20-modda. Ota-ona yashash joyida vaqtincha boʻlmaganda vasiylik yoki homiylik belgilash
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini koʻrishi shart.
Ota-ona uch oydan ortiq boʻlmagan muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida oʻz bolasini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi shart. Bu holda vasiylik yoki homiylik agar bolaning eng ustun manfaatlari uchun zarur boʻlsa, belgilanadi.
Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketishidan kamida bir oy oldin oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisidagi arizani oʻzi vaqtincha yoki doimiy yashayotgan hududning vasiylik va homiylik organiga berishi kerak.
