36-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini muhofaza qilish
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylar yoki homiylar oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini uni saqlashni amalga oshirgan shaxslardan vasiylik yoki homiylik belgilangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida roʻyxat boʻyicha qabul qilib olishi shart.
Zarurat boʻlgan taqdirda, muomala layoqati cheklangan fuqarolarning va sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarning homiylari oʻz homiyligidagi shaxslarning mol-mulkini ularning iltimosi boʻyicha roʻyxatga koʻra qabul qilib olishga haqli.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining roʻyxati vasiylik va homiylik organi tomonidan vasiy yoki homiy, tegishli fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakillari, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs ishtirokida tuziladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining roʻyxatini tuzishda boshqa manfaatdor shaxslar ham ishtirok etishi mumkin.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining roʻyxati uch nusxada tuziladi va mol-mulk roʻyxatini tuzishda hozir boʻlgan shaxslar tomonidan imzolanadi. Roʻyxatning bir nusxasi vasiyga yoki homiyga topshiriladi, ikkinchi nusxasi vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning vasiylik va homiylik organi tomonidan yuritiladigan shaxsiy hujjatlar yigʻmajildida saqlanadi, uchinchi nusxasi esa, axborot tizimiga vasiylik yoki homiylik belgilangan voyaga yetganlarga tegishli maʼlumotlarni kiritish uchun tuman (shahar) hokimligiga yuboriladi, bundan voyaga yetmagan mol-mulkining roʻyxati mustasno.
Voyaga yetmagan mol-mulkining roʻyxati ikki nusxada tuziladi va bir nusxasi vasiyga yoki homiyga topshiriladi, ikkinchi nusxasi esa axborot tizimiga kiritiladi.
Zarurat boʻlganda, agar buni vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlari talab etsa, vasiy yoki homiy oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini oʻzganing qonunga xilof egaligidan talab qilib olish haqida sudga ariza berishi yoxud oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mulkiy huquqlarini himoya qilish yuzasidan boshqa choralar koʻrishi shart.
Vasiylar va homiylar oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning oʻziga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yoʻl qoʻymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tugʻdirmasligi kerak. Vasiy va homiy tomonidan mazkur majburiyatlarning bajarilishi oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.
