54611-modda. Daxlsizlikni va immunitetni buzishning protsessual oqibatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Ushbu bobda belgilangan talablarni buzgan holda qabul qilingan protsessual qarorlar hamda harakatlar qonunga xilof deb hisoblanadi va bekor qilinishi lozim.
Daxlsizlikka, immunitetga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan toʻplangan dalillar, agar ular belgilangan talablarni buzgan holda olingan boʻlsa, nomaqbul deb topiladi va ayblov asosiga qoʻyilishi mumkin emas.
Ushbu moddada nazarda tutilgan oqibatlar faqat daxlsizlik yoki immunitet huquqi buzilgan shaxsga nisbatan amal qiladi.
Daxlsizlik va immunitet talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda jinoyat ishini yuritish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxs:
1) nomaqbul dalillarni ish materiallaridan chiqarib tashlaydi;
2) qonunga xilof protsessual majburlov chorasini bekor qiladi;
3) jinoyat ishi tegishli vakolatga ega boʻlmagan shaxs tomonidan qoʻzgʻatilgan yoki yozma rozilik mavjud boʻlmagan taqdirda ishni tugatadi;
4) qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxsning javobgarligi masalasini hal qilish uchun taqdimnoma yoki xususiy ajrim chiqaradi.
