29-modda. Vasiyning yoki homiyning oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiy yoki homiy oʻzining arizasiga koʻra oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Homiy homiylikdagi shaxsning talabiga koʻra oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi lozim.
Vasiyni yoki homiyni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilish toʻgʻrisidagi qaror voyaga yetganlarga nisbatan tuman, shahar hokimi tomonidan vasiylik va homiylik organining iltimosnomasi asosida, voyaga yetmaganlarga nisbatan esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan qabul qilinadi.
Voyaga yetmaganning, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqaroning vasiysi yoki homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan taqdirda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olingan holda unga qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa vasiy yoki homiy tayinlanadi yoxud muqobil joylashtirishning boshqa shakli belgilanadi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqaroning homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan taqdirda, homiylikdagi shaxsning roziligi bilan homiy sifatida boshqa shaxs tayinlanadi.
Vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajargan shaxs oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinganligi toʻgʻrisida unga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay vasiylik va homiylik organiga qonunchilikda belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi shart.
