10-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
vasiylik va homiylik sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, ularni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi hamda amalga oshiradi, bundan vasiylik va homiylik sohasining voyaga yetmaganlarga doir qismi mustasno;
vasiylik va homiylik sohasidagi vazifalarni bajaruvchi tuman, shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatini nazorat qilishni hamda muvofiqlashtirib borishni amalga oshiradi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
axborot tizimini yuritadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Tumanlar, shaharlar hokimlari vasiylikni yoki homiylikni belgilash va tugatish boʻyicha, shuningdek vasiylarni yoki homiylarni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod etish yoxud chetlashtirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, bundan voyaga yetmaganlarga nisbatan vasiylik va homiylikka oid qarorlar mustasno.
