31-modda. Vasiylar va homiylarning huquqlari
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylar oʻz vasiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili boʻlib, ularning nomidan yoki ularning manfaatlarini koʻzlab barcha zarur bitimlarni tuzadi.
Homiylar oʻz homiyligidagi shaxslarning qonuniy vakili boʻlib, homiyligidagi shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishida va majburiyatlarini bajarishida koʻmaklashadi, shuningdek ularni uchinchi shaxslar tomonidan boʻladigan suiisteʼmolliklardan muhofaza qiladi.
Vasiylar va homiylar:
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni uning fikrini hamda vasiylik va homiylik organlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda tarbiyalash usullarini mustaqil belgilashga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni qonuniy asoslarsiz oʻzida ushlab turgan har qanday shaxsdan, shu jumladan ota-onasidan hamda boshqa yaqin qarindoshlaridan uni qaytarib berishni sud tartibida talab qilishga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning taʼminoti, unga tarbiya, taʼlim berish va uning sogʻligʻini saqlash boʻyicha huquqiy, uslubiy, diagnostika va maslahat yordami olishga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli boʻlmagan bitimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishga;
zarur ijtimoiy yordam olish uchun vasiylik va homiylik organlariga, taʼlim muassasalariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, nodavlat notijorat tashkilotlariga murojaat qilishga;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning davolanishi va sogʻligʻini tiklashi maqsadida davolash, sanatoriy-kurort muassasalariga yoʻllanmalar olish uchun sogʻliqni saqlash muassasalariga murojaat qilishga haqli.
Vasiylar va homiylar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Vasiy yoki homiy oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda boʻlishiga toʻsqinlik qilishga haqli emas, bunday muloqot vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlariga mos kelmaydigan hollar bundan mustasno.
Vasiy yoki homiy, uning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiyning yoki homiyning eri (xotini), uning yaqin qarindoshlari oʻrtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning vakili boʻlishga haqli emas.
