24-modda. Shaxsga bir nechta vasiy yoki homiy tayinlash
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, unga tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.
Bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bir vaqtning oʻzida barcha vasiylar yoki homiylar tomonidan amalga oshiriladi. Agar vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning ishlarini yuritish vasiylarning yoki homiylarning biriga topshirilsa, bu shaxs qolgan vasiylardan yoki homiylardan ishonchnomalar olgan boʻlishi lozim.
Bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning parvarish qilinishini taʼminlash va uning tibbiy yordamni oʻz vaqtida olishiga koʻmaklashishga doir majburiyatlar, vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsga nisbatan esa, shuningdek taʼminot, tarbiya va taʼlim berishga doir majburiyatlar vasiylik va homiylik organlarining ularni tayinlash haqidagi xulosasiga muvofiq vasiylar yoki homiylar oʻrtasida taqsimlanadi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning va bir vaqtning oʻzida barcha vasiylarning yoki homiylarning manfaatlari oʻrtasida, shuningdek vasiylar yoki homiylar oʻz majburiyatlarini bajarayotganda vasiylar yoki homiylar oʻrtasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vasiylik va homiylik organi yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar hal etilguniga qadar vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
