35-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarish
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarish mol-mulkning joylashuvi boʻyicha belgilanadi.
Vasiylar oʻz vasiyligidagi shaxsning pul mablagʻlarini banklarga va boshqa kredit tashkilotlariga qoʻyishga haqli. Vasiylikdagi shaxsning banklarga va boshqa kredit tashkilotlariga qoʻyilgan pul mablagʻlarini vasiy tomonidan sarflash faqatgina vasiylikdagi shaxsning taʼminoti uchun vasiylik va homiylik organining yozma ruxsatiga koʻra amalga oshiriladi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning homiylari oʻz homiyligidagi shaxsning roziligi bilan homiylikdagi shaxsning taʼminotiga va maishiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan maishiy yoki boshqa bitimlar tuzadi, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda homiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarishni amalga oshiradi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan hadya shartnomasi tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sudning fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish toʻgʻrisidagi yoki uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi hal qiluv qarori bekor qilingan taqdirda yoxud meros qabul qilinganda mol-mulkni boshqarish bekor qilinadi.
