30-modda. Vasiyning yoki homiyning oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilishi
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiy yoki homiy oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan yoxud oʻz huquqlarini suiisteʼmol qilgan hollarda, ularni oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi qaror voyaga yetganlarga nisbatan tuman, shahar hokimi tomonidan vasiylik va homiylik organining iltimosnomasi asosida, voyaga yetmaganlarga nisbatan esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan qabul qilinadi.
Vasiy yoki homiy oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlardan gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda foydalanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsni nazoratsiz va zarur yordamsiz qoldirganda, vasiylik va homiylik organlari uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun zarur choralarni koʻrishi shart.
Voyaga yetmaganning, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqaroning vasiysi yoki homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan taqdirda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olingan holda unga qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa vasiy yoki homiy tayinlanadi yoxud muqobil joylashtirishning boshqa shakli belgilanadi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqaroning homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan taqdirda, homiylikdagi shaxsning roziligi bilan homiy sifatida boshqa shaxs tayinlanadi.
Vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajargan shaxs oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilganligi unga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay vasiylik va homiylik organiga qonunchilikda belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi shart.
