlashmasiga yuborishi shart. Bunda shaxsiy hujjatlar yigʻmajildining koʻchirma nusxasi tuman, shahar tibbiyot birlashmasining arxivida qolishi shart.
16-modda. Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganligi toʻgʻrisida vasiylik va homiylik organlariga maʼlumotlar taqdim etish
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganda, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, taʼlim tashkilotlari va sogʻliqni saqlash muassasalari, notariuslar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mazkur shaxslar aniqlangan kundan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida ular haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimi orqali yoki yozma shaklda bolalar haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga yuboradi.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolalar aniqlangan hollarda, vasiylik va homiylik organi bunday maʼlumotlar olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida ularning turmush va taʼminot sharoitlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvdan (birlamchi baholashdan) oʻtkazishi shart.
17-modda. Yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat boʻlgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj shaxslar aniqlanganda vasiylik va homiylik organlarining majburiyatlari
Yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat boʻlgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlangan taqdirda vasiylik va homiylik organlari:
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun ular haqiqatda turgan joydagi tuman (shahar) hokimligiga hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga (voyaga yetmaganlarga oid qismi boʻyicha) taqdim etadi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxs aniqlanganligi haqida uning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organidan mazkur shaxsning ota-onasi yoki boshqa qarindoshlari, turar joyi va boshqa mol-mulki bor-yoʻqligini tasdiqlovchi hujjatlarni yoxud mazkur hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishli axborot tizimlaridan mustaqil ravishda oladi;
ularni yashash joyiga qaytarishga koʻmaklashadi.
Yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat boʻlgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganda vasiylik va homiylik organlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
18-modda. Axborot tizimini yuritish
Axborot tizimini tegishliligi boʻyicha tumanlar (shaharlar) hokimliklari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yuritadi.
Axborot tizimiga ushbu Qonun 16-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan organlar va shaxslar, shuningdek vasiylik va homiylik organlaridan kelib tushadigan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi, shu jumladan ularning muqobil joylashtirilganligi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan koʻchar va koʻchmas mol-mulki haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Axborot tizimini tashkil etish va yuritish tartibi hamda unga kiritiladigan maʼlumotlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
4-bob. Vasiylik va homiylikni belgilash. Vasiy yoki homiy tayinlash
19-modda. Vasiylik va homiylikni belgilash
Vasiylik va homiylik voyaga yetmaganlarga nisbatan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori, voyaga yetganlarga nisbatan esa tuman, shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Vasiylik yoki homiylik vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning yashash joyi boʻyicha, agar shaxs muayyan yashash joyiga ega boʻlmasa, vasiyning yoki homiyning yashash joyi boʻyicha belgilanadi.
20-modda. Ota-ona yashash joyida vaqtincha boʻlmaganda vasiylik yoki homiylik belgilash
Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini koʻrishi shart.
Ota-ona uch oydan ortiq boʻlmagan muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida oʻz bolasini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi shart. Bu holda vasiylik yoki homiylik agar bolaning eng ustun manfaatlari uchun zarur boʻlsa, belgilanadi.
Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketishidan kamida bir oy oldin oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisidagi arizani oʻzi vaqtincha yoki doimiy yashayotgan hududning vasiylik va homiylik organiga berishi kerak.
21-modda. Vasiy yoki homiy tayinlash
Vasiylik yoki homiylik boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan vasiy yoki homiy tayinlanadi.
Voyaga yetgan fuqarolar faqat oʻz roziligiga koʻra vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.
Tuman, shahar hokimi yoxud “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxsning yozma arizasiga muvofiq vasiy yoki homiy tayinlaydi.
Vasiy yoki homiy tayinlashda uning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, majburiyatlarni bajarish qobiliyati, vasiy, homiy va vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs oʻrtasidagi munosabatlar, vasiy yoki homiy oilasining vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga munosabati, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olinishi lozim.
Vasiylik yoki homiylik belgilash zarurligi haqida vasiylik va homiylik organlariga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay vasiy yoki homiy tayinlanishi kerak.
Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsga bir oy ichida vasiy yoki homiy tayinlanmagan boʻlsa, vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajarish vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxs aniqlangan joydagi tegishli vasiylik va homiylik organining zimmasiga vaqtincha yuklatiladi.
Ota-onasi boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tegishli vasiylik va homiylik organi ularning ota-onasi yoki qarindoshlari qaramogʻida boʻlmaganligi fakti aniqlangan kundan eʼtiboran vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
Vasiylik va homiylik organi vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxs haqidagi maʼlumotlarni olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga, shuningdek sogʻliqni saqlash muassasalariga yozma soʻrov yuboradi. Bunda vasiylik va homiylik organi fuqaro toʻgʻrisidagi faqat vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajarish qobiliyatini aniqlash imkonini beradigan axborot taqdim etilishini talab qiladi.
Vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxs haqidagi vasiylik va homiylik organi tomonidan olingan maʼlumotlar maxfiy boʻlib, oshkor qilinmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yashash joyidan qatʼi nazar, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning qarindoshlari, u yashayotgan oilaning shaxslari, aka-ukalarni va opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini uzmasdan vasiylikka yoki homiylikka olayotgan shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari vasiy yoki homiy etib tayinlanishda imtiyozli huquqqa ega.
Vasiy va homiy tayinlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin boʻlmagan shaxslar
Quyidagilar vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin emas:
ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki ota-onalik huquqlari cheklangan shaxslar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
sobiq farzandlikka oluvchilar, agar farzandlikka olish ularning oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilganligi, farzandlikka olinganlar bilan shafqatsiz munosabatda boʻlganligi, surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganligi oqibatida bekor qilingan boʻlsa;
uzrsiz sabablarga koʻra oʻz bolasini tugʻuruqxonadan yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, sogʻlomlashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasidan va shunga oʻxshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortgan holda oʻzining ota-onalik majburiyatlarini bajarmagan shaxslar;
oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi yoxud oʻz huquqlarini suiisteʼmol qilganligi uchun vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
hayotga, sogʻliqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi, shaxsning ozodligiga, shaʼni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi (bundan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish mustasno), tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, oʻzgalarning mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar, jinoiy yoʻl bilan topilgan mol-mulkni olish yoki oʻtkazish, tijoratda pora evaziga ogʻdirib olish yohud nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish, boshqaruv tartibiga, shuningdek odil sudlovga qarshi jinoyatlar, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (bundan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish, tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzish, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, togʻ-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish, yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish mustasno), giyohvandlik vositalarining yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasidan iborat jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlari sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;
ushbu modda birinchi qismining yettinchi xatboshisida koʻrsatilgan jinoyatlar jumlasiga kirmaydigan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;
ushbu modda birinchi qismining yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun oʻziga nisbatan jinoyat ishi ayblilik toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib tugatilganlar;
vasiy yoki homiy etib tayinlanishiga toʻsqinlik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar.
Shaxsning vasiy yoki homiy etib tayinlanishiga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
23-modda. Dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash
Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning manfaatini koʻzlab unga darhol vasiy yoki homiy tayinlanishi zarur boʻlsa, shu jumladan bolalar ota-onasidan yoxud ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan olib qoʻyilsa vasiylik va homiylik organi bir oy muddatga dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxsning arizasiga koʻra, basharti mazkur shaxs tomonidan oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek vasiylik va homiylik organi tomonidan uning turmush sharoitlarini tekshirish dalolatnomasi taqdim etilsa, vasiylik va homiylik organi tomonidan amalga oshiriladi.
Dastlabki tarzda tayinlangan vasiylar yoki homiylar vasiyning yoki homiyning barcha huquqlari va majburiyatlariga ega boʻladi, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini uning nomidan tasarruf etish huquqi bundan mustasno.
Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsga dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtguniga qadar muqobil joylashtirishning u yoki bu shakli tanlangan boʻlsa yoxud vaqtincha tayinlangan vasiy yoki homiy unga vasiy yoki homiy etib tayinlanmasa, dastlabki tarzdagi vasiylik yoki homiylik tugaydi.
24-modda. Shaxsga bir nechta vasiy yoki homiy tayinlash
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, unga tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.
Bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bir vaqtning oʻzida barcha vasiylar yoki homiylar tomonidan amalga oshiriladi. Agar vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning ishlarini yuritish vasiylarning yoki homiylarning biriga topshirilsa, bu shaxs qolgan vasiylardan yoki homiylardan ishonchnomalar olgan boʻlishi lozim.
Bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning parvarish qilinishini taʼminlash va uning tibbiy yordamni oʻz vaqtida olishiga koʻmaklashishga doir majburiyatlar, vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsga nisbatan esa, shuningdek taʼminot, tarbiya va taʼlim berishga doir majburiyatlar vasiylik va homiylik organlarining ularni tayinlash haqidagi xulosasiga muvofiq vasiylar yoki homiylar oʻrtasida taqsimlanadi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning va bir vaqtning oʻzida barcha vasiylarning yoki homiylarning manfaatlari oʻrtasida, shuningdek vasiylar yoki homiylar oʻz majburiyatlarini bajarayotganda vasiylar yoki homiylar oʻrtasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vasiylik va homiylik organi yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar hal etilguniga qadar vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
25-modda. Bir shaxsni bir nechta vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga vasiy yoki homiy etib tayinlash
Zarurat boʻlganda, vasiylikka yoki homiylikka olinuvchilarning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan bir shaxs bir nechta vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.
Shaxsni ikkinchi va undan keyingi vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarga vasiy yoki homiy etib tayinlash toʻgʻrisidagi tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarorida boshqa shaxs vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin emasligining sabablari koʻrsatilgan boʻlishi shart.
Ayni bir vasiy yoki homiy oʻz majburiyatlarini bajarayotganda uning vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxslarning manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vasiylik va homiylik organi yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar hal etilguniga qadar vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
26-modda. Voyaga yetmaganlarga nisbatan ular ota-onasining yoki voyaga yetmaganlarning oʻz arizasiga koʻra vasiy yoki homiy tayinlash
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan ota-onaning uzrli sabablarga koʻra oʻzlarining ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaydigan davr uchun oʻzining voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisidagi arizasi asosida vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin, ushbu arizada aniq shaxs hamda vasiy yoki homiy vakolatlarining amal qilish muddati koʻrsatiladi.
Voyaga yetmagan bolalarning ota-onasi oʻz sogʻligʻi holatiga koʻra bolalariga vasiyni yoki homiyni, agar uning roziligi boʻlsa, belgilashi mumkin. Ota-onaning oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasi bolalarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga beriladi.
Ota-onaning oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasi ushbu ariza yozilgan sana koʻrsatilgan holda ularning oʻz qoʻli bilan imzolangan va notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Ota-ona oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasini bolalarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga yangi ariza berish yoʻli bilan bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmaganga homiy voyaga yetmaganning aniq shaxs koʻrsatilgan arizasiga koʻra “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan tayinlanishi mumkin.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori voyaga yetmaganning otasi (onasi) yoki ota-onasi yoxud oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmaganning oʻzi koʻrsatgan shaxsni vasiy yoki homiy etib tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni faqat bunday tayinlash qonunchilikka yoxud voyaga yetmaganning qonuniy manfaatlariga zid boʻlgan taqdirda qabul qiladi.
27-modda. Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi boʻlgan voyaga yetmaganga vasiy yoki homiy tayinlash
Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi boʻlgan voyaga yetmaganga vasiy yoki homiy, agar ota-onasi bilan turishi ushbu shaxsning qonuniy manfaatlariga javob bermasligi hamda uning hayoti yoki sogʻligʻi uchun bevosita tahdid mavjudligi vasiylik va homiylik organi tomonidan aniqlansa, tayinlanishi mumkin.
Voyaga yetmagan vasiylikda yoki homiylikda boʻlgan davrda vasiylik va homiylik organi uning oilasini ijtimoiy-pedagogik jihatdan reabilitatsiya qilish hamda voyaga yetmaganni oilasiga qaytarish masalalari boʻyicha, agar bu uning qonuniy manfaatlariga zid boʻlmasa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
5-bob. Vasiylik va homiylikni tugatish. Vasiyning va homiyning oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi hamda chetlashtirilishi
28-modda. Vasiylikni va homiylikni tugatish asoslari
Vasiylik quyidagi hollarda tugatiladi:
vasiylikdagi shaxs vafot etganda;
voyaga yetmagan oʻn toʻrt yoshga toʻlganda;
voyaga yetmagan ota-onasiga qaytarilganda;
vasiylikdagi shaxs farzandlikka olinganda;
fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan tiklanganda.
Voyaga yetmagan oʻn toʻrt yoshga toʻlganligi sababli vasiylik tugatilgach, vasiyning majburiyatlarini bajaruvchi shaxs belgilangan tartibda tayinlanmagan holda voyaga yetmaganning homiysi boʻlib qoladi.
Homiylik quyidagi hollarda tugatiladi:
homiylikdagi shaxs vafot etganda;
homiylikdagi shaxs voyaga yetganda;
homiylikdagi shaxs ota-onasiga qaytarilganda;
homiylikdagi shaxs farzandlikka olinganda;
fuqaroning muomala layoqatini cheklash haqidagi sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda;
voyaga yetmagan toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinganda (emansipatsiya);
homiylikdagi shaxs nikohga kirganda;
sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning sogʻligʻi yaxshilanganda.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs tarbiya, sogʻliqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarida va boshqa shunga oʻxshash muassasalarda vaqtincha boʻlganda vasiyning yoki homiyning uzrli sabablarga koʻra oʻz majburiyatlarini bajara olmasligi vasiyning yoki homiyning vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga nisbatan huquqlari va majburiyatlarini bekor qilmaydi.
29-modda. Vasiyning yoki homiyning oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi
Vasiy yoki homiy oʻzining arizasiga koʻra oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Homiy homiylikdagi shaxsning talabiga koʻra oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi lozim.
Vasiyni yoki homiyni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilish toʻgʻrisidagi qaror voyaga yetganlarga nisbatan tuman, shahar hokimi tomonidan vasiylik va homiylik organining iltimosnomasi asosida, voyaga yetmaganlarga nisbatan esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan qabul qilinadi.
Voyaga yetmaganning, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqaroning vasiysi yoki homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan taqdirda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olingan holda unga qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa vasiy yoki homiy tayinlanadi yoxud muqobil joylashtirishning boshqa shakli belgilanadi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqaroning homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan taqdirda, homiylikdagi shaxsning roziligi bilan homiy sifatida boshqa shaxs tayinlanadi.
Vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajargan shaxs oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinganligi toʻgʻrisida unga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay vasiylik va homiylik organiga qonunchilikda belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi shart.
30-modda. Vasiyning yoki homiyning oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilishi
Vasiy yoki homiy oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan yoxud oʻz huquqlarini suiisteʼmol qilgan hollarda, ularni oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi qaror voyaga yetganlarga nisbatan tuman, shahar hokimi tomonidan vasiylik va homiylik organining iltimosnomasi asosida, voyaga yetmaganlarga nisbatan esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan qabul qilinadi.
Vasiy yoki homiy oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlardan gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda foydalanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsni nazoratsiz va zarur yordamsiz qoldirganda, vasiylik va homiylik organlari uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun zarur choralarni koʻrishi shart.
Voyaga yetmaganning, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqaroning vasiysi yoki homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan taqdirda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olingan holda unga qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa vasiy yoki homiy tayinlanadi yoxud muqobil joylashtirishning boshqa shakli belgilanadi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqaroning homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan taqdirda, homiylikdagi shaxsning roziligi bilan homiy sifatida boshqa shaxs tayinlanadi.
Vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajargan shaxs oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilganligi unga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay vasiylik va homiylik organiga qonunchilikda belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi shart.
6-bob. Vasiylar va homiylarning huquq va majburiyatlari. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari
31-modda. Vasiylar va homiylarning huquqlari
Vasiylar oʻz vasiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili boʻlib, ularning nomidan yoki ularning manfaatlarini koʻzlab barcha zarur bitimlarni tuzadi.
Homiylar oʻz homiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili boʻlib, homiyligidagi shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishida va majburiyatlarini bajarishida koʻmaklashadi, shuningdek ularni uchinchi shaxslar tomonidan boʻladigan suiisteʼmolliklardan muhofaza qiladi.
Vasiylar va homiylar:
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni uning fikrini hamda vasiylik va homiylik organlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda tarbiyalash usullarini mustaqil belgilashga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni qonuniy asoslarsiz oʻzida ushlab turgan har qanday shaxsdan, shu jumladan ota-onasidan hamda boshqa yaqin qarindoshlaridan uni qaytarib berishni sud tartibida talab qilishga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning taʼminoti, unga tarbiya, taʼlim berish va uning sogʻligʻini saqlash boʻyicha huquqiy, uslubiy, diagnostika va maslahat yordami olishga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli boʻlmagan bitimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishga;
zarur ijtimoiy yordam olish uchun vasiylik va homiylik organlariga, taʼlim muassasalariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, nodavlat notijorat tashkilotlariga murojaat qilishga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning davolanishi va sogʻligʻini tiklashi maqsadida davolash, sanatoriy-kurort muassasalariga yoʻllanmalar olish uchun sogʻliqni saqlash muassasalariga murojaat qilishga haqli.
Vasiylar va homiylar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Vasiy yoki homiy oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda boʻlishiga toʻsqinlik qilishga haqli emas, bunday muloqot vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlariga mos kelmaydigan hollar bundan mustasno.
Vasiy yoki homiy, uning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiyning yoki homiyning eri (xotini), uning yaqin qarindoshlari oʻrtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning vakili boʻlishga haqli emas.
32-modda. Vasiylar va homiylarning majburiyatlari
Vasiylar va homiylar:
oʻzining yashash joyi oʻzgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning taʼminoti, sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishi, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
oʻz vasiyligidagi shaxsning maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim olishi uchun sharoitlarni taʼminlashi;
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonunchilikka muvofiq boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlashni talab qilish yuzasidan zarur choralar koʻrishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning oʻzlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yoʻl qoʻymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tugʻdirmasligi;
ushbu Qonunning 37-moddasida nazarda tutilgan hollarda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablagʻlaridan uning taʼminoti uchun foydalanishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini taʼminlashi;
vasiylik va homiylik organlariga oʻz majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi;
agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor boʻlgan boʻlsa, oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashashi shart.
Oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs bilan birga yashayotgan vasiyning yoki homiyning yashash joyini oʻzgartirishi, shuningdek vasiyning yoki homiyning, shu jumladan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishi vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va oʻn yoshga toʻlgan voyaga yetmaganning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Homiyning oʻz homiyligidagi oʻn olti yoshga toʻlgan shaxsdan alohida yashashiga, basharti bu homiylikdagi shaxsning tarbiyasiga, taʼminotiga va taʼlim olishiga, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga salbiy taʼsir koʻrsatmasa, vasiylik va homiylik organlarining yozma ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Homiy oʻz homiyligidagi shaxsdan alohida yashagan taqdirda, uning yashash, taʼlim olish sharoitlarini nazorat qilishi, uni atrofdagilarning salbiy taʼsiridan himoya qilishi shart.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning turar joyi mavjud boʻlmagan taqdirda, vasiy yoki homiy uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq uni olish boʻyicha choralar koʻrishi shart.
Muomala layoqati cheklangan fuqarolarning homiylari ularni spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol etishdan, chekishdan himoya qilishga doir zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart.
Vasiylik va homiylik boʻyicha majburiyatlar bepul bajariladi.
Vasiylar va homiylarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
33-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
oʻzlariga nisbatan hurmat bilan va insoniy munosabatda boʻlinishi;
oʻzlarining taʼminoti, tarbiyasi, taʼlim olishi va sogʻligʻi haqida gʻamxoʻrlik qilinishi;
oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishi;
oʻz huquqlari va oʻzlariga koʻrsatilishi mumkin boʻlgan xizmatlar toʻgʻrisida, shuningdek oʻz huquqlarini himoya qilish usullari hamda vositalari haqida vasiylik va homiylik organlaridan axborot olish;
taʼlim olishga, sogʻliqni saqlashga, ijtimoiy muhofaza qilinishga boʻlgan huquqlarini, shuningdek oʻzlarining jismoniy, aqliy va maʼnaviy jihatdan uygʻun rivojlanishiga yordam beradigan boshqa huquqlarni amalga oshirish uchun zarur yordam olish hamda qoʻllab-quvvatlanish;
agar bu vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid boʻlmasa, ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda boʻlish;
oʻz shaxsiy hayotiga taalluqli axborotning maxfiyligi taʼminlanishi;
turar joyga boʻlgan mulk huquqi yoki turar joydan foydalanish huquqi, shuningdek ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qarindoshlik faktiga asoslangan mulkiy huquqlari taʼminlanishi;
vasiyning yoki homiyning gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan vasiylik va homiylik organiga, shuningdek sudga murojaat qilish.
Voyaga yetmagan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar vasiy yoki homiy bilan birga yashash huquqiga ega.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7-bob. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlarini himoya qilish
34-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlari
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar vasiylarning yoki homiylarning mol-mulkiga nisbatan, vasiylar yoki homiylar esa, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mol-mulkiga, shu jumladan alimentlar, pensiyalar, nafaqalar summalariga hamda boshqa ijtimoiy toʻlovlarga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlmaydi.
Mol-mulk qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʻra umumiy mulk huquqi asosida vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarga, vasiylarga, homiylarga tegishli boʻlishi mumkin.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar oʻz vasiylarining yoki homiylarining mol-mulkidan ularning roziligi bilan foydalanishga haqli.
Vasiylarga yoki homiylarga vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mol-mulkidan oʻzlarining manfaatlari yoʻlida foydalanish taqiqlanadi.
35-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarish
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarish mol-mulkning joylashuvi boʻyicha belgilanadi.
Vasiylar oʻz vasiyligidagi shaxsning pul mablagʻlarini banklarga va boshqa kredit tashkilotlariga qoʻyishga haqli. Vasiylikdagi shaxsning banklarga va boshqa kredit tashkilotlariga qoʻyilgan pul mablagʻlarini vasiy tomonidan sarflash faqatgina vasiylikdagi shaxsning taʼminoti uchun vasiylik va homiylik organining yozma ruxsatiga koʻra amalga oshiriladi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning homiylari oʻz homiyligidagi shaxsning roziligi bilan homiylikdagi shaxsning taʼminotiga va maishiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan maishiy yoki boshqa bitimlar tuzadi, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarishni amalga oshiradi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan hadya shartnomasi tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sudning fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish toʻgʻrisidagi yoki uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi hal qiluv qarori bekor qilingan taqdirda yoxud meros qabul qilinganda mol-mulkni boshqarish bekor qilinadi.
36-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini muhofaza qilish
Vasiylar yoki homiylar oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini uni saqlashni amalga oshirgan shaxslardan vasiylik yoki homiylik belgilangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida roʻyxat boʻyicha qabul qilib olishi shart.
Zarurat boʻlgan taqdirda, muomala layoqati cheklangan fuqarolarning va sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarning homiylari oʻz homiyligidagi shaxslarning mol-mulkini ularning iltimosi boʻyicha roʻyxatga koʻra qabul qilib olishga haqli.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining roʻyxati vasiylik va homiylik organi tomonidan vasiy yoki homiy, tegishli fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakillari, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs ishtirokida tuziladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining roʻyxatini tuzishda boshqa manfaatdor shaxslar ham ishtirok etishi mumkin.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining roʻyxati uch nusxada tuziladi va mol-mulk roʻyxatini tuzishda hozir boʻlgan shaxslar tomonidan imzolanadi. Roʻyxatning bir nusxasi vasiyga yoki homiyga topshiriladi, ikkinchi nusxasi vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning vasiylik va homiylik organi tomonidan yuritiladigan shaxsiy hujjatlar yigʻmajildida saqlanadi, uchinchi nusxasi esa, axborot tizimiga vasiylik yoki homiylik belgilangan voyaga yetganlarga tegishli maʼlumotlarni kiritish uchun tuman (shahar) hokimligiga yuboriladi, bundan voyaga yetmagan mol-mulkining roʻyxati mustasno.
Voyaga yetmagan mol-mulkining roʻyxati ikki nusxada tuziladi va bir nusxasi vasiyga yoki homiyga topshiriladi, ikkinchi nusxasi esa axborot tizimiga kiritiladi.
Zarurat boʻlganda, agar buni vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlari talab etsa, vasiy yoki homiy oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini oʻzganing qonunga xilof egaligidan talab qilib olish haqida sudga ariza berishi yoxud oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mulkiy huquqlarini himoya qilish yuzasidan boshqa choralar koʻrishi shart.
Vasiylar va homiylar oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning oʻziga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yoʻl qoʻymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tugʻdirmasligi kerak. Vasiy va homiy tomonidan mazkur majburiyatlarning bajarilishi oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.
Vasiylar oʻz vasiyligidagi shaxslar nomidan tuzgan bitimlar yuzasidan belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
37-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni vasiy yoki homiy amalga oshirganida vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlari
Vasiylar vasiylik va homiylik organlarining ruxsati bilan:
vasiylikdagi shaxs nomidan notarial tartibda tasdiqlanishi lozim boʻlgan bitimlar tuzishga;
mol-mulkni taqsimlashga;
vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga garovga berishga;
vasiylikdagi shaxsning turar joyini ayirboshlashga;
vasiylikdagi shaxs nomidan meros va (yoki) hadya olishdan voz kechishga haqli, bundan voyaga yetmaganlarning vasiylari mustasno.
Agar vasiyning yoki homiyning harakatlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga qarashli mol-mulkning qiymati pasayishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, barcha hollarda, xususan:
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning manfaatlarini koʻzlab berilgan daʼvodan voz kechilganda;
sud muhokamasida vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan kelishuv bitimini tuzishda;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs daʼvogar boʻlgan ijro ishini yuritish boʻyicha qarzdor bilan kelishuv bitimini tuzishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsati talab etiladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan ishonchnoma berilgan taqdirda ham vasiylik va homiylik organining ruxsati talab etiladi.
Vasiylik va homiylik organi rad etish sabablarini koʻrsatgan holda ruxsat berishni rad etishi mumkin.
Vasiylik va homiylik organining ruxsati yoki ruxsat berishni rad etishi bunday ruxsatni berish toʻgʻrisida ariza topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmasdan vasiyga yoki homiyga taqdim etilishi kerak.
38-modda. Vasiylik va homiylik organining ruxsatini olmay turib vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan shartnoma tuzish oqibatlari
Vasiy yoki homiy tomonidan vasiylik va homiylik organining ruxsatisiz vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan shartnoma tuzilganligi fakti aniqlanganda, vasiylik va homiylik organi vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning manfaatlarini koʻzlab zudlik bilan sudga murojaat qilishi shart.
Vasiylik va homiylik organining ruxsatisiz vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan tuzilgan shartnoma haqiqiy emas deb topilganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga tegishli boʻlgan mol-mulk qaytarilishi, shartnoma taraflariga yetkazilgan zararning oʻrni esa, qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda vasiy yoki homiy tomonidan qoplanishi shart.
39-modda. Vasiy yoki homiy tomonidan yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash
Vasiylik va homiylik organlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga gʻayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) tufayli yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni toʻliq hajmda qoplanishini vasiydan yoki homiydan talab qilishi shart, vasiylik yoki homiylik tugatilganda esa, vasiylikdagi yoki homiylikdagi muomalaga layoqatli shaxs talab qilishga haqli.
Vasiy yoki homiy tomonidan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini saqlashga va vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarishga doir majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganda (mol-mulkni yaroqsiz holga keltirish, lozim darajada saqlamaslik, mol-mulkni belgilangan maqsad uchun sarflamaslik, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining qiymati pasayishiga sabab boʻlgan harakatlarni (harakatsizlikni) amalga oshirish va boshqalar) vasiylik va homiylik organi bu haqda dalolatnoma tuzishi hamda vasiyga yoki homiyga vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida talabnoma taqdim etishi shart.
40-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga nafaqa tayinlash
Vasiyning yoki homiyning oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning taʼminotiga doir xarajatlarining oʻrni vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mablagʻlari hisobidan qoplanadi, bu mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda esa, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning taʼminoti uchun vasiy va homiyga qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa tayinlanishi mumkin.
8-bob. Vasiylik va homiylik sohasidagi nazorat
41-modda. Vasiylik va homiylik organlari faoliyati ustidan nazorat
Vasiylik va homiylik organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan nazoratni qonunchilikda vakolat berilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar amalga oshiradi.
42-modda. Vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat
Vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning yoxud vasiylarning yoki homiylarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar vasiyning yoki homiyning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tegishli vasiylik va homiylik organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid tugʻilganligi toʻgʻrisida, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxslar bu haqda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning haqiqatda turgan joyidagi vasiylik va homiylik organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart. Bunday maʼlumotlarni olgan vasiylik va homiylik organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir zarur choralar koʻrishi shart.
43-modda. Vasiy va homiyning hisoboti
Vasiy va homiy oʻz majburiyatlarining bajarilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda vasiylik va homiylik organiga hisobot taqdim etishi shart.
44-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Vasiylik va homiylik organlarining gʻayriqonuniy qarorlari yoxud ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi shart.
45-modda. Tuman, shahar hokimining, vasiylik va homiylik organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining vasiylikni yoki homiylikni belgilash va tugatish, vasiylarni yoki homiylarni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod etish yoxud chetlashtirish toʻgʻrisidagi, vasiylik va homiylik organlarining dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
46-modda. Vasiy va homiyning gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Vasiy va homiyning gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs, davlat organlari va muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning yashash joyidagi fuqarolar tomonidan tegishli vasiylik va homiylik organiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
47-modda. Nizolarni hal etish
Vasiylik va homiylik sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
48-modda. Vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
49-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
50-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 2-yanvar,
OʻRQ-364-son
