12-modda. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari oʻz vakolatlari doirasida:
yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlaydi va ularning hisobini yuritadi;
yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarning axborot bazasini yuritadi, shuningdek davlat statistika hisobotini tegishli davlat statistika organiga qonunchilikda belgilangan shaklda va muddatlarda taqdim etadi;
yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi, ularning muqobil joylashtirilganligi hamda mol-mulki haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritadi;
yetim bolalarning va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan hamda vasiylarga va homiylarga qoʻyiladigan talablarga mos boʻlgan shaxslarni tanlashni hamda hisobga olishni amalga oshiradi;
yetim bolalarga va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilash uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi;
yetim bolalarning va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning turmush va taʼminot sharoitlarini, shuningdek vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning turmush sharoitlarini tekshiruvdan oʻtkazadi hamda bu haqda dalolatnoma tuzadi;
yetim bolalarga va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilanishi zarurligini aniqlab, vasiy yoki homiy etib tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini yuritadi;
vasiylar va homiylarning oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularga vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarni tarbiyalashni, ularning tibbiy kuzatuvini tashkil etishda, taʼlim muassasalariga hamda ishga joylashtirilishida yordam koʻrsatadi;
yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirishni, shuningdek ularning mol-mulki but saqlanishini taʼminlaydi;
bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid tugʻilgan hollarda uni ota-onasidan yoxud ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan olib qoʻyish chora-tadbirlarini koʻradi;
