32-modda. Vasiylar va homiylarning majburiyatlari
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylar va homiylar:
oʻzining yashash joyi oʻzgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning taʼminoti, sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishi, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
oʻz vasiyligidagi shaxsning maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim olishi uchun sharoitlarni taʼminlashi;
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonunchilikka muvofiq boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlashni talab qilish yuzasidan zarur choralar koʻrishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning oʻzlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yoʻl qoʻymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tugʻdirmasligi;
ushbu Qonunning 37-moddasida nazarda tutilgan hollarda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablagʻlaridan uning taʼminoti uchun foydalanishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini taʼminlashi;
vasiylik va homiylik organlariga oʻz majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi;
agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor boʻlgan boʻlsa, oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilishi;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashashi shart.
Oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs bilan birga yashayotgan vasiyning yoki homiyning yashash joyini oʻzgartirishi, shuningdek vasiyning yoki homiyning, shu jumladan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishi vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va oʻn yoshga toʻlgan voyaga yetmaganning roziligi bilan amalga oshiriladi.
