42-modda. Vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning yoxud vasiylarning yoki homiylarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar vasiyning yoki homiyning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tegishli vasiylik va homiylik organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid tugʻilganligi toʻgʻrisida, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxslar bu haqda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning haqiqatda turgan joyidagi vasiylik va homiylik organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart. Bunday maʼlumotlarni olgan vasiylik va homiylik organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir zarur choralar koʻrishi shart.
