27-modda. Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi boʻlgan voyaga yetmaganga vasiy yoki homiy tayinlash
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi boʻlgan voyaga yetmaganga vasiy yoki homiy, agar ota-onasi bilan turishi ushbu shaxsning qonuniy manfaatlariga javob bermasligi hamda uning hayoti yoki sogʻligʻi uchun bevosita tahdid mavjudligi vasiylik va homiylik organi tomonidan aniqlansa, tayinlanishi mumkin.
Voyaga yetmagan vasiylikda yoki homiylikda boʻlgan davrda vasiylik va homiylik organi uning oilasini ijtimoiy-pedagogik jihatdan reabilitatsiya qilish hamda voyaga yetmaganni oilasiga qaytarish masalalari boʻyicha, agar bu uning qonuniy manfaatlariga zid boʻlmasa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
