66-modda. Guvohning huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Guvoh: advokatning yuridik yordamidan foydalanish; tergov harakatlarida advokat bilan birga ishtirok etish; soʻroq yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida koʻrsatuvlar berish va bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish; uning soʻroq qilinishida ishtirok etuvchi tarjimonni rad qilish; dalillarni taqdim etish; koʻrsatuvlarini oʻz qoʻli bilan yozib berish; oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi koʻrsatuv bermaslik; soʻroq bayonnomasi bilan tanishish, unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish; koʻrsatuvlar berishda yozma belgilar va hujjatlardan foydalanish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish huquqiga ega.
Guvoh: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; ish boʻyicha oʻziga maʼlum hamma narsa haqida haqqoniy soʻzlab berishi; berilgan savollarga javob qaytarishi; ish boʻyicha oʻziga maʼlum boʻlgan holatlarni soʻroq qiluvchining ruxsatisiz oshkor etmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Guvoh uzrsiz sababga koʻra kelmagan taqdirda ushbu Kodeksning 261 — 264-moddalarida nazarda tutilgan tartibda majburiy ravishda olib kelinishi mumkin.
Guvoh koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik, shuningdek bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar boʻladi.
Jinsiy zoʻravonlikka oid jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan guvohga ushbu Kodeksning 50-moddasida belgilangan tartibda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralari koʻriladi.
