21-modda. Vasiy yoki homiy tayinlash
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylik yoki homiylik boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan vasiy yoki homiy tayinlanadi.
Voyaga yetgan fuqarolar faqat oʻz roziligiga koʻra vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.
Tuman, shahar hokimi yoxud “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxsning yozma arizasiga muvofiq vasiy yoki homiy tayinlaydi.
Vasiy yoki homiy tayinlashda uning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, majburiyatlarni bajarish qobiliyati, vasiy, homiy va vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs oʻrtasidagi munosabatlar, vasiy yoki homiy oilasining vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga munosabati, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olinishi lozim.
Vasiylik yoki homiylik belgilash zarurligi haqida vasiylik va homiylik organlariga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay vasiy yoki homiy tayinlanishi kerak.
Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsga bir oy ichida vasiy yoki homiy tayinlanmagan boʻlsa, vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajarish vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxs aniqlangan joydagi tegishli vasiylik va homiylik organining zimmasiga vaqtincha yuklatiladi.
Ota-onasi boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tegishli vasiylik va homiylik organi ularning ota-onasi yoki qarindoshlari qaramogʻida boʻlmaganligi fakti aniqlangan kundan eʼtiboran vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
Vasiylik va homiylik organi vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxs haqidagi maʼlumotlarni olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga, shuningdek sogʻliqni saqlash muassasalariga yozma soʻrov yuboradi. Bunda vasiylik va homiylik organi fuqaro toʻgʻrisidagi faqat vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajarish qobiliyatini aniqlash imkonini beradigan axborot taqdim etilishini talab qiladi.
Vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxs haqidagi vasiylik va homiylik organi tomonidan olingan maʼlumotlar maxfiy boʻlib, oshkor qilinmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yashash joyidan qatʼi nazar, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning qarindoshlari, u yashayotgan oilaning shaxslari, aka-ukalarni va opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini uzmasdan vasiylikka yoki homiylikka olayotgan shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari vasiy yoki homiy etib tayinlanishda imtiyozli huquqqa ega.
