321-modda. Jinoyat ishini qoʻzgʻatish majburiyati
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi oʻz vakolatlari doirasida jinoyat sodir etilganligi toʻgʻrisida sabab va yetarli asoslar mavjud boʻlgan barcha hollarda jinoyat ishini qoʻzgʻatishi shart.
Daxlsizlikka, immunitetga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatish uchun sabab va yetarli asoslar mavjud boʻlganda, hujjatlar tegishliligiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuroriga, viloyat, Toshkent shahar prokuroriga, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuroriga va ularga tenglashtirilgan prokurorga yuboriladi.
