Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi
22.09.1994
UMUMIY QISM
BIRINCHI BOʻLIM ASOSIY QOIDALAR
1-bob. JINOYAT-PROTSESSUAL QONUNCHILIGI
1-modda. Jinoyat ishlarini yuritish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyat ishlarini yuritish tartibi Jinoyat-protsessual kodeksi bilan belgilanadi.
Jinoyat ishlarini yuritishning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi barcha sudlar, prokuratura, tergov, surishtiruv organlari, advokatura, shuningdek fuqarolar uchun yagona hamda majburiydir.
2-modda. Jinoyat-protsessual qonunchiligining vazifalari
Jinoyat-protsessual qonunchiligining vazifalari jinoyatlarni tez va toʻla ochishdan, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi hamda aybi boʻlmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi uchun aybdorlarni fosh etishdan hamda qonunning toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlashdan iboratdir.
Jinoyat ishlarini yuritishning jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilangan tartibi qonuniylikni mustahkamlashga, jinoyatlarning oldini olishga, shaxs, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya etishga yordam qilmogʻi lozim.
3-modda. Jinoyat-protsessual qonunchiligining vaqt va hudud boʻyicha amal qilishi
Jinoyat ishlarini yuritish, jinoyat sodir etilgan joydan qatʼi nazar, basharti Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlarida oʻzgacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, ish yuzasidan surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi yuritilayotgan paytda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq olib boriladi.
4-modda. Jinoyat-protsessual qonunchiligining ajnabiy fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan amal qilishi
Ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksga muvofiq olib boriladi.
Immunitetga ega boʻlgan ajnabiy fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan ushbu Kodeks Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar va bitimlarga zid kelmaydigan hollarda qoʻllaniladi.
2-bob. JINOYAT PROTSESSI PRINSIPLARI
11-modda. Qonuniylik
Sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, himoyachi, shuningdek jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi barcha shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Kodeks va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga aniq rioya etishlari va ularning talablarini bajarishlari shart.
Qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga koʻra yuz berganidan qatʼi nazar, jinoyat protsessida qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
12-modda. Odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha odil sudlovni faqat sud amalga oshiradi.
13-modda. Jinoyat ishlarini hayʼatda va yakka tartibda koʻrib chiqish
Jinoyat ishlari hayʼatda koʻriladi, Jinoyat kodeksi 15-moddasining ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar esa, sudya tomonidan yakka tartibda koʻriladi.
Agar sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilayotgan jinoyat ishi boʻyicha sud muhokamasi vaqtida Jinoyat kodeksi 15-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatlar sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, ishning koʻrilishi uni yakka tartibda koʻrib chiqishni boshlagan sudya tomonidan davom ettiriladi.
Ish birinchi instansiya sudi tomonidan hayʼatda koʻrilganda sud tarkibiga sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi ishlarni uch nafar sudyadan iborat tarkibda koʻrib chiqadi.
Odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari sudyaning barcha huquqlaridan foydalanadilar. Ular sud majlisida ishni koʻrish jarayonida kelib chiqadigan hamma masalalarni hal qilishda va hukm chiqarishda raislik qiluvchi bilan teng huquqqa egadirlar.
Tegishli sud hayʼatlarida apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida ishlarni koʻrish uch nafar sudyadan iborat tarkibda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining hukmlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida berilgan shikoyatlar (protestlar) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida besh nafar sudyadan iborat tarkibda koʻrib chiqiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida — Rayosat aʼzolarining koʻpchiligi hozir boʻlgan taqdirda koʻriladi.
14-modda. Sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunishi
Odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar va xalq maslahatchilari mustaqildirlar hamda faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalar va xalq maslahatchilari jinoyat ishlarini qonun asosida koʻrib chiqadilar va hal qiladilar.
Sudyalar va xalq maslahatchilarining odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
15-modda. Jinoyat ishini qoʻzgʻatishning muqarrarligi
Prokuror, tergovchi va surishtiruvchi jinoyat alomatlari topilgan har bir holda, oʻz vakolatlari doirasida jinoyat ishini qoʻzgʻatishlari, jinoiy hodisani, jinoyat sodir etishda aybdor boʻlgan shaxslarni aniqlash va ularni jazolash uchun qonunda nazarda tutilgan barcha choralarni koʻrishlari shart.
Daxlsizlikka, immunitetga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlarini yuritishning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeks bilan belgilanadi.
16-modda. Odil sudlovni fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshirish
Jinoyat ishlari boʻyicha odil sudlov fuqarolarning, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.
Hech kimga qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari imtiyoz berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
17-modda. Shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish
Sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va maʼnaviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi.
18-modda. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish
Jinoyat ishini yuritish uchun masʼuliyatli barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar jinoyat protsessida qatnashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishlari shart.
Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
Sud va prokuror qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum etilgan yoki qonun yoxud sud hukmida nazarda tutilganidan ortiq muddat hibsda ushlab turilgan yoki qamoqda saqlangan yoxud uy qamogʻida boʻlgan har qanday shaxsni darhol ozod qilishi shart.
Fuqarolarning shaxsiy hayoti, ularning turar joylari daxlsizligi, oʻzaro yozishmalari, telegraf aloqalari va telefon orqali soʻzlashuvlarining sir saqlanishi qonun bilan qoʻriqlanadi.
Shaxs egallab turgan turar joy yoki boshqa bino va hududda tintuv oʻtkazish, olib qoʻyish, koʻzdan kechirish, aloqa muassasalarida pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish va ularni olib qoʻyish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish faqat ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Ishni yuritish jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarini buzish oqibatida unga yetkazilgan zarar ushbu Kodeksda belgilangan asoslar va tartibda undirilishi lozim.
19-modda. Sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi
Barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora koʻriladi, bundan davlat sirlarini qoʻriqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar koʻrilayotgan hollar mustasno.
Sudlarda jinoyat ishlarini oshkora koʻrish sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra audio- va videoyozuvdan foydalangan holda, shuningdek videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlarni, shuningdek fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlarni yoki ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek ular oila aʼzolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini taʼminlash taqozo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida koʻrishga yoʻl qoʻyiladi.
Shaxsiy yozishma va shaxsiy telegraf xabarnomalari ochiq sud majlisida faqat bu xat va xabarlarni joʻnatgan hamda olgan shaxslarning roziligi bilan oʻqib eshittirilishi mumkin. Aks holda ular yopiq sud majlisida oʻqib eshittiriladi va tekshiriladi.
Ishni yopiq sud majlisida koʻrish barcha protsessual qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Ishni yopiq majlisda koʻrish toʻgʻrisidagi sudning ajrimi butkul muhokamaga nisbatan yoki uning alohida qismlariga nisbatan chiqarilishi mumkin. Bu ajrim sud majlisiga yigʻilganlarga taalluqli boʻlib, jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Yopiq sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, bunday majlisni audio- va videoyozuvga olish esa amalga oshirilmaydi.
Sud sudlanuvchining va jabrlanuvchining yaqin qarindoshlarini, shuningdek boshqa shaxslarni yopiq majlislarda tekshiriladigan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va tafsilotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirib, ularning bu majlislarda hozir boʻlishiga ruxsat berishga haqli.
Sud majlisi zalida tartibni saqlab turish uchun zarur boʻlgan hollarda, sud ayrim shaxslarning sudning ochiq majlislarida hozir boʻlishini taqiqlashga haqli.
Sud zalida ovozlarni yozib olish, fotosuratga, videoyozuvga va kinotasvirga olishga faqat sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi, bu haqda tegishli ajrim chiqariladi.
Sud hukmlari, ajrimlari va qarorlari barcha hollarda oshkora eʼlon qilinadi.
Sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari jinoyat protsessi ishtirokchilarining roziligi bilan yoki shaxsini koʻrsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi mumkin, bundan yopiq sud majlislarida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud qarorlari mustasno.
Sudlov faoliyatida oshkoralikni kengaytirish uchun sudlar zarur hollarda ommaviy axborot vositalari xodimlarini, tegishli jamoat birlashmalarini va jamoalarni boʻlajak protsesslar toʻgʻrisida xabardor qilishi, shuningdek protsesslarni bevosita korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida hamda taʼlim muassasalarida oʻtkazishi mumkin, bundan oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar koʻrilayotgan hollar mustasno.
Sudlarda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi prinsipini cheklaydigan qoʻshimcha talablarni joriy etish taqiqlanadi, bundan ushbu Kodeksda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollar mustasno.
20-modda. Jinoyat ishlari yuritiladigan til
Jinoyat ishlarini yuritish oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda olib boriladi.
Ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada tushunmaydigan protsess ishtirokchilariga oʻz ona tilida yoki oʻzi biladigan boshqa tilda ogʻzaki yoki yozma arz qilish, koʻrsatuv va tushuntirishlar berish, iltimosnoma va shikoyatlar bilan murojaat qilish, sudda soʻzlash huquqi taʼminlanadi. Bunday hollarda, shuningdek ish materiallari bilan tanishish vaqtida protsess ishtirokchilari qonunda belgilangan tartibda tarjimon xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoki protsessda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taqdim etilishi lozim boʻlgan tergov va sud hujjatlari ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilib berilishi lozim.
21-modda. Jinoyat ishlarini yuritishda jamoatchilikning ishtiroki
Jinoyat ishi boʻyicha tergov olib borish va ishni sudda koʻrish chogʻida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat sodir etilgan holatlarni aniqlab olish, aybdorlarni qidirish va fosh etish, adolatli hukm chiqarish, shuningdek jinoyatning sodir etilish sabablari va unga imkon bergan sharoitlarni aniqlash uchun oʻz vakolatlari doirasida jamoatchilik yordamidan foydalanishga haqlidir.
Jamoat birlashmalari va jamoalarning vakillari jinoyat ishini yuritishda jamoat ayblovchilari hamda jamoat himoyachilari tariqasida qatnashishga haqlidir.
22-modda. Haqiqatni aniqlash
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bogʻliq barcha holatlarni aniqlashi shart.
Ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun faqat ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan maʼlumotlardan foydalanish mumkin. Gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, guvohdan va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan zoʻrlash, qoʻrqitish, huquqlarini cheklash va qonunga xilof boʻlgan oʻzgacha choralar bilan koʻrsatuvlar olishga harakat qilish man etiladi.
Ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham ogʻirlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim.
Dalillarni toʻplash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim.
23-modda. Aybsizlik prezumpsiyasi
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Shuningdek qonun qoʻllanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
24-modda. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini himoyalanish huquqi bilan taʼminlash
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyalanish huquqiga ega boʻlib, ularga oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar taʼminlanadi.
Himoyalanish huquqi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud zimmasidagi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga unga berilgan huquqlarni tushuntirib berish hamda u oʻziga qoʻyilgan ayblovdan himoyalanish uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullardan foydalanishda haqiqiy imkoniyatga ega boʻlishiga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish majburiyati bilan taʼminlanadi.
25-modda. Sudda ishlarni yuritishda tortishuv
Birinchi instansiya sudining sud majlisida, shuningdek ishlar yuqori sudlarda koʻrilayotganda ish yuritish taraflarning oʻzaro tortishuvi asosida amalga oshiriladi.
Ish sudda koʻrilayotganda ayblash, himoya qilish va ishni hal qilish vazifalari bir-biridan alohida bajarilib, aynan bir organ yoki aynan bir mansabdor shaxs zimmasiga yuklatilishi mumkin emas.
Birinchi instansiya sudida ish yuritish faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi yoxud tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash uchun ishni sudga yuborish toʻgʻrisidagi qaror mavjud boʻlganda boshlanishi mumkin.
Davlat va jamoat ayblovchilari, sudlanuvchi, voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili, himoyachi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud majlisida taraflar sifatida ishtirok etadilar va dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyatga molik har qanday masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar.
Sud ayblov yoki himoya tarafida turmaydi hamda ularning biron-bir manfaatlarini ifodalamaydi.
Sud xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda taraflar protsessual majburiyatlarini bajarishlari va berilgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoitlar yaratib beradi.
26-modda. Dalillarni bevosita va ogʻzaki usulda tekshirish
Jinoyat ishini yuritishni amalga oshirishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud dalillarni bevosita tekshirishlari: gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarni soʻroq qilishlari, ekspert xulosalarini eshitishlari, dalillarni koʻzdan kechirishlari, bayonnoma va boshqa hujjatlarni oʻqib eshittirishlari shart. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alohida hollardagina bu qoidalardan chetga chiqishga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Sud faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanib hukm chiqaradi.
27-modda. Protsessual harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish huquqi
Protsess ishtirokchilari va boshqa shaxslar, shuningdek jinoyat ishini yuritishdan manfaatdor boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari ushbu Kodeksda belgilab qoʻyilgan tartibda va muddatda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va sudning protsessual harakati yoki qarori ustidan shikoyat berishga haqlidir.
Mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari sudning hukmi (ajrimi) ustidan tegishincha apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida shikoyat berishga, prokuror protest bildirishga haqli.
Protsessning istalgan paytida iltimosnoma bildirish va shikoyat berish mumkin.
Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
Ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlganda, shuningdek boshqa zarur hollarda sudning talabi bilan hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi.
IKKINCHI BOʻLIM JINOYAT PROTSESSI ISHTIROKCHILARI
3-bob. JINOYAT ISHINI YURITISHGA MASʼUL BOʻLGAN DAVLAT ORGANLARI VA MANSABDOR SHAXSLAR
28-modda. Sud
Oʻzbekiston Respublikasida jinoyat ishlari boʻyicha odil sudlovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari va harbiy sudlar amalga oshiradi.
Birinchi instansiya sudi jinoyat ishi boʻyicha hukm yoki ajrim chiqarish huquqiga ega. Apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari va ajrimlari ustidan berilgan shikoyatlar (protestlar) boʻyicha ishlarni koʻrib, hukm yoki ajrim chiqaradi. Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan hukmlari va ajrimlari ustidan, agar ular apellyatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, shikoyatlar (protestlar) boʻyicha ishlarni koʻrib, hukm yoki ajrim chiqaradi.
Taftish instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudida koʻrib chiqilgan hukmlari va ajrimlari ustidan, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudining hukmlari yoxud ajrimlari ustidan berilgan shikoyatlar (protestlar) boʻyicha ishlarni koʻrib, hukm, ajrim yoxud qaror chiqaradi.
29-modda. Sudning vakolatlari
Sudning vakolatlariga: qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash yoxud qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalalari bilan bogʻliq iltimosnoma, shikoyat va protestni ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida ajrim chiqargan sudni albatta xabardor qilgan holda koʻrib chiqish; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi yoki ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi, murdani eksgumatsiya qilish haqidagi, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi, tintuv oʻtkazish haqidagi, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi, mol-mulkni xatlash haqidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish; prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi yoxud mahkumni jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish; prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish; prokurorning xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish; jinoyat ishini sud muhokamasiga tayyorlash; dastlabki eshituv oʻtkazish; ishni muhokama qilish va hukm chiqarish yoki boshqa qaror qabul qilish; ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrib chiqish; hukmni ijro ettirish kiradi.
Yuqori sudlar, bundan tashqari, oʻz vakolatlari doirasida quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
30-modda. Sudyalar va xalq maslahatchilari
Jinoyat ishini koʻrishda ushbu sud tarkibiga tayinlangan yoki saylangan sudyalar va xalq maslahatchilari qatnashadilar.
31-modda. Sudyaning vakolatlari
Sudya yakka oʻzi yoki sud tarkibida ish tutib, ushbu Kodeksning 29-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi. Bundan tashqari, sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash bilan bogʻliq harakatlarni bajaradi, sud majlisida raislik qiladi va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarni amalga oshiradi.
311-modda. Tergov sudyasining vakolatlari
Tergov sudyasi yakka oʻzi ish tutib, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi.
Tergov sudyasining vakolatlari jumlasiga: qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqish; tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish; mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish kiradi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan vakolatlar tergov sudyasi tomonidan ushbu Kodeksning 416 va 417-moddalari tartibida qoʻshimcha protsessual harakatlarni bajarish chogʻida ham amalga oshiriladi.
32-modda. Sud majlisi kotibi
Sud majlisida sud majlisi kotibi vazifalarini sudyaning yordamchisi (katta yordamchisi) bajaradi.
Sud majlisi kotibi jinoyat ishini sud majlisida koʻrish uchun tayyorlaydi; sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida protsess ishtirokchilarini xabardor qiladi; sudga chaqirilgan protsess ishtirokchilarining kelgan-kelmaganligini tekshiradi, hozir boʻlmagan shaxslarning kelmaganligi sababini aniqlab, bu haqda sudga maʼlum qiladi; sud majlislari bayonnomasini yuritadi; raislik qiluvchining sud muhokamasini tayyorlash va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa topshiriqlarini bajaradi.
Sud majlisi kotibi bayonnomada sudning harakatlari va qarorlarini, shuningdek sud majlisi barcha ishtirokchilarining harakatlari, arizalari, iltimosnomalari, koʻrsatuvlarini toʻliq va toʻgʻri bayon qilib borishi shart.
33-modda. Prokuror
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Prokuror surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida qonunning buzilishini, kim tomonidan sodir etilganligidan qatʼi nazar, bartaraf etish uchun qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida koʻrishi shart.
Prokuror oʻz vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga boʻysunib va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori koʻrsatmalariga tayangan holda amalga oshiradi.
34-modda. Prokurorning vakolatlari
Prokuror surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida ushbu Kodeksning 243, 382 — 388, 558, 589-moddalarida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
Prokuror sud muhokamasida qatnashib, ushbu Kodeksning 409-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
35-modda. Tergovchi
Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergovni prokuratura, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, ichki ishlar organlarining va davlat xavfsizlik xizmatining tergovchilari olib boradilar.
36-modda. Tergovchining vakolatlari
Tergovchi: jinoyat ishini qoʻzgʻatishga va tugatishga, ishni qoʻzgʻatishni rad etishga; jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlash va soʻroq qilishga; ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tergov harakatlarini olib borishga; shaxsni ishda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga; shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish toʻgʻrisida va unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqida qaror qabul qilishga, bundan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi mustasno; oʻz yurituviga qabul qilgan ishlar boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlarini bajarish toʻgʻrisida yozma topshiriqlar berishga; boshqa tergovchi va surishtiruvchilarga ayrim tergov harakatlarini yuritish toʻgʻrisida topshiriq berishga; tergovga qadar tekshiruv yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga shaxslarni ushlab turish, majburiy keltirish, qidirish toʻgʻrisidagi qarorlarning ijrosini topshirishga, ulardan ayrim tergov harakatlarini yuritishda koʻmaklashishni talab qilishga; qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga, shuningdek ehtiyot chorasini ushbu Kodeksning 240 va 2431-moddalariga muvofiq bekor qilishga yoki oʻzgartirishga; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida iltimosnoma berishga; Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur protsessual majburlov choralarini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur choralarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqida, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga; amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritishga haqlidir.
Tergovchi tergovning yoʻnalishi va tergov harakatlarini yuritishga oid barcha qarorlarni, prokuror ruxsatini olish qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mustaqil ravishda qabul qiladi.
Tergovchi prokurorning shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi, jinoyatni tavsif qilish va ayblov hajmi haqidagi, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritish haqidagi ishni sudga yuborish yoki ishni tugatish haqidagi, tugallangan ishni qoʻshimcha tergovga qaytarish haqidagi koʻrsatmalariga rozi boʻlmasa, oʻz eʼtirozlarini yozma ravishda bayon qilgan holda ishni yuqori turuvchi prokurorga taqdim etishga haqlidir. Bunday hollarda quyi turuvchi prokurorning koʻrsatmasini yuqori turuvchi prokuror oʻz qarori bilan yo bekor qiladi yoki ish boʻyicha tergov yuritishni boshqa tergovchiga topshiradi.
Tergovchining oʻz yuritishidagi ish yuzasidan qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va chiqargan qarorlari barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
37-modda. Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhi boshligʻining va uning oʻrinbosarining vakolatlari
Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhining boshligʻi va uning oʻrinbosari oʻz vakolatlari doirasida jinoyatlarni ochish va ularning oldini olish yuzasidan tergovchilarning oʻz vaqtida harakat qilishini nazorat etadilar, jinoyat ishlari boʻyicha dastlabki tergovni toʻla, har tomonlama va xolisona olib borish choralarini koʻradilar.
Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhining boshligʻi va uning oʻrinbosari ishlarni tekshirib koʻrishga, shuningdek dastlabki tergov oʻtkazish, shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish, jinoyatni tavsif qilish va ayblovning hajmi, ishning yoʻnalishini belgilash, ayrim tergov harakatlarini oʻtkazish haqida tergovchiga koʻrsatmalar berishga, ishni bir tergovchidan ikkinchi tergovchiga olib berishga, ishni tergov qilishni bir necha tergovchiga topshirishga, shuningdek tergovchi vakolatlaridan foydalanib, dastlabki tergov olib borishda qatnashishga va dastlabki tergovni shaxsan oʻzi olib borishga haqlidir.
Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhi boshligʻining va uning oʻrinbosarining ish yuzasidan koʻrsatmalari tergovchiga yozma tarzda beriladi va ularning ijro etilishi majburiydir.
Olingan koʻrsatmalar ustidan prokurorga shikoyat qilinishi, ushbu Kodeks 36-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, ularning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.
38-modda. Surishtiruv
Jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv:
1) ichki ishlar organlarining;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining va uning joylardagi boʻlinmalarining;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining va uning joylardagi boʻlinmalarining;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining va uning joylardagi boʻlinmalarining;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining va uning joylardagi boʻlinmalarining surishtiruvchilari tomonidan amalga oshiriladi.
381-modda. Surishtiruvchining vakolatlari
Surishtiruvchi: jinoyat ishini qoʻzgʻatishga va tugatishga, ishni qoʻzgʻatishni rad etishga; jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlash va soʻroq qilishga; ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tergov harakatlarini olib borishga; shaxsni ishda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga; shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish haqida va unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga, bundan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi mustasno; oʻz yurituviga qabul qilgan ishlar boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlarini bajarish haqida yozma topshiriqlar berishga; boshqa surishtiruvchilarga ayrim tergov harakatlarini yuritish toʻgʻrisida topshiriq berishga; tergovga qadar tekshiruv yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga shaxslarni ushlab turish, majburiy keltirish, qidirish toʻgʻrisidagi qarorlarning ijrosini topshirishga, ulardan ayrim tergov harakatlarini yuritishda koʻmaklashishni talab qilishga; qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga, shuningdek ehtiyot chorasini ushbu Kodeksning 240 va 2431-moddalariga muvofiq bekor qilishga yoki oʻzgartirishga; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida iltimosnoma berishga; Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur protsessual majburlov choralarini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur choralarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqida, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga; amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish haqida prokurorga taqdimnoma kiritishga haqlidir.
Surishtiruvchi surishtiruvning yoʻnalishiga oid barcha qarorlarni mustaqil ravishda qabul qiladi, bundan qonunda prokuror ruxsatini olish nazarda tutilgan hollar mustasno.
Surishtiruvchi prokurorning shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi, jinoyatni tavsif qilish va ayblov hajmi haqidagi, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qoʻllash haqidagi, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish haqida prokurorga taqdimnoma kiritish toʻgʻrisidagi, ishni sudga yuborish yoki ishni tugatish haqidagi, tugallangan ishni qoʻshimcha tergovga qaytarish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalariga rozi boʻlmasa, oʻz eʼtirozlarini yozma ravishda bayon qilgan holda ishni yuqori turuvchi prokurorga taqdim etishga haqlidir. Bunday hollarda yuqori turuvchi prokuror quyi turuvchi prokurorning koʻrsatmasini oʻz qarori bilan yo bekor qiladi yoki ish boʻyicha surishtiruv yuritishni boshqa surishtiruvchiga topshiradi.
Surishtiruvchining oʻz yuritishidagi ish yuzasidan qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va chiqargan qarorlari barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
39-modda. Surishtiruv boʻlinmasi boshligʻining va uning oʻrinbosarining vakolatlari
Surishtiruv boʻlinmasining boshligʻi va uning oʻrinbosari oʻz vakolatlari doirasida jinoyatlarni ochish va ularning oldini olish yuzasidan surishtiruvchilarning oʻz vaqtida harakat qilishini nazorat etadilar, jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruvni toʻla, har tomonlama va xolisona olib borish choralarini koʻradilar.
Surishtiruv boʻlinmasi boshligʻi va uning oʻrinbosari ishlarni tekshirib koʻrishga, surishtiruvchiga surishtiruv yuritish, shaxsni ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish, jinoyatni tavsif qilish va ayblovning hajmi, ishning yoʻnalishini belgilash, ayrim tergov harakatlarini oʻtkazish haqida koʻrsatmalar berishga, ishni bir surishtiruvchidan ikkinchi surishtiruvchiga olib berishga, ishni tergov qilishni bir necha surishtiruvchiga topshirishga, shuningdek surishtiruvchi vakolatlaridan foydalanib, surishtiruv yuritishda qatnashishga va surishtiruvni shaxsan oʻzi olib borishga haqlidir.
Surishtiruv boʻlinmasi boshligʻining va uning oʻrinbosarining ish yuzasidan koʻrsatmalari surishtiruvchiga yozma tarzda beriladi va ularning ijro etilishi majburiydir.
Olingan koʻrsatmalar ustidan prokurorga shikoyat qilinishi, ushbu Kodeks 381-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, ularning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.
391-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar
Tergovga qadar tekshiruv quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:
1) ichki ishlar organlari;
2) harbiy qismlar, qoʻshilmalarning komandirlari, harbiy muassasalar va harbiy oʻquv yurtlarining boshliqlari — ularga boʻysunuvchi harbiy xizmatchilar, shuningdek oʻquv mashqlari oʻtkazilayotgan vaqtda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga doir ishlar boʻyicha; Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari xodimlarining xizmat majburiyatini bajarish bilan bogʻliq jinoyatlari yoki qism, qoʻshilma, muassasa yoxud oʻquv yurti joylashgan yerda sodir etgan jinoyatlariga doir ishlar boʻyicha;
3) davlat xavfsizlik xizmati organlari — qonunga koʻra ularning yuritishiga berilgan ishlar boʻyicha;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish tizimini boshqarish organlarining boshliqlari, jazoni ijro etish koloniyalari, tarbiya koloniyalari, tergov hibsxonalari hamda turmalarning boshliqlari — shu muassasalar xodimlari xizmatni oʻtashning belgilangan tartibiga qarshi qilgan jinoyatlarga doir ishlar, xuddi shuningdek mazkur muassasalar hududida sodir etilgan boshqa jinoyatlarga doir ishlar boʻyicha;
5) davlat yongʻindan nazorat qilish organlari — yongʻinlarga doir va yongʻinga qarshi qoidalarni buzganlikka doir ishlar boʻyicha;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini buzganlikka doir ishlar boʻyicha;
7) olis safarda boʻlgan dengiz kemalarining kapitanlari;
8) davlat bojxona xizmati organlari — bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikka doir ishlar boʻyicha;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy boʻlinmalari — ularning yurituviga taalluqli ishlar boʻyicha;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning joylardagi boʻlinmalari — voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlashga, sud hujjatini ijro etmaslikka, sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashishga, band solingan mol-mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etishga doir ishlar boʻyicha;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari — bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash boʻlgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida aniqlangan moliyaviy-iqtisodiy va soliq sohalaridagi huquqbuzarliklarga doir ishlar boʻyicha.
13) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va uning joylardagi boʻlinmalari — qonun bilan ularning ish yuritishiga berilgan ishlar boʻyicha.
14) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati — uning yurituviga taalluqli ishlar boʻyicha.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar zimmasiga zarur choralar koʻrish vazifasi, shu jumladan jinoyat alomatlarini va jinoyat sodir etgan shaxslarni topish, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq tekshirib chiqilganidan soʻng jinoyat ishi yuzasidan dalil tariqasida foydalanish mumkin boʻlgan maʼlumotlarni aniqlash maqsadida ilmiy-texnika vositalaridan foydalangan holda, zarur choralar koʻrish vazifasi yuklatiladi. Ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, davlat bojxona xizmati organlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ularning joylardagi boʻlinmalari shu maqsadda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishga haqli.
Tezkor-qidiruv faoliyatini oʻtkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
392-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshligʻining va uning mansabdor shaxsining vakolatlari
Ushbu Kodeksning 391-moddasida sanab oʻtilgan har bir organning rahbarlari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning boshligʻi sifatida harakat qila turib, tergovga qadar tekshiruvni boshlashga yoki oʻziga boʻysunuvchi boshqa mansabdor shaxsga uni yuritishni topshirishga, jinoyat ishini qoʻzgʻatishga yoki ish qoʻzgʻatishni rad etishga yoxud arizani, xabarni tergovga tegishliligiga koʻra oʻtkazishga haqlidir.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxs zimmasiga tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishga doir vazifalarni yuklatish tartibi mazkur organ tomonidan belgilanadi.
Boshliqning topshirigʻiga binoan va uning rahbarligida ishlayotgan mansabdor shaxs jinoyatning oldini olish yoki uning sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, dalillarni toʻplash va saqlash, jinoyat sodir etishda gumon qilinganlarni ushlash va yashiringan gumon qilinuvchilarni qidirib topish hamda jinoyat tufayli yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni qoplanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan, kechiktirib boʻlmaydigan barcha harakatlarni amalga oshirishi shart.
Tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi zimmasiga tergovchi, surishtiruvchi yuritayotgan ish boʻyicha ayrim protsessual harakatlarni va tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi topshiriqlarini bajarish hamda tergovchiga, surishtiruvchiga protsessual harakatlarni bajarishida koʻmaklashish majburiyati ham yuklatiladi.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotganda, xuddi shuningdek tergovchining, surishtiruvchining topshirigʻini bajarayotganda, ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga amal qilgan holda protsessual harakatlarni amalga oshiradi va qarorlar qabul qiladi.
Gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan yoki sudlanuvchidan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan arizalar, tushuntirishlar yoki koʻrsatuvlar olish mazkur jinoyat ishi oʻz yurituvida boʻlgan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshiriladi, bundan belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar mustasno.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining qarorlari mazkur organ boshligʻi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Boshliqning yozma koʻrsatmalari ularni bajarishni toʻxtatmay turib, ushbu koʻrsatmalar ustidan prokurorga shikoyat qilishga haqli boʻlgan unga boʻysunuvchi mansabdor shaxs uchun majburiydir.
Prokurorning yozma koʻrsatmalari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshligʻi va uning mansabdor shaxsi uchun majburiydir. Ular prokurorning koʻrsatmalaridan norozi boʻlgan taqdirda, koʻrsatmalarni bajarishni toʻxtatmay turib, yuqori turuvchi prokurorga ularning ustidan shikoyat qilishga haqlidir.
4-bob. JINOYAT ISHINI YURITISHDA ISHTIROK ETUVCHI JAMOAT BIRLASHMALARI, JAMOALAR VA ULARNING VAKILLARI
40-modda. Jamoat birlashmalari va jamoalarning jinoyat protsessida koʻrilishi lozim boʻlgan ariza va iltimoslari
Jamoat birlashmalari va jamoalar, ularning rahbar organlari hamda vakillari sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat toʻgʻrisidagi xabar bilan surishtiruv organiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga murojaat etishlari mumkin. Ular: ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida jamoat birlashmasi yoki jamoa kafilligiga berishni tanlash haqida; mahkumni muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish haqida; ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarning jazoni oʻtash sharoitlarini oʻzgartirish haqida; sudlanganlikni olib tashlash haqida va boshqa masalalar boʻyicha ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda iltimos qilishga haqlidirlar.
41-modda. Jamoat birlashmalarini, jamoalarni va tadbirkorlik subyektining jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etadigan vakilini jinoyat ishi haqida xabardor qilish
Surishtiruvchi va tergovchi fuqaroning ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani haqida uning ish, oʻqish yoki yashash joyidagi jamoaga xabar beradi, sud esa ularga shu ish boʻyicha sud muhokamasi qachon va qayerda oʻtkazilishi haqida xabar beradi.
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tadbirkorlik subyektining faoliyati bilan bogʻliq jinoyat ishini ish yurituvga qabul qilganligi haqida tadbirkorlik subyektining jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga xabar beradi.
42-modda. Jamoat ayblovchilari va jamoat himoyachilari
Jamoat birlashmalari va jamoalar sud muhokamasida jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi tariqasida ishtirok etish uchun oʻz vakillarini yuborishlari mumkin.
Jamoat ayblovchilari va jamoat himoyachilarini jamoat birlashmasining yoki korxona, muassasa, tashkilot jamoasining yigʻilishi koʻrsatadi. Yigʻilish qarori sudga taqdim etilishi lozim.
Jamoat birlashmasi, jamoa oʻzi yoʻllagan jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisini xohlagan vaqtda chaqirib olishga yoki uni boshqa vakil bilan almashtirishga haqlidir.
43-modda. Jamoat ayblovchisining huquq va majburiyatlari
Sud muhokamasida ishtirok etayotgan jamoat ayblovchisi: ish materiallari bilan tanishishga; dalillar taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga; iltimosnoma berishga; taraflarning muzokaralarida soʻzga chiqib, ayblovning isbotlangani haqida sudga fikr bildirishga haqlidir. Jamoat ayblovchisi ayblovdan voz kechishga haqli.
Jamoat ayblovchisi: sud muhokamasida ishtirok etishi; jamoat birlashmasi yoki jamoaning fikrini sudda bayon qilishi va ish holatlarini aniqlashga koʻmaklashishi shart.
44-modda. Jamoat himoyachisining huquq va majburiyatlari
Sud muhokamasida ishtirok etayotgan jamoat himoyachisi: ish materiallari bilan tanishishga, dalillar taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga; iltimosnoma berishga; taraflarning muzokaralarida soʻzga chiqib, sudlanuvchini oqlaydigan yoki uning javobgarligini yengillashtiradigan holatlar xususida sudga fikr bildirishga haqlidir.
Jamoat himoyachisi: sud muhokamasida ishtirok etishi; jamoat birlashmasi yoki jamoaning fikrini sudda bayon qilishi va ishning sudlanuvchining ahvolini yengillashtiruvchi holatlarini aniqlashga koʻmaklashishi shart.
441-modda. Tadbirkorlik subyektining jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etadigan vakili
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil yoki Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tayinlangan vakil tadbirkorlik subyektining faoliyati bilan bogʻliq jinoyat ishida surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud jarayonida tadbirkorlik subyektining talabiga koʻra jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etadigan vakil ushbu Kodeksning 44-moddasida nazarda tutilgan jamoat himoyachisining huquqlari va majburiyatlariga ega boʻladi.
5-bob. JINOYAT PROTSESSIDA OʻZ MANFAATLARINI HIMOYA QILADIGAN SHAXSLAR. HIMOYACHILAR VA VAKILLAR
45-modda. Ayblanuvchi
Ayblanuvchi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi haqida qaror chiqarilgan shaxsdir.
Ayblanuvchi sudda sudlanuvchi deb, hukm chiqarilganidan keyin esa, mahkum yoki oqlangan deb ataladi.
46-modda. Ayblanuvchining huquq va majburiyatlari
Ayblanuvchi: oʻzining nimada ayblanayotganligini bilish; qamoqqa olinganligi va turgan joyi toʻgʻrisida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoxud xabar berish; himoyachiga ega boʻlish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish, ushbu Kodeks 230-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; oʻziga qoʻyilgan ayblov yuzasidan hamda ishning boshqa har qanday holatlari boʻyicha koʻrsatuvlar berish yoxud koʻrsatuvlar berishdan bosh tortish va koʻrsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlish; oʻz ona tilidan hamda tarjimon xizmatidan foydalanish; oʻzining himoyalanish huquqini shaxsan oʻzi amalga oshirish; iltimosnoma berish va rad qilish; dalillar taqdim etish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishib chiqish hamda undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ulardagi maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish; jinoyat ishining surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan tugatilganligiga qarshi eʼtiroz bildirish hamda sud muhokamasi oʻtkazilishini talab qilish; sud tomonidan ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotganda ishtirok etish, yarashuv toʻgʻrisidagi, amnistiya aktini qoʻllash haqidagi ishlar boʻyicha, birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyasi sudining majlislarida, sudning ruxsati bilan esa, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish hamda u haqda oʻz mulohazalarini bildirish; ish boʻyicha keltirilgan protestlar, apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan xabardor boʻlish va ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqiga ega.
Sudlanuvchi oxirgi soʻz bilan chiqish huquqiga ega.
Ayblanuvchi: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasida ishtirok etishdan bosh tortmasligi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va boshqa qonunga xilof harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; oʻziga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasidan kelib chiqadigan talablarni bajarishi; guvohlantirish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish, ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarorlari va sudning ajrimlari hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa protsessual qarorlar ijro etilishiga toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Ayblanuvchi zimmasiga koʻrsatuv berish, shuningdek oʻzining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.
47-modda. Gumon qilinuvchi
Gumon qilinuvchi jinoyat sodir etgani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor boʻlsa-da, bu maʼlumotlar uni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun yetarli boʻlmagan shaxsdir. Shaxsni gumon qilinuvchi tariqasida eʼtirof etish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror chiqaradi.
48-modda. Gumon qilinuvchining huquq va majburiyatlari
Gumon qilinuvchi: oʻzining nimada gumon qilinayotganligini bilish; ushlab turilganligi va turgan joyi toʻgʻrisida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoxud xabar berish; u amalda ushlangan yoki jinoyat joyida ushlash bilan bogʻliq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan yoxud uning gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilganligi toʻgʻrisidagi qaror unga maʼlum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega boʻlish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish, ushbu Kodeksning 230-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; ushlanganidan keyin yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay soʻroq qilinishini talab qilish; oʻziga nisbatan qoʻyilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatuvlar berish yoxud koʻrsatuvlar berishdan bosh tortish va koʻrsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlish; oʻz ona tilidan hamda tarjimon xizmatidan foydalanish; oʻzining himoyalanish huquqini shaxsan oʻzi amalga oshirish; iltimosnoma berish va rad qilish; dalillar taqdim etish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; yarashuv toʻgʻrisidagi, amnistiya aktini qoʻllash haqidagi ishlar boʻyicha sud majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish huquqiga ega.
Gumon qilinuvchi: surishtiruvchi, tergovchi va prokurorning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi, surishtiruvda va dastlabki tergovda ishtirok etishdan bosh tortmasligi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; oʻziga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasidan kelib chiqadigan talablarni bajarishi; surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning guvohlantirish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish, ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlari va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa protsessual qarorlar ijro etilishiga toʻsqinlik qilmasligi; ishni tergov qilishda tartibga rioya etishi shart.
Gumon qilinuvchi zimmasiga koʻrsatuv berish, shuningdek oʻzining jinoyatga aloqador emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.
49-modda. Himoyachi
Himoyachi gumon qilinuvchilarning, ayblanuvchilarning, sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilishni amalga oshirish hamda ularga zarur yuridik yordam koʻrsatish vakolatiga ega boʻlgan shaxsdir.
Ishda himoyachilar sifatida advokatlar ishtirok etishlari mumkin. Advokatning ishda ishtirok etishiga u advokat guvohnomasini koʻrsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan birining advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishiga gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosnomasi boʻyicha surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sud ajrimiga binoan yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.
50-modda. Himoyachini taklif etish
Himoyachi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, shuningdek gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan taklif etiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosiga koʻra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini taʼminlaydi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan tanlangan himoyachining yigirma toʻrt soat ichida ishga kirishish imkoniyati boʻlmagan hollarda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoxud ularning qarindoshlariga boshqa himoyachini taklif qilishni tavsiya etadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tanlagan himoyachi istalgan vaqtda ishga kirishishga haqlidir.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻradi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, sud esa ajrim chiqaradi va advokatning ishga kirishish vaqtini belgilaydi.
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokat “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tanlanadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran unga ishga kirishish uchun kamida toʻrt soat vaqt berilishi kerak.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan hamda tegishli ishda oʻzining ishtirok etishini tasdiqlagan advokat davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarorida yoki sudning ajrimida belgilangan muddatda ishga kirishishi shart.
“Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda advokat davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarning navbatchilik jadvaliga asosan ishda ishtirok etish uchun jalb qilinishi mumkin.
Advokat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosiga koʻra yoki ularning roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan taklif qilingan yoxud ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda himoyachini taklif qilish huquqidan foydalanish niyati bildirilgan hollarda, davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatni jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
51-modda. Himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan hollar
Quyidagi ishlar boʻyicha:
1) voyaga yetmaganlarning ishi boʻyicha;
2) soqovlar, karlar, koʻrlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati buzilganligi sababli oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslarning ishi boʻyicha;
3) sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarning ishi boʻyicha;
4) jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarning ishi boʻyicha;
5) shaxslarning manfaatlari oʻzaro qarama-qarshi boʻlib, ulardan aqalli biri himoyachiga ega boʻlgan ishlar boʻyicha;
6) davlat ayblovchisi yoki jamoat ayblovchisi ishtirok etayotgan ishlar boʻyicha;
7) jabrlanuvchining vakili sifatida advokat ishtirok etayotgan ishlarda;
8) tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarda;
8.1) sud tomonidan dastlabki eshituv oʻtkazilayotgan ishlarda;
8.2) oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar boʻyicha;
8.3) shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, shuningdek qamoqda saqlash, uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalasi koʻrib chiqilayotganda;
8.4) aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan ishlar boʻyicha;
9) apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sudi tomonidan koʻriladigan ishlarda himoyachi ishtirok etishi shart.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishning murakkabligi va boshqa holatlari tufayli gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻz huquqlarini amalga oshirishda qiynalishi mumkin degan xulosaga kelsa, boshqa ishlar boʻyicha ham himoyachining ishtirok etishini shart deb topishga haqlidir.
Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosiga koʻra yoxud ularning roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan himoyachi taklif qilinmagan boʻlsa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ushbu Kodeks 50-moddasining toʻrtinchi — oʻninchi qismlarida belgilangan tartibda jinoyat ishi boʻyicha himoyachining ishtirokini taʼminlashi shart.
52-modda. Himoyachidan voz kechish
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritishning istalgan paytida himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali taʼminlanadigan real imkoniyat mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi, bunda advokat oʻz himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlaydi. Himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Himoyachidan voz kechganlik haqida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qoʻyiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi. Bunda himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmaydi.
Ushbu Kodeks 51-moddasi birinchi qismining 1 — 4, 8, 83, 84 va 9-bandlarida nazarda tutilgan hollarda himoyachidan voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Himoyachidan voz kechish gumon qilinuvchini, ayblanuvchini yoki sudlanuvchini keyinchalik ishda himoyachi ishtirok etishiga ruxsat berish haqida iltimos qilish huquqidan mahrum qilmaydi. Bunday iltimos barcha hollarda qanoatlantirilishi kerak. Sud tergovi davomida himoyachining ishtirok etishi haqida berilgan iltimosnoma ishning holatlarini hisobga olib va sudlanuvchiga himoya huquqini taʼminlash manfaatlarini koʻzlab sud tomonidan hal etiladi. Himoyachining sud majlisi davomida ishga kirishishi sud tergovini qayta boshlash uchun asos boʻlmaydi.
53-modda. Himoyachining huquq va majburiyatlari
Himoyachi: manfaatlarini himoya qilayotgan shaxsning nimada gumon qilinayotganligi yoki ayblanayotganligini bilish; advokatlik guvohnomasini koʻrsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan soʻng ishda ishtirok etish; gumon qilinuvchi soʻroq qilinayotganda ishtirok etish, shaxsga ayblov eʼlon qilinayotganda hozir boʻlish hamda ayblanuvchi soʻroq qilinayotganda, shuningdek ularning ishtirokida oʻtkaziladigan boshqa tergov harakatlarida ishtirok etish va gumon qilinuvchilarga, ayblanuvchilarga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga savollar berish; boshqa tergov harakatlari yurgizilayotganda surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan ishtirok etish; oʻzi ishtirok etgan tergov harakatining yuritilishi xususida yozma mulohazalar berish; iltimosnoma berish va rad etish; ushbu Kodeks 87-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq dalillarni toʻplash va taqdim etish; gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ishtirokida oʻtkazilgan protsessual harakatlarga oid hujjatlar bilan, surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan keyin esa jinoyat ishining barcha materiallari bilan tanishish hamda undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish; agar himoyani amalga oshirish uchun zarur boʻlsa, davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sirni oʻz ichiga olgan axborot bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tanishish; sud tomonidan ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotganda va sud muhokamasida taraf sifatida ishtirok etish; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va bu haqda oʻz mulohazalarini bildirish; ish boʻyicha keltirilgan shikoyatlar, protestlar toʻgʻrisida bilish hamda ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish; apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi majlislarida ishtirok etish huquqiga ega.
Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi qamoqda saqlanayotgan yoki uy qamogʻida boʻlsa, himoyachi u bilan jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning ruxsatisiz, uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda xoli uchrashishga haqli.
Himoyachi oʻz vazifasini amalga oshirishi munosabati bilan bilgan maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
Himoyachi: gumonni yoki ayblovni rad etadigan yoxud javobgarlikni yengillashtiradigan holatlarni aniqlash uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullarni qoʻllashi hamda gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga zarur yuridik yordam koʻrsatishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Ishda ishtirok etish haqida bitim tuzilgan yoki tayinlangan vaqtidan boshlab advokat himoyachi vazifasini bajarishni rad etishga haqli emas.
54-modda. Jabrlanuvchi
Jinoyat, xuddi shuningdek aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi shaxsga maʼnaviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar boʻlgan taqdirda, bunday shaxs jabrlanuvchi deb eʼtirof etiladi. Jabrlanuvchi deb eʼtirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan shaxs boʻlsa, ishda u bilan birgalikda yoki uning oʻrniga qonuniy vakili ishtirok etadi.
55-modda. Jabrlanuvchining huquq va majburiyatlari
Jabrlanuvchi: koʻrsatuv berish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; oʻz ona tilidan va tarjimon xizmatidan foydalanish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ulardagi maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish; qonunda nazarda tutilgan hollarda yarashuv toʻgʻrisida ariza berish hamda sud tomonidan ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotganda va yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha, birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; shaxsan oʻzi yoki vakili orqali sudda ayblovni quvvatlash; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va u haqda oʻz mulohazalarini bildirish; ish boʻyicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor boʻlish va ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqiga egadir.
Jabrlanuvchi: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; haqqoniy koʻrsatuvlar berishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning talabi boʻyicha dalillar taqdim qilishi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Jabrlanuvchi uzrsiz sababga koʻra kelmagan taqdirda ushbu Kodeksning 261 — 264-moddalarida nazarda tutilgan tartibda majburiy olib kelinishi mumkin.
Jabrlanuvchi koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar boʻladi.
Jabrlanuvchining oʻlimiga olib kelgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ushbu moddada koʻrsatilgan huquq va majburiyatlarni dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan marhumning qonuniy vakili deb eʼtirof etilgan yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar amalga oshiradilar.
Jinsiy zoʻravonlikka oid jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan jabrlanuvchiga ushbu Kodeksning 50-moddasida belgilangan tartibda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralari koʻriladi.
56-modda. Fuqaroviy daʼvogar
Jinoyat, xuddi shuningdek aqli noraso shaxsning jamoat uchun xavfli qilmishi shaxsga, korxonaga, muassasaga yoki tashkilotga mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar boʻlsa, ular fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etiladi. Fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Voyaga yetmaganlarning, shuningdek muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish uchun fuqaroviy daʼvo ularning qonuniy vakillari va prokuror tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
57-modda. Fuqaroviy daʼvogarning huquq va majburiyatlari
Fuqaroviy daʼvogar: fuqaroviy daʼvo qoʻzgʻatish va uni quvvatlash; dalillar taqdim qilish; qoʻzgʻatilgan daʼvo boʻyicha tushuntirishlar berish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruvchidan, tergovchidan, prokurordan yoki suddan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish haqida iltimos qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ulardagi maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy daʼvoga tegishli qismi ustidan shikoyat qilish; ish boʻyicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor boʻlish va ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqiga egadir.
Fuqaroviy daʼvogar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy daʼvoga tegishli boʻlgan dalillar taqdim etishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilgan shaxs ayni vaqtda jabrlanuvchining barcha huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini bajaradi.
58-modda. Fuqaroviy javobgar
Ayblanuvchi tomonidan yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan aqli noraso shaxs tomonidan yetkazilgan zarar uchun qonunga koʻra mulkiy javobgar shaxs, korxona, muassasa yoki tashkilot ishda fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etish uchun jalb qilinishi mumkin. Fuqaroviy javobgar sifatida jalb qilish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
59-modda. Fuqaroviy javobgarning huquq va majburiyatlari
Fuqaroviy javobgar: ayblov va fuqaroviy daʼvoning mazmunini bilish; daʼvoga eʼtiroz bildirish; tushuntirish berish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ulardagi maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy daʼvoga tegishli qismi ustidan shikoyatlar berish; ish boʻyicha keltirilgan shikoyat va protestlardan xabardor boʻlish va ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqiga egadir.
Fuqaroviy javobgar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy daʼvoga tegishli boʻlgan dalillar taqdim qilishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
60-modda. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining qonuniy vakillari
Qonuniy vakil ishda ishtirok etishga voyaga yetmagan yoxud belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun jalb qilinadi.
Ishda qonuniy vakil sifatida ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar, vasiylik va homiylik organining vakillari, voyaga yetmaganga yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan ishtirokchiga vasiylik yoki homiylik qiluvchi muassasalar va tashkilotlarning vakillari qatnashishlari mumkin. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining va sudlanuvchining qonuniy vakili ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan birga, jabrlanuvchining qonuniy vakili esa jabrlanuvchi bilan birga, shuningdek uning oʻrnida ham ishtirok etadi.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan uning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi, vasiysi, homiysi yoki boshqa qarindoshlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha ishni sudga qadar yuritishda hamda sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha protsessual harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organining vakili ishtirok etadi.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining iltimosiga koʻra, ishda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxslar bilan bir qatorda uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan birining yoki oʻzi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari oʻzaro mos kelmagan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tarafida ishda ishtirok etish uchun xuddi oʻsha qaror yoxud ajrim bilan advokatni jalb etish choralari koʻriladi.
61-modda. Qonuniy vakilning huquq va majburiyatlari
Qonuniy vakil: oʻzi vakillik qilayotgan shaxsning surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga chaqirilganligidan xabardor boʻlish; oʻzi vakillik qilayotgan qamoqdagi shaxs bilan xoli uchrashish; oʻzi vakillik qilayotgan shaxs ushbu Kodeksga muvofiq ega boʻlgan protsessual huquqlarni amalga oshirish huquqiga ega.
Qonuniy vakil: oʻzi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan oʻtkaziladigan protsessual harakatlarda ishtirok etishi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning chaqiruvlariga binoan hozir boʻlishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar orqali toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Qonuniy vakil guvoh sifatida soʻroq qilinishi, shuningdek himoyachi, fuqaroviy daʼvogar yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Bunday hollarda qonuniy vakil yuqorida aytib oʻtilgan protsess ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlariga ega boʻladi.
62-modda. Jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning va fuqaroviy javobgarning vakillari
Jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakillari tariqasida advokatlar, vakil sifatida ishtirok etishga maxsus ruxsatnomalari boʻlgan shaxslar, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga koʻra ishda qatnashishga ruxsat berilgan yaqin qarindoshlar va boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Vakilning ishda ishtirok etishi uchun uning jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar yoki fuqaroviy javobgar bilan tuzgan topshiriq shartnomasi asos boʻladi. Yuridik shaxsning vakili sifatida uning rahbari ishtirok etishi uchun alohida vakolatnoma kerak emas. Rahbar tomonidan berilgan ishonch qogʻozi boʻyicha yuridik shaxslarning vakillari sifatida uning shtatdagi xodimlariga va advokatlarga ruxsat etiladi.
Jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili ishda oʻzi vakillik qilayotgan shaxs bilan birga, shuningdek uning oʻrnida ham ishtirok etadi. Jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar va fuqaroviy javobgar ish yuritishning istalgan vaqtida vakildan voz kechishga yoki boshqa shaxsni vakil qilib olishga haqlidir.
63-modda. Vakilning huquq va majburiyatlari
Jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakili tegishincha jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar ega boʻlgan protsessual huquqlardan foydalanadi. Vakil ish yuritishning istalgan vaqtida oʻz majburiyatlarini bajarishni davom ettirishdan voz kechishga haqlidir.
Vakil: oʻzi vakillik qilayotgan shaxslarning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi; ularning ishonchini suiisteʼmol qilmasligi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
64-modda. Protsess ishtirokchilarining huquqlarini tushuntirib berish va bu huquqlarni amalga oshirishni taʼminlash majburiyati
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, shuningdek jabrlanuvchiga, fuqaroviy daʼvogarga, fuqaroviy javobgarga va ularning vakillariga berilgan huquqlarini tushuntirib berishi va bu huquqlarni amalga oshirish imkoniyatlarini taʼminlashi shart. Shu bilan birga protsess ishtirokchilariga yuklangan majburiyatlar va ularni bajarmaslik oqibatlari tushuntirilishi lozim.
6-bob. JINOYAT PROTSESSIDA ISHTIROK ETUVCHI BOSHQA SHAXSLAR
65-modda. Guvoh
Jinoyat ishi boʻyicha aniqlanishi lozim boʻlgan biror holatni bilishi mumkin boʻlgan har qanday shaxs guvoh sifatida koʻrsatuv berish uchun chaqirilishi mumkin.
66-modda. Guvohning huquq va majburiyatlari
Guvoh: advokatning yuridik yordamidan foydalanish; tergov harakatlarida advokat bilan birga ishtirok etish; soʻroq yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida koʻrsatuvlar berish va bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish; uning soʻroq qilinishida ishtirok etuvchi tarjimonni rad qilish; dalillarni taqdim etish; koʻrsatuvlarini oʻz qoʻli bilan yozib berish; oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi koʻrsatuv bermaslik; soʻroq bayonnomasi bilan tanishish, unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish; koʻrsatuvlar berishda yozma belgilar va hujjatlardan foydalanish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish huquqiga ega.
Guvoh: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; ish boʻyicha oʻziga maʼlum hamma narsa haqida haqqoniy soʻzlab berishi; berilgan savollarga javob qaytarishi; ish boʻyicha oʻziga maʼlum boʻlgan holatlarni soʻroq qiluvchining ruxsatisiz oshkor etmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Guvoh uzrsiz sababga koʻra kelmagan taqdirda ushbu Kodeksning 261 — 264-moddalarida nazarda tutilgan tartibda majburiy ravishda olib kelinishi mumkin.
Guvoh koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik, shuningdek bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar boʻladi.
Jinsiy zoʻravonlikka oid jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan guvohga ushbu Kodeksning 50-moddasida belgilangan tartibda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralari koʻriladi.
661-modda. Guvohning advokati
Guvohning advokati belgilangan tartibda guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda unga zarur yuridik yordam koʻrsatish vakolatiga ega boʻlgan shaxsdir.
Jinoyat ishida taraflar manfaatini himoya qilayotgan shaxs mazkur ish boʻyicha guvohning advokati boʻlishi mumkin emas.
Guvohning advokati ishda ishtirok etishga u advokatlik guvohnomasini koʻrsatganidan va orderni taqdim etganidan soʻng, guvoh chaqirilgan paytdan eʼtiboran qoʻyiladi.
Guvohning advokati: huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilayotgan shaxsning qaysi jinoyat ishi boʻyicha chaqirilganligini bilish; guvohning soʻroq qilinishida, shuningdek u ishtiroki bilan oʻtkazilayotgan boshqa tergov harakatlarida ishtirok etish, unga qisqa maslahatlar berish; soʻroq qilayotgan shaxsning ruxsati bilan guvohga savollar berish; guvohni soʻroq qilishda ishtirok etayotgan tarjimonni rad qilish haqida qonunda belgilangan tartibda arz qilish; soʻroq tugaganidan soʻng guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi, soʻroq bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan arzlarini bayon etish huquqiga ega.
Guvohning advokati: guvohga zarur yuridik yordam koʻrsatishi; dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va boshqa qonunga xilof harakatlar orqali haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qilmasligi; ishni tergov qilishda va sud majlisi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
662-modda. Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili
Guvoh voyaga yetmagan shaxs boʻlgan hollarda, uning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun guvohning qonuniy vakili ishda ishtirok etishga jalb qilinadi.
Ishda qonuniy vakil sifatida ota-ona, farzandlikka olgan shaxs, vasiylar, homiylar, vasiylik va homiylik organining vakillari ishtirok etishi mumkin. Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili ishda oʻzi vakillik qilayotgan shaxs bilan birga ishtirok etadi.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Guvohning manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari oʻzaro mos kelmagan taqdirda, qaror yoxud ajrim bilan boshqa qonuniy vakil yoki advokat jalb qilinadi.
Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili ushbu Kodeksda qonuniy vakil uchun nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarga ega boʻladi.
67-modda. Ekspert
Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxs ekspert sifatida chaqirilishi mumkin.
Ekspert chaqirish, ekspertiza tayinlash va oʻtkazish ushbu Kodeksning 172 — 187-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
68-modda. Ekspertning huquq va majburiyatlari
Ekspert: ekspertiza predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish; ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; tergov harakatlari oʻtkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir boʻlish hamda shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga ekspertiza predmetiga oid savollar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va soʻroq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish; dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz xulosasida nafaqat oʻzining oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki koʻrsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish; agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan shikoyatlar qilish huquqiga egadir.
Ekspert: ushbu Kodeksning 76 va 78-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etishi haqida darhol arz qilishi; oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertizani oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi; ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert uzrsiz sabablarga koʻra kelmagan taqdirda qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ekspert bila turib notoʻgʻri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz, yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini esa sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek uzrsiz sabablarga koʻra xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi uchun jinoiy javobgar boʻladi.
69-modda. Mutaxassis
Tergov va sud muhokamasini oʻtkazishda dalillarni topish va mustahkamlashda surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga yordam berish uchun mutaxassis chaqiriladi. Mutaxassis sifatida shifokor, pedagog hamda zarur bilim va malakaga ega boʻlgan boshqa shaxslar chaqirilishi mumkin.
Himoyachining iltimosnomasiga koʻra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan mutaxassis tushuntirish berish uchun chaqirilishi mumkin.
Tergov va sud muhokamasini oʻtkazishda ilmiy-texnika vositalarini (magnitofon, videomagnitofon, kinoga olish apparatlari va boshqa apparatlarni) qoʻllash uchun mutaxassis chaqirilishi mumkin.
Tergov va sud muhokamasiga mutaxassis chaqirish hamda uning ishtirok etishi tartibi ushbu Kodeksning 91, 92, 136 — 138, 146, 147, 149, 151, 156-moddalarida, 221-bobida va 193-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
70-modda. Mutaxassisning huquq va majburiyatlari
Mutaxassis: oʻzining qanday maqsadda chaqirilganligini bilish; basharti tegishli bilimlarga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishdan bosh tortish; oʻzi ishtirok etayotgan protsessual harakatlarga oid ish materiallari bilan tanishish; oʻzi ishtirok etayotgan protsessual harakatlarga aloqador arz va mulohazalar bildirish; tergov harakatlari va sud muhokamasida ishtirok etayotgan shaxslarga surishtiruvchining, tergovchining, prokuror va sudning ruxsati bilan savollar berish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari ustidan shikoyatlar keltirish huquqiga egadir.
Mutaxassis: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; tergov harakatlari va sud muhokamasini yuritishda dalillarni topish va mustahkamlash uchun ilmiy-texnika vositalari, maxsus bilim va malakasidan foydalangan holda ishtirok etishi; ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning eʼtiborini qaratishi; oʻzi bajarayotgan harakatlar boʻyicha tushuntirishlar berishi; jinoyatning kelib chiqish sabablarini, sodir qilinishiga imkon bergan sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga yordam berishi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning ruxsatisiz surishtiruv va dastlabki tergov materiallarini, shuningdek yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor etmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
71-modda. Tarjimon
Tarjimon quyidagi hollarda chaqiriladi:
1) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar yoxud ularning vakillari, guvoh, ekspert, mutaxassis ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarli darajada bilmasa yoinki kar yoki soqov boʻlsa;
2) biror matnni boshqa tildan tarjima qilishga zarurat boʻlsa.
Tarjimonga tegishli qoidalar ish yuritishda ishtirok etish uchun taklif qilingan, kar yoki soqovning imo-ishoralarini tushunadigan shaxsga nisbatan ham qoʻllaniladi.
72-modda. Tarjimonning huquq va majburiyatlari
Tarjimon: tarjimani aniqlashtirish maqsadida protsess ishtirokchilariga savollar berish; oʻzi qatnashgan tergov harakatlari bayonnomasi, shuningdek sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish hamda bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan mulohazalar bildirish; basharti tarjima qilish uchun zarur bilim va malakaga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishdan voz kechish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqiga egadir.
Tarjimon: surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; oʻziga topshirilgan tarjimani aniq va toʻliq bajarishi; tarjimaning toʻgʻriligini oʻzining ishtirokida oʻtkazilgan tergov harakati bayonnomasi va sud majlisining bayonnomasiga, shuningdek protsess ishtirokchilariga ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilib topshiriladigan protsessual hujjatlarga imzo chekish bilan tasdiqlashi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning ruxsatisiz surishtiruv va dastlabki tergov materiallarini, shuningdek yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Tarjimon bila turib notoʻgʻri tarjima qilgan taqdirda qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.
73-modda. Xolislar
Xolislar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan tergov yoki boshqa harakatlar oʻtkazilganini, uni oʻtkazish jarayoni va natijalarini tasdiqlash uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda chaqiriladi.
Tergov harakatlarini yuritishda ishtirok etish uchun ishning oqibatidan manfaatdor boʻlmagan, kamida ikki nafar voyaga yetgan fuqaro chaqirilishi lozim. Tergov harakatini boshlashdan oldin surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror xolislarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
74-modda. Xolislarning huquq va majburiyatlari
Xolis: tergov harakatida ishtirok etish; tergov harakati boʻyicha bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan arz va mulohazalar berish; oʻzi ishtirok etgan tergov harakatining bayonnomasi bilan tanishish; surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqiga egadir.
Xolis: surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; tergov harakatini yuritishda ishtirok etishi; tergov harakati oʻtkazilgani, uni oʻtkazish jarayoni va natijalarini tergov harakati bayonnomasida imzo chekib tasdiqlashi; surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsatisiz surishtiruv va dastlabki tergov materiallarini oshkor qilmasligi shart.
Xolis uzrsiz sababga koʻra oʻz vazifasini bajarishdan bosh tortganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.
Xolis oʻzi ishtirok etgan tergov harakatini yuritish bilan bogʻliq holatlar boʻyicha guvoh tariqasida soʻroq qilinishi mumkin. U bunday hollarda ushbu Kodeksning 66-moddasida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi.
75-modda. Jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga va xolislarga ularning sarf-xarajatlarini toʻlash
Jabrlanuvchi yoki uning vakili, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida chaqirilgan shaxsning ish joyidagi oʻrtacha oylik maoshi uning surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud huzuriga chaqirilishi munosabati bilan ketgan hamma vaqt uchun saqlanadi. Ishlamaydigan shaxslarga ular kundalik mashgʻulotlari bilan shugʻullana olmaganliklari uchun haq toʻlanadi. Bundan tashqari koʻrsatilgan hamma shaxslar chaqirilish munosabati bilan qilgan sarf-xarajatlarini undirish huquqiga egadirlar.
Ekspert, mutaxassis va tarjimon oʻz majburiyatlarini bajarganliklari uchun haq olish huquqiga ega. Ushbu majburiyatlar xizmat topshirigʻi tarzida bajarilgan hollar bundan mustasno.
Sarf-xarajatlar qonunda belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanadi.
7-bob. JINOYAT PROTSESSIDA ISHTIROK ETISHGA MONELIK QILADIGAN HOLATLAR. RAD QILISHLAR
76-modda. Sudyaning, prokurorning, tergovchining, surishtiruvchining, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisi kotibining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Quyidagi hollarda sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim, basharti:
1) u shu ish boʻyicha jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan boʻlsa;
2) u ushbu ishni yuritish uchun masʼul boʻlgan biror mansabdor shaxsning yoki ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan oʻzga shaxslarning qarindoshi boʻlsa;
3) uning xolisligiga va begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Sudya ilgari shu ishni yuritishda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud majlisining kotibi sifatida ishtirok etgan boʻlsa, oʻsha ishni kelgusida koʻrishda qatnasha olmaydi.
Birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida ishni koʻrishda ishtirok etgan sudya oʻz ishtirokida chiqarilgan hukm, ajrim bekor qilinganidan keyin oʻsha ishni koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
Jinoyat ishini birinchi instansiya sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
Jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
Jinoyat ishini taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya ushbu jinoyat ishini birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
Surishtiruvchining, tergovchining, shuningdek sud majlisi kotibining oʻz protsessual majburiyatlarini bajarishi ularning shu ish boʻyicha tegishincha surishtiruvni, dastlabki tergovni yuritishda takroran ishtirok etishi, shuningdek sud majlisi bayonnomasini yuritishi uchun monelik qilmaydi.
77-modda. Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi va jamoat birlashmasi yoki jamoaning boshqa vakillari ushbu Kodeksning 76-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda ishda ishtirok etishga haqli emaslar va rad qilinishlari lozim.
78-modda. Ekspertning, mutaxassisning, tarjimonning, xolisning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis ushbu Kodeksning 76-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek ishda ishtirok etayotgan shaxslardan birortasiga xizmat yuzasidan yoki boshqa jihatdan tobe boʻlsa, jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va rad qilinishi lozim.
Bundan tashqari, basharti ekspert, mutaxassis, tarjimonning oʻz kasbiga noloyiqligi ayon boʻlib qolsa, xolislar esa, ichki ishlar organi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, adliya yoki sud xodimi boʻlsalar, rad qilinishlari lozim.
Materiallari ishning qoʻzgʻatilishiga asos boʻlgan taftish yoki oʻzga idoraviy tekshiruv oʻtkazgan shaxs ushbu ishda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishga haqli emas.
Ishda mutaxassis sifatida ishtirok etgan shaxs kelgusida ushbu ish boʻyicha ekspert qilib tayinlanishi mumkin.
79-modda. Himoyachining, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar yoki fuqaroviy javobgar vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Himoyachi, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili quyidagi hollarda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas, basharti u:
1) ilgari shu ish boʻyicha sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida ishtirok etgan boʻlsa;
2) ushbu ishning tergovida yoki sudda koʻrilishida ishtirok etgan yoxud ishtirok etayotgan sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki sud majlisining kotibi bilan qarindoshlik munosabatida boʻlsa yoxud yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida u bilan bitim tuzgan protsess ishtirokchisining manfaatlariga manfaati qarama-qarshi boʻlgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatida boʻlsa;
3) sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida boʻlsa, quyidagi hollar bundan mustasno: basharti u muomalaga layoqatsiz shaxslarning vakili boʻlsa yoki oʻzi ishlaydigan va fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilgan yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishga jalb qilingan muassasaning vakili sifatida qatnashsa;
4) oʻz himoyasidagi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki oʻzi vakillik qilayotgan jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning manfaatlariga manfaati qarama-qarshi boʻlgan shaxsga yuridik yordam koʻrsatayotgan yoki muqaddam shunday yordam koʻrsatgan boʻlsa.
80-modda. Rad qilish va oʻzini oʻzi rad etish hamda ularni hal qilish tartibi
Ushbu Kodeksning 76 — 79-moddalarida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, sud majlisining kotibi, jamoat birlashmasining yoki jamoaning vakili, himoyachi, jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis oʻzini oʻzi rad etishi shart. Agar oʻzlari bunday qilmasalar, ular shu asosga koʻra gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, himoyachi tomonidan, sud majlisida esa, bundan tashqari davlat ayblovchisi, jamoat birlashmasi yoki jamoaning vakili tomonidan rad qilinishi mumkin.
Ishni tergov qilish chogʻida rad etish masalasi prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tomonidan, sud majlisida esa, sud tomonidan ham qoʻyilishi mumkin.
Rad qilish haqidagi arz asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Rad qilingan shaxs rad etish haqidagi masala koʻrilguniga qadar tushuntirish berishga haqli.
Sudyani rad qilish masalasi qolgan sudyalar tomonidan rad qilingan shaxsning ishtirokisiz koʻrib chiqiladi. Ovozlar teng boʻlinganda sudya rad qilingan hisoblanadi. Koʻpchilik sudyalarni yoki sudning butkul tarkibini yoxud sud majlisining kotibini rad qilish haqidagi masala toʻla tarkibdagi sud tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan hal etiladi. Ishni yakka oʻzi koʻrayotgan sudyani rad qilish masalasini uning oʻzi hal qiladi.
Prokurorni rad qilish masalasi ishni tergov qilish chogʻida yuqori turuvchi prokuror tomonidan, sud majlisida esa, ishni koʻrayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilini rad qilish masalasi ishni koʻrayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Surishtiruvchi yoki tergovchini rad qilish masalasi surishtiruv va dastlabki tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror tomonidan hal etiladi.
Ekspertni, mutaxassisni, tarjimonni, himoyachini, jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakillarini rad qilish masalasi ishni tergov qilish chogʻida surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan, sud majlisida esa, ishni koʻrayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Xolisni rad qilish masalasi surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan hal etiladi.
Ishni tergov qilish chogʻida qoʻyilgan rad qilish masalasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan yigirma toʻrt soat ichida hal etiladi. Rad qilish sud majlisida qoʻyilgan boʻlsa, bu masala shu majlisda darhol hal etiladi.
Rad qilishni qanoatlantirish yoki qanoatlantirmaslik haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Agar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi ushbu Kodeksning 76, 79-moddalarida koʻrsatilgan holatlar mavjudligi sababli oʻzini oʻzi rad etmasa, uni rad qilish masalasi manfaatdor shaxslarning arizalariga koʻra tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshligʻi yoki prokuror tomonidan hal qilinadi. Rad qilishni qanoatlantirish yoki qanoatlantirmaslik haqida qaror chiqariladi.
UCHINCHI BOʻLIM DALILLAR VA ISBOT QILINISHI LOZIM BOʻLGAN HOLATLAR
8-bob. DALILLAR
81-modda. Dalillarning turlari
Ijtimoiy xavfli qilmishning yuz bergan-bermaganligini, shu qilmishni sodir etgan shaxsning aybli-aybsizligini va ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlarni surishtiruvchining, tergovchining va sudning qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos boʻladigan har qanday faktik maʼlumotlar jinoyat ishi boʻyicha dalil hisoblanadi.
Bu maʼlumotlar guvohning, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining koʻrsatuvlari, ekspertning xulosasi, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanadi.
Agar tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari faqat qonun talablariga muvofiq olingan boʻlsa, ushbu Kodeks normalariga muvofiq tekshirilgan va baholanganidan keyin hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining yoki tezkor-qidiruv tadbirida ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bogʻliq boʻlmagan holda shaxsda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud boʻlganligidan dalolat bersa, ushbu natijalar dalil sifatida tan olinishi mumkin.
82-modda. Ayblash va hukm qilish uchun asoslar
Ishni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborish va ayblov hukmi chiqarish uchun quyidagilar isbotlangan boʻlishi kerak:
1) jinoyat obyekti; jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyati va miqdori, jabrlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar;
2) sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek Jinoyat kodeksida koʻrsatib oʻtilgan boshqa holatlari; qilmish va roʻy bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar oʻrtasidagi sababiy bogʻlanish;
3) jinoyatning ushbu shaxs tomonidan sodir etilganligi;
4) jinoyat toʻgʻri yoki egri qasd bilan yoxud beparvolik yoki oʻz-oʻziga ishonish oqibatida sodir etilganligi, jinoyatning sabablari va maqsadlari;
5) ayblanuvchining, sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar.
83-modda. Reabilitatsiya uchun asoslar
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi quyidagi hollarda aybsiz deb topiladi va reabilitatsiya etilishi lozim:
1) ish qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi oʻtkazilgan ish boʻyicha jinoiy hodisa yuz bermagan boʻlsa;
2) uning qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmasa;
3) uning sodir etilgan jinoyatga daxli boʻlmasa.
84-modda. Ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar
Quyidagi hollarda shaxsning jinoyat sodir etilishida aybliligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishi tugatilishi lozim, basharti:
1) shaxsni javobgarlikka tortish muddati oʻtgan boʻlsa;
2) eʼlon qilingan amnistiya akti sodir etilgan jinoyat yoki shaxsga daxldor boʻlsa;
3) ayblanuvchi, sudlanuvchi vafot etgan boʻlsa;
4) shaxsga nisbatan aynan shu ayblov boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi boʻlsa;
5) shaxsga nisbatan aynan shu ayblov boʻyicha ishni tugatish haqida sudning qonuniy kuchga kirgan ajrimi (qarori) yoki vakolatli mansabdor shaxsning jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish yoxud ishni tugatish haqida bekor qilinmagan qarori boʻlsa;
6) ish faqat jabrlanuvchining shikoyati bilan qoʻzgʻatiladigan hollarda uning shikoyati boʻlmasa, ushbu Kodeksning 325-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
7) shaxs ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan paytda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin boʻlgan yoshga toʻlmagan boʻlsa;
71) daxlsizlikka ega boʻlgan shaxsni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish rad qilingan boʻlsa;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida shaxsning oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlganligi tufayli yoxud belgilangan muddat ichida yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanganligi va (yoki) jinoyat oqibatlari bartaraf etilganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan boʻlsa.
Ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 3 va 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, agar ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki vafot etgan ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari talab qilsa, ishni yuritish umumiy tartibda davom ettirilishi mumkin. Bunday hollarda hukm qilish uchun asoslar mavjud boʻlsa, ayblov hukmi jazo tayinlanmasdan chiqariladi.
Jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining oʻz harakatlari ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan darajada buzilishi yuzaga kelgan shaxs toʻgʻrisidagi jinoyat ishi ushbu Kodeksning 61-bobida belgilangan tartibda aybdorlik haqidagi masala hal qilinmasdan tugatiladi.
Jabrlanuvchi Jinoyat kodeksining 661-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi bilan yarashgan taqdirda jinoyat ishi ushbu Kodeksning 62-bobida belgilangan tartibda sud tomonidan ayblilik haqidagi masala hal qilinmasdan tugatilishi mumkin.
Jinoyat ishi quyidagi hollarda shaxsning roziligi bilan uning aybliligi haqidagi masalani hal qilmay turib tugatilishi mumkin, basharti:
1) ishni tergov qilish yoki sudda koʻrib chiqish paytiga kelib, qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotgan yoxud vaziyat oʻzgarishi oqibatida bu shaxs ijtimoiy jihatdan xavfli boʻlmay qolgan deb eʼtirof etilsa;
2) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan boʻlsa;
3) sodir etilgan qilmishning xususiyatini, birinchi marta ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir etganning shaxsini hisobga olib, materiallarni bolalar masalalari boʻyicha komissiyaga qarab chiqish uchun berish maqsadga muvofiq boʻlsa.
9-bob. ISBOT QILISHNING UMUMIY SHARTLARI
85-modda. Isbot qilish
Isbot qilish ishni qonuniy, asoslangan va adolatli hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi haqiqatni aniqlash maqsadida dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashdan iboratdir.
86-modda. Isbot qilish ishtirokchilari
Isbot qilishni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud amalga oshiradi.
Isbot qilishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, himoyachi, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Isbot qilishda ishtirok etishga guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, xolislar, shuningdek boshqa fuqarolar va mansabdor shaxslar jalb etiladi. Ular ushbu Kodeksda belgilangan tartibda dalillarni toʻplash, tekshirish va baholash bilan bogʻliq huquqlarni amalga oshiradilar hamda majburiyatlarni bajaradilar.
87-modda. Dalillar toʻplash
Dalillar tergov va sud harakatlarini yuritish: gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini, guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni soʻroq qilish; yuzlashtirish; tanib olish uchun koʻrsatish; koʻrsatuvni hodisa roʻy bergan joyda tekshirish; olib qoʻyish; tintuv; koʻzdan kechirish; guvohlantirish; murdani eksgumatsiya qilish; eksperiment oʻtkazish; ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazish uchun namunalar olish; ekspertiza va taftish tayinlash; taqdim etilgan ashyolarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni qabul qilish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, shuningdek tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish yoʻli bilan toʻplanadi.
Himoyachi jinoyat ishi boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etishga haqli boʻlib, ular jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyilishi, shuningdek tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov oʻtkazish va jinoyat ishini sudda koʻrish jarayonida majburiy baholanishi lozim. Ushbu dalillar: ishga taalluqli axborotga ega boʻlgan shaxslarni soʻrovdan oʻtkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish; davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga soʻrov yuborish hamda ulardan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjatlarni olish orqali toʻplanishi mumkin.
88-modda. Isbot qilish jarayonida fuqarolar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qoʻriqlash
Dalillarni toʻplash, tekshirish va baholash jarayonida fuqarolarning, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qoʻriqlash taʼminlanishi kerak.
Isbot qilishda quyidagilar taqiqlanadi:
1) shaxslarning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan yoki ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlar sodir etish;
2) zoʻrlik, poʻpisa qilish, aldash va qonunga xilof boshqa yoʻllar bilan koʻrsatuv, tushuntirish, xulosalar olishga, eksperimental harakatlarni bajarishga, hujjatlar yoki buyumlar tayyorlanishiga va berilishiga erishish;
3) tungi vaqtda, yaʼni kech soat 22-00 dan ertalab soat 6-00 gacha tergov harakatlari olib borish. Tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatning oldini olish, jinoyat izi yoʻqolishiga yoki gumon qilinuvchining qochib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, eksperiment jarayonida tekshirilayotgan hodisaning holatini qaytadan tiklash zarurati boʻlgan hollar bundan mustasno.
4) shaxsni gʻayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash;
5) shaxsni jinoyat ishiga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, uni guvoh tariqasida soʻroq qilish, bundan ekspertiza yoki taftish oʻtkazish talab etiladigan hollar mustasno;
6) shaxsga uning protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki ogʻzaki koʻrsatuvlar olish;
7) ushlangan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va soʻroq qilish;
8) mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida protsess ishtirokchilarini surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va (yoki) soʻroq qilish, bundan ular bilan bogʻliq boʻlgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirigʻi mavjud boʻlgan hollar mustasno.
Tergov yoki sud harakatlari bilan bogʻliq ishlarni bajarayotganda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va ishda mutaxassis yoki ekspert sifatida ishtirok etayotgan shifokorlardan boshqa shaxslarning oʻzga jinsdagi shaxsni yalangʻoch qilib yechintirish chogʻida hozir boʻlishlari taqiqlanadi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya tergov va sud muhokamasi jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va boshqalarning shaxsiy hayotiga doir aniqlangan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik chora-tadbirlarini koʻrishi shart. Buning uchun shunday maʼlumotlar aniqlanishi mumkin boʻlgan tergov yoki sud harakatlari olib borilayotganda ishtirok etadigan shaxslar doirasi cheklanadi, ishtirokchilar esa ularni oshkor qilganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
Tergov yoki sud harakatlari jarayonida olib qoʻyiladigan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar tegishli bayonnomalarda aniq koʻrsatilishi kerak, bunda narsaning yoki hujjatning yoxud elektron maʼlumotlarning egasiga bayonnoma nusxasi yoki uning koʻchirmasi topshirilib, tilxat olinadi. Ishga aloqasi boʻlmagan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar qonuniy egasiga darhol qaytarilishi kerak. Bunda, agar ishga taalluqli boʻlmagan dalillar tergov organining va (yoki) sudning tasarrufida qolgan boʻlsa, ular qayta tiklanmaydigan tarzda yoʻq qilinishi lozim. Fuqarolar saqlashi taqiqlangan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar yoʻq qilinishi yoxud ularni saqlashga xamda tasarruf etishga vakolatli boʻlgan muassasalarga yoki tashkilotlarga berilishi lozim.
89-modda. Davlat sirlarini qoʻriqlash
Davlat sirlari boʻlgan narsalarni yoki hujjatlarni yoxud elektron maʼlumotlarni koʻzdan kechirish, olib qoʻyish va unga doir boshqa harakatlar faqat surishtiruvchi yoki tergovchining prokuror sanksiya bergan qaroriga binoan yoxud sud ajrimiga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Prokuror yoki sud majlisida raislik qiluvchi bunday harakatlarni oʻtkazish vaqti, joyi va boshqa shartlarini shu narsalarni yoki hujjatlarni yoxud elektron maʼlumotlarni saqlash uchun javobgar boʻlgan korxona, muassasa yoki tashkilot rahbari bilan kelishib oladi.
Bunday harakatlarni yuritishda ekspert, mutaxassis, xolis sifatida faqat davlat sirlari boʻlgan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar bilan tanishishga ruxsat berilgan shaxslar ishtirok etadilar.
90-modda. Dalillarni bayonnomada qayd etish
Maʼlumotlar va narsalardan, ular tergov harakati bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etilganidan keyingina dalil sifatida foydalanish mumkin.
Bayonnomalar yuritish uchun masʼuliyat surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida surishtiruvchi va tergovchi, sudda esa, raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi zimmasiga yuklatiladi.
Bayonnomalarga: tergov yoki sud harakatining ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, bu shaxslarga ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilgani; tergov yoki sud harakatining oʻtkazilish joyi va vaqti, shart-sharoitlari, jarayoni va natijalari, bunda topilgan moddiy obyektlar tavsifi va ularning ish uchun ahamiyatli boʻlgan belgilari; tergov harakatlari yoki sud muhokamasi ishtirokchilari tasdiqlashni soʻragan faktlar; ularning yuz berayotgan hodisa sabablari xususidagi koʻrsatuvlari, tushuntirishlari, mulohazalari; ular tomonidan berilgan iltimosnomalar, shikoyatlar, rad etishlar; tergov harakatini olib borish yoki sud muhokamasi jarayonidagi tartibbuzarlik hollari, shuningdek bu tartibbuzarliklarni bartaraf etish va oldini olish uchun koʻrilgan chora-tadbirlar kiritiladi.
91-modda. Dalillarni qayd etishda yordamchi usullar. Bayonnomaga ilovalar
Dalillarni qayd etish uchun bayonnoma tuzish bilan bir qatorda ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish, qoliplar tayyorlash, nusxalar olish, rejalar, sxemalar tayyorlash va axborotni aks ettirishning boshqa usullari qoʻllanilishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi, sud dalillarni mustahkamlashning bu usullarini qoʻllanishga koʻmaklashish uchun mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Surishtiruvchi, tergovchi, sud tomonidan dalillarni qayd etishning qanday usullari qoʻllangani, foydalanilgan apparatlar, asboblar, uskunalar, materiallarning texnikaviy tavsifi keltirilib, tegishlicha tergov harakati bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
Tergov yoki sud harakatining borishi va natijalari aks ettirilgan fotosuratlar, fonogrammalar, videoyozuvlar, kinotasvirlar, qoliplar, nusxalar, rejalar, sxemalar va boshqalar bayonnomaga ilova qilinadi. Har qaysi ilovada tergov yoki sud harakatining nomi, oʻtkazilgan joyi, sanasi koʻrsatilgan izohlovchi matn boʻlishi lozim. Bu izohlovchi matnni surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida surishtiruvchi yoki tergovchi va xolislar, sudda esa, raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi oʻz imzolari bilan tasdiqlaydilar.
Quyidagi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart:
1) oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish;
2) tintuv;
3) koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish;
4) tergov eksperimenti;
5) shaxsni ushlash;
6) himoyachidan voz kechish;
7) shaxsni ushlash jarayonida oʻtkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qoʻyish;
8) voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlik sodir etish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha voyaga yetmagan jabrlanuvchini yoki guvohni soʻroq qilish.
Ushbu modda toʻrtinchi qismining 5, 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish ushbu Kodeksda belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
911-modda. Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish
Guvohlar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar ishtirokidagi tergov harakatlari (soʻroq, shaxslarni va narsalarni tanib olish, yuzlashtirish) mazkur shaxslarni ular turgan joydagi yoki yashash joyidagi viloyatning yoki tumanning yoxud shaharning huquqni muhofaza qiluvchi organiga yoki sudiga chaqirgan, texnik vositalardan foydalangan holda videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin. Videokonferensaloqa jarayonida tergov harakati ishtirokchilari tergov harakati jarayoni va natijalarini toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya orqali bevosita kuzatib boradi.
Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan oʻz tashabbusi bilan yoxud jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra qabul qilinadi.
Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishda foydalaniladigan texnik vositalar va uskunalar quyidagi minimal talablarga javob berishi zarur:
tasvir sifati boʻyicha — oʻlchami 1920×1080, sekundiga 50 ta kadr;
ovoz sifati boʻyicha — chastota diapazoni 100-12 000 Gs;
axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha — VPN himoyalangan aloqa kanalidan foydalangan holda.
912-modda. Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish asoslari
Tergov harakatlari quyidagi hollarda videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladi:
1) shaxsning jinoyat ishini tergov qilayotgan organga yoki tergov harakati oʻtkazilayotgan joyga sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra bevosita kelish imkoniyati boʻlmaganda;
2) jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash zarurati tugʻilganda;
3) kechiktirib boʻlmaydigan tergov harakatlari oʻtkazilganda;
4) tergov harakatini oʻtkazish qiyinlashishi yoki ortiqcha xarajatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida asosli sabablar mavjud boʻlganda.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tegishli qaror chiqaradi.
913-modda. Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish shartlari va tartibi
Muayyan tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish haqida qaror qabul qilingan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud jinoyat protsessining muayyan ishtirokchisini chaqirtirishni va tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishni tashkil etishni soʻrab tegishli organga ushbu Kodeks talablariga muvofiq topshiriq yuboradi.
Surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning topshirigʻini bajaruvchi mansabdor shaxs chaqirtirilgan jinoyat protsessi ishtirokchisining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirishi, uning ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarini taʼminlashi va tergov harakati tugallanguniga qadar uning yonida boʻlishi kerak.
Tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish uchun mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Videokonferensaloqa rejimida soʻroq, shaxslarni yoki narsalarni tanib olish yoxud yuzlashtirish ushbu Kodeksning 96 — 108, 112 — 131-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Tergov harakati ishtirokchilariga videokonferensaloqada ishtirok etayotgan shaxslarga savollar berish va ulardan javoblar olish, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan protsessual huquqlar va majburiyatlarni amalga oshirish imkoniyati taʼminlanishi kerak.
914-modda. Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalarini qayd qilish
Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalari elektron maʼlumotlarni tashuvchi tegishli vositalarga bayonnoma tuzilgan holda yoziladi va qayd etiladi.
Tergov harakatining bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud va topshiriqni bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan tuziladi. Videokonferensaloqa materiallari bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi.
Tergov harakatining bayonnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga rioya qilingan holda tuziladi va unda jinoyat protsessi ishtirokchilari koʻrsatuvlarining mohiyati aks ettiriladi.
Videokonferensaloqa yozuvining vaqti oʻtkazilgan tergov harakatining aniq vaqtiga mos kelishi kerak. Videokonferensaloqa jarayonidagi tanaffuslar yuzasidan izoh berilishi hamda ular videoyozuvda va bayonnomada aks ettirilishi kerak.
Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud, topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs hamda tergov harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan imzolanadi. Topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan bayonnoma surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga yuboriladi.
92-modda. Dalillarni qayd etishning toʻgʻriligini tasdiqlash
Tergov harakatlari ishtirokchilarining, shuningdek sud muhokamasidagi taraflarning bu harakatlar jarayoni va natijalari aks ettirilgan bayonnoma bilan tanishish, xuddi shuningdek bayonnomaga qoʻshimcha va tuzatishlar kiritish huquqlari taʼminlanishi kerak.
Surishtiruvchi yoki tergovchi tergov harakatlari tamom boʻlishi bilanoq bu harakat ishtirokchilariga bayonnomani oʻqib chiqishga imkon beradi yoxud iltimoslariga koʻra ularga oʻqib beradi. Shunday tartibda raislik qiluvchi yoki uning topshirigʻiga binoan sud majlisi kotibi sud zalidan tashqarida bajarilgan sud harakati ishtirokchilarini, shuningdek taraflarni sud majlisi bayonnomasidagi ushbu sud harakatiga taalluqli yozuvlar bilan tanishtiradi.
Ogʻzaki bildirilgan qoʻshimchalar, tuzatishlar, fikr-mulohazalar, eʼtirozlar, iltimoslar va shikoyatlar bayonnomaga kiritiladi, yozma ravishda ifoda etilganlari esa bayonnomaga ilova qilinadi. Oʻchirishlar yoki kiritilgan qoʻshimcha soʻzlar yoxud boshqa tuzatishlar xususida bayonnoma oxiridagi imzolar oldidan izohot beriladi.
Tergov harakati bayonnomasi bilan tanishtirilgan shaxslar bayonnomaning har bir sahifasi ostiga va uning oxiriga imzo chekadilar.
93-modda. Bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortish yoki imzo cheka olmaslik hollarini tasdiqlash
Surishtiruvchi yoki tergovchi protsess ishtirokchilaridan birontasining yoki boshqa shaxslarning ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tergov harakatlari bayonnomasiga imzo chekishdan bosh tortganligi toʻgʻrisida bayonnomaga yozib qoʻyib, uni oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
Yuqorida nazarda tutilgan hollarda sud majlisi bayonnomasining sud harakatlari toʻgʻrisidagi yozuvlarini imzolashdan bosh tortilganligi haqida shu bayonnomaga yoziladi hamda uni raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi oʻz imzosi bilan tasdiqlaydilar.
Bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortgan shaxs bosh tortish sababini tushuntirishga haqli. Bu tushuntirish bayonnomaga kiritilishi lozim.
Tergov yoki sud harakati ishtirokchisi oʻzining jismoniy nuqsoni tufayli bayonnomani oʻqib, imzolay olmasa, bayonnomani uning roziligi bilan himoyachi, vakil yoki mazkur shaxs ishonadigan boshqa fuqaro oʻqib beradi va imzo chekadi. Bu haqda bayonnomaga yozib qoʻyiladi.
94-modda. Dalillarni tekshirish
Ish boʻyicha qabul qilinadigan qaror sinchkovlik bilan, toʻla, har tomonlama va xolisona tekshirilgan dalillargagina asoslangan boʻlishi lozim. Tekshiruv qoʻshimcha dalillarni toʻplashdan iborat boʻlib, ular tekshirilayotgan dalillarni tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin.
95-modda. Dalillarga baho berish
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ishdagi barcha holatlarni sinchkovlik bilan, toʻla, har tomonlama va xolisona koʻrib chiqishga asoslangan holda qonunga va huquqiy ongga amal qilib oʻzlarining ichki ishonchlari boʻyicha dalillarga baho beradilar. Har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.
Dalillar jinoyat ishi uchun ahamiyatli boʻlgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb eʼtirof etiladi.
Dalillar belgilangan tartibda toʻplangan va ushbu Kodeksning 88, 90, 92 — 94-moddalarida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq boʻlsagina, ular maqbul deb eʼtirof etiladi.
Tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanadi.
Isbotlanishi kerak boʻlgan barcha va har bir holatning haqiqiyligini soʻzsiz tasdiqlovchi ishga oid barcha ishonchli dalillar toʻplangan boʻlsa, ularning jami ishni hal qilish uchun yetarli deb hisoblanadi.
951-modda. Dalillarning maqbul emasligi
Agar faktik maʼlumotlar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarni cheklash yoʻli bilan yoxud ushbu Kodeks talablari buzilgan holda olingan boʻlsa, shu jumladan:
1) jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllagan holda;
2) ularni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) yoʻli bilan;
3) gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyaga boʻlgan huquqlari, shuningdek tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan holda;
4) jinoyat ishi boʻyicha protsessual harakatning mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga oshirish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan bajarilishi natijasida;
5) nomaʼlum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin boʻlmagan manbadan;
6) jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi, dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan oʻz tasdigʻini topmagan koʻrsatuvlaridan olingan boʻlsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.
Faktik maʼlumotlardan dalil sifatida foydalanishning maqbul emasligi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning oʻz tashabbusi bilan yoki ishtirokchilarning iltimosnomasi boʻyicha aniqlanadi. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya dalillarning maqbul emasligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilayotganida har bir holatda yoʻl qoʻyilgan buzilish nimada aniq ifodalanganligini aniqlab olishi va asoslantirilgan qaror qabul qilishi shart.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan ushbu Kodeks normalari buzilgan holda olingan koʻrsatuvlardan, ekspert xulosasidan, ashyoviy, yozma va raqamli dalillardan, audio-, videoyozuvlardan va boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlanadi.
Olib qoʻyish yoki koʻzdan kechirish boʻyicha tergov harakatlari olib borilayotganda mutaxassis ishtirokisiz olingan elektron maʼlumotlar nomaqbul dalillar deb topiladi.
10-bob. SOʻROQ QILISHNING UMUMIY QOIDALARI
96-modda. Soʻroq qilish joyi
Surishtiruvchi yoki tergovchi guvohni, jabrlanuvchini, gumon qilinuvchini va ayblanuvchini surishtiruv, dastlabki tergov oʻtkaziladigan joyda yoki soʻroq qilinuvchi qayerda boʻlsa, oʻsha joyda, sud esa sud muhokamasi yuritilayotgan joyda soʻroq qiladi.
97-modda. Soʻroq qilish uchun chaqiruv
Guvoh, jabrlanuvchi, shuningdek ozodlikda yurgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga chaqiruv qogʻozi bilan chaqiriladi. Chaqiruv qogʻozi pochta orqali joʻnatiladi yoki chopar orqali topshiriladi. Chaqiruv telefonogramma, telegramma, radiogramma bilan yoki telefaks orqali ham boʻlishi mumkin.
Chaqiruv qogʻozida shaxs kim sifatida, qaysi manzilga va kimning huzuriga chaqirilayotganligi, qaysi kunda va qaysi soatga kelishi kerakligi, shuningdek uzrsiz sabablarga koʻra kelmay qolgan taqdirda qanday oqibatlar roʻy berishi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Chaqiruv qogʻozi chaqiriluvchiga topshirilib, tilxat olinadi. Chaqiruv qogʻozi olib borilganda chaqiriluvchi vaqtincha yoʻq boʻlsa, unga berib qoʻyish uchun chaqiruv qogʻozi u bilan birga yashovchi voyaga yetgan oila aʼzolaridan biriga, yotoqxona maʼmuriyatiga, uy egasiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakiliga topshirilib, tilxat olinadi.
Qamoqda saqlash joylarida, reabilitatsiya markazlarida, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar soʻroq qilish uchun mazkur joylar va muassasalarning maʼmuriyati orqali chaqirtiriladi.
98-modda. Soʻroq qilinuvchining shaxsini aniqlash
Surishtiruvchi, tergovchi va sud soʻroq qilish oldidan soʻroq qilinuvchidan uning familiyasi, ismi va otasining ismini, tugʻilgan vaqti (yili, oyi, kuni) va tugʻilgan joyini, yashash joyi va ish joyini, mansabi, mashgʻulot turi, maʼlumoti, oilaviy ahvolini, sudlanganligi yoki sudlanmaganligini aniqlashi hamda bu maʼlumotlarni jinoyat ishidagi yoki soʻroq qilinuvchining shaxsiy hujjatlaridagi maʼlumotlar bilan solishtirib koʻrishi yoxud soʻroq qilinuvchi oʻzini kim deb tanishtirgan boʻlsa, aynan oʻsha shaxs ekanligiga boshqa yoʻllar bilan ishonch hosil qilishi lozim.
99-modda. Soʻroq qilinuvchining qaysi tilda koʻrsatuv bera olishini aniqlash
Soʻroq qilinuvchi ish yuritilayotgan tilni biladimi, u qaysi tilda koʻrsatuv bera olishi mumkin, degan savollar tugʻilib qolsa, bu masala aniqlanishi lozim. Ushbu Kodeksning 71-moddasida nazarda tutilgan hollarda tarjimon chaqiriladi va u kelguncha soʻroq qilish toʻxtatib turiladi.
100-modda. Huquq va majburiyatlarni tushuntirish
Soʻroq qilinuvchining shaxsi aniqlangandan keyin unga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Bu huquq va majburiyatlar tushuntirilganligi soʻroq bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
101-modda. Ishning holatlari toʻgʻrisida erkin soʻzlab berish
Soʻroq qilinuvchiga ishning unga maʼlum boʻlgan holatlari toʻgʻrisida soʻzlab berish taklif qilinmogʻi lozim. Soʻroq qilinuvchi erkin soʻzlab berganidan keyin uning koʻrsatuvlarini toʻldirish va aniqlashga qaratilgan savollar berilishi mumkin.
102-modda. Ishora qiluvchi savollar berishga yoʻl qoʻyilmasligi
Kutilayotgan javobga bevosita yoki bilvosita yoʻnaltirish mazmunidagi savollar ishora qiluvchi savollar deb hisoblanadi. Ishora qiluvchi savollar berish taqiqlanadi.
103-modda. Soʻroq qilinuvchining hujjatlar va boshqa yozuvlardan foydalanishi
Soʻroq qilinuvchining koʻrsatuvlari raqamlar yoki xotirada saqlanishi qiyin boshqa maʼlumotlarga taalluqli boʻlsa, u soʻroq jarayonida oʻzidagi yoki ishga qoʻshib qoʻyilgan hujjatlardan yoxud boshqa yozuvlardan foydalanishi mumkin.
Soʻroq qilinuvchiga soʻroq qilish jarayonida oʻzidagi hujjatlar va boshqa yozuvlarni oʻqib eshittirishga ruxsat etilishi mumkin.
Surishtiruvchi, tergovchi va sud soʻroq qilinuvchidan soʻroq qilish jarayonida u foydalanayotgan hujjatlar va boshqa yozuvlarni talab qilishi, ularni keyin qaytarib berishi yoki ishga qoʻshib qoʻyishi mumkin.
104-modda. Soʻroq qilinuvchining ilgarigi soʻroqlarda bergan koʻrsatuvlarini oʻqib eshittirish
Soʻroq qilinuvchining ilgarigi soʻroqda bergan koʻrsatuvlari faqat uning hozirgi soʻroqda bergan koʻrsatuvlari tinglanib, qayd qilinib, u imzo chekkanidan keyin va quyidagi hollarda oʻqib eshittirilishi mumkin:
1) hozirgi va ilgarigi soʻroqlarda berilgan koʻrsatuvlar oʻrtasida jiddiy qarama-qarshiliklar boʻlganda;
2) soʻroq qilinuvchi sudda koʻrsatuv berishdan bosh tortganda;
3) ish soʻroq qilinuvchining ishtirokisiz koʻrib chiqilayotganda.
105-modda. Soʻroq qilinuvchiga narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni koʻrsatish
Soʻroq jarayonida surishtiruvchi, tergovchi va sud, shuningdek sud muhokamasida taraflar ishga qoʻshib qoʻyilgan yoki taraflar ixtiyorida boʻlgan narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni soʻroq qilinuvchiga koʻrsatishlari, shuningdek bu hujjatlarni oʻqib eshittirishlari mumkin.
Soʻroq bayonnomasida yoki sud majlisi bayonnomasida qanday narsalar yoki hujjatlar yoxud elektron maʼlumotlar koʻrsatilganligi, hujjat matnining qaysi qismi va uning kim tomonidan oʻqib eshittirilganligi, narsalarni yoki hujjatlarni yoxud elektron maʼlumotlarni koʻrsatish vaqtida qanday savollar berilganligi va bunga javoban soʻroq qilinuvchi qanday koʻrsatuvlar berganligi aniq aks ettirilishi kerak.
106-modda. Soʻroq jarayoni va natijalarini qayd qilish
Soʻroq jarayoni va natijalari surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida soʻroq bayonnomasida, sud muhokamasida esa sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi.
Soʻroq jarayonida bayonnoma yuritish bilan bir qatorda ovozni yozib olish, videoyozuv va kinotasvirga olish ham qoʻllanilishi mumkin.
Koʻrsatuvlar bayonnomaga birinchi shaxs nomidan, imkon boricha soʻzma-soʻz yozib boriladi. Savol-javob soʻroq jarayonida qanday olib borilgan boʻlsa, shunday izchillikda qayd qilinadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan chetlatilgan, shuningdek soʻroq qilinuvchi javob berishdan bosh tortgan savollar ham bayonnomaga kiritilishi kerak.
Bayonnomada bundan tashqari, soʻroq qilinuvchi tomonidan avvalgi soʻroqlarda berilgan koʻrsatuvlarning oʻqib eshittirilgani, koʻrsatuv berish jarayonida soʻroq qilinuvchining hujjat yoki boshqa yozuvlardan foydalangani, soʻroq qilinuvchiga soʻroq davomida narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar koʻrsatilgani, soʻroq paytida ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish oʻtkazilgani qayd qilinadi. Fonogramma, videoyozuv va kinotasma bayonnomaga ilova qilinadi.
Soʻroq tugaganidan keyin bayonnoma oʻqib chiqish uchun soʻroq qilinuvchiga koʻrsatiladi yoxud uning iltimosiga koʻra surishtiruvchi, tergovchi tomonidan unga oʻqib beriladi.
Soʻroq qilinuvchi koʻrsatuvni oʻz qoʻli bilan yozma ravishda bayon qilishga haqli. Oʻz qoʻli bilan yozilgan koʻrsatuv bayonnomaga ilova qilinib, bu haqda bayonnomaga yozib qoʻyiladi.
Soʻroq qilinuvchi yoki taraflarning iltimosiga koʻra sud majlisida bayonnomaga imzo qoʻyilguniga qadar yozilgan ovoz, videoyozuv yoki kinotasvir namoyish qilinishi mumkin. Ular bilan bayonnoma oʻrtasida jiddiy tafovut boʻlgan hollarda, tafovut sababini aniqlash uchun yangitdan soʻroq qilinishi mumkin.
Soʻroq qilinuvchi bayonnomani oʻqib boʻlgach, koʻrsatuvlari toʻgʻri yozilganligi va u bilan tanishganligini imzo chekib, tasdiqlaydi. Imzo bayonnomaning oxiriga qoʻyiladi, basharti koʻrsatuvlar bir necha sahifaga yozilgan boʻlsa, har qaysi sahifaga alohida imzo chekiladi.
Soʻroq qilishda tarjimon qatnashayotgan boʻlsa, u soʻroq qilinayotgan shaxsning bayonnomadagi koʻrsatuvini unga ogʻzaki tarjima qiladi, soʻroq qilinuvchining oʻz qoʻli bilan yozib bergan koʻrsatuvlarini esa, yozma ravishda tarjima qiladi. Tarjimon koʻrsatuvlar yozilgan bayonnomaning oxiriga va har bir sahifasiga alohida, shuningdek soʻroq qilinuvchining oʻz qoʻli bilan yozib bergan koʻrsatuvlarining tarjimasiga imzo chekadi.
107-modda. Soʻroqning davom etish vaqti
Soʻroqning umumiy davom etish vaqti bir kunda sakkiz soatdan oshmasligi lozim. Dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan bir soat tanaffus bu hisobga kirmaydi.
108-modda. Qoʻshimcha soʻroq
Qoʻshimcha soʻroq quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
1) soʻroq qilinuvchi ishning oʻziga maʼlum boʻlgan barcha holatlari toʻgʻrisida koʻrsatuv bera olishi uchun ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan soʻroqning umumiy davom etish vaqti yetarli boʻlmasa;
2) soʻroq qilingan shaxs ilgari bergan koʻrsatuvlarini toʻldirish yoki oʻzgartirish istagini bildirsa;
3) ayblanuvchiga yangi yoki oʻzgartirilgan yoxud qoʻshimcha ayblov eʼlon qilinsa;
4) surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ilgari soʻroq qilingan shaxsning koʻrsatuvlari toʻgʻri yozilganligini prokuror qoʻshimcha soʻroq qilish yoʻli bilan tekshirib koʻrishni lozim topsa;
5) boshqa surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ilgari soʻroq qilingan shaxsning koʻrsatuvlari toʻgʻri yozilganligini ishni yuritish uchun qabul qilgan surishtiruvchi yoki tergovchi qoʻshimcha soʻroq qilish yoʻli bilan tekshirib koʻrishni lozim topsa;
6) ilgari soʻroq qilingan shaxsga berilishi kerak boʻlgan ish uchun muhim yangi savollar tugʻilsa;
7) shaxs soʻroq qilinganidan keyin ishga kirishgan zaxiradagi xalq maslahatchisi ushbu shaxsni yangitdan soʻroq qilishni talab qilsa.
11-bob. GUMON QILINUVCHINI VA AYBLANUVCHINI SOʻROQ QILISH
109-modda. Gumon qilinuvchini va ayblanuvchini soʻroq qilish tartibi
Gumon qilinuvchini va ayblanuvchini soʻroq qilish ushbu Kodeksning 96 — 108-moddalarida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga, shuningdek, ushbu bobning quyidagi moddalariga rioya qilgan holda olib boriladi.
110-modda. Soʻroq qilish muddatlari
Surishtiruv va dastlabki tergov oʻtkazish jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ushlangan, soʻroq qilish uchun chaqirilgan, qamoqqa olingan yoki majburiy keltirilgandan keyin darhol yoki yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay, soʻroq qilinishi kerak.
Sud tergovi ketayotganda sudlanuvchiga istagan vaqtida koʻrsatuv berish huquqi sudya tomonidan taʼminlanishi shart. Agar sudlanuvchi biror sud harakati oʻtkazilayotgan paytda koʻrsatuv berish toʻgʻrisida istak bildirsa, sud unga shu harakatlar tugashi bilanoq koʻrsatuv berish uchun imkoniyat yaratadi.
111-modda. Gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini birinchi marta soʻroq qilishdan oldingi harakatlar
Gumon qilinuvchini, shuningdek ayblanuvchini birinchi marta soʻroq qilishdan bevosita oldin surishtiruvchi, tergovchi ushbu Kodeksning 98 — 100-moddalarida nazarda tutilgan harakatlarni bajarishi shart.
Shundan soʻng surishtiruvchi, tergovchi:
1) gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning ushbu Kodeksning 46 va 48-moddalarida nazarda tutilgan protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
2) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shartnoma tuzgan himoyachining yoxud, agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shartnoma tuzishga ulgurmagan yoki tuza olmagan boʻlsa, boshqa himoyachining soʻroqda ishtirok etishini taʼminlaydi;
3) gumon qilinuvchiga uning qanday jinoyat sodir etishda gumon qilinayotganligini eʼlon qiladi;
4) gumon qilinuvchiga ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinganligi toʻgʻrisidagi qarorni taqdim qiladi va ayblovning mohiyatini tushuntiradi.
Surishtiruvchi, tergovchi ayblanuvchini birinchi marta soʻroq qilishdan oldin u oʻzini aybli hisoblashi-hisoblamasligini yoki oʻz aybini toʻla yoxud qisman rad etishi yoki etmasligini aniqlashi shart.
Surishtiruvchi, tergovchi ushbu moddada sanab oʻtilgan harakatlarning bajarilishini gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining soʻroq bayonnomasida, sud esa sud majlisi bayonnomasida qayd qiladi.
112-modda. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining koʻrsatuvlarini baholash
Gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi koʻrsatuvlari va ayblanuvchining oʻz aybiga iqror boʻlishi, bu iqror boʻlish mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina, uni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining bergan koʻrsatuvlari bilan aniqlangan holatlar, ayblanuvchi oʻz aybiga iqror boʻlgan taqdirda ham, oʻzining aybdor ekanligini inkor qilgan taqdirda ham ishning hamma holatlari bilan bogʻlangan holda boshqa dalillar kabi tekshirib chiqilishi va baholanishi lozim.
113-modda. Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz
Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz — ariza beruvchining oʻzi sodir etgan jinoyati toʻgʻrisida u shu jinoyatni sodir etishda gumon qilinmasdan va unga ayblov eʼlon etilmasdan oldin bergan xabaridir.
Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz ogʻzaki yoki yozma boʻlishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ogʻzaki xabarni bayonnomada aks ettiradi, unga arz qiluvchining shaxsiga doir maʼlumotlar kiritiladi va unda arzning mazmuni birinchi shaxs nomidan bayon qilinadi. Bayonnomaga arz qiluvchi va surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya imzo chekadi.
Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan ushbu Kodeksning 112-moddasida koʻrsatilgan qoidalarga muvofiq baholanadi.
12-bob. GUVOH VA JABRLANUVCHINI SOʻROQ QILISH
114-modda. Guvoh va jabrlanuvchini soʻroq qilish tartibi
Guvoh va jabrlanuvchini soʻroq qilish ushbu Kodeksning 96 — 108-moddalarida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga, shuningdek ushbu bobning quyidagi moddalariga rioya qilgan holda olib boriladi.
Soʻroqqa oʻz advokati bilan hozir boʻlgan guvohni yoki jabrlanuvchini soʻroq qilish advokat ishtirokida amalga oshiriladi. Soʻroq tugaganidan soʻng advokat guvohning yoki jabrlanuvchining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi, soʻroq bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan arzlarini bayon etishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar uzrli sabablarga koʻra sudga kelmagan taqdirda, sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra videokonferensaloqa vositasida soʻroq qilinishi mumkin.
115-modda. Guvoh va jabrlanuvchi tariqasida soʻroq qilinishi mumkin boʻlmagan shaxslar
Guvoh va jabrlanuvchi tariqasida:
1) hukm va ajrim chiqarish jarayonida kelib chiqqan masalalarni maslahatxonada muhokama qilishga oid holatlar toʻgʻrisida — sudyani va xalq maslahatchisini;
2) jinoyat ishi yuzasidan oʻz vazifalarini bajarishlari natijasida oʻzlariga maʼlum boʻlgan holatlar toʻgʻrisida — himoyachini, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakilini;
3) ruhiy holati buzilganligi yoki jismoniy nuqsoni sababli ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatni toʻgʻri idrok etish va bu haqda koʻrsatuv bera olish layoqatiga ega boʻlmagan shaxsni soʻroq qilish mumkin emas.
116-modda. Guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat oʻz roziligi bilan soʻroq qilinishi mumkin boʻlgan shaxslar
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga taalluqli holatlar haqida guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat oʻzlarining roziliklari bilan soʻroq qilinishlari mumkin.
117-modda. Guvoh va jabrlanuvchini protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirish
Guvoh yoki jabrlanuvchining shaxsi aniqlangandan va unga protsessual huquq hamda majburiyatlari tushuntirilgandan keyin u koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilib, bu haqda soʻroq bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasiga yozib qoʻyiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilmaydilar.
118-modda. Alohida holatlarni bahona qilib koʻrsatuv berishdan bosh tortishga yoʻl qoʻyilmasligi
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan aniqlanayotgan holatlar oʻzida davlat sirlarini yoki kasb sirini yoxud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud boshqa shaxslar hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettirganligini bahona qilib, guvoh va jabrlanuvchi koʻrsatuv berishdan bosh tortishga haqli emas.
Aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar oʻzida davlat sirini yoki kasb sirini aks ettiradi yoxud shaxslar hayotining sir tutiladigan tomonlariga tegishli deb hisoblash uchun asos boʻlganda, surishtiruvchi, tergovchi va sud guvoh yoki jabrlanuvchini soʻroq qilish chogʻida bu holatlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
119-modda. Guvoh va jabrlanuvchining koʻrsatuvlari
Guvoh yoki jabrlanuvchi protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganidan keyin jabrlanuvchi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar bilan oʻzaro munosabatlari, guvoh esa, shuningdek jabrlanuvchi bilan oʻzaro munosabatlari toʻgʻrisidagi savollarga javob beradi. Shundan soʻng soʻroq qiluvchining taklifiga koʻra guvoh yoki jabrlanuvchi ish boʻyicha oʻzlari bilgan barcha maʼlumotlarni aytib beradilar. Ular ish uchun ahamiyatli boʻlgan yoki ahamiyatli boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday holat toʻgʻrisida, shu jumladan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining va protsess boshqa ishtirokchilarining shaxsi haqida ham koʻrsatuvlar berishlari mumkin.
120-modda. Guvohni va jabrlanuvchini ularning iltimosiga koʻra soʻroq qilish
Tergov olib borilayotgan joyda yoki sudda boʻlgan guvoh yoki jabrlanuvchi koʻrsatuv berishga xohish bildirsa, ular qoida tariqasida oʻsha kunning oʻzida yoki keyingi kundan kechiktirmay soʻroq qilinishi kerak.
Guvoh yoki jabrlanuvchining koʻrsatuv berishga xohishi toʻgʻrisidagi xabar tergovchi yoki sudga pochta orqali kelsa, unga soʻroq oʻtkaziladigan joy va vaqt darhol xabar qilinadi va u kelishi bilanoq soʻroq oʻtkaziladi.
121-modda. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini soʻroq qilishning oʻziga xos jihatlari
Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini soʻroq qilish qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog va (yoki) psixolog yoxud jabrlanuvchining vakili ishtirokida ularning roziligi bilan oʻtkaziladi. Koʻrsatilgan shaxslar soʻroq qiluvchining ruxsati bilan guvoh yoki jabrlanuvchiga savollar berishlari mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan uning ota-onasi, uni farzandlikka oluvchi, uning vasiysi, homiysi yoki boshqa qarindoshi tomonidan sodir etilgan zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar yuzasidan voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini soʻroq qilishda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan taʼminlanishi shart.
Pedagogni va (yoki) psixologni soʻroq qilishga jalb etish voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchi qonuniy vakilining yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshining, jabrlanuvchi vakilining, vasiylik va homiylik organi vakilining iltimosiga binoan yoxud surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning tashabbusiga koʻra amalga oshiriladi. Pedagogning va (yoki) psixologning ishtiroki jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan taʼminlanadi.
Voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni soʻroq qilishda ishtirok etish uchun pedagogni va (yoki) psixologni jalb etish toʻgʻrisida iltimosnoma berish huquqi soʻroq qilishdan oldin uning qonuniy vakiliga yoki katta yoshli yaqin qarindoshiga, jabrlanuvchi vakiliga, vasiylik va homiylik organining vakiliga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tushuntiriladi.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini soʻroq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligi voyaga yetmaganning yoshidan va holatidan kelib chiqishi hamda:
1) 7 yoshgacha boʻlganlarga nisbatan — tanaffuslarsiz oʻttiz daqiqadan, jami bir soatdan;
2) 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlganlarga nisbatan — tanaffuslarsiz bir soatdan, jami ikki soatdan;
3) 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlganlarga nisbatan — tanaffuslarsiz ikki soatdan, jami toʻrt soatdan oshmasligi kerak.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini qoʻshimcha soʻroq qilish soʻroq qilinuvchi ishning oʻziga maʼlum boʻlgan barcha holatlari toʻgʻrisida koʻrsatuv bera olishi uchun ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan soʻroqning umumiy davom etish vaqti yetarli boʻlmagan hollarda, shuningdek ushbu Kodeks 108-moddasining 2 — 7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda ham amalga oshiriladi.
Oʻn olti yoshgacha boʻlgan guvohlar va jabrlanuvchilar koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilmaydilar, biroq surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi shu guvoh va jabrlanuvchilarga ularning protsessual huquqi va majburiyatlarini tushuntirish chogʻida haqqoniy koʻrsatuv berish va bu bilan jinoyat ishi boʻyicha haqiqatni aniqlashga koʻmaklashish maʼnaviy burch ekanligini eslatib oʻtadi.
Jinsiy erkinlikka qarshi, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar savdosiga oid jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini soʻroq qilish, shuningdek boshqa holatlarda soʻroq qilish, agar buni odil sudlovning yoki voyaga yetmagan shaxsning manfaatlari talab etsa, stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonada qonuniy vakili, pedagog va (yoki) psixolog ishtirokida, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda vasiylik va homiylik organining vakili ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
Soʻroqni stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalarda oʻtkazish tartibi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan belgilanadi.
Zarur boʻlgan hollarda, himoyachi, voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili, vasiylik va homiylik organining vakili, pedagog yoki psixolog savollarni surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning ruxsati bilan qayta tuzish huquqiga ega, bunda savollarning mohiyati oʻzgartirilmaydi.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini soʻroq qilish stenografiyasi, ular koʻrsatuvlarining audio- va videoyozuvlari ushbu moddaga muvofiq bayonnomaga ilova qilinadi.
121-bob. KOʻRSATUVLARNI OLDINDAN MUSTAHKAMLAB QOʻYISH
1211-modda. Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish
Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish guvoh va jabrlanuvchini (fuqaroviy daʼvogarni) ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga binoan soʻroq qilishdan iborat boʻlib, u ushbu Kodeksda nazarda tutilgan sud muhokamasi qoidalariga koʻra sud tomonidan amalga oshiriladi.
1212-modda. Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish uchun asoslar
Guvohni, jabrlanuvchini (fuqaroviy daʼvogarni) obyektiv sabablarga koʻra (Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishi, ularda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishni istisno qiladigan ogʻir va davomli kasallik mavjudligi) ishni sudga qadar yuritish yoki sud muhokamasi chogʻida keyinchalik soʻroq qilish mumkin boʻlmay qoladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan hollarda, ularning koʻrsatuvlari oldindan mustahkamlab qoʻyilishi mumkin.
Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish zarur boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi va uni zarur materiallar bilan birga prokurorga yuboradi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), guvoh va himoyachi koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida prokurorga murojaat qiladi.
Prokuror koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorning yoxud murojaatning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni yoki murojaatni surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga yuboradi.
Iltimosnomaga koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish zarurligini tasdiqlovchi jinoyat ishi materiallarining koʻchirma nusxalari ilova qilinadi.
1213-modda. Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish shartlari
Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Sud koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay koʻrib chiqadi va iltimosnomani qanoatlantirish hamda sud majlisini tayinlash yoki iltimosnomani qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi va bu haqda taraflarga xabar beradi.
Iltimosnoma qanoatlantirilgan taqdirda, sudya koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlash boʻyicha sud majlisini uch sutkadan kechiktirmay oʻtkazadi.
Agar sudya koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlashni iltimosnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasida asossiz deb topsa, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etadi.
Sudning koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan ushbu ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat yoki xususiy protest berilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma toʻrt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yakka tartibda koʻrib chiqishi kerak.
Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyishga haqli.
Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan shikoyat, protest berilishi mumkin emas.
Iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganidan keyin sudga takroran murojaat qilishga faqat koʻrsatuvlarni mustahkamlash toʻgʻrisida iltimosnoma berish uchun yangi asoslar mavjud boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
1214-modda. Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish tartibi
Guvohning, jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlab qoʻyish sudda soʻroq qilish tartibiga rioya etilgan holda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi va zarurat boʻlganda protsessning boshqa ishtirokchilari ishtirokida sud majlisida ushbu Kodeksning 442-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish zarurligini asoslaydi.
Sud majlisi audio- va videoyozuvdan foydalangan holda, shuningdek videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlash jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchining ishtiroki guvoh yoki jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar)ning xavfsizligiga tahdid soladigan yoki ruhiy holatiga taʼsir qiladigan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sud majlisiga chaqirilmaydi.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Agar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki himoyachi uzrli sabablarga koʻra kelmagan va bu haqda sudga oldindan xabar bergan boʻlsa, koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyishga doir harakatlarning amalga oshirilishi keyinga qoldirilishi mumkin.
Guvohning yoki jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlab qoʻyishga doir harakatlar amalga oshirilganligi haqida ushbu Kodeksning 426, 427-moddalari talablariga muvofiq sud majlisining bayonnomasi tuziladi.
Taraflar sud majlisi bayonnomasining koʻchirma nusxasini, shuningdek oʻz hisobidan audio- va videoyozuvlarni olishga hamda sud majlisining bayonnomasi yuzasidan oʻz mulohazalarini berishga haqlidir.
Sudya sud majlisining bayonnomasi yuzasidan berilgan mulohazalarni darhol koʻrib chiqadi va ularni qabul qilish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
Sud majlisining bayonnomasi, audio- va videoyozuvlar, bayonnoma yuzasidan berilgan mulohazalar va ularni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qabul qilingan qaror jinoyat ishi materiallariga qoʻshish uchun prokurorga yuboriladi.
Bayonnomaning va unga ilova qilingan materiallarning koʻchirma nusxalari sudda saqlanadi.
1215-modda. Koʻrsatuvlari oldindan mustahkamlab qoʻyilgan shaxsni qayta soʻroq qilish uchun asoslar
Koʻrsatuvlari oldindan mustahkamlab qoʻyilgan guvohlarni, jabrlanuvchilarni (fuqaroviy daʼvogarlarni) qayta soʻroq qilishga keyinchalik sudga qadar ish yuritish bosqichida yoki sud muhokamasi davomida koʻrsatuvlari oldindan mustahkamlab qoʻyilgan shaxsga berilishi kerak boʻlgan ish uchun muhim ahamiyatga molik yangi savollar tugʻilganda yoʻl qoʻyiladi.
13-bob. YUZLASHTIRISH
122-modda. Yuzlashtirish uchun asoslar
Yuzlashtirish ilgari soʻroq qilingan ikki shaxs koʻrsatuvlari oʻrtasida jiddiy qarama-qarshiliklar boʻlganda bu qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun oʻtkaziladi.
Yuzlashtirishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvoh soʻroq qilinishi mumkin.
123-modda. Yuzlashtirish oʻtkazishning tartibi
Yuzlashtirish oʻtkazish chogʻida ushbu Kodeksning 96 — 108-moddalarida nazarda tutilgan soʻroq qilishning umumiy qoidalariga, shuningdek ushbu bobning quyidagi qoidalariga rioya qilinadi.
Jinsiy zoʻravonlikka oid jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan jabrlanuvchi va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻrtasida yuzlashtirish oʻtkazish surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan amalga oshiriladi.
Yuzlashtirib soʻroq qilish oldidan surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi har bir soʻroq qilinuvchidan navbat bilan ularning oʻzaro tanishligi yoki tanish emasligini, oʻzaro munosabatlari qanday ekanligini soʻraydi va javoblarini tinglaydi. Shundan soʻng har bir soʻroq qilinuvchiga navbat bilan qarama-qarshilik kelib chiqqan holatlar toʻgʻrisidagi savollarga javob berish taklif qilinadi. Basharti qarama-qarshilik bir nechta masalaga yoki bir nechta holatga taalluqli boʻlsa, yuzlashtirishda har ikki soʻroq qilinuvchi bir masala yoki bir holat boʻyicha koʻrsatuv bergach, ularga keyingi masala yoki keyingi holat toʻgʻrisidagi savollar berilishi mumkin.
Yuzlashtirish chogʻida soʻroq qilinayotgan shaxs surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan boshqa soʻroq qilinuvchiga savol berishi mumkin. Sud majlisida soʻroq qilinuvchilarning har ikkalasiga xalq maslahatchilari, shuningdek taraflar savol berishlari mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi va sud majlisida raislik qiluvchi ish uchun jiddiy ahamiyatga ega boʻlmagan yoki yuzlashtirishda aniqlashtirilayotgan qarama-qarshilikka taalluqli boʻlmagan savollarni chetlatishga haqlidir.
124-modda. Yuzlashtirish chogʻida ilgarigi koʻrsatuvlarni oʻqib eshittirish
Yuzlashtirish chogʻida soʻroq bayonnomasi yoki soʻroq qilinayotgan shaxslar avvalgi soʻroqlarda bergan koʻrsatuvlarning fonogrammalari shu shaxslar yuzlashtirilib, ularning koʻrsatuvlari bayonnomaga kiritilganidan keyingina oʻqib berilishi yoki eshittirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
14-bob. TANIB OLISH UCHUN KOʻRSATISH
125-modda. Tanib olish uchun koʻrsatish asoslari
Tanib olish uchun koʻrsatish guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining biror shaxs yoki narsa toʻgʻrisidagi koʻrsatuvini tekshirib koʻrish uchun quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
1) bu koʻrsatuv muayyan bir shaxs yoki muayyan bir narsaga oid ekanligini aniqlash zarur boʻlganda;
2) surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga maʼlum boʻlgan koʻplab shaxs yoki narsalar orasidan koʻrsatuvda tasvirlab berilgan shaxs yoki narsani topish zarur boʻlganda.
126-modda. Tanib olish uchun koʻrsatishdan oldin soʻroq qilish
Tanib oluvchi tanib olish lozim boʻlgan shaxs yoki narsaning belgilari, alomatlari, xususiyatlari toʻgʻrisida oldindan soʻroq qilinishi lozim.
127-modda. Shaxsni tanib olish uchun koʻrsatish tartibi
Shaxs tanib olish uchun tergov olib borilayotgan ishga aloqasi boʻlmagan, tashqi belgilari bilan oʻziga oʻxshaydigan shaxslar guruhi orasida xolislar huzurida koʻrsatiladi. Tanib olish uchun koʻrsatilayotgan shaxslarning umumiy soni uch nafardan kam boʻlmasligi kerak.
Tanib olinuvchiga tanib olish uchun koʻrsatiladigan shaxslar guruhi orasida istagan joyni egallash taklif qilinadi.
Tanib olinuvchi kiyimi, soch qirqtirishi yoki tarashi yoxud boshqa belgilari bilan tanib olish uchun koʻrsatiladigan oʻzga shaxslar orasida yaqqol ajralib turmasligi lozim.
Shaxsni tanib olish uchun koʻrsatishning iloji boʻlmaganda yoxud xavfsizlikni taʼminlash maqsadida uning fotosuratidan foydalanish mumkin.
Tanib olish uchun jadval qogʻozga yaxshilab yopishtirilib, muhrlangan va raqamlangan, lekin suratga olingan shaxslarning ismi va familiyalari koʻrsatilmagan kamida uchta fotosurat koʻrsatiladi.
Tanib oluvchining xavfsizligini taʼminlash maqsadida shaxsni tanib olish uchun koʻrsatish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning qaroriga koʻra tanib olinuvchining tanib oluvchini koʻrib turishi istisno etiladigan sharoitlarda oʻtkazilishi mumkin. Bu holda xolislar tanib oluvchi turgan joyda boʻladi.
128-modda. Koʻchar narsalarni tanib olish uchun koʻrsatish tartibi
Tergov olib borilayotgan joyga, sudga yoki boshqa joyga olib borilishi mumkin boʻlgan narsalar, narsalarning boʻlagi va hayvonlar ushbu ishga aloqasi boʻlmagan boshqa turdosh narsalar orasida tanib olish uchun koʻrsatiladi.
Tanib oluvchi soʻroq qilinganda tasvirlaganidan tashqi belgilari, alomatlari, xususiyatlari boʻyicha jiddiy farq qilmaydigan narsalar turdosh deb hisoblanadi. Tanib olish uchun koʻrsatilayotgan narsalarni joylashtirish tartibi surishtiruvchi, tergovchi tomonidan xolislar huzurida belgilanadi.
Turdosh obyektlar orasidan tanib olish toʻgʻrisidagi qoida murdani tanib olishda qoʻllanilmaydi.
129-modda. Koʻchmas obyektni tanib olish uchun koʻrsatish tartibi
Jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi joy, bino, binodagi alohida xona yoki boshqa koʻchmas obyekt nomini aytib va tasvirlab bersa-da, biroq uning joylashgan oʻrnini aniq aytib bera olmasa, biror aniq joydan obyektga borish yoʻlini koʻrsatishga istak bildirsa, unga shu obyektni koʻrsatishiga imkon beriladi.
Surishtiruvchi yoki tergovchi va xolislar yoxud sud tarkibi va taraflar tanib oluvchi bilan birgalikda u aytgan joyga keladilar. Tanib olish uchun koʻrsatish ishtirokchilari shu joydan boshlab tanib oluvchining koʻrsatuvi boʻyicha yura boshlaydilar. Bunda tanib oluvchiga tanib olish uchun koʻrsatishning boshqa ishtirokchilari yoki yot shaxslar tarafidan yoʻnalish aytib qoʻyilishining oldini olish choralari koʻrilishi lozim.
130-modda. Tanib olish uchun koʻrsatish chogʻida tanib oluvchining koʻrsatuvi
Tanib olish uchun bir guruh shaxslar yoki bir nechta narsani koʻrsatilganidan keyin tanib oluvchiga u ilgari tasvirlagan shaxs yoki narsani koʻrsatish taklif etiladi.
Tanib oluvchi koʻrsatilgan shaxslardan yoki narsalardan birini koʻrsatsa, unga koʻrsatilgan boshqa shaxslar yoki narsalar orasidan bu shaxsni yoki narsani qaysi belgilari yoki xususiyatlariga koʻra taniganligini tushuntirib berish taklif qilinadi.
Tanib oluvchi tanib olish uchun unga koʻrsatilgan shaxslar yoki narsalarni ilgari koʻrmaganligini aytsa, unga qidirilayotgan shaxs yoki qidirilayotgan narsa ulardan nimasi bilan farq qilishini tushuntirib berish taklif qilinadi.
131-modda. Tanib olish uchun koʻrsatish holatini mustahkamlash
Surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida oʻtkazilgan tanib olish uchun koʻrsatish toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi. Sud muhokamasida oʻtkazilgan tanib olish uchun koʻrsatish sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi.
Barcha hollarda bayonnomaga: tanib oluvchi, tanib olish uchun koʻrsatish sharoiti, jarayoni va natijalari, tanib olish uchun koʻrsatilgan shaxslar, ularning yoshi, boʻyi, millati, turar joyi, koʻzga tashlanuvchi belgilari, kiyimlari; tanib olish uchun koʻrsatilgan narsalar tavsifi; tanib olish uchun koʻchmas obyektlar koʻrsatilganda esa, shuningdek tanib oluvchi koʻrsatgan yoʻnalishlar va izlanayotgan obyektga biror aniq joydan borish yoʻllari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi lozim.
Agar shaxsni tanib olish koʻrib turishni istisno etadigan sharoitlarda oʻtkazilgan boʻlsa, bayonnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritilishi kerak.
Tanib olish uchun fotosuratlar koʻrsatilgan boʻlsa, bayonnomaga fotojadval ilova qilinishi lozim.
Tanib oluvchining koʻrsatuvlari, shuningdek unga surishtiruvchi, tergovchi, sud, taraflar yoki boshqa shaxslar tomonidan berilgan savollar va qaytarilgan javoblar ushbu Kodeksning 106-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilingan holda bayonnomaga yozib boriladi.
15-bob. KOʻRSATUVLARNI HODISA SODIR BOʻLGAN JOYDA TEKSHIRISH
132-modda. Koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish uchun asoslar
Surishtiruvchi, tergovchi, sud gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, guvohlar hamda jabrlanuvchilarning koʻrsatuvlarini tekshirilayotgan hodisa sodir boʻlgan joyda holatlarni qayta tiklash yoʻli bilan tekshirib koʻrishga haqlidir.
Koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirishdan maqsad: koʻrsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga maʼlum boʻlgan, surishtiruvchiga, tergovchiga va sudga esa nomaʼlum boʻlgan narsalar, hujjatlar, elektron maʼlumotlar, izlar va belgilarni topish; shaxsning tergov yoki sud muhokamasi davomida topilgan narsalar, hujjatlar, elektron maʼlumotlar, izlar qayerda boʻlganligini koʻrsatib berishi; bir necha shaxsning ayni bir hodisa toʻgʻrisida bergan koʻrsatuvlaridagi oʻxshashlik va farqlarni aniqlash uchun ishda ahamiyatga ega boʻlgan joyni yoki yoʻnalishni shaxs koʻrsatib berishi; holatlarni qayta tiklash va hodisa sodir boʻlgan joydagi sharoit bilan qiyoslash orqali koʻrsatuvlarning toʻgʻriligini yoki notoʻgʻriligini aniqlashdan iborat.
Koʻrsatuvi tekshirilayotgan shaxs hodisa sodir boʻlgan joyda bir vaqtning oʻzida koʻrsatish, koʻzdan kechirish yoki baʼzi narsalarni, hujjatlarni, elektron maʼlumotlarni, izlarni olish yoxud muayyan harakatlarni namoyish qilish orqali tushuntirish beradi yoki oʻzining avval bergan koʻrsatuvlariga aniqlik kiritadi.
Raqamli dalillar bilan bogʻliq koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish chogʻida koʻrsatuvlarning ishonchliligini masofadan turib tekshirish uchun axborot tizimlaridan foydalanilishi mumkin.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining koʻrsatuvlarini hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish natijalari, bu shaxslarning muayyan hodisalar haqida bilganlari faqat ularning jinoyat sodir etishga daxldorligidan darak bersagina, dalil kuchiga ega boʻladi.
133-modda. Koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish tartibi
Koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirishni surishtiruvchi yoki tergovchi xolislar ishtirokida, sud esa taraflar ishtirokida oʻtkazadi. Koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirishga mutaxassislar va ekspertlar jalb qilinishi mumkin.
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud taraflar va bu tergov harakatining boshqa qatnashchilari ishtirokida tekshiriladigan koʻrsatuvlarni eʼlon qiladi, koʻrsatuv bergan shaxsdan ularning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishga ehtiyoj bor yoki yoʻqligini soʻraydi, tekshirishning maqsadi va tartibini tushuntiradi. Basharti guvoh yoki jabrlanuvchining koʻrsatuvlari tekshirilayotgan boʻlsa, ular, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslarni istisno qilganda, koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilish haqida ogohlantirilishi lozim.
Bir vaqtning oʻzida bir necha shaxsning koʻrsatuvlarini hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin: koʻrsatuv bergan shaxs tekshirilayotgan hodisaning sharoit va holatini joyida tiklaydi; ish uchun ahamiyatli boʻlgan narsalarni, hujjatlarni, elektron maʼlumotlarni, izlarni qidirib topadi va koʻrsatadi; ayrim harakatlarni namoyish qiladi; tekshirilayotgan hodisada u yoki bu narsaning qanday ahamiyati boʻlganligini koʻrsatadi; hodisa sodir boʻlgan joyda sharoitning oʻzgarganligiga eʼtiborni qaratadi; oʻzining avvalgi koʻrsatuvlarini aniqlashtiradi va ularga oydinlik kiritadi. Bu harakatlar vaqtida chetdan aralashishga, gap oʻrgatishga va ishora qiluvchi savollar berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Koʻrsatuvi tekshirilayotgan shaxs erkin soʻzlab bergach va harakatlarni erkin namoyish qilib boʻlgach, unga savollar berilishi mumkin. Koʻrsatuvni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirishda qatnashayotgan shaxslar surishtiruvchi, tergovchi va sudning eʼtiborini, ularning fikricha ish holatlarini aniqlashtirishga yordam beradigan barcha narsalarga qaratishga, baʼzi harakatlarning takrorlanishini talab qilishga haqlidir. Koʻrsatuvlari hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirilayotgan shaxs va tergov harakatining boshqa ishtirokchilari oʻtkazilayotgan tergov harakati yuzasidan ularni qoʻshimcha ravishda soʻroq qilishni talab etishga haqlidir.
134-modda. Koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish bayonnomasi
Koʻrsatuvlar hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirilgani haqida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa tekshiruvning borishi va natijalarini sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.
Bundan tashqari bayonnomada: koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish qayerda, qachon, qanday sharoitda oʻtkazilganligi; qanday joylar va narsalar koʻzdan kechirilganligi; hodisa sodir boʻlgan joyda berilgan koʻrsatuvlarning mazmuni qandayligi; hodisaning sharoiti va holatlarini tiklash nimada oʻz aksini topganligi; shaxs oʻzining avvalgi koʻrsatuvlariga qanday aniqliklar kiritganligi koʻrsatilishi lozim.
16-bob. KOʻZDAN KECHIRISH
135-modda. Koʻzdan kechirish uchun asoslar
Jinoyat izlari, ashyoviy dalillarni topish, hodisa sodir boʻlgan vaziyatni va ish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlarni aniqlashtirish maqsadida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud hodisa sodir boʻlgan joyni, murdani, hayvonlarni, tevarak-atrofni, binolarni, narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni koʻzdan kechiradi.
Odam badanini koʻzdan kechirish guvohlantirish yoki ekspertiza oʻtkazish qoidalariga asoslangan holda (ushbu Kodeksning 142 — 147 va 172 — 187-moddalari) amalga oshiriladi. Pochta-telegraf joʻnatmalarini koʻzdan kechirish ushbu Kodeksning 167-moddasida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladi.
Narsalarni olib qoʻyish va tintuv oʻtkazish chogʻida topilgan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar shu tergov harakatlarini oʻtkazish uchun belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda koʻzdan kechirilishi lozim.
136-modda. Koʻzdan kechirish tartibining umumiy qoidalari
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida koʻzdan kechirish xolislar ishtirokida oʻtkaziladi. Jinoyat ishi koʻrilayotgan vaqtda koʻzdan kechirishga zarurat tugʻilsa, sud bu haqda ajrim chiqaradi va koʻzdan kechirishni taraflar ishtirokida oʻtkazadi.
Zarur hollarda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud koʻzdan kechirish chogʻida oʻlchov oʻtkazadi, fotosuratga, kinotasvirga, videoyozuvga tushiradi, rejalar, sxemalar, chizmalar tuzadi, izlardan qoliplar va nusxalar oladi. Bu ishlarni bajarishga yordam berish uchun koʻzdan kechirishga mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Koʻzdan kechirish chogʻida topilgan va olib qoʻyilgan barcha narsalar xolislarga, taraflarga va koʻzdan kechirishning boshqa ishtirokchilariga koʻrsatilishi lozim.
Koʻzdan kechirishda ishtirok etayotgan shaxslar surishtiruvchi, tergovchi va sudning eʼtiborini oʻzlarining fikricha ish holatlarini oydinlashtirishga yordam berishi mumkin boʻlgan barcha hollarga qaratishga haqlidirlar.
137-modda. Hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish
Hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish aynan ana shu joyda jinoyat sodir etilganligi yoki uning izlari borligi haqida maʼlumotlar boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda hodisa sodir boʻlgan joy jinoyat ishi qoʻzgʻatilishidan oldin ham koʻzdan kechirilishi mumkin.
Katta maydonlarni va binolarni koʻzdan kechirish bir necha surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin, bunda ularning har biri kamida ikki nafar xolis ishtirokida koʻzdan kechirishi lozim.
Hodisa sodir boʻlgan joydan olingan narsalar, hujjatlar va izlar oʻraladi va muhrlanadi. Katta hajmdagi narsalar olinmaydi va muhrlanmaydi, lekin tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi yoki tergovchi ularni saqlash choralarini koʻrishi lozim.
138-modda. Murdani koʻzdan kechirish
Surishtiruvchi yoki tergovchi murdaning tashqi koʻrinishini u topilgan joyda xolislar va sud-tibbiyot sohasidagi mutaxassis shifokor ishtirokida koʻzdan kechiradi. Bunday mutaxassis shifokor ishtirok etishiga imkoniyat boʻlmagan taqdirda, boshqa shifokor ishtirok etadi. Zarur hollarda murdani koʻzdan kechirish uchun boshqa mutaxassislar, shuningdek ekspertlar jalb qilinadi.
Eksgumatsiya vaqtida murdani koʻzdan kechirish ushbu Kodeksning 148 — 152-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda oʻtkaziladi.
Murda topilgan joyda uni tanib olish uchun koʻrsatish chogʻida ushbu Kodeksning 126 va 131-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinadi. Tanib olinmagan murdalarning barmoq izlari olinishi shart. Ushbu Kodeksning 188 — 191, 193 va 197-moddalari talablariga rioya qilgan holda murdadan tekshirish uchun boshqa xil namunalar ham olinishi mumkin.
Tanib olinmagan murdani faqat prokuror ruxsati bilangina koʻmiladi.
139-modda. Tevarak-atrof va binolarni koʻzdan kechirish
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi va sud tevarak-atrof va binolarni quyidagi qoidalarga rioya qilgan holda koʻzdan kechiradilar.
Fuqaroning uyi yoki xizmat joyini koʻzdan kechirish zarurati boʻlsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi yoki tergovchi bu haqda qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Turar joyi koʻzdan kechirilayotgan shaxs yoki tegishli korxona, muassasa, tashkilotning vakili chiqarilgan qaror yoki ajrim bilan tanishtirilib, bu haqda imzo chektiriladi.
Koʻzdan kechirish korxonada, muassasada, tashkilotda oʻtkazilsa — maʼmuriyat vakilining, harbiy qismda, shtabda va muassasada oʻtkazilsa — qoʻmondonlik vakilining, zarur hollarda esa, moddiy javobgar shaxsning qatnashishi shart. Binolarni koʻzdan kechirishda ushbu Kodeksning 160 va 161-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinishi lozim.
140-modda. Narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni koʻzdan kechirish
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi va sud narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni ular topilgan joyda, basharti koʻzdan kechirish koʻp vaqt yoki qoʻshimcha texnik vositalar talab qilsa, keyinchalik surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi oʻtkazilayotgan joyda koʻzdan kechiradilar.
Koʻzdan kechirish texnik vositalardan foydalanilgan holda, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlarida, agar narsalarning yoki hujjatlarning yoxud elektron maʼlumotlarning yoʻqolishiga yoki shikastlanishiga olib kelmasa, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻida oʻtkazilishi mumkin.
141-modda. Koʻzdan kechirish bayonnomasi
Ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi yoki tergovchi koʻzdan kechirish oʻtkazilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi, sud esa koʻzdan kechirish jarayonini va uning natijalarini sud majlisi bayonnomasida qayd etadi.
Bayonnomada koʻzdan kechirish davomida topilgan barcha narsalar, ular qanday tartibda koʻzdan kechirilgan boʻlsa, xuddi shu tartibda, koʻzdan kechirish paytida qanday holatda kuzatilgan boʻlsa, xuddi shu holatda qayd etiladi. Koʻzdan kechirish chogʻida topilgan va olingan barcha izlar, narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar sanab oʻtiladi. Olingan buyumning egasiga tegishli maʼlumotnoma yoki bayonnomaning nusxasi beriladi.
Bundan tashqari, bayonnomada: koʻzdan kechirish qaysi vaqtda, qanday ob-havoda va qanday yorugʻlikda oʻtkazilganligi; qanday ilmiy-texnika vositalari qoʻllanilganligi va qanday natijalar olinganligi; koʻzdan kechirishda koʻmaklashish uchun kimlar jalb qilinganligi va koʻmaklashish nimada oʻz aksini topganligi; qanday narsalar va hujjatlar qay tartibda va qanday muhr bilan muhrlanganligi; koʻzdan kechirilganidan keyin murda va ish uchun ahamiyatli boʻlgan narsalarning qayerga yuborilganligi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
17-bob. GUVOHLANTIRISH
142-modda. Guvohlantirish uchun asoslar
Guvohlantirish:
1) odamning badanidagi ish uchun ahamiyatga molik xususiyat yoki alomatlarni, alohida belgilarni, uning jismoniy rivojlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, dogʻlarni, tirnalgan, shilingan, qontalash joylarni topish zarurati tugʻilgan hollarda, agar buning uchun ekspertiza oʻtkazish lozim boʻlmasa;
2) ekspertiza oʻtkazishni talab qilmaydigan usullarni qoʻllash yoʻli bilan shaxsning mastlik va boshqa fiziologik holatini aniqlash zarurati tugʻilgan hollarda oʻtkaziladi.
143-modda. Guvohlantiriladigan shaxslar
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va jabrlanuvchi guvohlantirilishlari mumkin. Guvoh uning koʻrsatuvlari toʻgʻriligini tekshirish uchungina guvohlantirilishi mumkin.
144-modda. Guvohlantirishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrim
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchining badanida jinoyat izlari, ish uchun ahamiyatga molik boshqa belgilar yoki uning gʻayritabiiy fiziologik holati toʻgʻrisida yetarli maʼlumotlar boʻlsa, guvohlantirishni oʻtkazish haqida surishtiruvchi yoki tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Qarorda yoki ajrimda: guvohlantirishni kim va qanday maqsadda oʻtkazishi; kimni guvohlantirish kerakligi; guvohlantirilishi uchun shaxs kimning huzuriga va qachon yetib kelishi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
145-modda. Guvohlantirish haqidagi qarorning yoki ajrimning majburiyligi
Surishtiruvchining, tergovchining guvohlantirish oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori yoki sudning shu toʻgʻridagi ajrimi qaysi shaxs xususida chiqarilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga nisbatan majburiydir.
Guvohlantirishdan bosh tortayotgan shaxslar majburiy keltirilishi va guvohlantirilishi mumkin.
146-modda. Guvohlantirishni oʻtkazish tartibi
Guvohlantirishni oʻtkazish haqidagi qaror yoki ajrim guvohlantiriluvchiga eʼlon qilinadi. Guvohlantirishning barcha ishtirokchilariga ularning huquq va burchlari tushuntirilishi lozim.
Shaxsni yechintirib yalangʻochlash, shuningdek uning badanidagi tirnalgan, shilingan, qontalash joylarni aniqlash bilan bogʻliq boʻlmagan guvohlantirish surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan xolislar ishtirokida, zarur hollarda esa, shifokor yoki boshqa mutaxassis ishtirokida oʻtkaziladi. Ushbu turdagi guvohlantirish taraflar ishtirokida sud tomonidan ham oʻtkazilishi mumkin.
Shaxsni yechintirib yalangʻochlash yoki uning badanidagi tirnalgan, shilingan, qontalash joylarni aniqlash bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek ushbu Kodeks 142-moddasining ikkinchi bandida nazarda tutilgan guvohlantirish surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning topshirigʻiga binoan shifokor yoxud boshqa mutaxassis tibbiy xodim tomonidan oʻtkaziladi.
147-modda. Guvohlantirish bayonnomasi
Guvohlantirish oʻtkazilganligi haqida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa guvohlantirish jarayoni va natijalarini sud majlisi bayonnomasida qayd etadi. Bayonnomada guvohlantirish oʻtkazgan shaxsning hamma harakatlari va guvohlantirish davomida aniqlangan barcha izlar, xususiyatlar va belgilar qayd etilgan boʻlishi lozim.
Guvohlantirish shifokor yoki boshqa mutaxassis tomonidan oʻtkazilgan boʻlsa, u bayonnoma tuzadi va imzolaydi, guvohlantirilgan shaxs va xolislar ham imzolaganidan soʻng bayonnomani tegishincha surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga taqdim etadi.
18-bob. MURDANI EKSGUMATSIYA QILISH
148-modda. Murdani eksgumatsiya qilish asoslari va tartibi
Koʻzdan kechirish, tanib olish, tekshirish yoki ekspertizaga namunalar olish uchun murdani qabrdan chiqarib olish zarur boʻlgan taqdirda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida mazkur tergov harakatini oʻtkazish asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Tergovchining yoki surishtiruvchining murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
Sud murdani eksgumatsiya qilishni surishtiruv organlariga yoki tergovchiga topshiradi, bu haqda ajrim chiqaradi.
1481-modda. Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish
Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, qonuniy vakil yoki murdasi eksgumatsiya qilinishi lozim boʻlgan vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biri, zarur hollarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi.
Sud majlisining oʻtkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, soʻngra taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
1482-modda. Sud ajrimi
Sudya murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Sudyaning ajrimi prokurorga ijro uchun, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga esa maʼlumot uchun yuboriladi.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma toʻrt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay yakka tartibda koʻrib chiqishi kerak.
Apellyatsiya shikoyati yoki protesti berilishi sudning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi ajrimi ijrosini toʻxtatib turadi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmay qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va murdani eksgumatsiya qilishga ruxsat berishga yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etishga haqli.
Murdani eksgumatsiya qilish rad etilgan taqdirda, aynan oʻsha murdaga nisbatan mazkur masala boʻyicha takroran sudga murojaat qilishga murdani eksgumatsiya qilishni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yoʻl qoʻyiladi.
149-modda. Murdani eksgumatsiya qilish tartibi
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud murdani eksgumatsiya qilishni sogʻliqni saqlash organlari bilan kelishgan holda va murda koʻmilgan joy vakilining ishtirokida amalga oshiradi. Eksgumatsiya surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida amalga oshirilayotgan boʻlsa, xolislarning ishtirok etishi shart. Sud eksgumatsiyani taraflar ishtirokida amalga oshiradi.
Murdani eksgumatsiya qilishda sud tibbiyoti sohasidagi mutaxassis shifokor, zarur boʻlsa, boshqa mutaxassislar ham qatnashadilar. Agar ekspertiza tayinlangan boʻlsa, eksgumatsiya oʻtkazishda sud tibbiyoti ekspertining ishtirok etishi shart.
Zarur hollarda, eksgumatsiyani oʻtkazishga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek murdani tanib olishi mumkin boʻlgan shaxslar jalb qilinishi mumkin.
150-modda. Murdani eksgumatsiya qilish bilan bogʻliq protsessual harakatlar
Eksgumatsiya ekspertiza qilish maqsadida oʻtkazilayotgan boʻlsa, ekspertiza oʻtkazish haqida qaror yoki ajrim chiqarilishi lozim. Bunda murda ekspertiza muassasasiga joʻnatiladi yoki ekspertiza murda koʻmilgan joyning oʻzida oʻtkaziladi.
Murdani koʻzdan kechirish, tanib olish va ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish ushbu Kodeksning 125, 126, 131, 138, 188 — 191, 193 va 197-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
151-modda. Murdani eksgumatsiya qilish bayonnomasi
Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa eksgumatsiya jarayoni va natijalarini sud majlisining bayonnomasida qayd etadi. Bayonnomaga qabr, tobut va murdaning fotosuratlari, kinotasvir va videoyozuvlari ilova qilinishi mumkin.
Murda eksgumatsiya qilinganidan soʻng koʻzdan kechirish, tanib olish yoki ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish amalga oshirilgan boʻlsa, mazkur tergov harakatlari toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
152-modda. Murdani eksgumatsiyadan soʻng koʻmish
Eksgumatsiyadan va boshqa protsessual harakatlardan soʻng murdani koʻmish murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida qaror yoki ajrim chiqargan shaxsning ishtirokida amalga oshiriladi. Murda koʻmilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
19-bob. EKSPERIMENT
153-modda. Eksperiment oʻtkazish uchun asoslar
Surishtiruvchi, tergovchi va sud guvohlar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilarning koʻrsatuvlarini, boshqa dalillarni, shuningdek ish yuzasidan qilingan tusmol, tekshirilayotgan hodisaga oid muayyan harakatlar, sharoit va holatlarni tiklash hamda zaruriy tajribalar oʻtkazish orqali tekshirishga haqlidir.
Eksperiment biror hodisani idrok qilish, muayyan harakatlarni bajarish, biror hodisaning sodir boʻlish imkoniyatini tekshirish, shuningdek hodisaning yuz berish va izlarning qolish yoʻsinlarini aniqlash uchun oʻtkaziladi.
154-modda. Eksperiment oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrim
Eksperiment oʻtkazish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Eksperiment natijasida fuqarolar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga mulkiy zarar yetkazilishi, ishlab chiqarish tartibotining, transport vositalari harakati jadvalining buzilishi va boshqa noxush oqibatlarning kelib chiqishi ehtimol boʻlsa, surishtiruvchining, tergovchining bunday eksperiment oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaroriga prokuror sanksiya berishi lozim.
Eksperiment jamoat tartibi yoki axloq normalarining buzilishiga olib keladigan boʻlsa, uni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspert tomonidan oʻtkaziladigan eksperiment sud ekspertizasining tarkibiy qismi hisoblanadi.
155-modda. Eksperimentni oʻtkazish tartibi
Surishtiruvchi yoki tergovchi eksperimentni xolislar, sud esa taraflar ishtirokida oʻtkazadi.
Eksperiment oʻtkazishga mutaxassis va ekspert, shuningdek tajriba harakatlarini olib boruvchi shaxslar jalb qilinishi mumkin. Murakkab eksperimentlar kamida ikki nafar xolis va bir necha mutaxassis ishtirokida oʻtkazilishi mumkin. Eksperiment oʻtkazishga, shuningdek koʻrsatuvlari tekshirilishi lozim boʻlgan shaxslar ham jalb qilinishi lozim. Bunda guvohlar va jabrlanuvchilar koʻrsatuv berishdan boʻyin tovlaganlik va bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilishi lozim. Eksperiment ishtirokchilariga uning maqsadi va oʻtkazilish tartibi tushuntiriladi.
Tajriba harakatlarini oʻtkazishdan oldin oʻrganilayotgan hodisa sharoitlari tekshirilayotgan koʻrsatuv yoki tusmollarga toʻla muvofiq holda tiklangan boʻlishi lozim. Buning uchun gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning har biriga alohida-alohida oʻzi qatnashgan yoki shohid boʻlgan hodisaning sharoit va holatlarini tiklash taklif qilinishi mumkin. Shundan keyin surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tegishli tajriba harakatlarini oʻtkazadi, shu maqsadda oʻlchash, fotosuratga tushirish, kinotasvirga olish, ovoz yozish, videoyozuv, reja, sxema va chizmalar tuzish, eksperimental qoliplar va izlarning nusxalarini tayyorlash mumkin.
Eksperiment oʻtkazish sharoiti tiklanayotgan harakat yoki hodisalar yuz bergan sharoitga iloji boricha oʻxshash boʻlishi lozim. Tajribalar imkon boricha bir necha marta oʻtkaziladi. Tajribalarning sharoitlari oʻzgartirilishi mumkin.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, mutaxassis va ekspertga eksperiment yuzasidan savol berilishi mumkin. Sudning ijozati bilan eksperimentda ishtirok etayotgan shaxslarga taraflar ham savol berishi mumkin. Taraflar va eksperimentda ishtirok etayotgan boshqa shaxslar surishtiruvchining, tergovchining va sudning eʼtiborini, ularning fikricha ish holatini aniqlashga yordam berishi mumkin boʻlgan barcha holatlarga qaratishga, eksperiment sharoitiga aniqlik kiritishni va tajriba harakatlarini takrorlashni talab qilishga haqlidir. Koʻrsatuvi tekshirilayotgan shaxs eksperiment munosabati bilan oʻzining qoʻshimcha soʻroq qilinishini talab qilishi mumkin.
156-modda. Eksperiment bayonnomasi
Eksperiment oʻtkazilganligi haqida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi, tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa eksperimentning borishi va natijalarini sud majlisi bayonnomasida aks ettiradi. Bundan tashqari, bayonnomada: eksperiment qanday maqsadda, qachon, qayerda va qanday sharoitda oʻtkazilganligi; hodisaning sharoitini va holatini tiklash aynan nimalarda oʻz aksini topganligi; qanday tajriba harakatlari qay tartibda, kim tomonidan va necha marta oʻtkazilganligi; qanday natijalar olinganligi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
20-bob. OLIB QOʻYISH VA TINTUV
157-modda. Olib qoʻyish uchun asoslar
Jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik narsalarning, hujjatlarning va elektron maʼlumotlarning aynan kimda va qayerda ekanligi maʼlum boʻlib, ularni qidirishning hojati boʻlmasa, surishtiruvchi, tergovchi va sud ularni olib qoʻyishga haqlidir.
158-modda. Tintuv oʻtkazish uchun asoslar
Surishtiruvchi va tergovchi biror turar joy, xizmat, ishlab chiqarish binosida yoki oʻzga joyda yoxud biror shaxsda ish uchun ahamiyatli boʻlgan narsalar yoki hujjatlar yoxud elektron maʼlumotlar bor deb oʻylash uchun yetarli maʼlumotga ega boʻlgan taqdirda tintuv oʻtkazishga haqlidir.
Tintuv qidirilayotgan shaxsni, shuningdek murdani topish uchun ham oʻtkazilishi mumkin.
1581-modda. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish
Tintuv oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida uni oʻtkazish uchun asoslarni bayon etgan holda qaror chiqaradi.
Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Tergovchining yoki surishtiruvchining tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda tintuv tergovchining yoki surishtiruvchining qaroriga asosan sudning roziligisiz oʻtkazilishi mumkin, biroq keyinchalik sud va prokuror oʻtkazilgan tintuv haqida yigirma toʻrt soat ichida xabardor qilinadi. Xabarnomada kechiktirib boʻlmaydigan holatlar aniq koʻrsatilishi kerak. Tintuv oʻtkazish haqidagi qarorning qonuniyligini tekshirish uchun mazkur xabarnomaga tergovchining yoki surishtiruvchining tintuv oʻtkazish haqidagi qarorining, tintuv bayonnomasining va zarur materiallarning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi. Mazkur xabarnomani va unga ilova qilingan materiallarni olgach, sudya oʻtkazilgan tintuvning qonuniyligini qirq sakkiz soat ichida ushbu Kodeksning 1582 va 1583-moddalari tartibida tekshiradi hamda uning qonuniyligi yoki qonunga xilofligi toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Agar sudya oʻtkazilgan tintuvni qonunga xilof deb topsa, tintuv oʻtkazish chogʻida olingan barcha dalillar ushbu Kodeksning 951-moddasiga muvofiq nomaqbul deb topiladi.
1582-modda. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish
Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, zarur boʻlgan taqdirda tergovchi, surishtiruvchi ishtirok etadi.
Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, keyin taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
1583-modda. Sud ajrimi
Sudya tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida yoki tintuv oʻtkazishni rad etish haqida ajrim chiqaradi. Sudyaning tintuv oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Sudyaning tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Sud tintuv oʻtkazishni prokurorga, surishtiruvchiga yoki tergovchiga topshiradi.
Sudyaning tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi yoki tintuv oʻtkazishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan oʻziga nisbatan tintuv oʻtkazilgan shaxs ajrim ijro etilgan kundan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berishi, prokuror ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran shu muddat ichida apellyatsiya tartibida protest bildirishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati (protesti) ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma toʻrt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi mazkur materiallarni shikoyat (protest) bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yakka tartibda koʻrib chiqishi kerak.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi sudning tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimi ijrosini toʻxtatib turmaydi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va tintuv oʻtkazishga rozilik berishga yoki tintuv oʻtkazishni rad etishga haqli.
Tintuv oʻtkazish rad etilgan taqdirda, mazkur masala boʻyicha takroran sudga murojaat qilishga tintuv oʻtkazishni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yoʻl qoʻyiladi.
159-modda. Olib qoʻyishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrim
Olib qoʻyish surishtiruvchining yoki tergovchining qarori yoxud sudning ajrimiga koʻra oʻtkaziladi, bunda ular olib qoʻyishni oʻtkazishni surishtiruv organiga yoki tergovchiga topshirishga haqli.
Olib qoʻyishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda bu harakat qayerda va kimnikida bajarilishi zarurligi, qaysi narsalar yoki hujjatlar yoxud elektron maʼlumotlar olib qoʻyilishi lozimligi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
160-modda. Olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazish vaqtida hozir boʻladigan shaxslar
Olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazishda xolislar, zarurat boʻlgan taqdirda mutaxassis va tarjimon ham ishtirok etadilar.
Olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazish jarayonida bu harakatlar uyida oʻtkazilayotgan shaxsning oʻzi yoki hech boʻlmaganda uning voyaga yetgan oila aʼzolaridan birining ishtirok etishi taʼminlanishi lozim. Basharti ularning ishtirok etishini taʼminlashga imkon boʻlmasa, tegishli hokimlik yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining vakili taklif qilinadi.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, harbiy qismlar joylashgan binolarda olib qoʻyish yoki tintuv ularning vakillari ishtirokida oʻtkaziladi.
Tintuv qilinayotganlarga, xolislarga, mutaxassislarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, harbiy qismlarning vakillariga tintuv yoki olib qoʻyish oʻtkazilishidan avval ularning surishtiruvchi yoki tergovchining barcha harakatlari chogʻida hozir boʻlish hamda ana shu harakatlar xususida arz qilish huquqlari tushuntirilishi kerak. Bunday arz bayonnomaga kiritilishi shart.
161-modda. Olib qoʻyish va tintuv oʻtkazish tartibi
Surishtiruvchi yoki tergovchi olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazish haqidagi qarorga yoki ajrimga asosan ish uchun ahamiyatli boʻlgan narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni qidirib topish maqsadida turar joyga yoki boshqa binoga kirishga haqlidir.
Surishtiruvchi, tergovchi olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazishga kirishishdan oldin olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazilayotgan shaxsni qaror yoki ajrim bilan tanishtirib imzo qoʻydirishi shart.
Surishtiruvchi, tergovchi olib qoʻyish yoki tintuv oʻtkazilayotgan binoda yoki oʻzga joyda turgan shaxslarning olib qoʻyish yoki tintuv tamom boʻlgunga qadar shu bino yoki joydan chiqib ketishini, shuningdek ularning bir-birlari bilan yoki boshqa shaxslar bilan gaplashishini taqiqlab qoʻyishga haqlidir.
Surishtiruvchi, tergovchi olib qoʻyish chogʻida qaror yoki ajrim bilan tanishtirganidan keyin olinishi lozim boʻlgan narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni ixtiyoriy ravishda berishni taklif qiladi, taklif rad etilgan taqdirda majburiy ravishda oladi. Agar bu narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar olib qoʻyishni amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda koʻrsatilgan joydan topilmasa, u holda tintuv oʻtkaziladi.
https://neolex.uz/uz/laws/criminal-procedure
