16-modda. Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganligi toʻgʻrisida vasiylik va homiylik organlariga maʼlumotlar taqdim etish
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar aniqlanganda, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, taʼlim tashkilotlari va sogʻliqni saqlash muassasalari, notariuslar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mazkur shaxslar aniqlangan kundan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida ular haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimi orqali yoki yozma shaklda bolalar haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga yuboradi.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolalar aniqlangan hollarda, vasiylik va homiylik organi bunday maʼlumotlar olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida ularning turmush va taʼminot sharoitlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvdan (birlamchi baholashdan) oʻtkazishi shart.
