54610-modda. Daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarga nisbatan tergov harakatlarini oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Ushbu Kodeks 5463-moddasi birinchi qismining 1 — 5, 7, 8, 9 va 12-bandlarida koʻrsatilgan daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirishga, ularni koʻzdan kechirishga, ularda tintuv oʻtkazishga yoki ulardan ashyoni olishga, telefondagi soʻzlashuvlarini eshitishga, mazkur shaxslarni shaxsan koʻzdan kechirishga va shaxsiy tintuv qilishga, shuningdek ularning xat-xabarlarini, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirishga, olib qoʻyishga yoxud olishga faqat mazkur shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatilganidan va ularni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilganidan keyin hamda tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining va uning oʻrinbosarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning ruxsati yoki sudning qarori bilan yoʻl qoʻyiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, ularda tintuv oʻtkazish yoki ulardan ashyoni olish, mazkur shaxslarning telefondagi soʻzlashuvlarini eshitish, ularni koʻzdan kechirish va shaxsiy tintuv qilish, shuningdek ularning xat-xabarlarini, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirish, olib qoʻyish yoxud olish faqat tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yozma ruxsati yoki sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Davlat organlarining va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini, shu jumladan sobiq xodimini u bilan mehnat shartnomasi tugatilganidan yoki xizmatdan boʻshatilganidan keyin ikki yil ichida guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida soʻroq qilishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Advokatning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, ularda tintuv oʻtkazish yoki ularni olib qoʻyish, uning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, advokatni koʻzdan kechirish va shaxsiy tintuvdan oʻtkazish, xuddi shuningdek uning pochta-telegraf joʻnatmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirish yoki olib qoʻyish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turish tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi yoki sudning qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.
