7-modda. Vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Vasiylik va homiylik boʻyicha faoliyat:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan — voyaga yetmaganlarga nisbatan;
tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan — sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga nisbatan amalga oshiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni ushbu Qonunda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida yashaydigan, yetim qolgan yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda vasiylik yoki homiylik belgilash chora-tadbirlarini koʻradi.
Vasiylik va homiylik organlaridan tashqari boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni aniqlash va muqobil joylashtirish boʻyicha faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
