3-modda. Asosiy tushunchalar
Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-364-son) · Sana: 02.01.2014 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vasiylik — oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida muqobil joylashtirishning huquqiy shakli;
homiylik — oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida muqobil joylashtirishning huquqiy shakli. Sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga koʻra homiylik belgilanishi mumkin;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs — oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxs;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar — alohida gʻamxoʻrlikka, shuningdek oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj boʻlgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan ota-onasi boʻlgan hamda bolalarning hayoti yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid tugʻdirayotgan yoki ularning taʼminoti, tarbiya va taʼlim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotgan bolalar, sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqarolar.
