17-modda. Yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat boʻlgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj shaxslar aniqlanganda vasiylik va homiylik organlarining majburiyatlari
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat boʻlgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlangan taqdirda vasiylik va homiylik organlari:
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun ular haqiqatda turgan joydagi tuman (shahar) hokimligiga hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga (voyaga yetmaganlarga oid qismi boʻyicha) taqdim etadi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxs aniqlanganligi haqida uning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organidan mazkur shaxsning ota-onasi yoki boshqa qarindoshlari, turar joyi va boshqa mol-mulki bor-yoʻqligini tasdiqlovchi hujjatlarni yoxud mazkur hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishli axborot tizimlaridan mustaqil ravishda oladi;
ularni yashash joyiga qaytarishga koʻmaklashadi.
Yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat boʻlgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganda vasiylik va homiylik organlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
