4973-modda. Hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Qonuniy kuchga kirmagan hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin:
1) jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining hukmi ustidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudiga;
2) hududiy harbiy sudlarning hukmi ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmlari ustidan — ayni shu sudlarga.
Apellyatsiya shikoyatlari (protestlari) hukm chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita apellyatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, mazkur sud ularni hukm chiqargan sudga ushbu Kodeksning 4976-moddasida bayon etilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.
