25-modda. Bir shaxsni bir nechta vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga vasiy yoki homiy etib tayinlash
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Zarurat boʻlganda, vasiylikka yoki homiylikka olinuvchilarning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarori bilan bir shaxs bir nechta vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.
Shaxsni ikkinchi va undan keyingi vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarga vasiy yoki homiy etib tayinlash toʻgʻrisidagi tuman, shahar hokimining yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktorining qarorida boshqa shaxs vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin emasligining sabablari koʻrsatilgan boʻlishi shart.
Ayni bir vasiy yoki homiy oʻz majburiyatlarini bajarayotganda uning vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxslarning manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vasiylik va homiylik organi yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar hal etilguniga qadar vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
