Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism)
29.08.1996
IKKINCHI QISM
3-kichik boʻlim. MAJBURIYATLARNING AYRIM TURLARI
29-bob. Oldi-sotdi
1-§. Oldi-sotdi toʻgʻrisida umumiy qoidalar
386-modda. Oldi-sotdi shartnomasi
Oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni toʻlash majburiyatini oladi.
Agar qonunda qimmatli qogʻozlar va valyuta qimmatliklarining oldi-sotdisiga doir maxsus qoidalar belgilangan boʻlmasa, ularni olish-sotishga nisbatan ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilgan hollarda ayrim turdagi tovarlarni olish-sotishning oʻziga xos jihatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.
Ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar mulkiy huquqlarni sotishga nisbatan qoʻllanadi, agar ushbu huquqlar mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa.
Ayrim turdagi oldi-sotdi (chakana oldi-sotdi, tovarlar yetkazib berish, energiya taʼminoti, korxonani sotish va boshqalar) shartnomalariga nisbatan, agar ushbu Kodeksning bu turdagi shartnomalarga doir qoidalarida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
387-modda. Shartnomaning tovar toʻgʻrisidagi sharti
Oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha har qanday ashyolar ushbu Kodeksning 82-moddasi qoidalariga rioya qilgan holda tovar boʻlishi mumkin.
Shartnoma, agar qonunda boshqacha hol belgilangan boʻlmasa yoki u tovarning xususiyatidan kelib chiqmasa, shartnomani tuzish paytida sotuvchida mavjud boʻlgan tovarni, shuningdek kelajakda sotuvchi yaratadigan yoki oladigan tovarni olish-sotish haqida tuzilishi mumkin.
Agar shartnoma tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkonini bersa, tovar toʻgʻrisidagi oldi-sotdi shartnomasining sharti kelishilgan hisoblanadi.
388-modda. Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari
Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarni topshirishi shart.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchi sotib oluvchiga ashyoni berish bilan bir vaqtda unga mansub ashyoni, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan ashyoga aloqador hujjatlar (texnik pasporti, sifat sertifikati, foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma va hokazolar)ni topshirishi shart.
389-modda. Tovarni topshirish majburiyatini bajarish muddati
Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyatini bajarish muddati oldi-sotdi shartnomasida belgilanadi, agar shartnoma bu muddatni aniqlash imkonini bermasa, u ushbu Kodeksning 242-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi.
Belgilangan muddat buzilgan taqdirda sotib oluvchida shartnomaning bajarilishiga qiziqish yoʻqolishi shartnomadan aniq bilinib tursa, oldi-sotdi shartnomasi uni qatʼiy belgilangan muddatda bajarish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi. Sotuvchi bunday shartnomani unda belgilangan muddatdan oldin yoki bu muddat tugagandan soʻng sotib oluvchining roziligisiz bajarishga haqli emas.
390-modda. Sotuvchining tovarni topshirish majburiyatini bajarish payti
Basharti, oldi-sotdi shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchining sotib oluvchiga tovarni topshirish vazifasi quyidagi paytlarda bajarilgan hisoblanadi:
agar shartnomada sotuvchining tovarni yetkazib berish majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, tovarni sotib oluvchiga yoki u koʻrsatgan shaxsga topshirish paytida;
agar tovar sotib oluvchiga tovar turgan yerda berilishi lozim boʻlsa, tovarni sotib oluvchi ixtiyoriga topshirish paytida. Shartnomada nazarda tutilgan muddatda tovar tegishli yerda sotib oluvchiga topshirish uchun tayyor boʻlgan va sotib oluvchi shartnoma shartlariga muvofiq tovar topshirishga tayyor ekanligidan xabardor qilingan vaqtda tovar sotib oluvchi ixtiyoriga topshirilgan deb hisoblanadi. Agar tovarning shartnoma maqsadlariga mosligi tamgʻalash yoki boshqa yoʻl bilan tasdiqlangan boʻlmasa, tovar topshirish uchun tayyor deb hisoblanmaydi.
Oldi-sotdi shartnomasidan sotuvchining tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish yoki tovarni turgan yerida sotib oluvchiga topshirish majburiyati kelib chiqmaydigan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish uchun tashuvchiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish paytida sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bajarilgan hisoblanadi.
391-modda. Sotuvchining sotilgan mol-mulkni saqlash majburiyati
Mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq mol-mulkni topshirishdan oldin sotib oluvchiga oʻtgan hollarda, sotuvchi mol-mulkning yomonlashishiga yoʻl qoʻymay, uni topshirgunga qadar saqlashi shart. Buning uchun qilingan zarur chiqimlarni, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi sotuvchiga toʻlashi shart.
392-modda. Tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfining oʻtishi
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi sotuvchi tovarni sotib oluvchiga topshirish boʻyicha oʻz majburiyatini qonun yoki shartnomaga muvofiq bajargan deb hisoblangan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtadi.
Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yoʻlda boʻlgan paytida sotilgan tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi shartnoma tuzilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtadi.
Oldi-sotdi shartnomasining tovar tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi u birinchi tashuvchiga topshirilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtishi haqidagi sharti, agar shartnoma tuzilgan paytda sotuvchi tovar yoʻqolgani yoki shikastlanganini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa va bu haqda sotib oluvchiga maʼlum qilmagan boʻlsa, sotib oluvchi talabiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
393-modda. Sotuvchining tovarni uchinchi shaxslar huquqlaridan ozod holda topshirish majburiyati
Sotuvchi tovarni sotib oluvchiga uchinchi shaxslarning har qanday huquqlaridan ozod holda topshirishi shart, sotib oluvchi uchinchi shaxslarning huquqlari boʻlgan tovarni qabul qilishga rozilik bergan hollar bundan mustasno. Bu qoidani bajarmaslik sotib oluvchiga xarid narxini kamaytirishni yoki oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni va koʻrilgan zararni qoplashni talab qilish huquqini beradi, sotib oluvchi bu tovarga uchinchi shaxslarning huquqlari borligini bilgani yoki bilishi lozim boʻlgani isbotlanadigan hollar bundan mustasno.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni sotib oluvchiga topshirish paytida unga uchinchi shaxslarning daʼvolari borligi sotuvchiga maʼlum boʻlgan hollarda ham, agar bu daʼvolar keyinchalik belgilangan tartibda qonuniy deb tan olingan boʻlsa, tegishli ravishda qoʻllanadi.
394-modda. Tovarni olib qoʻyish toʻgʻrisida daʼvo qilingan taqdirda sotib oluvchi va sotuvchining majburiyatlari
Agar uchinchi shaxs oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar yuzaga kelgan asos boʻyicha tovarni olib qoʻyish toʻgʻrisida sotib oluvchiga daʼvo qilsa, sotib oluvchi sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilishi, sotuvchi esa bu ishda sotib oluvchi tomonida qatnashishi shart.
Agar sotuvchi basharti ishda qatnashganida sotilgan tovar sotib oluvchidan olib qoʻyilishining oldini olgan boʻlishi mumkinligini isbotlab bersa, sotib oluvchining sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilmasligi sotuvchini sotib oluvchi oldidagi javobgarlikdan ozod qiladi.
Sotib oluvchi tomonidan ishda qatnashishga jalb qilingan, biroq unda qatnashmagan sotuvchi sotib oluvchining ishni notoʻgʻri yuritganligini isbotlash huquqidan mahrum boʻladi.
395-modda. Sotib oluvchidan tovar olib qoʻyilgan taqdirda sotuvchining javobgarligi
Oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar vujudga kelgan asoslar boʻyicha uchinchi shaxslar sotib oluvchidan tovarni olib qoʻygan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga u koʻrgan zararni qoplashi lozim, sotib oluvchi bunday asoslarning mavjudligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan hollar bundan mustasno.
Olingan tovar uchinchi shaxslar tomonidan sotib oluvchidan talab qilib olinadigan hollarda taraflarning sotuvchini javobgarlikdan ozod qilish yoki uning javobgarligini cheklash toʻgʻrisidagi kelishuvi haqiqiy emas.
396-modda. Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari
Agar sotuvchi sotilgan tovarni sotib oluvchiga topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli.
Sotuvchi xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi sotuvchiga ushbu Kodeksning 331-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli.
397-modda. Tovarga mansub ashyolarni va hujjatlarni topshirish majburiyatini bajarmaslik oqibatlari
Agar sotuvchi qonunchilikka yoki oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirishi shart boʻlgan (ushbu Kodeks 388-moddasining ikkinchi qismi) tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlarni sotib oluvchiga topshirmasa yoki topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi ularni topshirish uchun unga oqilona muddat tayinlashga haqli.
Tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlar sotuvchi tomonidan koʻrsatilgan muddatda topshirilmasa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi tovardan voz kechishga haqli.
398-modda. Tovarning miqdori
Sotib oluvchiga topshirilishi lozim boʻlgan tovarning miqdori oldi-sotdi shartnomasida tegishli oʻlchov birliklarida yoki pulda nazarda tutiladi. Tovarning miqdori toʻgʻrisidagi shart shartnomada uni aniqlash tartibini belgilash yoʻli bilan kelishilishi mumkin.
Agar oldi-sotdi shartnomasi topshirilishi lozim boʻlgan tovar miqdorini aniqlash imkonini bermasa, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi.
399-modda. Shartnomaning tovar miqdori toʻgʻrisidagi shartlarini buzish oqibatlari
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlarini buzib, sotib oluvchiga shartnomada belgilangan miqdordan kam tovar topshirgan boʻlsa, sotib oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yo tovarning yetishmayotgan miqdorini topshirishni talab qilishga, yo topshirilgan tovardan va uning haqini toʻlashdan bosh tortishga, bordi-yu uning haqi toʻlangan boʻlsa, toʻlangan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilganidan ortiq miqdorda tovar bergan taqdirda, sotib oluvchi bu haqda ushbu Kodeks 416-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda sotuvchiga maʼlum qilishi lozim. Agar sotib oluvchidan xabar olganidan soʻng sotuvchi oqilona muddatda tegishli tovarni tasarruf qilmasa, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi tovarning hammasini qabul qilish huquqiga ega.
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilganidan ortiq miqdorda tovar qabul qilib olgan taqdirda, agar taraflarning kelishuvi bilan boshqa baho belgilangan boʻlmasa, tegishli tovar uchun shartnomada belgilangan bahoda haq toʻlanadi.
400-modda. Tovarlarning assortimenti
Agar oldi-sotdi shartnomasiga koʻra tovarlar tur, model, oʻlcham, rang va boshqa belgilari (assortiment) boʻyicha muayyan nisbatda topshirilishi lozim boʻlsa, sotuvchi tovarlarni sotib oluvchiga taraflar kelishgan assortimentda topshirishi shart.
Agar oldi-sotdi shartnomasida assortiment belgilanmagan hamda shartnomada uni belgilash tartibi koʻrsatilmagan boʻlsa, lekin majburiyat mohiyatidan tovarlar sotib oluvchiga assortiment boʻyicha topshirilishi lozimligi kelib chiqsa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarlarni sotib oluvchining shartnoma tuzish paytida sotuvchiga maʼlum boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqadigan assortimentda topshirishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
401-modda. Shartnomaning tovar assortimenti toʻgʻrisidagi shartini buzish oqibatlari
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarlarni shartnomaga mos kelmaydigan assortimentda topshirgan taqdirda sotib oluvchi ularni qabul qilishdan va haqini toʻlashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi toʻlab qoʻyilgan boʻlsa, toʻlangan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Agar sotuvchi sotib oluvchiga assortimenti oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarlar bilan bir qatorda assortiment toʻgʻrisidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlar ham topshirgan boʻlsa, sotib oluvchi oʻz ixtiyoriga koʻra:
shartnomaning assortiment toʻgʻrisidagi shartlariga mos boʻlgan tovarlarni qabul qilish va qolgan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish;
topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish;
shartnomaning assortiment toʻgʻrisidagi shartlariga mos boʻlmagan tovarlarni shartnomada nazarda tutilgan assortimentdagi tovarlarga almashtirib berishni talab qilish;
topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilish huquqiga ega.
Sotib oluvchi assortimenti oldi-sotdi shartnomasi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortganida yoki assortiment toʻgʻrisidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlarni almashtirishni talab qilganida bu tovarlar haqini toʻlashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi toʻlab qoʻyilgan boʻlsa, toʻlangan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga ham haqli.
Agar sotib oluvchi shartnomaning assortiment toʻgʻrisidagi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni olganidan soʻng ularni qabul qilishdan bosh tortishi toʻgʻrisida oqilona muddatda sotuvchiga xabar qilmasa, bunday tovarlar qabul qilingan hisoblanadi.
Agar sotib oluvchi assortimenti shartnomaga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortmasa, bu tovarlarning haqini sotuvchi bilan kelishilgan bahoda toʻlashi shart. Sotuvchi bahoni kelishish boʻyicha oqilona muddatda zarur choralar koʻrmagan taqdirda, sotib oluvchi tovarlar haqini odatda shartnoma tuzish paytidagi oʻxshash vaziyatlarda xuddi shunday tovarlarga berilgan bahoda toʻlaydi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu modda qoidalari qoʻllanadi.
402-modda. Tovarning sifati
Sotuvchi sotib oluvchiga sifati oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarni topshirishi shart.
Oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifati toʻgʻrisidagi shartlar koʻrsatilmaganda, sotuvchi sotib oluvchiga belgilangan maqsadlar uchun yaroqli boʻlgan tovarni topshirishi shart.
Agar sotib oluvchi shartnoma tuzish paytida sotuvchiga tovarni qanday aniq maqsadlar uchun sotib olayotganini xabar qilgan boʻlsa, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli boʻlgan tovarni topshirishi shart.
Tovar namunasi boʻyicha va (yoki) taʼrifi boʻyicha sotilganda sotuvchi sotib oluvchiga namuna va (yoki) taʼrifga mos keladigan tovarni topshirishi shart.
Agar qonunda belgilangan tartibga muvofiq, sotilayotgan tovar sifatiga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan boʻlsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga ushbu majburiy talablarga javob beradigan tovarni topshirishi shart.
Sotuvchi bilan sotib oluvchi oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq qonunda nazarda tutilgan tartibda tovarning sifatiga qoʻyilgan majburiy talablarga qaraganda yuqoriroq talablarga javob beradigan tovar topshirilishi mumkin.
403-modda. Tovar sifatining kafolati
Sotuvchi sotib oluvchiga topshirishi lozim boʻlgan tovar uni sotib oluvchiga topshirish paytida ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga, agar tovarning ushbu talablarga muvofiqligini aniqlashning boshqa payti oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan boʻlmasa, javob berishi va oqilona muddat davomida belgilangan maqsadlar uchun yaroqli boʻlishi kerak.
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining tovar sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan taqdirda, sotuvchi sotib oluvchiga shartnomada belgilangan muayyan vaqtda (kafolat muddatida) ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan tovarni topshirishi lozim.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar sifatining kafolati barcha butlovchi buyumlarga ham tegishli boʻladi.
404-modda. Tovarning kafolat muddatini hisoblash
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat muddati tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻta boshlaydi.
Agar sotib oluvchi sotuvchiga bogʻliq boʻlgan holatlar tufayli oldi-sotdi shartnomasida kafolat muddati belgilangan tovardan foydalanish imkoniyatidan mahrum boʻlsa, sotuvchi tegishli holatlarni bartaraf etmaguncha kafolat muddatining oʻtishi boshlanmaydi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan tartibda sotuvchiga tovarning kamchiliklari haqida xabar qilish sharti bilan kafolat muddati tovarda aniqlangan kamchiliklar tufayli undan foydalanib boʻlmagan vaqtga uzaytiriladi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, butlovchi buyumning kafolat muddati asosiy buyumning kafolat muddatiga teng hisoblanadi va asosiy buyumning kafolat muddati bilan bir vaqtda oʻta boshlaydi.
Tovar (butlovchi buyum) almashtirilganda kafolat muddati yangidan oʻta boshlaydi.
405-modda. Tovarning yaroqlilik muddati
Qonunchilikda, shu jumladan milliy standartlarda tovar oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi deb hisoblanadigan vaqt (yaroqlilik muddati) belgilanishi mumkin.
Sotuvchi yaroqlilik muddati belgilangan tovarni sotib oluvchiga shunday moʻljal bilan topshirishi kerakki, toki undan yaroqlilik muddati tugagunga qadar oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish mumkin boʻlsin.
406-modda. Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash
Tovarning yaroqlilik muddati tovar tayyorlangan kundan boshlab foydalanish uchun yaroqli boʻlgan davr bilan yoki tovar foydalanish uchun yaroqli boʻlib turadigan sana bilan belgilanadi.
407-modda. Tovarning sifatini tekshirish
Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifatini tekshirish nazarda tutilgan boʻlsa, tekshirish ularda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Standartlarda tovarlarning sifatini nazorat qilishga nisbatan talablar belgilangan hollarda, sifat ulardagi koʻrsatmalarga muvofiq tekshirilishi kerak.
Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda tovarning sifatini tekshirish shartlari nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning sifati ish muomalasi odatlariga yoki oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha topshirilishi lozim boʻlgan tovarni tekshirishning odatda qoʻllaniladigan boshqa shartlariga muvofiq tekshirilishi lozim.
Agar qonunchilikda, shu jumladan davlat standartlarida yoki oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshiriladigan tovar sifatini tekshirish (sinash, tahlil qilish, koʻzdan kechirish va hokazo) majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, sotib oluvchining talabi bilan sotuvchi unga tovar sifati tekshirilganligining isbotini taqdim qilishi lozim.
Sotuvchi va sotib oluvchi tomonidan tovarning sifatini tekshirish aynan bir xil shartlarda amalga oshirilishi lozim.
408-modda. Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni topshirish oqibatlari
Agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan maʼlum qilinmagan boʻlsa, tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovar topshirilgan sotib oluvchi ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi.
Tovarning butliligiga kiradigan qismi tegishli darajada sifatli boʻlmasa, sotib oluvchi mazkur tovarga nisbatan ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishga haqli.
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni sotgan shaxs uni tayyorlagan boʻlmasa, tovarni almashtirish yoki uning kamchiliklarini tekinga bartaraf etish haqidagi talablar sotuvchiga yoki tovarni tayyorlovchiga qoʻyilishi mumkin.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar mazkur Kodeks yoki boshqa qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, qoʻllaniladi.
409-modda. Tovarning sotuvchi javobgar boʻladigan kamchiliklari
Agar sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo boʻlganligini yoki shu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo boʻlganligini isbot qilib bersa, sotuvchi tovarning kamchiliklari uchun javobgar boʻladi.
Agar sotuvchi sifatiga oʻzi kafolat bergan tovardagi kamchiliklar uni sotib oluvchiga topshirgandan soʻng sotib oluvchi tovardan foydalanish yoki uni saqlash qoidalarini buzganligi yoki uchinchi shaxslar harakati tufayli yoki oldini olib boʻlmaydigan kuch taʼsirida paydo boʻlganini isbotlay olmasa, sotuvchi bu tovarning kamchiliklari uchun javobgar boʻladi.
410-modda. Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari
Agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning kamchiliklari ushbu moddada belgilangan muddatlarda aniqlangan taqdirda, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli.
Tovarning kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan hollarda, kamchiliklar bilan bogʻliq talablar sotib oluvchi tomonidan, agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa muddatlar belgilangan boʻlmasa, kamchiliklar oqilona muddatda, biroq tovar sotib oluvchiga topshirilgan kundan boshlab ikki yil davomida aniqlangandagina qoʻyilishi mumkin. Tashib berilishi yoki aloqa tashkiloti orqali joʻnatilishi lozim boʻlgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddati tovar belgilangan joyda olingan kundan boshlab hisoblanadi.
Agar tovarga kafolat muddati belgilangan boʻlsa, tovarning kamchiliklari kafolat muddatida aniqlanganida sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumga nisbatan kamroq kafolat muddati belgilangan boʻlsa, sotib oluvchi asosiy buyumning kafolat muddatida butlovchi buyumning kamchiliklarini aniqlasa, bu kamchiliklar toʻgʻrisida talab qoʻyishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumning kafolat muddatiga nisbatan uzoqroq kafolat muddati belgilangan boʻlsa, butlovchi buyumda kafolat muddatida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, asosiy buyumning kafolat muddati oʻtgan-oʻtmaganligidan qatʼi nazar, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari toʻgʻrisida talab qoʻyishga haqli.
Yaroqlilik muddati belgilangan tovarga nisbatan, agar kamchiliklar tovarning yaroqlilik muddatida aniqlangan boʻlsa, sotib oluvchi uning kamchiliklari toʻgʻrisida talablar qoʻyishi mumkin.
Tovarning kamchiliklari sotib oluvchi tomonidan kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati tugaganidan soʻng aniqlangan hollarda, sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo boʻlganligini yoki bu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo boʻlganligini isbot qilib bersa, sotuvchi kamchiliklar uchun javobgar boʻladi.
411-modda. Tovarning butligi
Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasining butlik toʻgʻrisidagi shartlariga muvofiq boʻlgan tovarni topshirishi shart.
Oldi-sotdi shartnomasida tovarning butligi belgilanmagan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga butligi ish muomalasi odatlari yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablar bilan belgilanadigan tovarni berishi shart.
412-modda. But tovarlar
Agar oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga muayyan tovarlar toʻplamini but holida (but tovarlar) berish majburiyati belgilangan boʻlsa, but holdagi barcha tovarlar berilgan paytdan boshlab majburiyat bajarilgan hisoblanadi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi but holdagi barcha tovarlarni sotib oluvchiga bir vaqtda topshirishi lozim.
413-modda. But boʻlmagan tovarni topshirish oqibatlari
But boʻlmagan tovar topshirilgan taqdirda, sotib oluvchi oʻz ixtiyoriga koʻra sotuvchidan:
xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;
tovarni oqilona muddatda butlashni talab qilish huquqiga ega.
Agar sotuvchi oqilona muddatda sotib oluvchining tovarni butlash toʻgʻrisidagi talabini bajarmasa, sotib oluvchi oʻz ixtiyoriga koʻra:
butlanmagan tovarni but tovarga almashtirishni talab qilishga;
oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga va tovar uchun toʻlangan pul summasini qaytarib berishni, shuningdek yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar sotuvchining sotib oluvchiga but tovarlarni topshirish majburiyati buzilgan hollarda ham qoʻllaniladi.
414-modda. Idish va oʻrash
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarni idishda yoki oʻralgan holda topshirishi shart, oʻz xususiyatiga koʻra idishga joylash va (yoki) oʻrashni talab qilmaydigan tovar bundan mustasno.
Agar oldi-sotdi shartnomasida idish va oʻrash haqida talablar belgilangan boʻlmasa, tovar bunday tovar uchun odatdagi usulda, u boʻlmaganda –– saqlash va transportda tashishning oddiy sharoitlarida bunday turdagi tovarning saqlanishini taʼminlaydigan usulda idishga joylashtirilishi va (yoki) oʻralishi lozim.
Agar qonunda belgilangan tartibda idish va (yoki) oʻrashga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan boʻlsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga tovarni ushbu majburiy talablarga mos keladigan idishda va (yoki) oʻralgan holda topshirishi shart.
415-modda. Tovarni idishsiz va (yoki) oʻramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada oʻramagan holda topshirish oqibatlari
Idishga joylanishi va (yoki) oʻralishi lozim boʻlgan tovar sotib oluvchiga idishsiz va (yoki) oʻramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada oʻramagan holda topshirilgan taqdirda, agar oldi-sotdi shartnomasidan, majburiyat mohiyati yoki tovarning xususiyatidan boshqa hol kelib chiqmasa, sotib oluvchi sotuvchidan tovarni idishga joylashtirish va (yoki) oʻrashni yoxud tegishli boʻlmagan idish va (yoki) oʻrashni almashtirishni talab qilishga haqli. Sotuvchiga yuqoridagi talablarni qoʻyish oʻrniga, sotib oluvchi unga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovarni topshirishdan kelib chiqadigan, ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli.
416-modda. Oldi-sotdi shartnomasi tegishli darajada bajarilmagani haqida sotuvchini xabardor qilish
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasining tovarlar miqdori, assortimenti, sifati, butligi, idishi va (yoki) oʻralishi toʻgʻrisidagi shartlari buzilganligi haqida qonunchilikda yoki shartnomada koʻzda tutilgan muddatda, agar bunday muddat belgilangan boʻlmasa, shartnomaning tegishli sharti buzilganligi tovarlar xususiyati va vazifasidan kelib chiqqan holda aniqlanishi lozim boʻlganidan soʻng oqilona muddatda sotuvchiga maʼlum qilishi shart.
Sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatni bajarmagan taqdirda, sotuvchi bu hol sotib oluvchining talablarini qanoatlantirib boʻlmaydigan qilib qoʻyganini yoki sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlari buzilgani haqida oʻz vaqtida xabardor qilinganida sarflashi mumkin boʻlgan mablagʻlarga nisbatan nomutanosib xarajatlarga olib kelishini isbotlasa, u sotib oluvchining tegishli talablarini qondirishdan toʻliq yoki qisman bosh tortishga haqli.
Agar sotuvchi sotib oluvchiga topshirilgan tovarlar oldi-sotdi shartnomasi shartlariga javob bermasligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, u sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatni bajarmaganligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emas.
417-modda. Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati
Sotib oluvchi oʻziga sotuvchi tomonidan topshirilgan tovarni qabul qilib olishi shart, u tovarni almashtirib berishni talab qilish yoki oldi-sotdi shartnomasini bajarishni rad etishga haqli boʻlgan hollar bundan mustasno.
Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi odatda qoʻyiladigan talablarga muvofiq tegishli tovarni topshirish va olishni taʼminlash uchun oʻzi tomonidan zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirishi lozim.
Sotib oluvchi qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilmasa yoki qabul qilishdan bosh tortsa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortish va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
418-modda. Tovarning bahosi
Sotib oluvchi tovar haqini ushbu Kodeksning 356-moddasiga muvofiq belgilanadigan bahoda toʻlashi, shuningdek qonunchilik, oldi-sotdi shartnomasi yoki odatda qoʻyiladigan talablarga muvofiq toʻlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan harakatlarni oʻz hisobidan bajarishi lozim.
Tovarning bahosi uning ogʻirligiga qarab belgilanadigan boʻlsa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u sof ogʻirligi boʻyicha aniqlanadi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida tovarning bahosi uni belgilaydigan koʻrsatkichlar (tannarx, xarajatlar va hokazo)ga qarab oʻzgartirilishi lozimligi nazarda tutilgan boʻlsa, ammo shu bilan birga, bahoni qayta koʻrib chiqish usuli belgilangan boʻlmasa, baho ushbu koʻrsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va tovarni topshirish paytidagi oʻzaro nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarishni kechiktirib yuborganida baho ushbu koʻrsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va shartnomada nazarda tutilgan tovar topshiriladigan paytdagi, agar shartnomada tovarni topshirish payti nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq aniqlangan paytdagi nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
419-modda. Tovar haqini toʻlash
Agar qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasining shartlaridan tovar bahosini muayyan muddatda toʻlash majburiyati kelib chiqmasa, sotib oluvchi uni sotuvchi oʻziga tovarni yoki ushbu tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan soʻng kechiktirmasdan toʻlashi lozim.
Agar oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi sotuvchiga topshirilgan tovarning toʻliq bahosi miqdorida haq toʻlashi lozim.
Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirilgan tovar haqini oʻz vaqtida toʻlamasa, sotuvchi tovar haqini va oʻzganing pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlar toʻlashni talab qilishga haqli.
Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilish va haqini toʻlashdan bosh tortsa, sotuvchi oʻz ixtiyoriga koʻra tovar haqini toʻlashni talab qilish yoki shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega.
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotib oluvchiga haqi toʻlanmagan tovarlardan tashqari boshqa tovarlarni ham topshirishi lozim boʻlganida, agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u ushbu tovarlarni topshirishni avval topshirilgan barcha tovarlar haqi batamom toʻlangunga qadar toʻxtatib qoʻyishga haqli.
420-modda. Tovar haqini oldindan toʻlash
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi tovarni topshirishidan oldin sotib oluvchi uning haqini toʻliq yoki qisman toʻlash (oldindan haq toʻlash) majburiyati nazarda tutilgan hollarda, sotib oluvchi tovar haqini shartnomada nazarda tutilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda toʻlashi lozim.
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovar haqini oldindan toʻlash majburiyatini bajarmagan taqdirda ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
Oldindan toʻlangan summani olgan sotuvchi tovarni topshirish boʻyicha majburiyatni bajarmagan taqdirda sotib oluvchi haqi toʻlangan tovarni topshirishni yoki sotuvchi topshirmagan tovar uchun oldindan toʻlangan summani qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Agar sotuvchi oldindan haqi toʻlangan tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa va oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, oldindan toʻlangan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq, tovarni topshirishi lozim boʻlgan kundan boshlab tovar sotib oluvchiga topshirilgan yoki unga oldindan toʻlagan summasi qaytarib berilgan kungacha foizlar toʻlanishi lozim. Shartnomada sotuvchining oldindan toʻlangan summa uchun foizlarni bu summa sotib oluvchidan olingan kundan boshlab toʻlash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.
421-modda. Nasiyaga sotilgan tovar haqini toʻlash
Oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini u sotuvchiga topshirilganidan soʻng maʼlum vaqt oʻtgach toʻlash (tovarni nasiyaga sotish) nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi tovar haqini shartnomada koʻrsatilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda toʻlashi lozim.
Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa, ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
Tovarni olgan sotib oluvchi uning haqini toʻlash boʻyicha oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatni bajarmagan hollarda sotuvchi topshirilgan tovar haqini toʻlashni yoki haqi toʻlanmagan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Agar sotib oluvchi topshirilgan tovar haqini toʻlash majburiyatini oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda bajarmagan va ushbu Kodeksda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, kechikib toʻlangan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq shartnomaga binoan tovar haqi toʻlanishi lozim boʻlgan kundan boshlab sotib oluvchi tovar haqini toʻlagan kungacha foizlar toʻlanishi lozim.
Oldi-sotdi shartnomasida sotib oluvchining sotuvchi tomonidan tovar topshirilgan kundan boshlab tovar bahosiga teng boʻlgan summa uchun foizlar toʻlash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarni nasiyaga sotish u sotilgan kundagi narxlarda amalga oshiriladi.
Tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan boshlab uning haqi toʻlab boʻlingunga qadar nasiyaga sotilgan tovar sotib oluvchi tomonidan tovar haqini toʻlash majburiyati bajarilishini taʼminlash uchun sotuvchida garovda turgan deb hisoblanadi.
422-modda. Tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash
Tovarni nasiyaga sotish shartnomasida tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilishi mumkin.
Haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan tovarni nasiyaga sotish shartnomasida oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari bilan bir qatorda tovar bahosi, toʻlovlarning tartibi, muddatlari va miqdori koʻrsatilgan boʻlsa, bunday shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar sotib oluvchi haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan va oʻziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi toʻlovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni tovarga qaratishga haqli.
Tovarni kreditga sotish toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan taqdirda, sotib oluvchi olingan tovar ulushining haqi toʻlangan qismini majburiyatlarni bajarish taʼminoti sifatida berishga haqli.
423-modda. Tovarni sugʻurtalash
Agar shartnomada sotuvchi yoki sotib oluvchining tovarni sugʻurtalash majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, biroq unda sugʻurtalash shartlari va tovar sugʻurtalanadigan eng kam summa belgilanmagan boʻlsa, sugʻurtalash shartnomasida nazarda tutilgan sugʻurta summasi tovar bahosidan kam boʻlishi mumkin emas.
Tovarni sugʻurtalashi lozim boʻlgan taraf shartnoma shartlariga muvofiq sugʻurtalashni amalga oshirmagan hollarda boshqa taraf tovarni sugʻurtalashga va sugʻurtalashi lozim boʻlgan tarafdan sugʻurta xarajatlarini qoplashni talab qilishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
424-modda. Mulk huquqining sotuvchi ixtiyorida saqlanib qolishi
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan tovarga mulk huquqi tovar haqi toʻlangunga yoki boshqa holatlar yuz bergunga qadar saqlanishi nazarda tutilgan hollarda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u tovarning vazifasidan va uning xususiyatlaridan kelib chiqmasa, sotib oluvchi mulk huquqi oʻziga oʻtguncha tovarni oʻzgaga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli emas.
Topshirilgan tovarning haqi oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda toʻlanmaganda yoki mulk huquqi sotib oluvchiga oʻtadigan boshqa holatlar yuz bermaganda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchi sotib oluvchidan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli.
2-§. Chakana oldi-sotdi
425-modda. Chakana oldi-sotdi shartnomasi
Chakana oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan sotuvchi sotib oluvchiga shaxsiy maqsadlarda, roʻzgʻorda yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalaniladigan tovarni topshirish majburiyatini oladi.
Chakana oldi-sotdi shartnomasi ommaviy hisoblanadi.
426-modda. Tovarning ommaviy ofertasi
Chakana oldi-sotdi shartnomasining barcha muhim shartlarini oʻz ichiga olgan holda tovar reklamasi, kataloglar, shuningdek tovarning nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan boshqa taʼriflari orqali tovar taklif qilish ommaviy oferta deb hisoblanadi (ushbu Kodeks 369-moddasining ikkinchi qismi).
Tovarlarni koʻrgazmaga qoʻyish, ularning namunalarini namoyish qilish yoki savdo boʻlayotgan joyda sotilayotgan tovarlar haqida maʼlumotlar (taʼriflar, kataloglar, fotosuratlar va hokazolar) berish, sotuvchi tegishli tovarlar sotishga moʻljallanmaganligini aniq belgilagan hollardan tashqari, narxi va oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari koʻrsatilgan-koʻrsatilmaganidan qatʼi nazar, ommaviy oferta deb hisoblanadi.
427-modda. Sotib oluvchiga tovar haqida axborot berish
Sotuvchi sotishga taklif qilingan tovar toʻgʻrisida sotib oluvchiga zarur va toʻgʻri axborotni uning mazmuni va uni taqdim etish usuliga nisbatan qonunchilikda belgilangan yoki odatda chakana savdoda qoʻyiladigan talablarga muvofiq holda berishi shart.
Sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar tovarni koʻzdan kechirish, oʻz oldida tovarning xossalarini tekshirishni yoki tovardan qanday foydalanishni koʻrsatishni, agar bu hol tovarning xususiyati tufayli istisno qilinmasa va chakana savdoda qabul qilingan qoidalarga zid boʻlmasa, talab qilishga haqli.
Agar sotib oluvchiga sotish joyida ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan tovar toʻgʻrisidagi axborotni darhol olish imkoni berilmagan boʻlsa, u chakana oldi-sotdi shartnomasini tuzishdan asossiz bosh tortilgani tufayli oʻzi koʻrgan zararni toʻlashni sotuvchidan talab qilishga, agar shartnoma tuzilgan boʻlsa, oqilona muddatda shartnomani bajarishdan bosh tortishga, tovar uchun toʻlangan summani qaytarishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Sotib oluvchiga tovar toʻgʻrisida tegishli axborot olish imkonini bermagan sotuvchi tovar sotib oluvchiga topshirilganidan soʻng tovarda paydo boʻlgan kamchiliklar uchun ham, agar sotib oluvchi bu kamchiliklar oʻzida bunday axborot boʻlmagani sababli paydo boʻlganini isbotlasa, javob beradi.
428-modda. Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish
Taraflar sotib oluvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda qabul qilib olishi sharti bilan chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzishlari mumkin, bu muddat mobaynida tovar boshqa sotib oluvchiga sotilishi mumkin emas.
Agar chakana oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomada belgilangan muddatda sotib oluvchining tovarni qabul qilish uchun kelmasligi yoki boshqa zarur harakatlarni amalga oshirmasligini sotuvchi sotib oluvchining shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb qaralishi mumkin.
Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda topshirishni taʼminlash borasidagi qoʻshimcha xarajatlari, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning bahosiga qoʻshiladi.
429-modda. Tovarni namuna boʻyicha sotish
Taraflar tovarni namuna (taʼrif, katalog va hokazo) boʻyicha olish-sotish shartnomasini tuzishlari mumkin.
Tovarni namuna boʻyicha sotish shartnomasi ushbu Kodeks 431-moddasining qoidalariga muvofiq bajariladi.
Sotib oluvchi tovar topshirilgunga qadar sotuvchining chakana oldi-sotdi shartnomasini bajarishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq zarur xarajatlarini qoplash sharti bilan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
430-modda. Avtomatdan foydalangan holda tovar sotish
Tovar avtomatdan foydalanib sotiladigan hollarda avtomat egasi sotuvchining nomi (firma nomi), u joylashgan manzil, ish tartibi, shuningdek sotib oluvchi tovarni olish uchun amalga oshirishi zarur boʻlgan harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatga joylashtirish yoki boshqacha usulda sotib oluvchiga taqdim qilish yoʻli bilan unga tovar sotuvchi toʻgʻrisidagi axborotni yetkazishi lozim.
Sotib oluvchi tovarni olish uchun zarur harakatlarni amalga oshirgan paytdan boshlab avtomatdan foydalangan holda chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.
Agar sotib oluvchiga haqi toʻlangan tovar topshirilmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovar zudlik bilan topshirilishini yoki u toʻlagan summa qaytarib berilishini taʼminlashi shart. Bu majburiyat bajarilmagan taqdirda, sotib oluvchi sotuvchidan yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Avtomatdan pulni maydalash, toʻlov belgilarini sotib olish yoki valyuta almashtirish uchun foydalanilgan taqdirda, agar majburiyat mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa, chakana oldi-sotdi qoidalari qoʻllanadi.
431-modda. Tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan sotish
Chakana oldi-sotdi shartnomasi tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan tuzilgan hollarda sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni sotib oluvchi koʻrsatgan joyga, agar sotib oluvchi tovarni yetkazib berish joyini koʻrsatmagan boʻlsa, sotib oluvchi fuqaro istiqomat qiladigan yoki yuridik shaxs joylashgan manzilga yetkazib berishi lozim.
Agar qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, tovar sotib oluvchiga, u boʻlmaganda esa –– shartnoma tuzilganidan yoxud tovarni yetkazib berish rasmiylashtirilganidan guvohlik beradigan kvitansiya yoki boshqa hujjatni taqdim qilgan har qanday shaxsga topshirilgan paytdan boshlab chakana oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi tomonidan bajarilgan hisoblanadi.
Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarni sotib oluvchiga topshirish uchun yetkazib berish vaqti belgilanmagan hollarda tovar sotib oluvchidan talab tushganidan keyin oqilona muddatda yetkazib berilishi lozim.
432-modda. Tovar bahosi va uning haqini toʻlash
Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotib oluvchi tovar haqini chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan paytda sotuvchi tomonidan eʼlon qilingan bahoda toʻlashi lozim.
Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarning haqini oldindan toʻlash nazarda tutilgan hollarda, agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchining tovar haqini shartnomada belgilangan muddatda toʻlamasligi uning shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi.
Tovarlarni nasiyaga chakana olish-sotish haqida tuzilgan, shu jumladan sotib oluvchining tovarlar haqini boʻlib-boʻlib toʻlashi sharti bilan tuzilgan shartnomalarga nisbatan ushbu Kodeks 421-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanmaydi.
Sotib oluvchi tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlashning shartnomada belgilangan davrida istagan vaqtida tovar haqini batamom toʻlashga haqli.
433-modda. Tegishli sifatli tovarni almashtirish
Sotib oluvchi oʻziga nooziq-ovqat tovari topshirilgan paytdan boshlab oʻn kun mobaynida, agar bundan uzoqroq muddat sotuvchi tomonidan eʼlon qilinmagan boʻlsa, xarid qilingan tegishli sifatli tovarni xarid joyida yoki sotuvchi eʼlon qilgan boshqa joylarda oʻlchami, shakli, hajmi, andazasi, rangi, toʻplami boshqacha boʻlgan xuddi shunday tovarga almashtirishga haqli, bunda u narxlarda farq boʻlgan taqdirda sotuvchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshiradi.
Sotuvchida almashtirish uchun zarur tovar boʻlmaganida sotib oluvchi xarid qilingan tovarni sotuvchiga qaytarib berish va unga toʻlangan pul summasini olish huquqiga ega.
Agar tovardan foydalanilmagan, uning isteʼmol xususiyatlari saqlangan boʻlsa va ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti boʻlsa, sotib oluvchining tovarni almashtirish yoki qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim.
Ushbu moddada koʻrsatilgan asoslar boʻyicha almashtirilmaydigan yoki qaytarib olinmaydigan tovarlar roʻyxati qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
434-modda. Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar sotilganida uning huquqlari
Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar sotilganida, agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida maʼlum qilinmagan boʻlsa, sotib oluvchi oʻz xohishiga koʻra:
xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada boʻlgan tovarga almashtirishni;
xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada boʻlgan tovarga almashtirishni;
tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishni yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini;
xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;
koʻrilgan zarar oʻrnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Tovar uchun toʻlangan pul summasini sotib oluvchiga qaytarish vaqtda sotuvchi undan tovardan toʻliq yoki qisman foydalanganligi, tovar koʻrinishi yoʻqolganligi yoki boshqa shunga oʻxshash holatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan boʻlsa, shuncha summani ushlab qolishga haqli emas.
435-modda. Tovarni almashtirganda, xarid narxini kamaytirganda va sifati tegishli darajada boʻlmagan tovarni qaytarganda baholardagi farqni toʻlash
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa tovarga almashtirish chogʻida sotuvchi tovarning chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan bahosi bilan tovarni almashtirish yoki sud tomonidan tovarni almashtirish toʻgʻrisida qaror chiqarish paytida mavjud boʻlgan tovarning bahosi oʻrtasidagi farqni toʻlashni talab qilishga haqli emas.
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni xuddi shunday, biroq oʻlchami, andazasi, navi va boshqa belgilari oʻzgacha boʻlgan tegishli darajada sifatli tovarga almashtirish chogʻida almashtirilayotgan tovarning almashtirish paytidagi bahosi bilan sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar oʻrniga berilayotgan tovarning bahosi oʻrtasidagi farq toʻlanishi lozim. Agar sotib oluvchining talabi sotuvchi tomonidan qondirilmasa, bu baholar sud tovarni almashtirish toʻgʻrisida qaror chiqargan payt boʻyicha aniqlanadi.
Tovarning xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirish toʻgʻrisida talab qoʻyilgan taqdirda tovarning bahosini pasaytirish toʻgʻrisida talab qoʻyilgan paytdagi, agar sotib oluvchining talabi ixtiyoriy suratda qondirilmagan boʻlsa, sud bahoni mutanosib ravishda kamaytirish toʻgʻrisida qaror chiqargan paytdagi bahosi inobatga olinadi.
Sotuvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovarni qaytarib berish chogʻida sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan tovarning bahosi bilan uning talabi ixtiyoriy suratda qondirilgan vaqtdagi, agar talab ixtiyoriy suratda qondirilmagan boʻlsa, sud qaror chiqargan paytdagi tegishli tovarning bahosi oʻrtasidagi farqni toʻlashni talab qilishga haqli.
436-modda. Sotuvchining javobgarligi va majburiyatni asl holida bajarish
Sotuvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatini bajarmagan taqdirda zararni qoplash va neustoyka toʻlash sotuvchini majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qilmaydi.
3-§. Mahsulot yetkazib berish
437-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasi
Mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan mahsulot yetkazib beruvchi — sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda oʻzi ishlab chiqaradigan yoxud sotib oladigan tovarlarni sotib oluvchiga tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun yoki shaxsiy, oilaviy maqsadlarda, roʻzgʻorda va shunga oʻxshash boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun topshirish, sotib oluvchi esa tovarlarni qabul qilish va ularning haqini toʻlash majburiyatini oladi.
438-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasining amal qilish muddati
Mahsulot yetkazib berish shartnomasi bir yilga, bir yildan ortiq muddatga (uzoq muddatli shartnoma) yoki taraflar kelishuvida nazarda tutilgan boshqa muddatga tuzilishi mumkin.
Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida uning amal qilish muddati belgilanmagan boʻlsa, shartnoma bir yilga tuzilgan deb hisoblanadi.
Agar uzoq muddatli shartnomada yetkazib berilishi lozim boʻlgan tovarlar miqdori yoki shartnomaning boshqa shartlari bir yilga yoki undan ortiq muddatga belgilangan boʻlsa, shartnomada taraflarning bu shartlarni shartnomaning amal qilish muddati tugagunga qadar keyingi davrlar uchun kelishib olish tartibi belgilanishi lozim. Shartnomada bunday tartib boʻlmasa, shartnoma tegishincha bir yilga yoki shartnoma shartlari kelishilgan muddatga tuzilgan hisoblanadi.
Uzoq muddatli shartnoma taraflaridan biri yetkazib berilishi lozim boʻlgan tovarlar miqdorini yoki shartnomaning boshqa shartlarini keyingi davrlar uchun shartnomada belgilangan tartibda kelishib olishni rad qilgan yoki undan bosh tortgan taqdirda boshqa taraf tegishli davrlarda tovarlarni yetkazib berish shartlarini belgilash toʻgʻrisidagi yoxud shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
439-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasini tuzish vaqtida kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni hal qilish
Bir tarafning tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish haqidagi taklifi shartnoma loyihasi shaklida boshqa tarafga yuborilgan taqdirda, ikkinchi taraf shartnomani boshqa shartlarda tuzishga rozi boʻlsa, loyihani olganidan soʻng kechi bilan oʻttiz kun ichida kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan qaytaradi, kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan taraf oʻttiz kunlik muddatda shartnoma shartlarini kelishish choralarini koʻrishi (imkoniyat boʻlsa, boshqa taraf bilan birgalikda) yoki shartnoma tuzishni rad etishini boshqa tarafga yozma ravishda bildirishi lozim.
Mahsulot yetkazib berish shartnomasi shartlari boʻyicha kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan, biroq shartnoma shartlarini kelishish choralarini koʻrmagan va shartnoma tuzishni rad etishini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda boshqa tarafga maʼlum qilmagan taraf shartnoma shartlarini kelishib olishdan bosh tortish oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga majbur.
440-modda. Mahsulot yetkazib berish davrlari
Agar taraflar tovarlarni shartnomaning amal qilish muddati mobaynida turkum-turkum qilib yetkazib berishni nazarda tutgan boʻlsalar va unda alohida turkumlarni yetkazib berish muddatlari (yetkazib berish davrlari) belgilanmagan boʻlsa, tovarlar har oyda bir xil turkumlarda yetkazib berilishi lozim, basharti qonunchilikdan, majburiyatning mohiyatidan yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib anglashilmasa.
Shartnomada mahsulot yetkazib berish davrlarini belgilash bilan bir qatorda tovarlarni yetkazib berish (oʻn kunlik, sutkalik, soatlik va hokazo) jadvali ham belgilanishi mumkin.
Tovarlarni muddatidan oldin yetkazib berish sotib oluvchining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Muddatidan oldin yetkazib berilgan va sotib oluvchi tomonidan qabul qilingan tovarlar keyingi davrda yetkazib berilishi lozim boʻlgan tovarlar miqdoriga kiritiladi.
441-modda. Tovarlarni yetkazib berish tartibi
Tovarlarni yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan tovarlarni shartnoma boʻyicha sotib oluvchiga yoki shartnomada oluvchi sifatida koʻrsatilgan shaxsga joʻnatish (topshirish) yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlarni oluvchilarga joʻnatish toʻgʻrisida sotib oluvchining sotuvchiga koʻrsatmalar berish huquqi (joʻnatish raznaryadkasi) nazarda tutilgan hollarda, mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni joʻnatish raznaryadkasida koʻrsatilgan oluvchilarga joʻnatadi (topshiradi).
Joʻnatish raznaryadkasining mazmuni va uni sotib oluvchi tomonidan mahsulot yetkazib beruvchiga yuborish muddati mahsulot yetkazib berish shartnomasida belgilanadi. Agar joʻnatish raznaryadkasini yuborish muddati shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa, u mahsulot yetkazib beruvchiga mahsulot yetkazib berish davri boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin yuborilishi lozim.
Sotib oluvchining belgilangan muddatda joʻnatish raznaryadkasini taqdim qilmasligi mahsulot yetkazib beruvchiga yo mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bosh tortish, yoki sotib oluvchidan tovarlar haqini toʻlashni talab qilish huquqini beradi. Bundan tashqari mahsulot yetkazib beruvchi joʻnatish raznaryadkasini taqdim qilmaslik tufayli yetkazilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
442-modda. Tovarlarni olib borib berish
Tovarlarni olib borib berish yetkazib beruvchi tomonidan ularni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan transportda va unda belgilangan shartlarda joʻnatish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Mahsulot yetkazib berish shartnomasida olib borib berish qaysi transport turida yoki qanday shartlarda amalga oshirilishi belgilangan boʻlmasa, olib borib beruvchi transport turini tanlash yoki tovarni olib borib berish shartlarini belgilash huquqiga ega boʻladi, basharti qonunchilikdan, majburiyatning mohiyati yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib anglashilmasa.
443-modda. Toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻldirish
Tovar yetkazib berishning ayrim davrida uni toʻliq yetkazib bermagan tovar yetkazib beruvchi, agar tovar yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yetkazib berilmagan tovarlar miqdorini shartnoma amal qilish muddati doirasidagi keyingi davrda (davrlarda) toʻldirishi lozim.
Uzoq muddatli shartnomaga muvofiq tovar yetkazib berishning ayrim davrida mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrni, agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarlar toʻliq yetkazib berilmagan yilning keyingi davrida (davrlarida) toʻldirilishi lozim.
Tovarlar mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki sotib oluvchining joʻnatish raznaryadkasida koʻrsatilgan bir necha oluvchiga joʻnatilgan taqdirda bir oluvchiga shartnomada yoki joʻnatish raznaryadkasida nazarda tutilganidan ortiq miqdorda yetkazib berilgan tovarlar boshqa oluvchilarga toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini qoplash uchun hisobga olinmaydi va agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar yetkazib beruvchi tomonidan toʻldirilishi lozim.
444-modda. Yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan tovarlarni qabul qilishni rad etish
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi, tovar yetkazib beruvchini xabardor qilgan holda, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan tovarlarni qabul qilishni rad etishga haqli. Tovar yetkazib beruvchi bildirish xatini olguncha yetkazib berilgan tovarlarni sotib oluvchi qabul qilishi va ularning haqini toʻlashi lozim.
445-modda. Toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻldirganda ularning assortimenti
Toʻliq yetkazib berilmagan tovarlarning oʻrni toʻldirilishi kerak boʻlganida ularning assortimenti taraflar kelishuvi bilan belgilanadi. Bunday kelishuv boʻlmaganida mahsulot yetkazib beruvchi toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻliq yetkazib bermaslikka yoʻl qoʻyilgan davr uchun belgilangan assortimentda toʻldirishga majbur.
Bir nomdagi tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgandan koʻproq miqdorda yetkazib berish shu assortimentga kiradigan boshqa nomdagi toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻldirish sifatida hisobga olinmaydi va uning oʻrni toʻldirilishi lozim, bunday yetkazib berish sotib oluvchining oldindan bergan yozma roziligi bilan amalga oshirilgan hollar bundan mustasno.
446-modda. Tovarlarning sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi
Sotib oluvchi (oluvchi) shartnomaga muvofiq yetkazib berilgan tovarlarning qabul qilinishini taʼminlaydigan barcha zarur harakatlarni amalga oshirishi lozim.
Sotib oluvchi (oluvchi) oʻzi qabul qilgan tovarni qonunchilikda, mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida belgilangan muddatda koʻzdan kechirishi lozim.
Sotib oluvchi (oluvchi) xuddi shu muddatda qabul qilingan tovarlarning miqdori va sifatini qonunchilikda, mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida belgilangan tartibda tekshirishi va tovarning aniqlangan nomuvofiqliklari va kamchiliklari toʻgʻrisida tovar yetkazib beruvchini darhol yozma ravishda xabardor qilishi lozim.
Yetkazib berilgan tovarlar transport tashkilotidan olingan taqdirda sotib oluvchi (oluvchi) tovarlarning transport va yuk hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirishi, shuningdek bu tovarlarni transport tashkilotidan belgilangan qoidalarga rioya etgan holda qabul qilishi lozim.
447-modda. Sotib oluvchi qabul qilmagan tovarni masʼuliyatli saqlash
Sotib oluvchi (oluvchi) qonunchilikka yoki mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq mahsulot yetkazib beruvchi topshirgan tovarni rad etgan taqdirda u bu tovarning but saqlanishini taʼminlashi (masʼuliyatli saqlash) va bu haqda tovar yetkazib beruvchini darhol xabardor qilishi shart.
Mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchi (oluvchi) masʼuliyatli saqlashga olgan tovarni olib chiqib ketishi yoki oqilona muddat ichida tasarruf etishi shart. Agar mahsulot yetkazib beruvchi shu muddatda tovarni tasarruf etmasa, sotib oluvchi tovarni realizatsiya qilishga yoki mahsulot yetkazib beruvchiga qaytarib yuborishga haqli.
Sotib oluvchining tovarni masʼuliyatli saqlashga qabul qilish, tovarni realizatsiya qilish yoki uni mahsulot yetkazib beruvchiga qaytarib yuborish bilan bogʻliq zarur xarajatlari mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunda tovarni realizatsiya qilishdan tushgan pul summasi, sotib oluvchiga tegishli qismi chegirib qolingan holda, mahsulot yetkazib beruvchiga topshiriladi.
Sotib oluvchi qonunchilikda yoki shartnomada belgilangan asoslarsiz mahsulot yetkazib beruvchidan tovarni qabul qilib olmagan yoki tovarni rad etgan hollarda mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchidan tovar haqini toʻlashni talab qilishga haqlidir.
448-modda. Tovarlarni tanlab olish
Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida sotib oluvchi (oluvchi)ning yetkazib beruvchi joylashgan yerda tovarlarni tanlab olishi nazarda tutilgan boʻlsa, sotib oluvchi (oluvchi) oʻziga topshirilayotgan tovarlarni ular topshiriladigan joyda koʻzdan kechirishi lozim. Tovarlarning shartnomaga nomuvofiqligi aniqlanganda, u bunday tovarlarni olishdan bosh tortishga haqli.
Sotib oluvchi (oluvchi)ning tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida belgilangan muddatda, bunday muddat belgilanmagan boʻlsa, tovarlarning tayyorligi toʻgʻrisida mahsulot yetkazib beruvchining bildirish xatini olganidan soʻng oqilona muddatda tanlab olmasligi mahsulot yetkazib beruvchiga shartnomani bajarishdan bosh tortish yoki sotib oluvchidan tovarlar haqini toʻlashni talab qilish huquqini beradi.
449-modda. Yetkazib beriladigan tovarlar uchun hisob-kitoblar
Sotib oluvchi yetkazib beriladigan tovarlar haqini shartnomada nazarda tutilgan hisob-kitoblar tartibi va shakliga amal qilgan holda toʻlaydi. Agar taraflar kelishuvida hisob-kitoblar tartibi va shakli belgilanmagan boʻlsa, hisob-kitoblar toʻlov topshiriqnomalari bilan amalga oshiriladi.
Agar shartnomada tovarlarni toʻplamga kiradigan alohida qismlar boʻyicha yetkazib berish nazarda tutilgan boʻlsa, sotib oluvchi tovarlar haqini, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, toʻplamga kiradigan soʻnggi qism joʻnatilganidan (tanlab olinganidan) keyin toʻlaydi.
Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlar haqi oluvchi (toʻlovchi) tomonidan toʻlanishi nazarda tutilgan boʻlsa va u haq toʻlashdan asossiz bosh tortsa yoki tovarlar haqini shartnomada belgilangan muddatda toʻlamagan boʻlsa, yetkazib beruvchi sotib oluvchidan yetkazib berilgan tovarlar haqini toʻlashni talab qilishga haqli.
450-modda. Idishlar va oʻrash materiallarini qaytarish
Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sotib oluvchi (oluvchi) tovar keltirilgan koʻp marta ishlatiladigan idish va oʻrash materiallarini yetkazib beruvchiga qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda qaytarishi shart.
Boshqa idish va oʻrash materiallari faqat mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina yetkazib beruvchiga qaytarilishi lozim.
451-modda. Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarlarni yetkazib berish oqibatlari
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarlar yetkazib berilgan sotib oluvchi (oluvchi) mahsulot yetkazib beruvchiga ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli, yetkazib berilgan tovarlarning sifatsizligi toʻgʻrisida sotib oluvchidan bildirish olgan mahsulot yetkazib beruvchi yetkazib berilgan tovarlarni tegishli darajada sifatli tovarlar bilan darhol almashtirgan hollar bundan mustasno.
Oʻziga yetkazib berilgan tovarlarni chakanalab sotadigan sotib oluvchi (oluvchi), agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, isteʼmolchi tomonidan qaytarilgan tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni oqilona muddat ichida almashtirishni talab qilishga haqli.
452-modda. But boʻlmagan tovarlar yetkazib berish oqibatlari
Mahsulot yetkazib berish shartnomasining shartlari, qonunchilikning talablari yoki tovarlarning but boʻlishiga qoʻyiladigan odatdagi talablarni buzgan holda tovarlar yetkazib berganida sotib oluvchi (oluvchi) mahsulot yetkazib beruvchiga ushbu Kodeksning 413-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli, mahsulot yetkazib beruvchi yetkazib berilgan tovarlarning but emasligi toʻgʻrisida sotib oluvchidan bildirish olganidan keyin tovarlarni darhol butlagan yoki ularni but tovarlar bilan almashtirgan hollar bundan mustasno.
Tovarlarni chakana narxlarda sotayotgan sotib oluvchi (oluvchi), agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, isteʼmolchi tomonidan qaytarilgan but boʻlmagan tovarlarni oqilona muddat ichida but tovarlar bilan almashtirishni talab qilishga haqli.
453-modda. Tovarlar toʻliq yetkazib berilmagan, tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash toʻgʻrisidagi talablar bajarilmagan hollarda sotib oluvchining huquqlari
Agar mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda yetkazib bermagan boʻlsa yoxud sotib oluvchining (oluvchining) tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarlarni almashtirish yoki tovarlarni butlash toʻgʻrisidagi talablarini belgilangan muddatda bajarmasa, sotib oluvchi yetkazib berilmagan tovarlarni boshqa shaxslardan olib, ularni olish bilan bogʻliq barcha zarur va oqilona xarajatlarni mahsulot yetkazib beruvchi zimmasiga yuklash huquqiga ega.
Mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni toʻliq yetkazib bermagan yoki sotib oluvchining tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash toʻgʻrisidagi talablarini bajarmagan hollarda sotib oluvchining boshqa shaxslardan tovarlar olishga qilgan xarajatlari ushbu Kodeks 456-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hisoblab chiqariladi.
Sotib oluvchi (oluvchi) tovarlarning kamchiligi bartaraf etilguncha va ular butlanguncha yoki almashtirilguncha tegishli darajada sifatli boʻlmagan va but boʻlmagan tovarlar haqini toʻlashdan bosh tortish, bordi-yu, tovarlar haqi toʻlangan boʻlsa, –– toʻlangan summani qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
454-modda. Tovarlarni toʻliq yetkazib bermaganlik uchun neustoyka
Tovarlarni toʻliq yetkazib bermaganlik yoki yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborganlik uchun qonunda yoki shartnomada belgilangan neustoyka, agar neustoykani undirishning boshqacha tartibi qonunda yoki shartnomada belgilanmagan boʻlsa, mahsulot yetkazib beruvchidan shartnomaning amal qilish muddatida majburiyat amalda bajarilgunga qadar undiriladi.
455-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortish
Mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama (toʻliq yoki qisman) bosh tortishga taraflarning biri shartnomani jiddiy buzgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Mahsulot yetkazib beruvchining mahsulot yetkazib berish shartnomasini buzishi quyidagi hollarda jiddiy deb hisoblanishi mumkin:
tegishli darajada sifatli boʻlmagan, sotib oluvchi uchun maqbul muddatda bartaraf qilib boʻlmaydigan kamchiliklarga ega boʻlgan tovarlarni yetkazib berish;
tovarlarni yetkazib berish muddatlarini bir necha bor buzish.
Sotib oluvchining mahsulot yetkazib berish shartnomasini buzishi quyidagi hollarda jiddiy deb hisoblanishi mumkin:
tovarlar haqini toʻlash muddatlarini bir necha bor buzish;
tovarlarni bir necha bor olib ketmaslik.
Taraflarning kelishuvida mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortish yoki uni bir tomonlama oʻzgartirishning boshqa asoslari ham nazarda tutilishi mumkin.
Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasini bekor qilish yoki oʻzgartirishning boshqa muddati bildirish xatida nazarda tutilmagan yoki taraflar kelishuvida belgilanmagan boʻlsa, shartnoma bir taraf boshqa tarafdan shartnomani bajarishdan toʻla yoki qisman bir taraflama bosh tortish toʻgʻrisida bildirish xati olgan paytdan boshlab oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi.
456-modda. Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash
Agar sotuvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotib oluvchi shartnomada nazarda tutilgan tovar oʻrniga boshqa shaxsdan birmuncha yuqori, ammo oqilona bahoda tovar sotib olsa, sotib oluvchi sotuvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning oʻrniga tuzilgan bitimdagi baho oʻrtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin.
Agar sotib oluvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotuvchi tovarni boshqa shaxsga shartnomada nazarda tutilganidan birmuncha pastroq, biroq oqilona bahoda sotgan boʻlsa, sotuvchi sotib oluvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning oʻrniga tuzilgan bitimdagi baho oʻrtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin.
Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha shartnoma bekor qilinganidan keyin uning oʻrniga boshqa bitim tuzilmagan va tovarning joriy bahosi mavjud boʻlsa, taraf shartnomada belgilangan baho bilan shartnoma bekor qilingan paytdagi joriy baho oʻrtasidagi farqdan iborat zararni qoplash toʻgʻrisida talab qoʻyishi mumkin.
Tovar topshirilishi lozim boʻlgan joyda odatda oʻxshash sharoitlarda bir xil tovar uchun undiriladigan baho joriy baho deb eʼtirof etiladi. Agar bu joyda joriy baho mavjud boʻlmasa, tovarni tashish xarajatlaridagi farqni hisobga olgan holda boshqa joydagi uning oʻrnini bosa oladigan oqilona joriy bahodan foydalanish mumkin.
Ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni qondirish oʻz majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan tarafni boshqa tarafga yetkazgan oʻzga zararni ushbu Kodeksning 14-moddasiga asosan qoplashdan ozod qilmaydi.
4-§. Tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi davlat kontrakti
457-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish boʻyicha davlat kontrakti asosida, shuningdek uning asosida tuziladigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadigan, davlat budjeti va moliyalashning budjetdan tashqari manbalari hisobiga taʼminlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlari davlat ehtiyojlari deyiladi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish borasidagi munosabatlarga ushbu Kodeks 437-456-moddalarining qoidalari ham tatbiq etiladi. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan munosabatlarga nisbatan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishni tartibga soladigan boshqa qonunchilik tatbiq etiladi.
458-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti boʻyicha (bundan buyon matnda davlat kontrakti deb yuritiladi) mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat buyurtmachisiga yoki uning koʻrsatmasiga binoan mahsulot yetkazib berish shartnomasi asosida boshqa shaxsga shartlashilgan muddatda tovarlar yetkazib berishni, davlat buyurtmachisi esa, yetkazib berilgan tovarlar haqi belgilangan muddatda toʻlanishini taʼminlashni oʻz zimmasiga oladi.
459-modda. Davlat kontraktini tuzish asoslari
Davlat kontrakti davlat buyurtmachisining mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) qabul qilgan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi buyurtmasi asosida tuziladi.
Bergan buyurtmasi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan qabul qilingan davlat buyurtmachisi uchun davlat kontrakti tuzish shart hisoblanadi.
Davlat kontraktini tuzish qonunchilikda belgilangan hollardagina va davlat kontraktini bajarish tufayli mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) koʻrishi mumkin boʻlgan barcha zararni davlat buyurtmachisi qoplagan taqdirdagina mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) uchun majburiy hisoblanadi.
Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi buyurtma tanlov boʻyicha joylashtirilsa, tanlov gʻolibi deb eʼlon qilingan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bilan davlat kontraktini tuzish davlat buyurtmachisi uchun majburiy hisoblanadi.
460-modda. Davlat kontraktini tuzish tartibi
Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat kontrakti loyihasi davlat buyurtmachisi tomonidan ishlab chiqiladi va mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yuboriladi.
Davlat kontrakti loyihasini olgan taraf kechi bilan oʻttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va davlat kontraktining bir nusxasini boshqa tarafga qaytaradi, davlat kontrakti shartlari yuzasidan kelishmovchiliklar mavjud boʻlsa, xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan davlat kontrakti bilan boshqa tarafga yuboradi yoki unga davlat kontraktini tuzishdan bosh tortishini maʼlum qiladi.
Davlat kontrakti bilan kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan taraf oʻttiz kun ichida kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishi, kontrakt shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini koʻrishi va unga davlat kontraktini kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Bu muddat tugagach, manfaatdor taraf hal qilinmagan barcha kelishmovchiliklarni oʻttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin.
Davlat kontrakti davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi buyurtmani joylashtirish tanlovi natijalari boʻyicha tuziladigan hollarda davlat kontrakti tanlov oʻtkazilgan sanadan boshlab oʻttiz kun ichida tuzilishi lozim.
Agar davlat kontraktini tuzishi majburiy boʻlgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf boshqa tarafni davlat kontraktini tuzishga majbur qilish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
461-modda. Davlat kontraktini bajarish
Davlat kontrakti shartlariga muvofiq tovarlar bevosita davlat buyurtmachisiga yoki uning koʻrsatmasi (joʻnatish raznaryadkasi)ga muvofiq boshqa shaxs (oluvchi)ga yetkazib beriladigan hollarda kontraktni bajarish boʻyicha taraflarning munosabatlari ushbu Kodeksning 437-456-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan tartibga solinadi.
Agar davlat kontraktida sotib oluvchilarga tovarlar yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan davlat buyurtmachisi belgilaydigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan boʻlsa, davlat buyurtmachisi davlat kontrakti tuzilgan kundan boshlab kechi bilan oʻttiz kunlik muddatda sotib oluvchining yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani toʻgʻrisida mahsulot yetkazib beruvchi — ijrochi va sotuvchiga bildirish xati yuboradi.
Sotib oluvchi yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani toʻgʻrisidagi bildirish xati davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar joʻnatish raznaryadkalarida koʻrsatilgan oluvchilarga yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida boshqacha hisob-kitob tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarlar haqi davlat buyurtmachisi tomonidan toʻlanadi.
Tovarlar sotib oluvchilarga davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasi boʻyicha yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida baho belgilash va hisob-kitoblarning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchilar tovarlar haqini davlat kontraktiga muvofiq belgilanadigan baholarda toʻlaydilar.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi davlat kontrakti boʻyicha tovarlar haqi sotib oluvchi tomonidan toʻlanganda davlat buyurtmachisi sotib oluvchining ushbu majburiyati boʻyicha kafil deb hisoblanadi.
462-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish
Agar davlat kontraktida shartnoma loyihasini tayyorlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa yoki shartnoma loyihasi sotib oluvchi tomonidan taqdim qilingan boʻlmasa, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) biriktirish toʻgʻrisidagi bildirish xatida koʻrsatilgan sotib oluvchiga davlat buyurtmachisidan bildirish xati olingan vaqtdan boshlab oʻttiz kundan kechiktirmay davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasining loyihasini yoʻllashi lozim.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasining loyihasini olgan taraf kechi bilan oʻttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va shartnomaning bir nusxasini ikkinchi tarafga qaytaradi, shartnoma shartlari boʻyicha kelishmovchiliklar boʻlganda esa xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan birgalikda boshqa tarafga yuboradi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini kelishmovchiliklar bayonnomasi bilan olgan taraf oʻttiz kun ichida kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishi, shartnoma shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini koʻrishi va unga shartnomani kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Manfaatdor taraf hal qilinmagan kelishmovchiliklarni oʻttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin.
Agar mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortsa, sotib oluvchi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ni sotib oluvchi ishlab chiqqan shartnoma loyihasi shartlarida shartnoma tuzishga majbur qilish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
463-modda. Sotib oluvchining davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortishi
Sotib oluvchi biriktirish haqidagi bildirish xatida koʻrsatilgan tovarlardan hamda ularni yetkazib berish shartnomasini tuzishdan toʻliq yoki qisman bosh tortish huquqiga ega. Bunday holda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bu haqda darhol davlat buyurtmachisiga maʼlum qilishi lozim va davlat buyurtmachisidan boshqa sotib oluvchini oʻziga biriktirish toʻgʻrisida bildirish xati berishni talab qilish huquqiga ega.
Davlat buyurtmachisi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ning bildirish xatini olgan kundan boshlab kechi bilan oʻttiz kun ichida yo mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga boshqa sotib oluvchini biriktirish toʻgʻrisida bildirish xati beradi, yoki mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga tovarlarni kim olishi koʻrsatilgan joʻnatish raznaryadkasini yuboradi, yoxud tovarlarni qabul qilish va haqini toʻlashga roziligini xabar qiladi.
Davlat buyurtmachisi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) yo davlat buyurtmachisidan tovarlarni qabul qilish va haqini toʻlashni talab qilish, yoki tovarlarni oʻz ixtiyori bilan realizatsiya qilib, tovarlarni realizatsiya qilish bilan bogʻliq oqilona xarajatlarni davlat buyurtmachisiga yuklash huquqiga ega.
464-modda. Davlat kontraktining bajarilishi yoki bekor qilinishi munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash
Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi qonunchilikda yoki davlat kontraktida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar (ushbu Kodeks 459-moddasining uchinchi qismi) davlat kontraktiga muvofiq tovar topshirilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan oʻttiz kun ichida davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanishi lozim.
Davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar davlat kontraktiga binoan qoplanmagan taqdirda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat kontraktini bajarishdan bosh tortishga va davlat kontrakti bekor qilinganligi tufayli kelib chiqqan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha davlat kontrakti bekor qilinganida mahsulot yetkazib beruvchi davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Mahsulot yetkazib beruvchining bunday bosh tortishi tufayli sotib oluvchiga yetkazilgan zarar davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanadi.
5-§. Kontraktatsiya
465-modda. Kontraktatsiya shartnomasi
Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash yoki sotish uchun bunday mahsulotni xarid qiladigan shaxsga –– tayyorlovchiga shartlashilgan muddatda topshirish (topshirib turish) majburiyatini oladi, tayyorlovchi esa bu mahsulotni qabul qilish (qabul qilib turish), uning haqini shartlashilgan muddatda muayyan bahoda toʻlash (toʻlab turish) majburiyatini oladi.
Agar ushbu Kodeksda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, kontraktatsiya shartnomasiga nisbatan mahsulot yetkazib berish shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, tegishli hollarda esa davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishga doir davlat kontrakti toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanadi.
466-modda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchining majburiyatlari
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchi oʻstirilgan (ishlab chiqarilgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotini tayyorlovchiga kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda topshirishi shart.
Agar mahsulot yetishtiruvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatlarini bajarmaganligi oqibatida qishloq xoʻjaligi mahsuloti kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda olinmasligi oldindan maʼlum boʻlib qolsa, tayyorlovchi shartnomani bekor qilishni yoki oʻzgartirishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
467-modda. Tayyorlovchining majburiyatlari
Agar kontraktatsiya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tayyorlovchi yetishtiruvchi joylashgan yerda undan qishloq xoʻjaligi mahsulotini qabul qilishi (qabul qilib turishi) va olib ketishni taʼminlashi (taʼminlab turishi) shart.
Agar qishloq xoʻjaligi mahsuloti tayyorlovchi joylashgan yerda yoki u koʻrsatgan boshqa yerda qabul qilinsa, tayyorlovchi yetishtiruvchi tomonidan kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq va shartlashilgan muddatda keltirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini qabul qilishdan bosh tortishga haqli emas.
Tayyorlovchi qishloq xoʻjaligi mahsulotini olib ketishni yoki qabul qilib olishni taʼminlamagan taqdirda yetishtiruvchiga qishloq xoʻjaligi mahsulotining qiymatini va uni keltirish xarajatlarini toʻlaydi.
Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq olingan qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlaydigan tayyorlovchi yetishtiruvchining talabiga koʻra qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash chiqindilarini taraflar kelishgan narxda yetishtiruvchiga qaytarishi shart.
6-§. Energiya taʼminoti
468-modda. Energiya taʼminoti shartnomasi
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga (isteʼmolchiga) energiya berib turish majburiyatini oladi, abonent esa qabul qilingan energiya haqini toʻlash, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan energiya isteʼmol qilish tartibiga rioya etish, tasarrufidagi energetika shoxobchalaridan foydalanish xavfsizligini hamda oʻzi foydalanadigan energiya isteʼmol qiluvchi asbob va uskunalarning sozligini taʼminlash majburiyatini oladi. Energiya taʼminoti shartnomasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham nazarda tutilishi mumkin.
469-modda. Energiya taʼminoti shartnomasini tuzish va muddatini uzaytirish
Energiya taʼminoti shartnomasi energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tarmoqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda ulangan energiya qurilmasi, shuningdek energiya isteʼmolini hisobga olish uskunalari va asboblari mavjud boʻlgan abonent bilan tuziladi.
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda, abonent tarmoqqa belgilangan tartibda amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab u bilan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Energiya taʼminoti shartnomasining muddati tugagach, taraflardan biri uni bekor qilish yoki oʻzgartirish haqida ariza bermasa, u shartnomada nazarda tutilgan muddatga va shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi. Shartnoma yangi muddatga uzaytirilganida uning shartlari taraflar kelishuviga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
Agar taraflardan biri shartnomaning amal qilish muddati tugashidan oldin yangi shartnoma tuzish haqida taklif kiritsa, taraflarning oʻzaro munosabatlari yangi shartnoma tuzilgunga qadar avval tuzilgan shartnoma bilan tartibga solib turiladi.
470-modda. Energiya miqdori
Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va taraflar kelishgan energiya berish tartibiga amal qilgan holda energiya berishi lozim. Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot bergan va abonent qabul qilgan energiya miqdori oʻlchov asboblari koʻrsatkichlari bilan aniqlanadi.
Energiya taʼminoti shartnomasida abonentning oʻzi qabul qiladigan energiyaning shartnomada belgilangan miqdorini energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning energiyani shartnomada belgilanmagan miqdorda berishni taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash sharti bilan oʻzgartirish huquqi nazarda tutilishi mumkin.
Energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq abonent boʻlgan taqdirda u energiyadan oʻzi uchun zarur boʻlgan miqdorda foydalanishga haqli.
471-modda. Energiya taʼminoti shartnomasining energiya miqdori toʻgʻrisidagi shartini buzish oqibatlari
Agar energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tomonidan tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgandan kam miqdorda energiya berilgan boʻlsa, basharti qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 399-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
472-modda. Energiya sifati
Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot beradigan energiyaning sifati standartlashtirish boʻyicha qonunchilikda yoki energiya taʼminoti shartnomasida belgilangan talablarga javob berishi lozim.
Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot energiya sifatiga qoʻyiladigan talablarni buzgan taqdirda, agar qonunchilikda, energiya taʼminoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 408-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
473-modda. Tarmoqlar, asbob va uskunalarni saqlash va ishlatish boʻyicha abonentning majburiyatlari
Abonent ishlatilayotgan energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning zarur texnikaviy holati va xavfsizligini taʼminlashi, energiya ishlatishning belgilangan tartibiga amal qilishi, shuningdek avariyalar, yongʻinlar, energiyani oʻlchash asboblaridagi nosozliklar va energiyadan foydalanish paytida kelib chiqadigan boshqa buzilishlar toʻgʻrisida energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga darhol xabar berishi lozim.
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, energetika tarmoqlari, shuningdek energiya isteʼmolini hisobga olish asboblarining zarur texnik holati va xavfsizligini taʼminlash majburiyati energiya bilan taʼminlovchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
Energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning texnik holatiga va ularni ishlatishga qoʻyiladigan talablar, shuningdek ularga rioya etilishini nazorat qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
474-modda. Energiya haqini toʻlash
Agar qonunchilikda yoki energiya bilan taʼminlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, energiya haqi abonent amalda qabul qilgan energiya miqdori uchun toʻlanadi, bu miqdor ushbu Kodeksning 470-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
475-modda. Abonent tomonidan energiyaning boshqa shaxsga berilishi
Abonent energiya bilan taʼminlovchi tashkilotdan tutashtirilgan tarmoq orqali qabul qilib olgan energiyani boshqa shaxs (qoʻshimcha abonent)ga faqat energiya bilan taʼminlovchi tashkilot roziligi bilan berishi mumkin.
Agar qonunchilikda yoki energiya taʼminoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, abonent tomonidan energiyani qoʻshimcha abonentga berish shartnomasiga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi.
Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, energiyani qoʻshimcha abonentga berish chogʻida abonent energiya bilan taʼminlovchi tashkilot oldida javobgar boʻlib qolaveradi.
476-modda. Energiya taʼminoti shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish
Energiya berishdagi uzilishlarga, energiya berishni toʻxtatish yoki cheklashga taraflar kelishuviga muvofiq yoʻl qoʻyiladi, abonentga qarashli energetika qurilmalarining qoniqarsiz ahvoli avariya xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi yoki fuqarolar hayoti va xavfsizligiga tahdid tugʻdirayotgani davlat energetika nazorati organi tomonidan tasdiqlangan hollar bundan mustasno. Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot abonentni energiya berishdagi uzilishlar, energiya berishni toʻxtatish yoki cheklash toʻgʻrisida ogohlantirishi lozim.
Abonent bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq unga darhol xabar bergan holda energiya berishni vaqtincha uzib qoʻyish, toʻxtatish yoki cheklashga energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tizimida avariyaning oldini olish yoki uni tugatish uchun kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish zarur boʻlgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda u energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga maʼlum qilish va foydalanilgan energiya haqini toʻliq toʻlash sharti bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda abonent oʻzi foydalangan energiya haqini toʻlamagani tufayli energiya bilan taʼminlovchi tashkilot shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortish huquqiga ega, bunda u shartnomani bajarishdan bosh tortishdan kamida bir oy oldin abonentni bu haqda ogohlantirishi lozim.
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq yuridik shaxs abonent boʻlgan hollarda energiya bilan taʼminlovchi tashkilot ushbu Kodeksning 455-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga haqli, qonunchilikda belgilab qoʻyilgan hollar bundan mustasno.
477-modda. Energiya taʼminoti shartnomasi boʻyicha javobgarlik
Energiya taʼminoti shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan hollarda, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot shu tufayli yetkazilgan zararning, abonent esa yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashi shart.
Agar energiya berishdagi uzilishlar quvvat va energiya yetishmasligi sababli energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tomonidan qonunchilik asosida isteʼmolni tartibga solish natijasida yuz bergan boʻlsa, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot aybdor boʻlgan taqdirdagina shartnoma majburiyatlarini bajarmagani yoki tegishli darajada bajarmagani uchun javob beradi.
478-modda. Energiya taʼminoti shartnomasi qoidalarini tutashtirilgan tarmoq orqali taʼminlash borasidagi boshqa munosabatlarga nisbatan qoʻllash
Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, tutashtirilgan tarmoq orqali issiqlik energiyasi bilan taʼminlash munosabatlariga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi.
Agar qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, tutashtirilgan tarmoq orqali gaz, neft va neft mahsulotlari, suv va boshqa tovarlar bilan taʼminlash munosabatlariga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi.
7-§. Koʻchmas mulkni sotish
479-modda. Koʻchmas mulkni sotish shartnomasi
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi shartnomasiga (koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga) binoan sotuvchi yer uchastkasi, bino, inshoot, kvartira yoki boshqa koʻchmas mulkni sotib oluvchiga mulk qilib topshirishni (ushbu Kodeksning 83-moddasi) oʻz zimmasiga oladi.
Korxonalarni sotishga nisbatan, basharti korxonani sotish shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalarda (ushbu Kodeksning 489-496-moddalari) boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi.
480-modda. Koʻchmas mulkni sotish shartnomasining shakli
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuziladi (ushbu Kodeks 366-moddasining toʻrtinchi qismi).
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasining shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga sabab boʻladi.
481-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining sotib oluvchiga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar taraflarning koʻchmas mulkni sotish shartnomasini bajarishi ularning uchinchi shaxslar bilan munosabatlarini oʻzgartirishi uchun asos boʻlmaydi.
Agar taraflardan biri koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlasa, boshqa tarafning talabiga binoan sud mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli. Mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan asossiz ravishda boʻyin tovlayotgan taraf boshqa tarafning roʻyxatdan oʻtkazish kechikkanligi tufayli koʻrgan zararini qoplashi shart.
482-modda. Bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk sotilganida ular joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq
Bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan sotib oluvchiga bunday koʻchmas mulkka egalik huquqini topshirish bilan bir vaqtda ushbu koʻchmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasining muayyan qismiga boʻlgan huquqlar ham topshiriladi.
Sotuvchi sotilayotgan koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan taqdirda sotib oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga mulk huquqi yoki ijara huquqi yoxud koʻchmas mulkni sotish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq beriladi.
Agar shartnomada koʻchmas mulkni sotib oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga boʻlgan huquq belgilangan boʻlmasa, sotib oluvchiga yer uchastkasining koʻchmas mulk joylashgan va bu koʻchmas mulkdan foydalanish uchun zarur boʻlgan muayyan qismiga mulk huquqi oʻtadi.
Sotuvchiga mulk huquqi asosida qarashli boʻlmagan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulkni, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonun yoki shartnomada belgilangan shartlariga zid boʻlmasa, ana shu yer uchastkasi mulkdorining roziligisiz sotishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday koʻchmas mulk sotilganida sotib oluvchi koʻchmas mulkni sotayotgan shaxs yer uchastkasining tegishli qismidan qanday shartlarda foydalangan boʻlsa, oʻsha shartlarda foydalanish huquqini qoʻlga kiritadi.
483-modda. Yer uchastkasi sotilganida koʻchmas mulkka boʻlgan huquq
Sotuvchiga qarashli bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasi ana shu koʻchmas mulkni sotib olayotgan shaxsga mulk qilib topshirmagan holda sotilsa, yer uchastkasining koʻchmas mulk joylashgan va koʻchmas mulkdan foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan sotuvchining foydalanish huquqi sotish shartnomasida belgilangan shartlarda saqlab qolinadi.
Agar yer uchastkasining tegishli qismidan foydalanish shartlari uni sotish shartnomasi bilan belgilangan boʻlmasa, sotuvchi yer uchastkasining koʻchmas mulk joylashgan va bu koʻchmas mulkdan koʻzlangan maqsadlarda foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan cheklangan holda foydalanish (servitut) huquqini saqlab qoladi.
484-modda. Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida shartnoma narsasini belgilash
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida shartnoma boʻyicha sotib oluvchiga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni aniq belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar, shu jumladan koʻchmas mulk tegishli yer uchastkasida yoki boshqa koʻchmas mulkning tarkibida qanday joylashganligini belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi shart.
Shartnomada bunday maʼlumotlar boʻlmasa, boshqa shaxsga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi shartni taraflar oʻzaro kelishib olmagan, tegishli shartnoma esa tuzilmagan hisoblanadi.
485-modda. Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida baho
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida ana shu mulkning bahosi nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
Shartnomada taraflar yozma ravishda kelishgan koʻchmas mulkning bahosi toʻgʻrisidagi shart boʻlmasa, uni sotish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilmagan hisoblanadi. Bunda ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan baho belgilash qoidasi qoʻllanmaydi.
Agar qonunda yoki koʻchmas mulkni sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yer uchastkasida joylashgan bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulkning shartnomada belgilangan bahosi ana shu koʻchmas mulk bilan birga topshirilayotgan yer uchastkasi tegishli qismining bahosini yoki unga boʻlgan huquqni oʻz ichiga oladi.
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida koʻchmas mulkning bahosi uning maydon birligiga yoki boshqa miqdor koʻrsatkichiga qarab belgilangan boʻlsa, bunday koʻchmas mulkning toʻlanishi lozim boʻlgan umumiy bahosi sotuvchiga topshirilgan koʻchmas mulkning amaldagi miqdoriga asoslangan holda belgilanadi.
486-modda. Koʻchmas mulkni topshirish
Koʻchmas mulkning sotuvchi tomonidan topshirilishi va sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirish toʻgʻrisidagi boshqa hujjatga binoan amalga oshiriladi.
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchining koʻchmas mulkni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bu mulk sotib oluvchiga topshirilganidan va topshirish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni taraflar imzolaganidan keyin bajarilgan hisoblanadi.
Taraflardan birining koʻchmas mulkni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish toʻgʻrisidagi hujjatni imzolashdan boʻyin tovlashi, tegishli ravishda sotuvchining mulkni topshirish majburiyatini bajarishdan, sotib oluvchining esa mulkni qabul qilib olish majburiyatini bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi.
Sotib oluvchining koʻchmas mulkni sotish shartnomasining shartlariga mos boʻlmagan koʻchmas mulkni qabul qilib olishi, shu jumladan bunday mos kelmaslik xususida koʻchmas mulkni topshirish toʻgʻrisidagi hujjatda aytib oʻtilgan hollarda ham, sotuvchini shartnomani tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish uchun asos boʻlolmaydi.
487-modda. Tegishli darajada sifatli boʻlmagan koʻchmas mulkni topshirish oqibatlari
Agar sotuvchi sotib oluvchiga koʻchmas mulkni sotish shartnomasining koʻchmas mulk sifati toʻgʻrisidagi shartlariga mos boʻlmagan koʻchmas mulkni topshirsa, ushbu Kodeks 434-moddasining qoidalari qoʻllaniladi, sotib oluvchining tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni tegishli darajada sifatli boʻlgan boshqa tovarga almashtirib berishni talab qilish huquqi toʻgʻrisidagi qoidalar bundan mustasno.
488-modda. Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari
Sotuvchi sotib olganidan keyin qonunga muvofiq uy-joy binosidan foydalanish huquqini oʻzida saqlab qoladigan shaxslar yashab turgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasining muhim sharti –– bu shaxslarning roʻyxatini sotilayotgan uy-joy binosidan foydalanish huquqlari koʻrsatilgan holda tuzishdan iboratdir.
Uyni, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
8-§. Korxonani sotish
489-modda. Korxonani sotish shartnomasi
Korxonani sotish shartnomasiga muvofiq sotuvchi sotib oluvchiga butun korxonani mulkiy majmua sifatida topshirish majburiyatini oladi, sotuvchi boshqa shaxslarga berishga haqli boʻlmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.
Firma nomi, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va sotuvchini hamda uning mahsulotini, u bajaradigan ish yoki koʻrsatadigan xizmatlarni shaxsiylashtiradigan boshqa vositalardan foydalanish huquqlari, agar korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchiga oʻtadi.
Sotuvchining tegishli faoliyat bilan shugʻullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi. Shartnoma boʻyicha topshiriladigan korxona tarkibiga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega boʻlmagani tufayli sotib oluvchi bajara olmaydigan majburiyatlarni kiritish sotuvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi. Bunday majburiyatlarni bajarmaganlik uchun sotuvchi va sotib oluvchi kreditorlar oldida solidar javobgar boʻladilar.
490-modda. Korxonani sotish shartnomasining shakli va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Korxonani sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuzilib, unga ushbu Kodeksning 491-moddasi ikkinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar albatta ilova qilinadi va u notarial guvohlantirilishi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Vakolatli davlat organining qaroriga binoan tanlov (tender) asosida tuziladigan korxonani sotish shartnomasi notarial guvohlantirilishi shart emas, ushbu Kodeksning 110-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim hisoblanadi, uni bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi va unga nisbatan ushbu Kodeks 112-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanmaydi.
491-modda. Sotiladigan korxona tarkibini aniqlash va qiymatini baholash
Sotiladigan korxona tarkibi va uning qiymati korxonani sotish shartnomasida inventarizatsiyalashning belgilangan qoidalariga muvofiq oʻtkaziladigan korxonani toʻliq inventarizatsiyalash asosida aniqlanadi.
Korxonani sotish shartnomasi imzolangunga qadar inventarizatsiya dalolatnomasi, buxgalteriya balansi, auditorlik xulosasini, baholash toʻgʻrisidagi hisobotni, shuningdek kreditorlar, ular qoʻyayotgan talablar xususiyati, miqdori va muddatlari koʻrsatilgan holda korxona tarkibiga kiritiladigan barcha qarz (majburiyat)lar roʻyxatini taraflar tuzgan va koʻrib chiqqan boʻlishi kerak. Nomlari aytib oʻtilgan hujjatlarda koʻrsatilgan mol-mulk, huquq va majburiyatlar, agar ushbu Kodeksning 489-moddasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa hamda u korxonani sotish shartnomasida belgilangan boʻlmasa, sotuvchi tomonidan sotib oluvchiga topshirilishi lozim.
492-modda. Korxonani sotishda kreditorlarning huquqlari
Sotiladigan korxona tarkibiga kiritilgan majburiyatlar boʻyicha kreditorlar korxona sotib oluvchiga topshirilgunga qadar sotuvchi tomonidan uning sotilishi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinishlari lozim.
Qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishiga roziligini sotuvchiga yozma ravishda bildirmagan kreditor korxona sotilishi toʻgʻrisida bildirish xati olgan kundan boshlab uch oy mobaynida yo majburiyatni bajarishni toʻxtatishni yoki muddatidan oldin bajarishni va sotuvchi tomonidan zarar qoplanishini, yo boʻlmasa korxonani sotish shartnomasini butunlay yoxud uning tegishli qismini haqiqiy emas deb topishni talab qilish huquqiga ega.
Korxonaning sotilishi toʻgʻrisida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinmagan kreditor sotuvchi korxonani sotib oluvchiga topshirgani toʻgʻrisida xabar topgan yoki xabar topishi lozim boʻlgan kundan boshlab bir yil mobaynida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qondirish haqida daʼvo qoʻzgʻatishi mumkin.
Korxona sotib oluvchiga topshirilganidan soʻng sotuvchi va sotib oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan, sotib oluvchiga kreditorning roziligisiz oʻtkazilgan qarzlar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.
493-modda. Korxonani topshirish
Sotuvchining korxonani sotib oluvchiga topshirishi topshirish dalolatnomasiga muvofiq amalga oshiriladi, unda korxonaning tarkibi va kreditorlar korxona sotilishi toʻgʻrisida xabardor qilinganligi, shuningdek topshirilgan mol-mulkda aniqlangan kamchiliklar haqida maʼlumotlar va yoʻqolganligi tufayli topshirish majburiyatlari vujudga kelishi mumkin boʻlmaydigan mol-mulkning roʻyxati koʻrsatiladi.
Korxonani topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchining majburiyati hisoblanadi va uning hisobidan amalga oshiriladi.
Ikkala taraf topshirish dalolatnomasini imzolagan kundan boshlab korxona sotib oluvchiga topshirilgan hisoblanadi. Shu paytdan boshlab korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfi sotib oluvchiga oʻtadi.
494-modda. Korxonaga mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi
Korxonaga mulk huquqi bu huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtadi.
Sotib oluvchining korxonaga mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish, basharti korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxona sotib oluvchiga topshirilganidan soʻng bevosita amalga oshiriladi.
Korxonani sotish shartnomasida korxona haqi toʻlangunicha yoki boshqa holatlar yuz berguncha sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan korxonaga mulk huquqi saqlanib qolishi nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi mulk huquqi oʻziga oʻtguncha topshirilgan korxona tarkibiga kiradigan mol-mulkni mulkiy majmua sifatida korxona faoliyatini taʼminlash uchun zarur darajada tasarruf qilishga, shuningdek huquqlardan foydalanishga haqli boʻladi.
495-modda. Korxonani kamchiliklar bilan topshirish va qabul qilish oqibatlari
Topshirish dalolatnomasi boʻyicha sotuvchi tomonidan tarkibi, shu jumladan topshirilgan mol-mulkining sifati, korxonani sotish shartnomasida nazarda tutilgan talabga muvofiq boʻlmagan korxonaning topshirilishi va sotib oluvchining qabul qilishi oqibatlari, agar shartnomadan boshqacha tartib kelib chiqmasa va u ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 393-395, 399, 402, 408, 412-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida aniqlanadi.
Korxona topshirish dalolatnomasiga muvofiq topshirilgan va qabul qilingan boʻlib, unda korxonaning aniqlangan kamchiliklari va yoʻqotilgan mol-mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan taqdirda, agar korxonani sotish shartnomasida bunday hollarda boshqa talablarni qoʻyish huquqi nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi korxonaning xarid narxini tegishincha kamaytirishni talab qilish huquqiga ega.
Sotib oluvchiga korxona tarkibida sotuvchining korxonani sotish shartnomasida yoki topshirish dalolatnomasida koʻrsatilmagan qarzlari (majburiyatlari) ham topshirilgan taqdirda, agar sotib oluvchi shartnoma tuzish va korxonani topshirish vaqtida bunday qarz (majburiyat)lar borligini bilganini sotuvchi isbotlamasa, sotib oluvchi xarid narxini kamaytirishni talab qilish huquqiga ega.
Sotuvchi korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar toʻgʻrisida yoki topshirilishi lozim boʻlgan ayrim turdagi mol-mulkning bu tarkibda yoʻqligi toʻgʻrisida sotib oluvchidan bildirish xati olgan hollarda tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulkni darhol almashtirishi yoki sotib oluvchiga yetishmayotgan mol-mulkni berishi mumkin.
Agar korxonaning sotuvchi javobgar boʻlgan kamchiliklar tufayli korxonani sotish shartnomasida aytib oʻtilgan maqsadlar uchun yaroqsizligi va bu kamchiliklar ushbu Kodeksga, qonunchilik yoki shartnomaga muvofiq belgilangan shartlarda, tartib va muddatlarda sotuvchi tomonidan bartaraf qilinmaganligi yoki bunday kamchiliklarni bartaraf qilib boʻlmasligi aniqlangan boʻlsa, sotib oluvchi korxonani sotish shartnomasini bekor qilish yoki oʻzgartirishni va taraflar shartnomaga muvofiq bajarganlarini qaytarishni sud tartibida talab qilish huquqiga ega.
496-modda. Korxonani sotish shartnomasiga nisbatan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari va shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qoidalarning qoʻllanilishi
Ushbu Kodeksning bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari va oldi-sotdi shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi, shartnoma boʻyicha bir yoki ikkala tarafdan olingan narsalarni qaytarishni yoki asl holida undirishni nazarda tutadigan qoidalari, agar bunday oqibatlar sotuvchi va sotib oluvchining kreditorlarining, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini jiddiy buzmasa va ushbu Kodeks 116-moddasining qoidalariga zid kelmasa, korxonani sotish shartnomasiga nisbatan qoʻllanadi.
30-bob. Ayirboshlash
497-modda. Ayirboshlash shartnomasi
Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq har bir taraf boshqa tarafga bir tovarni boshqa tovarga almashtirish yoʻli bilan mulk qilib topshirish majburiyatini oladi.
Ayirboshlash shartnomasiga nisbatan tegishincha oldi-sotdi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanadi, basharti bu ushbu bob qoidalariga va ayirboshlash mohiyatiga zid kelmasa. Bunda har qaysi taraf almashtirish yoʻli bilan topshirish majburiyatini olgan tovarni sotuvchi va qabul qilish majburiyatini olgan tovarni sotib oluvchi hisoblanadi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini ayirboshlash shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
498-modda. Ayirboshlash shartnomasi boʻyicha baho va xarajatlar
Agar ayirboshlash shartnomasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa, ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli deb taxmin qilinadi, ularni topshirish va qabul qilish xarajatlarini esa har bir holda tegishli majburiyatlarni bajaradigan taraf amalga oshiradi.
Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli emas deb tan olingan taqdirda bahosi ayirboshlashga taqdim qilinayotgan tovar bahosidan past boʻlgan tovarni topshirishi lozim boʻlgan taraf, agar shartnomada haq toʻlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar yoki tovarni tasarruf qilish hujjatlari topshirilgandan soʻng kechiktirmasdan baholardagi farqni toʻlashi lozim.
Agar ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli emas deb tan olinsa, biroq ularning baholaridagi farq ayirboshlash shartnomasida nazarda tutilgan boʻlmasa va shartnoma shartlariga qarab belgilanishi mumkin boʻlmasa, narxlardagi farq ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi.
499-modda. Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq tovarni topshirish majburiyatini muqobil bajarish
Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq ayirboshlanadigan tovarlarni topshirish muddatlari bir-biriga toʻgʻri kelmagan taqdirda, tovarni topshirish majburiyatini boshqa taraf tovarni topshirganidan soʻng bajarishi lozim boʻlgan tarafning tovarni topshirish majburiyatini bajarishiga nisbatan majburiyatni muqobil bajarish toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanadi.
500-modda. Ayirboshlanadigan tovarlarga boʻlgan mulk huquqining oʻtishi
Agar qonunda yoki ayirboshlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ayirboshlanadigan tovarlarga mulk huquqi ayirboshlash shartnomasiga muvofiq sotib oluvchi hisoblanadigan taraflarga ikkala taraf tegishli tovarlarni topshirish majburiyatini bajarganidan soʻng bir vaqtda oʻtadi.
501-modda. Ayirboshlash shartnomasi boʻyicha olingan tovarni olib qoʻyganlik uchun javobgarlik
Ayirboshlash shartnomasi boʻyicha olgan tovarini uchinchi shaxslar olib qoʻygan taraf, ushbu Kodeksning 395-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlsa, boshqa tarafdan ayirboshlash asosida olingan tovarni qaytarishni va (yoki) zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
31-bob. Hadya
502-modda. Hadya shartnomasi
Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga oʻziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni oʻzi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi.
Ashyo yoki huquq muqobil berilganida yo boʻlmasa, muqobil majburiyat mavjud boʻlganida shartnoma hadya deb tan olinmaydi. Bunday shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 124-moddasining ikkinchi qismi qoidalari qoʻllanadi.
Biron-bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni vaʼda qilish (hadya etishni vaʼda qilish), agar vaʼda tegishli shaklda berilgan boʻlsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq koʻrinib turgan boʻlsa, hadya shartnomasi deb tan olinadi.
Ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklida hadya narsasini aniq koʻrsatmasdan oʻzining mol-mulkini yoki mol-mulkning bir qismini hadya etishni vaʼda qilish oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
Hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Bunday hadyaga nisbatan ushbu Kodeksning vorislik toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllanadi.
503-modda. Hadya oluvchining hadyani qabul qilishni rad etishi
Hadya oluvchi oʻziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli. Bunday holda hadya shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi.
Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan boʻlsa, hadyani rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Agar hadya shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, hadyani qabul qilishni rad etish ham davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan boʻlsa, hadya qiluvchi hadya oluvchidan hadyani olishni rad etishi oqibatida yetkazilgan haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli.
504-modda. Hadya shartnomasining shakli
Hadya qilish, ayni paytda hadyani hadya oluvchiga topshirish ogʻzaki amalga oshirilishi mumkin, ushbu moddaning uchinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Hadyani topshirish uni taqdim qilish, ramziy topshirish (kalit va hokazolarni taqdim qilish) yoki huquqni belgilaydigan hujjatlarni taqdim etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Koʻchar mulkni hadya qilish shartnomasi:
hadya qiluvchi yuridik shaxs boʻlganida;
fuqarolar oʻrtasida bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq summaga shartnoma tuzilayotganda;
shartnomada kelajakda hadya etish vaʼda qilingan hollarda oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ogʻzaki tuzilgan hadya shartnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
Koʻchmas mulkni hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
505-modda. Hadyani cheklash
Yuridik shaxs operativ boshqarish huquqi asosida oʻziga qarashli boʻlgan ashyoni, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulkdorning roziligi bilan hadya etishga haqli. Bu cheklash qiymati katta boʻlmagan odatdagi sovgʻalarga taalluqli emas.
Umumiy birgalikdagi mulkni hadya qilishga ushbu Kodeksning 225-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda umumiy birgalikdagi mulkning barcha ishtirokchilari roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Hadya qiluvchiga tegishli uchinchi shaxsdan talab qilish huquqini hadya qilish ushbu Kodeks 313-317, 319 va 320-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Ijara huquqini yoki boshqalarning ashyosiga oʻzgacha huquqni uning mulkdorining yoki unga nisbatan operativ boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxsning roziligisiz hadya qilishga, agar bunday huquqqa asos boʻlgan qonunda yoki shartnomada uni mazkur shaxslar roziligisiz boshqa shaxslarga berish taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Hadya olayotgan shaxs oʻrniga uning uchinchi shaxs oldidagi majburiyatini bajarish yoʻli bilan hadya qilish ushbu Kodeks 241-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Hadya oluvchining uchinchi shaxsdan qarzini hadya qiluvchining oʻziga olishi yoʻli bilan hadya qilish ushbu Kodeks 322-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Hadya oluvchining nomi va hadya narsasi koʻrsatilmagan hadyani vakil tomonidan amalga oshirish ishonchnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
506-modda. Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish
Agar shartnoma tuzilgandan soʻng hadya qiluvchining moddiy ahvoli jiddiy yomonlashgan boʻlsa, u kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo boʻlmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish vaʼda qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
Ushbu Kodeks 507-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchi kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo boʻlmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish vaʼda qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchining hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortishi hadya oluvchiga zararni qoplashni talab qilish huquqini bermaydi.
507-modda. Hadyani bekor qilish
Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yoʻl qoʻyiladi.
Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan oʻldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega boʻlgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yoʻq boʻlib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik va jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilik qoidalarini buzib, toʻlovga qobiliyatsizlik haqida ish qoʻzgʻatilishidan oldingi bir yil ichida oʻzining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq mablagʻlar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin.
Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qoʻyilishi mumkin.
Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan boʻlsa, qaytarishi lozim.
508-modda. Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish mumkin boʻlmagan hollar
Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qoidalar ogʻzaki tuzilgan hadya shartnomalariga nisbatan qoʻllanmaydi.
509-modda. Kamchiliklari boʻlgan mol-mulkni hadya qilish oqibatlari
Hadya qilingan ashyodagi kamchiliklar tufayli hadya oluvchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, agar bu kamchiliklar ashyo hadya oluvchiga topshirilgunga qadar paydo boʻlgani aniq koʻrinib turgan kamchiliklar jumlasiga kirmasligi va hadya qiluvchi bu haqda bilgan boʻlsa-da, hadya oluvchini ogohlantirmaganligi isbot qilingan boʻlsa, ushbu Kodeks 57-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hadya qiluvchi tomonidan qoplanishi lozim.
510-modda. Hadya vaʼda qilinganida huquqiy vorislik
Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya vaʼda qilingan hadya oluvchining huquqlari uning merosxoʻrlariga (huquqiy vorislariga) oʻtmaydi.
Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya berishni vaʼda qilgan shaxsning majburiyatlari uning merosxoʻrlariga (huquqiy vorislariga) oʻtadi.
511-modda. Xayr-ehson
Umumfoydali maqsadlarda qilingan hadya xayr-ehson hisoblanadi.
Xayr-ehson fuqarolarga, davolash, tarbiya, ijtimoiy himoya muassasalariga va shunga oʻxshash boshqa muassasalarga, xayriya, ilmiy va oʻquv muassasalariga, fondlarga, muzeylar va boshqa madaniyat muassasalariga, jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarga, shuningdek davlatga va boshqa fuqarolik huquqi subyektlariga qilinishi mumkin.
Xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi.
Xayr-ehson qiluvchi mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilganida bu mol-mulkdan maʼlum bir maqsadda foydalanishni shart qilib qoʻyishi lozim, yuridik shaxslarga xayr-ehson qilganda esa bu shartni qoʻyishi mumkin. Bunday shart boʻlmaganida mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilish oddiy hadya deb hisoblanadi, qolgan hollarda esa xayr-ehson qilingan mol-mulkdan hadya oluvchi uning vazifasiga muvofiq foydalanadi.
Aniq maqsadda foydalanishga moʻljallangan xayr-ehsonni qabul qilib olayotgan yuridik shaxs xayr-ehson qilingan mulkdan foydalanish boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalarning alohida roʻyxatini yuritishi lozim.
Agar xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi koʻrsatgan maqsadda foydalanish vaziyat oʻzgarganligi tufayli mumkin boʻlmay qolsa, mulkdan boshqa maqsadda faqat xayr-ehson qiluvchining roziligi bilan, mol-mulkni xayr-ehson qilgan fuqaro vafot etgan boʻlsa yoki mulkni xayr-ehson qilgan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoxud tugatilgan boʻlsa –– sud qaroriga muvofiq foydalanish mumkin.
Xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi koʻrsatgan maqsadga zid holda foydalanish yoki ushbu maqsadni mazkur modda oltinchi qismining qoidalarini buzgan holda oʻzgartirish xayr-ehson qiluvchiga, uning merosxoʻrlariga yoki boshqa huquqiy vorisiga xayr-ehsonni bekor qilishni talab qilish huquqini beradi.
Ushbu Kodeks 507 va 510-moddalarining qoidalari xayr-ehsonga nisbatan qoʻllanmaydi.
32-bob. Renta
1-§. Umumiy qoidalar
512-modda. Renta shartnomasi
Renta shartnomasiga muvofiq bir taraf (renta oluvchi) koʻchmas yoki koʻchar mol-mulkni boshqa tarafga (renta toʻlovchiga) mulk qilib beradi, renta toʻlovchi esa olingan mol-mulk oʻrniga renta oluvchiga vaqti-vaqti bilan belgilangan pul summasi yoki uni taʼminlash uchun boshqa shaklda mablagʻ berish tarzida renta toʻlash majburiyatini oladi.
Renta shartnomasiga muvofiq rentani muddatsiz (doimiy renta) yoki renta oluvchi hayot boʻlgan muddat mobaynida toʻlash (umrbod renta) majburiyatini belgilashga yoʻl qoʻyiladi. Umrbod renta fuqaroni oʻz qaramogʻiga olgan holda umrbod taʼminlash sharti bilan belgilanishi mumkin.
513-modda. Renta shartnomasining shakli
Renta shartnomasi notarial tasdiqlanishi, koʻchmas mol-mulkni renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga berishni nazarda tutadigan shartnoma esa bundan tashqari davlat roʻyxatidan ham oʻtkazilishi lozim.
514-modda. Mol-mulkni renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga berish
Renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga beriladigan mol-mulk renta oluvchi tomonidan renta toʻlovchiga haq evaziga yoki tekinga mulk qilib berilishi mumkin.
Renta shartnomasida mol-mulkni haq evaziga topshirish nazarda tutilgan taqdirda taraflarning mol-mulkni topshirish va uning haqini toʻlash boʻyicha munosabatlariga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, bunday mol-mulk tekinga berilgan hollarda esa hadya shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi, basharti ushbu bobning qoidalarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va bu hol renta shartnomasining mohiyatiga zid kelmasa.
515-modda. Koʻchmas mulkdan renta olish
Renta toʻlash sharti bilan berilgan yer uchastkasi, korxona, bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mol-mulkdan renta olinadi. Renta toʻlovchi bunday mol-mulkni boshqa shaxsga bergan taqdirda renta shartnomasi boʻyicha uning majburiyatlari mol-mulkni oluvchiga oʻtadi.
Renta olinadigan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga mulk qilib bergan shaxs, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki shartnomada bu majburiyat boʻyicha solidar javobgarlik nazarda tutilmagan boʻlsa, renta oluvchining renta shartnomasi buzilgani tufayli kelib chiqqan talablari boʻyicha boshqa shaxs bilan subsidiar javobgar boʻladi.
516-modda. Renta toʻlashni taʼminlash
Renta toʻlash sharti bilan yer uchastkasi yoki boshqa koʻchmas mulk berilganida renta oluvchi renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishini taʼminlash maqsadida bu mulkka garov huquqini oladi.
Renta sifatida pul summasi yoki boshqa koʻchar mol-mulkni berishni nazarda tutadigan shartnomaning muhim sharti shuki, unda renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishning garovini taqdim etishga yoki ushbu majburiyatlarni bajarmaslik yoxud lozim darajada bajarmaslik xavfini renta oluvchi foydasiga sugʻurtalashga majbur boʻladi.
Renta toʻlovchi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmasa, shuningdek renta oluvchi javobgar boʻlmaydigan holatlarda taʼminlash yoʻqotilgan yoki taʼminlash sharoitlari yomonlashgan taqdirda renta oluvchi renta shartnomasini bekor qilishga va shartnoma bekor qilinishi tufayli koʻrgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
517-modda. Renta toʻlashni kechiktirganlik uchun javobgarlik
Renta toʻlashni kechiktirganlik uchun renta toʻlovchi renta oluvchiga, agar renta shartnomasida boshqacha foizlar miqdori nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni toʻlaydi.
2-§. Doimiy renta
518-modda. Doimiy rentani oluvchi
Doimiy rentani faqat fuqarolar va notijorat tashkilotlari olishlari mumkin, basharti, bu hol qonunga zid kelmasa va ularning faoliyat maqsadiga mos boʻlsa.
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, doimiy renta shartnomasi boʻyicha renta oluvchining huquqlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga talabdan voz kechish yoʻli bilan topshirilishi va vorislik boʻyicha yoki yuridik shaxslar qayta tashkil qilinganda boshqa shaxslarga oʻtishi mumkin.
519-modda. Doimiy renta shakli va miqdori
Doimiy renta pul bilan toʻlanib, u renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkka oʻxshash mol-mulkni ijaraga berishda qoʻllaniladigan mol-mulkdan foydalanish haqining oʻrtacha stavkasi doirasida shartnoma bilan belgilanadigan miqdorda, renta toʻlash sharti bilan pul summasi topshirilganda esa ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan bank foizining tegishli darajada joriy etilgan stavkasi doirasida boʻladi.
Shartnomada rentaning pul summasiga teng qiymatdagi ashyolarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmat koʻrsatish yoʻli bilan ham renta toʻlash nazarda tutilishi mumkin.
Agar doimiy renta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan foydalanish haqining tegishli stavkasi yoki bank foizi stavkasi oʻzgarsa, toʻlanadigan renta miqdori ham mutanosib ravishda oʻzgaradi.
520-modda. Doimiy rentani toʻlash muddatlari
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, doimiy renta yilning har bir kalendar choragi tugashi bilan toʻlanadi.
521-modda. Toʻlovchining doimiy rentani sotib olish huquqi
Doimiy rentani toʻlovchi uni sotib olish yoʻli bilan bundan buyon renta toʻlashdan bosh tortishga haqli. Agar renta toʻlovchi renta toʻlashdan bu tarzda bosh tortishini renta toʻlashni toʻxtatishidan kamida uch oy yoki shartnomada nazarda tutilganidek undan ham avvalroq yozma ravishda maʼlum qilgan boʻlsa, bunday bosh tortish haqiqiy hisoblanadi. Bunda renta toʻlash majburiyati, agar shartnomada sotib olishning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, renta oluvchi sotib olish summasining hammasini olib boʻlgunga qadar toʻxtatilmaydi.
Shartnomaning doimiy renta toʻlovchi uni sotib olish huquqidan voz kechishi toʻgʻrisidagi sharti oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
Shartnomada doimiy rentani sotib olish huquqini renta oluvchi hayotligida yoki shartnoma tuzilgan paytdan boshlab oʻttiz yildan oshmaydigan muddat mobaynida amalga oshirib boʻlmasligi nazarda tutilishi mumkin.
522-modda. Renta oluvchining talabiga koʻra doimiy rentani sotib olish
Quyidagi hollarda doimiy renta oluvchi toʻlovchidan rentani sotib olishni talab qilishga haqli:
agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan boʻlmasa, renta toʻlovchi uni toʻlash muddatini bir yildan ortiq kechiktirib yuborgan taqdirda;
renta toʻlovchi rentani toʻlashni taʼminlash boʻyicha oʻz majburiyatlarini buzgan taqdirda;
renta toʻlovchi toʻlovga qodir emas deb topilgan yoki u rentani shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda toʻlamasligini koʻrsatadigan boshqa vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda;
renta toʻlash sharti bilan topshirilgan koʻchmas mulk umumiy mulkka aylangan yoki bir necha shaxs oʻrtasida taqsimlangan taqdirda;
shuningdek, shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda.
523-modda. Doimiy rentani sotib olish bahosi
Ushbu Kodeksning 521 va 522-moddalarida nazarda tutilgan hollarda doimiy renta shartnomada belgilangan bahoda sotib olinadi.
Renta toʻlash sharti bilan mol-mulk haq evaziga topshirilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi toʻgʻrisida shart boʻlmaganida sotib olish yillik renta toʻlovlari summasiga mos bahoda amalga oshiriladi.
Renta toʻlash sharti bilan mol-mulk tekinga berilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi toʻgʻrisida shart boʻlmaganida sotib olish bahosiga yillik renta toʻlovlari summasi bilan bir qatorda topshirilgan mol-mulkning ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha aniqlanadigan bahosi ham kiritiladi.
524-modda. Doimiy renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi
Doimiy renta toʻlash sharti bilan bepul topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi renta toʻlovchi zimmasida boʻladi.
Doimiy renta toʻlash sharti bilan haq evaziga topshirilgan mol-mulk tasodifan nobud boʻlganda yoki tasodifan buzilganda toʻlovchi renta toʻlash majburiyatini tegishli ravishda toʻxtatishni yoki uni toʻlash shartlarini oʻzgartirishni talab qilishga haqli.
3-§. Umrbod renta
525-modda. Umrbod renta oluvchilar
Umrbod renta mulkini renta toʻlash sharti bilan topshirayotgan fuqaro hayot boʻlgan davrga yoki u koʻrsatgan boshqa fuqaro hayot boʻlgan davrga belgilanishi mumkin.
Umrbod rentani bir necha fuqaro foydasiga belgilashga yoʻl qoʻyiladi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, renta olish huquqida ularning ulushlari teng deb hisoblanadi.
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, renta oluvchilarning biri vafot etgan taqdirda uning renta olish huquqidagi ulushi undan keyin hayot boʻlgan renta oluvchilarga oʻtadi, oxirgi renta oluvchi vafot etgan taqdirda renta toʻlash majburiyati bekor boʻladi.
Shartnoma tuzilgan paytgacha vafot etgan fuqaro foydasiga umrbod renta belgilaydigan shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
526-modda. Umrbod renta miqdori
Umrbod renta shartnomada renta oluvchi hayot boʻlgan davrda unga vaqti-vaqti bilan toʻlanadigan pul summasi sifatida belgilanadi.
Umrbod rentaning shartnomada belgilanadigan bir oylik miqdori qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan oz boʻlmasligi kerak, ushbu Kodeksning 247-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa oshirilishi lozim.
527-modda. Umrbod rentani toʻlash muddatlari
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, umrbod renta har bir kalendar oy tugashi bilan toʻlanadi.
528-modda. Umrbod renta shartnomasini renta oluvchining talabi bilan bekor qilish
Renta toʻlovchi umrbod renta shartnomasini jiddiy buzgan hollarda renta oluvchi renta toʻlovchidan rentani ushbu Kodeksning 523-moddasida nazarda tutilgan shartlarda sotib olishni yoki shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Agar umrbod renta toʻlash sharti bilan tekinga kvartira, uy yoki boshqa mol-mulk topshirilgan boʻlsa, renta toʻlovchi shartnomaning muhim shartlarini jiddiy buzgan taqdirda renta oluvchi bu mol-mulkni uning qiymatini sotib olinadigan renta hisobiga qoʻshgan holda qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
529-modda. Renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi
Umrbod renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi renta toʻlovchini rentani shartnomada nazarda tutilgan shartlarda toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
33-bob. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish
530-modda. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasiga muvofiq, bir taraf (oluvchi) yoshi yoki sogʻligʻi tufayli mehnatga layoqatsiz boʻlgan boshqa taraf (boshqa shaxsga beruvchi)ni natura holida (uy-joy berish, ovqatlantirish, parvarishlash va zarur yordam koʻrsatish tarzida) umrbod moddiy taʼminlash majburiyatini oladi, boshqa shaxsga beruvchi esa oluvchiga uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani mulk qilib berish majburiyatini oladi.
531-modda. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasining shakli va shartlari
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasida boshqa shaxsga beruvchiga qanday moddiy taʼminot turlari berilishi, ularning pul bilan ifodalangan bir oylik bahosi va uy-joy (uyning bir qismi), kvartiraning qiymati koʻrsatilishi lozim.
Beriladigan uy-joy (uyning bir qismi), kvartira va moddiy taʼminot qiymati taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasi ushbu Kodeks 110-moddasining qoidalariga rioya etgan holda yozma shaklda tuzilishi va notarial tasdiqlanishi lozim.
532-modda. Taraflarning huquq va majburiyatlari
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasiga muvofiq, oluvchi shartnoma amal qilib turgan davrda bu uyni (uyning bir qismini), kvartirani sotish, hadya qilish, garovga qoʻyishga va uy (uyning bir qismi), kvartiraga mulk huquqini ogʻirlashtiradigan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqli emas. Bu uy (uyning bir qismi), kvartiraga oluvchining qarzlari boʻyicha undirish qaratilmaydi.
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha boshqa shaxsga beruvchidan olingan uy-joy (uyning bir qismi), kvartiraning tasodifan nobud boʻlishi oluvchini shartnoma boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlardan ozod qilmaydi.
533-modda. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish
Agar uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani oluvchi umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmasa yoki tegishli darajada bajarmasa, boshqa shaxsga beruvchi taʼminotni vaqti-vaqti bilan haq tarzida toʻlab turishga almashtirishni yoki shartnomani bekor qilishni talab qilishi mumkin.
Agar oluvchining moddiy ahvoli oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra boshqa shaxsga beruvchiga shartlashilgan taʼminotni bera olmaydigan darajada oʻzgarsa yoki boshqa shaxsga beruvchi mehnat qobiliyatini tiklasa, umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi oluvchining talabiga koʻra bekor qilinishi mumkin.
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilingan taqdirda uy (uyning bir qismi), kvartira boshqa shaxsga beruvchiga qaytarilishi lozim.
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boshqa shaxsga beruvchining talabiga koʻra bekor qilingan taqdirda oluvchi shartnoma amalda boʻlgan vaqtda boshqa shaxsga beruvchini taʼminlash va uyni (uyning bir qismini), kvartirani saqlab turishga qilgan xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.
534-modda. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning vorislarga oʻtishi
Oluvchi vafot etgan taqdirda umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha majburiyatlar uning vorislariga oʻtadi. Oluvchining vorislari boʻlmaganida yoki ular umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasini bajarishdan voz kechganlarida oluvchiga berilgan uy-joy (uyning bir qismi), kvartira uni boshqa shaxsga beruvchiga qaytariladi.
34-bob. Mulk ijarasi
1-§. Umumiy qoidalar
535-modda. Mulk ijarasi shartnomasi
Mulk ijarasi shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi.
536-modda. Ijaraga oluvchining ijaraga olingan mol-mulkdan olinadigan mahsulot, mevalar va daromadlarga boʻlgan mulk huquqi
Agar qonun yoki mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish natijasida oladigan mahsulot, meva va boshqa daromadlar uning mulki hisoblanadi.
537-modda. Mulk ijarasining obyektlari
Yer uchastkalari, yer osti boyliklari joylashgan uchastkalar va boshqa alohida tabiiy obyektlar, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari va foydalanish jarayonida oʻzining tabiiy xususiyatlarini yoʻqotmaydigan boshqa ashyolar (isteʼmol qilinmaydigan ashyolar) mulk ijarasiga berilishi mumkin.
Qonunchilikda mulk ijarasiga berilishi mumkin boʻlmagan yoki cheklangan korxonalar turlari (guruhlari) va mol-mulk turlari belgilab qoʻyilishi mumkin.
538-modda. Ijaraga beruvchi
Mol-mulkini ijaraga berish huquqi shu mol-mulk egasiga tegishlidir. Qonun yoki mulkdor tomonidan mol-mulkni ijaraga berish vakolati berilgan boshqa shaxslar ham ijaraga beruvchi boʻlishlari mumkin.
539-modda. Mulk ijarasi shartnomasining shakli
Mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga moʻljallangan boʻlsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs boʻlgan hollarda esa, muddatidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Koʻchmas mulk ijarasi shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi va soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Koʻchmas mulk ijarasi shartnomalarini soliq organlarida hisobga qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mulk huquqining kelgusida ijarachiga oʻtishini nazarda tutuvchi mulk ijarasi shartnomasi, bunday mulkning oldi-sotdi shartnomasi uchun nazarda tutilgan shaklda tuziladi.
540-modda. Mulk ijarasi shartnomasining muddati
Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi.
Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, koʻchmas mulk ijarasida esa –– uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qoʻyilishi mumkin.
Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng koʻp (oxirgi) muddatlar belgilab qoʻyilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan boʻlmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat oʻtishi bilan shartnoma bekor boʻladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi.
541-modda. Ijaraga oluvchiga mol-mulkni topshirish
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga mol-mulkni shartnoma shartlari va mol-mulkning vazifasiga muvofiq holatda topshirmogʻi lozim.
Mol-mulkni topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish ijaraga beruvchining burchi boʻlib, uning hisobidan amalga oshiriladi.
Agarda shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulk barcha mansub ashyolari va unga aloqador hujjatlar (texnik pasport, sifat sertifikati va hokazolar) bilan birga ijaraga topshiriladi. Agarda bunday mansub ashyolar va hujjatlar topshirilgan boʻlmasa va ularsiz ijaraga oluvchi mol-mulkdan uning oʻz vazifasi boʻyicha foydalana olmasa yoxud shartnoma tuzish paytida moʻljallashga haqli boʻlgan ancha narsasidan mahrum boʻlsa, u ijaraga beruvchidan bunday mansub ashyolar va hujjatlarni topshirishni yoxud shartnomani bekor qilishni, shuningdek zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan mol-mulkni shartnomada koʻrsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, oqilona muddatda topshirmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi ushbu Kodeksning 331-moddasiga muvofiq bu mol-mulkni undan talab qilib olish va ijroning kechikkanligi tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish yoki shartnomani bekor qilish va uning bajarilmaganligi sababli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
542-modda. Ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar uchun ijaraga beruvchining javobgarligi
Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkning undan foydalanishga toʻliq yoki qisman toʻsqinlik qiladigan kamchiliklari uchun, hatto u shartnoma tuzish vaqtida bular haqida bilmagan boʻlsa ham, javobgardir. Bunday kamchiliklar aniqlanganda ijarachi oʻz xohishiga koʻra:
ijaraga beruvchidan yo mol-mulkdagi kamchiliklarni tekinga bartaraf etishni yoki mol-mulkdan foydalanganlik haqini mutanosib kamaytirishni yoxud mol-mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun qilgan oʻz xarajatlarini qoplashni talab qilishga;
ijaraga beruvchini oldindan ogohlantirgan holda oʻsha kamchiliklarni bartaraf etishga sarflagan xarajatlari summasini mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqdan bevosita chegirib qolishga;
shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli.
Ijaraga oluvchining talablaridan yoki uning mol-mulkdagi kamchiliklarni ijaraga beruvchi hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni tegishli holatda boʻlgan boshqa shunday mol-mulk bilan darhol almashtirib berishi yoki mol-mulkdagi kamchilikni tekinga bartaraf etishi mumkin.
Agar ijaraga oluvchining talablarini qanoatlantirish yoxud uning kamchiliklarni bartaraf etish xarajatlarini mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqdan chegirib qolishi ijaraga oluvchi koʻrgan zararni qoplamasa, u zararning qoplanmagan qismini toʻlashni talab qilishga haqli.
Shartnoma tuzish vaqtida ijaraga beruvchi oldindan aytib qoʻygan yoki ijaraga oluvchiga oldindan maʼlum boʻlgan yoxud shartnomani tuzishda yoki mol-mulkni ijaraga topshirish paytida uni koʻzdan kechirganda yoxud uning sozligini tekshirganda ijaraga oluvchi aniqlashi kerak boʻlgan kamchiliklar uchun ijaraga beruvchi javobgar boʻlmaydi.
543-modda. Ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari
Mol-mulkning ijaraga topshirilishi bu mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari bekor boʻlishi yoki oʻzgarishi uchun asos boʻlmaydi.
Shartnoma tuzishda ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning barcha huquqlari (servitut, garov huquqi va hokazolar) haqida ogohlantirishi lozim. Ijaraga beruvchi tomonidan bu majburiyatning bajarilmasligi ijaraga oluvchiga mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqni kamaytirishni yoxud shartnomani bekor qilish va zararni toʻlashni talab qilish huquqini beradi.
544-modda. Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlash
Ijaraga oluvchi mol-mulkdan foydalanganlik uchun haqni oʻz vaqtida toʻlab turishi shart.
Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlash tartibi, shartlari va muddatlari mulk ijarasi shartnomasi bilan belgilanadi. Bular shartnomada belgilanmagan hollarda odatda xuddi shunday mol-mulkni oʻxshash holatlarda ijaraga berishda qoʻllaniladigan tartib, shartlar va muddatlar belgilangan deb hisoblanadi.
Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq ijaraga olingan barcha mol-mulk uchun yaxlit holda yoki uning har bir tarkibiy qismi uchun alohida-alohida holda quyidagi koʻrinishlarda belgilanadi:
vaqti-vaqti bilan yoki bir yoʻla toʻlanadigan qatʼiy summada belgilangan toʻlovlar tariqasida;
ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan mahsulot, mevalar yoki daromadlarning belgilangan ulushi tariqasida;
ijaraga oluvchi tomonidan koʻrsatiladigan maʼlum xizmatlar tariqasida;
ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchiga shartnomada kelishilgan ashyoni mulk qilib yoki ijaraga topshirish tariqasida;
ijaraga olingan mol-mulkni yaxshilash boʻyicha shartnomada kelishilgan xarajatlarni ijaraga oluvchi zimmasiga yuklash tariqasida.
Taraflar mulk ijarasi shartnomasida mol-mulkdan foydalanganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan haq shakllarini aralash amalga oshirishni yoki haq toʻlashning boshqa shakllarini nazarda tutishlari mumkin.
Agar mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq miqdori shartnomada belgilangan muddatlarda, biroq bir yilda koʻpi bilan bir marta taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin. Qonunchilikda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek ayrim mol-mulk turlarining ijarasi uchun haq miqdorini qayta koʻrib chiqishning boshqacha eng kam muddatlari nazarda tutilishi mumkin.
Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi oʻzi javobgar boʻlmagan holatlarga koʻra, shartnomada nazarda tutilgan foydalanish shartlari yoki mol-mulkning holati jiddiy yomonlashgan boʻlsa, u mol-mulkdan foydalanganlik uchun ijara haqini tegishli ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli.
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan foydalanganlik uchun ijara haqini toʻlash muddatlari ijaraga oluvchi tomonidan jiddiy buzilgan taqdirda, ijaraga beruvchi undan ijara haqini muddatidan oldin, ijaraga beruvchi belgilagan muddatda toʻlashni talab qilishga haqli. Bunda ijaraga beruvchi mol-mulkdan foydalanganlik uchun koʻpi bilan ikki muddatning haqini muddatidan oldin toʻlashni talab qilishga haqli.
545-modda. Ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish
Ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga muvofiq, agar bunday shartlar shartnomada belgilangan boʻlmasa –– mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishi lozim.
Agar ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramay, ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoki mol-mulkning vazifasiga nomuvofiq foydalansa, ijaraga beruvchi shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
546-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish
Agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni ijaraga beruvchining roziligi bilan ikkilamchi ijaraga (qoʻshimcha ijaraga) topshirishga, mulk ijarasi shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijara), ijaraga olingan mol-mulkni tekin foydalanish uchun berishga, shuningdek bu huquqlarini garovga qoʻyishga va ularni xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari ustav fondiga (kapitaliga) hissa sifatida yoki ishlab chiqarish kooperativiga pay badali sifatida topshirishga haqli. Koʻrsatib oʻtilgan hollarda ijaraga oluvchi shartnoma boʻyicha ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi, qayta ijara bundan mustasno. Mol-mulkni boshqa shaxslarga topshirish haqidagi shartnoma ijara shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq muddatga tuzilishi mumkin emas.
Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirish haqidagi shartnomaga nisbatan mulk ijarasi shartnomasi haqidagi qoidalar qoʻllaniladi.
547-modda. Ijaraga beruvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari
Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni oʻz hisobidan kapital taʼmirlashi shart.
Ijaraga oluvchi javobgar boʻlmagan holatlar natijasida kelib chiqqan shoshilinch zarurat tufayli oʻtkaziladigan taʼmirlashni ijaraga beruvchi oʻz hisobidan amalga oshirishi shart.
Kapital taʼmirlash mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar bu muddat shartnomada belgilanmagan yoki shoshilinch zarurat tufayli oʻtkazilsa, oqilona muddatda amalga oshirilmogʻi lozim.
Ijaraga beruvchining kapital taʼmirlash majburiyatini bajarmasligi ijaraga oluvchiga oʻz xohishiga koʻra:
shartnomada belgilangan yoxud shoshilinch zarurat taqozo etayotgan kapital taʼmirlashni amalga oshirib, taʼmirlash qiymatini ijaraga beruvchidan undirib olish yoxud mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq hisobiga oʻtkazish;
haqni tegishincha kamaytirishni talab qilish;
shartnomani muddatidan oldin bekor qilish va zararning qoplanishini talab qilish huquqini beradi.
548-modda. Ijaraga oluvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari
Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi mol-mulkni yaxshi holda saqlashi, uni oʻz hisobidan joriy taʼmirlashi va saqlash boʻyicha boshqa xarajatlarni qilishi lozim.
549-modda. Taraflar oʻzgarganda mol-mulk ijarasi shartnomasining oʻz kuchida qolishi
Ijaraga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulk (operativ boshqarish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish) huquqining boshqa shaxsga oʻtishi mulk ijarasi shartnomasining oʻzgartirilishi yoxud bekor qilinishi uchun asos boʻlmaydi.
Koʻchmas mulkni ijaraga olgan fuqaro vafot etgan taqdirda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ushbu mol-mulkni ijaraga topshirish shartnomasi boʻyicha uning huquq va majburiyatlari vorisga oʻtadi. Shartnomaning tuzilishi ijaraga oluvchining shaxsiy fazilatlari bilan bogʻliq boʻlgan hollardan tashqari ijaraga beruvchi bunday vorisning shartnoma amal qilishining qolgan muddatida shartnomaga qoʻshilishini rad etishga haqli emas.
550-modda. Mulk ijarasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganida ikkilamchi ijara shartnomasining bekor boʻlishi
Agar mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulk ijarasi shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomasining bekor boʻlishiga olib keladi. Bu holda ikkilamchi ijaraga oluvchi ikkilamchi ijaraning qolgan muddati davomida ikkilamchi ijara shartnomasiga muvofiq oʻzi foydalanib kelgan mol-mulkni bekor boʻlgan mulk ijarasi shartnomasining tegishli shartlari asosida ijaraga olish haqida shartnoma tuzishi mumkin.
Agar mulk ijarasi shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha haqiqiy emas deb topilsa, unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomalari ham haqiqiy emas deb topiladi.
551-modda. Ijaraga beruvchining talabi boʻyicha mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish
Mulk ijarasi shartnomasi ijaraga beruvchining talabi bilan sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar ijaraga oluvchi:
ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramasdan mol-mulkdan shartnoma shartlarini yoki mol-mulkning vazifalarini jiddiy ravishda buzgan yoxud bir necha marta buzgan holda foydalansa;
mol-mulkni jiddiy yomonlashtirsa;
shartnomada belgilangan toʻlov muddatini ketma-ket ikki martadan ortiq buzib, mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlamasa;
qonunchilikka yoki shartnomaga muvofiq kapital taʼmirlash ishlarini bajarish ijaraga oluvchi zimmasidagi majburiyat boʻlgan hollarda shartnomada belgilangan muddatlarda, shartnomada bunday muddat belgilangan boʻlmasa, oqilona muddatlarda mol-mulkni kapital taʼmirlashni amalga oshirmasa.
Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeksning 382-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga beruvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini yozma ravishda ogohlantirganidan va unga oʻz majburiyatlarini bajarish uchun imkoniyat berganidan keyingina shartnoma muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilishga haqli.
552-modda. Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish
Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasi sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar:
ijaraga beruvchi mol-mulkni foydalanish uchun ijaraga oluvchiga bermasa yoki mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoxud mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishga toʻsqinlik qilsa;
ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkda undan foydalanishga toʻsqinlik qiladigan kamchiliklar boʻlib, ularni ijaraga beruvchi shartnoma tuzish vaqtida aytib oʻtmagan, ijaraga oluvchiga oldindan maʼlum boʻlmagan va shartnoma tuzayotganda mol-mulkni koʻzdan kechirish yoxud uning sozligini tekshirish vaqtida aniqlanishi mumkin boʻlmagan boʻlsa;
ijaraga beruvchi shartnomada belgilangan muddatlarda, agarda shartnomada muddat belgilangan boʻlmasa, oqilona muddatlarda oʻz zimmasidagi mol-mulkni kapital taʼmirlash majburiyatini bajarmasa;
ijaraga oluvchi javobgar boʻlmagan holatlar tufayli mol-mulk foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolsa.
Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga oluvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
553-modda. Yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasi tuzishda ijaraga oluvchining imtiyozli huquqi
Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasini tuzishda sharoitlar teng boʻlgan hollarda boshqa shaxslarga nisbatan imtiyozli huquqqa ega boʻladi. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchini mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar shartnomada bunday muddat belgilangan boʻlmasa, shartnomaning amal qilishi tamom boʻlguncha oqilona muddatda bunday shartnomani tuzish istagi haqida yozma ravishda ogohlantirishi lozim.
Mulk ijarasi shartnomasini yangi muddatga tuzishda shartnoma shartlari taraflarning kelishuvi asosida oʻzgartirilishi mumkin.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchi bilan yangi muddatga shartnoma tuzishni rad etsa-yu, ammo u bilan tuzilgan shartnoma muddati tugaganidan keyin bir yil ichida boshqa shaxs bilan mulk ijarasi shartnomasini tuzsa, ijaraga oluvchi oʻz xohishiga koʻra yo tuzilgan shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlar oʻziga oʻtkazilishini va oʻzi bilan shartnomani yangilashni rad etish oqibatida oʻziga yetkazilgan zararning toʻlanishini yoki faqat zararning oʻzi toʻlanishini sud orqali talab qilishga haqli.
Agar mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom boʻlganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga eʼtiroz bildirmagan boʻlsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida nomaʼlum muddatga qaytadan tuzilgan hisoblanadi.
554-modda. Mol-mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish
Mulk ijarasi shartnomasi bekor boʻlganidan keyin ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni oʻziga topshirilgan holatda, normal eskirishni hisobga olib yoki shartnomada kelishilgan holatda qaytarishi lozim.
Agar ijaraga oluvchi ijaraga olgan mol-mulkni qaytarmasa yoki kechiktirib qaytarsa, ijaraga beruvchi kechiktirilgan barcha vaqt davomida mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlashni talab qilishga haqli. Bu haq ijaraga beruvchi koʻrgan zararni qoplamagan taqdirda zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
Ijaraga olingan mol-mulk oʻz vaqtida qaytarilmaganligi uchun shartnomada neustoyka undirish nazarda tutilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, neustoykadan tashqari zarar toʻliq miqdorda undirilishi mumkin.
555-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni yaxshilash
Agarda mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi tomonidan mol-mulkning ajratib olsa boʻladigan tarzda yaxshilanishi uning mulki hisoblanadi.
Ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni oʻz mablagʻlari hisobidan va ijaraga beruvchining roziligi bilan yaxshilagan, bu yaxshilashni mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmagan taqdirda, ijaraga oluvchi shartnoma bekor boʻlganidan keyin, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bu yaxshilashlar qiymatini toʻlashni talab qilish huquqiga ega.
Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchining roziligisiz amalga oshirilgan va ijaraga berilgan mol-mulkdan ajratib olib boʻlmaydigan yaxshilashlarning qiymati toʻlanmaydi.
Ijaraga olingan mol-mulkdan amortizatsiya ajratmalari hisobiga amalga oshirilgan, mol-mulkdan ajratib olish mumkin boʻlgan va mumkin boʻlmagan yaxshilashlar ijaraga beruvchining mulki boʻladi.
556-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish
Mulk ijarasi shartnomasida ijaraga olingan mol-mulk ijara shartnomasining muddati tamom boʻlganidan keyin yoki tamom boʻlmasdan oldin ijaraga oluvchi shartnomada kelishilgan sotib olish bahosining hammasini toʻlagan taqdirda uning mulkiga aylanishi nazarda tutilishi mumkin.
Agar ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish sharti shartnomada nazarda tutilmagan boʻlsa, u taraflarning qoʻshimcha kelishuvi bilan belgilanishi mumkin, bunda taraflar mol-mulkdan foydalanganlik uchun ilgari toʻlangan haqni xarid narxiga kiritish toʻgʻrisida kelishishga haqlidirlar.
Qonun hujjatlarida ijaraga olingan mol-mulkni sotib olishni taqiqlash hollari belgilab qoʻyilishi mumkin.
557-modda. Mulk ijarasi ayrim turlarining va ayrim turdagi mol-mulkni ijaraga berishning xususiyatlari
Mulk ijarasi shartnomasining ayrim turlariga va ayrim turdagi mol-mulkni ijaraga berish shartnomalariga (prokat, transport vositalari ijarasi, korxonalar ijarasi, moliyaviy mablagʻlar ijarasi va hokazolar), agarda ushbu Kodeksning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
2-§. Prokat
558-modda. Prokat shartnomasi
Prokat shartnomasi boʻyicha doimiy tadbirkorlik faoliyati sifatida mol-mulkni ijaraga beruvchi haq evaziga ijaraga oluvchiga vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun koʻchar mol-mulkni topshirish majburiyatini oladi.
Prokat shartnomasi boʻyicha topshirilgan mol-mulkdan, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, isteʼmol maqsadlarida foydalaniladi.
Prokat shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Prokat shartnomasi ommaviydir.
559-modda. Prokat shartnomasining muddati
Prokat shartnomasi bir yilgacha muddatga tuziladi.
Mulk ijarasi shartnomasini nomuayyan muddatga qaytadan tuzish va ijaraga oluvchining mulk ijarasi shartnomasini qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalar prokat shartnomasiga nisbatan qoʻllanmaydi.
Ijaraga oluvchi prokat shartnomasini bajarishni istagan vaqtida rad etishga haqli.
560-modda. Ijarachiga mol-mulkni topshirish
Prokat shartnomasini tuzgan ijaraga beruvchi ijaraga topshirilayotgan mol-mulkning sozligini ijaraga oluvchi ishtirokida tekshirishi, shuningdek uni mol-mulkdan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi yoki unga bu mol-mulkdan foydalanish haqidagi yozma qoʻllanmani berishi shart.
561-modda. Ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish
Agar ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar ijaraga oluvchi tomonidan mol-mulkdan foydalanish va uni saqlash qoidalarining buzilishi natijasida vujudga kelgan boʻlsa, ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni taʼmirlash va transportda tashish xarajatlarini toʻlaydi.
562-modda. Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulkdan foydalanganlik haqi
Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulkdan foydalanganlik haqi vaqti-vaqti bilan yoki bir yoʻla toʻlanadigan qatʼiy summadagi toʻlovlar shaklida belgilanadi.
Ijaraga oluvchi mol-mulkni muddatidan oldin qaytargan taqdirda ijaraga beruvchi unga mol-mulkdan foydalanganlik uchun olingan haqdan tegishli qismini mol-mulk amalda qaytarilgan kunning ertasidan boshlab hisoblagan holda qaytaradi.
Mol-mulkdan foydalanganlik haqi boʻyicha ijaraga oluvchining qarzlari notariusning ijro ustxati asosida soʻzsiz undirib olinadi.
563-modda. Ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish
Prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga topshirilgan mol-mulkni kapital va joriy taʼmirlash ijaraga beruvchining burchidir.
Prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berishga, ijaraga oluvchi prokat shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishiga, bu mol-mulkning bepul foydalanish uchun berib qoʻyilishiga, ijaraga oluvchining huquqlarini garovga qoʻyishga va ularni xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarining ustav fondiga (kapitaliga) hissa tariqasida, ishlab chiqarish kooperativlariga pay badallari tariqasida qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-§. Transport vositalarining ijarasi
564-modda. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi
Transport vositasini ekipaji bilan ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi transport vositasini vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun haq evaziga ijaraga oluvchiga beradi va oʻz kuchi bilan uni boshqarish hamda texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatadi.
Transport vositasini ekipajsiz ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatmagan holda vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun ijaraga oluvchiga haq evaziga beradi.
Ushbu bobning ijara shartnomasini nomuayyan muddatga qayta tuzish va ijaraga oluvchining ijara shartnomasini yangi muddatga qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalari transport vositasini ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qoʻllanmaydi.
565-modda. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasining shakli
Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi, uning muddatidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak bundan ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish boʻyicha xizmat koʻrsatadigan yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini oʻttiz kungacha boʻlgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin.
Avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega boʻladi.
566-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari
Ijaraga beruvchi shartnoma amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga berilgan transport vositasini tegishli holatda saqlashi, shu jumladan joriy va kapital taʼmirlashi hamda zarur asbob-uskunalarni berishi shart.
Ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha ijaraga oluvchiga koʻrsatadigan xizmatlari hajmi transport vositasining shartnomada koʻrsatilgan ijara maqsadlariga mos ravishda normal va xavfsiz ishlatilishini taʼminlashi shart. Ijara shartnomasida ijaraga oluvchiga koʻrsatiladigan xizmatlarning yanada kengroq doirasi nazarda tutilishi mumkin.
Transport vositasi ekipajining tarkibi va uning malakasi taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalarga va shartnomada belgilangan shartlarga, bordi-yu, taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalarda bunday talablar belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, –– shunday turdagi transport vositasini ishlatishning odatdagi amaliyoti talablari va shartnoma shartlariga javob berishi lozim.
Ekipaj aʼzolari ijaraga beruvchi bilan mehnat munosabatlarini saqlab qoladilar. Ular ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanishga doir koʻrsatmalariga va ijaraga oluvchining transport vositasini tijorat maqsadida ishlatishga doir koʻrsatmalariga boʻysunadilar.
Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ekipaj aʼzolarining xizmatiga haq toʻlash, shuningdek ularni saqlash xarajatlari ijaraga beruvchi zimmasida boʻladi.
Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, transport vositasini sugʻurta qilish va (yoki) uning tomonidan yoki uni ishlatish munosabati bilan yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar uchun javobgarlikni sugʻurtalash majburiyati, bunday sugʻurtalash qonun yoki shartnomaga muvofiq majburiy boʻlsa, ijaraga beruvchi zimmasiga yuklatiladi.
567-modda. Transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash boʻyicha ijaraga oluvchining majburiyati
Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish munosabati bilan yonilgʻi va ishlatish jarayonida sarflanadigan boshqa materiallar haqini toʻlash, yigʻimlar va boshqa chiqimlarni toʻlash ijaraga oluvchi zimmasida boʻladi.
568-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatmagan holda ijaraga berilganida ijaraga oluvchining majburiyatlari
Ijaraga oluvchi transport vositasini ijaraga berish shartnomasi amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga olingan transport vositasini tegishli holatda saqlab turishi, jumladan uni joriy taʼmirlashni, shuningdek, agar shartnomada boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, kapital taʼmirlashni ham amalga oshirishi shart.
Ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini oʻz kuchi bilan boshqaradi, shuningdek undan tijorat maqsadida va texnik foydalanishni amalga oshiradi.
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini saqlash, uni sugʻurtalash, shu jumladan oʻz javobgarligini sugʻurtalash, transport vositasini ishlatish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshiradi.
569-modda. Transport vositasidan foydalanish haqida uchinchi shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar
Agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini ekipaj bilan yoki ekipajsiz ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchining roziligi bilan qoʻshimcha ijaraga berishga haqli.
Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligisiz oʻz nomidan, agar ijara shartnomasida nazarda tutilgan transport vositalaridan foydalanish maqsadlariga, bordi-yu bunday maqsadlar belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, transport vositasining vazifasiga xilof boʻlmasa, uchinchi shaxslar bilan tashish shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga haqli.
570-modda. Transport vositasiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Ijaraga berilgan transport vositasi halokatga uchragan yoki shikastlangan taqdirda, agar ijaraga beruvchi transport vositasi qonun yoki shartnomaga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar boʻladigan holatlarda halokatga uchraganini yoki shikastlanganligini isbot qilsa, ijaraga oluvchi yetkazilgan zararni ijaraga beruvchiga toʻlashi shart.
571-modda. Transport vositasi bilan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Ekipaj bilan ijaraga berilgan transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik, ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq, ijaraga beruvchi zimmasida boʻladi. Ijaraga beruvchi zarar ijaraga oluvchining aybi bilan yetkazilganligini isbotlasa, uchinchi shaxslarga toʻlangan pul summasini qoplashni ijaraga oluvchidan regress tartibida talab qilishga haqli.
Transport vositasi saqlash, boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatmagan holda ijaraga berilganida transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar boʻladi.
572-modda. Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari
Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari, ushbu paragrafda nazarda tutilgan hollardan tashqari, qonunchilik bilan belgilanishi mumkin.
4-§. Binolar va inshootlar ijarasi
573-modda. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga bino yoki inshootni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoxud vaqtincha foydalanish uchun topshirish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Agar ushbu Kodeksning korxonani ijaraga berish toʻgʻrisidagi qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafning qoidalari korxonalar ijarasiga tatbiq etiladi.
574-modda. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakli va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolaydigan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi.
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi.
Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida tuzilgan binoni yoki inshootni yoxud uning bir qismini ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bir yildan kam boʻlmagan muddatga tuzilgan bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim va roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
575-modda. Bino yoki inshoot ijaraga berilganida ular joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchiga bunday koʻchmas mulkka egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini topshirish bilan bir vaqtda yer uchastkasining ana shu koʻchmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur qismiga boʻlgan huquqlar ham topshiriladi.
Ijaraga beruvchi ijaraga berilayotgan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasining mulkdori boʻlsa, ijaraga oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga boʻlgan ijara huquqi yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq topshiriladi.
Agar ijaraga oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga boʻlgan huquq shartnomada belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va ulardan oʻz vazifasiga muvofiq foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan foydalanish huquqi bino yoki inshoot ijaraga berilgan muddatga ijaraga oluvchiga oʻtadi.
Ijaraga beruvchiga mulk huquqi asosida qarashli boʻlmagan yer uchastkasida joylashgan bino yoki inshootni ijaraga berishga, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonunda yoki yer uchastkasining mulkdori bilan tuzilgan shartnomada belgilangan shartlariga zid boʻlmasa, ushbu uchastka mulkdorining roziligisiz yoʻl qoʻyiladi.
576-modda. Yer uchastkasi sotilganida undan foydalanish huquqining bino yoki inshootni ijaraga oluvchida saqlanib qolishi
Ijaraga olingan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasi boshqa shaxsga sotilgan hollarda yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan foydalanish huquqi ushbu yer uchastkasi sotilguniga qadar amalda boʻlgan shartlar bilan ana shu bino yoki inshootni ijaraga oluvchi shaxsda saqlanib qoladi.
577-modda. Ijara haqining miqdori
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida ijara haqining miqdori nazarda tutilishi lozim. Ijara haqining miqdori toʻgʻrisida taraflar yozma shaklda kelishgan shartlar boʻlmagan taqdirda, bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Bunda ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan narx belgilash qoidalari qoʻllanmaydi.
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida belgilangan bino yoki inshootdan foydalanganlik haqiga, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasidan yoxud yer uchastkasining bino yoki inshoot bilan birga topshirilayotgan tegishli qismidan foydalanganlik haqi ham kiradi.
Shartnomada bino yoki inshootning ijara haqi bino (inshoot) maydonining birligi yoki uning boshqa oʻlchov koʻrsatkichlari boʻyicha belgilangan boʻlsa, ijara haqi ijaraga oluvchiga topshirilgan bino yoki inshootning haqiqiy oʻlchoviga qarab aniqlanadi.
578-modda. Bino yoki inshootni topshirish
Bino yoki inshootni ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va ijaraga oluvchi tomonidan qabul qilib olish taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirishga doir boshqa hujjat boʻyicha amalga oshiriladi.
Agar qonunda yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchining bino yoki inshootni ijaraga oluvchiga topshirish majburiyati bino yoki inshoot ijaraga oluvchining egaligiga yoki foydalanishiga topshirilganidan va taraflar topshirish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni imzolaganlaridan keyin bajarilgan hisoblanadi.
Taraflardan birining bino yoki inshootni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish toʻgʻrisidagi hujjatni imzolashdan bosh tortishi tegishli boʻlishiga qarab, ijaraga beruvchining mol-mulkni topshirish boʻyicha oʻz majburiyatlarini, ijaraga oluvchining esa, mol-mulkni qabul qilib olish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi deb qaraladi.
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi bekor qilinganida ijaraga olingan bino yoki inshoot ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda ijaraga beruvchiga qaytarilishi lozim.
5-§. Korxonani ijaraga berish
579-modda. Korxonani ijaraga berish shartnomasi
Korxonani ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun mulkiy kompleks sifatida butun korxonani yoki uning bir qismini haq evaziga berish majburiyatini oladi, ijaraga beruvchi boshqa shaxslarga oʻtkazishi mumkin boʻlmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.
Ijaraga beruvchi oʻz qarzlarini ijaraga oluvchining zimmasiga oʻtkazishi haqida kreditorlarini yozma ravishda ogohlantirishi shart, kreditorlar bunga rozi boʻlmasalar, ogohlantirishni olgan vaqtdan boshlab uch oy davomida ijaraga beruvchidan tegishli majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va shu tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar shu muddatda mazkur talablardan birontasi bildirilmasa, kreditor tegishli qarzning ijarachiga oʻtkazilishiga rozilik bergan deb hisoblanadi.
Ijaraga beruvchidan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va zararni qoplashni talab qilgan kreditorlar bilan hisob-kitob qilib boʻlinganidan keyingina korxona ijarachiga topshirilishi mumkin.
Korxona mulkiy kompleks sifatida ijaraga berilganidan keyin ijaraga beruvchi bilan ijaraga oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan va ijaraga oluvchiga kreditorning roziligisiz oʻtkazilgan qarzlar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.
Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchining tegishli faoliyat bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari ijaraga oluvchiga berilishi mumkin emas. Ijarachi maxsus ruxsatnoma (litsenziya)si boʻlmaganligi sababli bajara olmaydigan majburiyatlarni shartnoma boʻyicha topshirilayotgan korxona tarkibiga kiritish ijaraga beruvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi.
580-modda. Korxonani ijaraga berish shartnomasining shakli
Korxonani ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolagan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi va u davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Korxonani ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
Korxonani ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi.
581-modda. Ijaraga olingan korxonani topshirish
Ijaraga olingan korxona ijaraga oluvchiga topshirish dalolatnomasi boʻyicha topshiriladi.
Agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga olingan korxonani topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish ijaraga beruvchining zimmasidagi majburiyat hisoblanadi va uning hisobidan amalga oshiriladi.
582-modda. Ijaraga oluvchining korxonani saqlash va uni ishlatish xarajatlarini toʻlash boʻyicha majburiyatlari
Korxonani ijaraga oluvchi ijara shartnomasi amal qilib turgan butun vaqt mobaynida korxonani tegishli texnik holatda saqlab turishi, shu jumladan uni joriy taʼmirlashi va shartnomada nazarda tutilgan hollarda kapital taʼmirlashi shart.
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan korxonani ishlatish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek ijaraga olingan mol-mulkni sugʻurtalash boʻyicha toʻlovlar, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar ijaraga oluvchi zimmasiga yuklatiladi.
583-modda. Ijaraga olingan korxona mol-mulkidan foydalanish
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan korxona mol-mulki tarkibiga kiruvchi moddiy boyliklarni ijaraga beruvchining roziligi bilan sotish, ayirboshlash va uning roziligisiz vaqtincha foydalanishga yoxud qarzga, qoʻshimcha ijaraga berishga, shuningdek korxona bahosini pasaytirmaslik va ijara shartnomasining boshqa bandlarini buzmaslik sharti bilan bunday boyliklarga nisbatan ijara shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini boshqa shaxslarga oʻtkazishga haqli.
Agar korxonani ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan korxonani ijaraga beruvchining roziligisiz qayta qurishga, uni kengaytirib, texnik qayta jihozlab qiymatini oshirishga haqli.
584-modda. Ijarachining ijaraga olingan korxonani yaxshilashi
Korxonani ijaraga olish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining ruxsatidan qatʼi nazar, ijaraga olingan mol-mulkni ajratib boʻlmaydigan tarzda yaxshilash qiymatini olishga haqli.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchining bunday yaxshilashga qilgan xarajatlari ijaraga olingan mol-mulkning qiymatini uning sifati va (yoki) undan foydalanish xususiyatlarini yaxshilashga qaraganda beqiyos darajada oshirib yuborganligini yoki bunday yaxshilashni amalga oshirish vaqtida halollik va oqilonalik tamoyillari buzilganligini isbotlasa, sud uni bunday yaxshilash haqini ijaraga oluvchiga toʻlash majburiyatidan ozod qilishi mumkin.
585-modda. Korxonani ijaraga berish shartnomasiga bitimlarning haqiqiy emasligi hamda shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish oqibatlari haqidagi qoidalarning tatbiq etilishi
Ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari toʻgʻrisidagi, shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish haqidagi shartnoma boʻyicha olingan narsani bir tarafdan yoki har ikkala tarafdan qaytarib olishni yoki asli holida undirib olishni nazarda tutuvchi qoidalari, agar bunday oqibatlar ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining kreditorlarining, boshqa shaxslarning muhim huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini jiddiy buzmasa va ushbu Kodeks 116-moddasining qoidalariga zid kelmasa, korxonani ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qoʻllanadi.
586-modda. Ijaraga olingan korxonani qaytarish
Korxonani ijaraga berish shartnomasi bekor boʻlganida, ijaraga olingan mulkiy kompleks ushbu Kodeksning 579 va 581-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda ijaraga beruvchiga qaytarilishi shart.
6-§. Lizing
587-modda. Lizing shartnomasi
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing beruvchi (ijaraga beruvchi) bir taraf lizing oluvchi (ijaraga oluvchi) ikkinchi tarafning topshirigʻiga binoan sotuvchi uchinchi taraf bilan undan lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olish haqida kelishish majburiyatini oladi, lizing oluvchi esa buning uchun lizing beruvchiga lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatini oladi.
588-modda. Lizing obyekti
Isteʼmol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing obyekti boʻlishi mumkin, yer uchastkalari va boshqa tabiat obyektlari bundan mustasno.
589-modda. Lizing subyektlari
Kelajakda lizing oluvchiga lizing boʻyicha topshirish maqsadida mol-mulkni oʻziga mulk qilib oluvchi shaxs lizing beruvchi deb tan olinadi.
Egalik qilish va foydalanish uchun lizing obyektini oladigan shaxs lizing oluvchi deb hisoblanadi.
Lizing beruvchi lizing obyektini kimdan olayotgan boʻlsa, shu shaxs sotuvchi deb eʼtirof etiladi.
Lizing beruvchi mol-mulkni boʻlajak foydalanuvchidan sotib olgan taqdirda yoxud lizing beruvchi kelajakda mol-mulkni sotuvchiga lizing boʻyicha topshirish uchun undan shu mol-mulkni sotib olish maqsadida uni mablagʻ bilan taʼminlagan taqdirda bir shaxsning oʻzi ham lizing oluvchi, ham sotuvchi boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
590-modda. Lizing toʻlovi
Lizing toʻlovi lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat boʻladi.
591-modda. Mol-mulkni lizingga topshirish toʻgʻrisida sotuvchini xabardor qilish
Lizing beruvchi lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga moʻljallanganligini sotuvchiga bildirishi shart.
592-modda. Lizing shartnomasi narsasini lizing oluvchiga topshirish
Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu shartnoma obyekti boʻlgan mol-mulk sotuvchi tomonidan bevosita lizing oluvchiga u turgan joyda topshiriladi.
Agar lizing shartnomasining narsasi boʻlgan mol-mulk shu shartnomada koʻrsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oqilona muddatda lizing oluvchiga topshirilmagan boʻlsa, lizing beruvchi javobgar boʻladigan holatlar tufayli muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, lizing oluvchi shartnomani bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
593-modda. Mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfining lizing oluvchiga oʻtishi
Lizing boʻyicha ijaraga olingan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing oluvchiga bu mol-mulkni topshirish paytida oʻtadi.
594-modda. Lizing beruvchining majburiyati va javobgarligi
Lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga shartnoma shartlariga javob beradigan holatda va unda kelishilgan muddatda topshirishi shart.
Agar lizing beruvchining aybli harakatlari yoki yoʻl qoʻygan kamchiliklari tufayli mol-mulk yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulk yetkazib berilgan boʻlsa, buning uchun u lizing oluvchi oldida javobgardir.
595-modda. Lizing oluvchining huquqlari
Mol-mulk yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki uning sifati tegishli darajada boʻlmagan taqdirda, lizing oluvchi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa:
lizing toʻlovlarini toʻxtatib turish;
yetkazib berilayotgan mol-mulkni rad etish va lizing shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.
Lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda lizing oluvchi ilgari boʻnak sifatida toʻlagan pullarini, lizing obyektidan foydalanishdan olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, oʻziga qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi taʼminoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan lizing toʻlovlarining qolgan summasidan ortiq boʻlgan qismi boʻyicha berishi mumkin.
Lizing shartnomasining muddati tugagach, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing obyekti lizing oluvchining mulki boʻlib qoladi.
596-modda. Qoʻshimcha lizing
Lizing oluvchi lizing beruvchi oldida shartnoma yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan mol-mulkini lizing beruvchining roziligi bilan qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli.
597-modda. Lizing oluvchining majburiyati va javobgarligi
Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, lizing oluvchi lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi, mol-mulkdan uni yetkazib berish shartlariga muvofiq foydalanishi, uni soz holda saqlashi, oʻz hisobidan joriy taʼmirlash ishlarini bajarishi, saqlash boʻyicha boshqa xarajatlarni amalga oshirishi shart.
Lizing shartnomasi bekor qilinganida lizing oluvchi mol-mulkni lizing beruvchidan olgan holatida uning normal eskirishini va taraflarning kelishuvida shartlashilgan oʻzgarishlarni hisobga olib, qaytarib berishga majbur.
Lizing oluvchi lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, lizing beruvchi oʻziga tegishi kerak boʻlgan toʻlovlarni foizi bilan olishi mumkin.
Lizing oluvchi oʻz majburiyatlarini jiddiy ravishda buzgan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi boʻlajak lizing toʻlovlarini tezlashtirishni yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqiga ega.
598-modda. Sotuvchining javobgarligi
Lizing oluvchi lizing shartnomasining narsasi boʻlgan mol-mulkni sotuvchiga sotuvchi bilan lizing beruvchi oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni, xususan mol-mulkning sifati va butligi, uni yetkazib berish muddatlari haqidagi talablarni va shartnoma sotuvchi tomonidan zarur darajada bajarilmayotgan boshqa hollardan kelib chiqadigan talablarni qoʻyishga haqli. Bunda lizing oluvchi, mazkur mol-mulkning oldi-sotdi shartnomasidagi taraflardan biri boʻlgani kabi, ushbu Kodeksda sotib oluvchi uchun nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi (sotib olingan mol-mulk haqini toʻlash majburiyati bundan mustasno). Biroq lizing oluvchi sotuvchi bilan oldi-sotdi shartnomasini lizing beruvchining roziligisiz bekor qila olmaydi.
Sotuvchi bilan boʻladigan munosabatlarda lizing oluvchi va lizing beruvchi solidar kreditorlar boʻladilar.
Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarning sotuvchi tomonidan bajarilishi uchun lizing oluvchi oldida javobgar boʻlmaydi, sotuvchi tanlash boʻyicha javobgarlik lizing beruvchining zimmasida boʻlgan hollar bundan mustasno. Sotuvchini lizing beruvchi tanlagan taqdirda, lizing oluvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni oʻz xohishiga qarab, solidar javobgar boʻlgan mol-mulk sotuvchi oldiga ham, lizing beruvchi oldiga ham qoʻyishga haqli.
599- modda. Lizing obyekti boshqa mulkdorga oʻtganida lizing shartnomasining oʻz kuchida qolishi
Lizing boʻyicha topshirilgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi lizing beruvchidan boshqa shaxsga oʻtganida lizing shartnomasi yangi mulkdor uchun oʻz kuchini saqlab qoladi.
35-bob. Uy-joy ijarasi
600-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan bir taraf –– uy-joyning mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs (ijaraga beruvchi) –– boshqa taraf (ijaraga oluvchi)ga uy-joyda yashash uchun uni haq evaziga egalik qilish va foydalanishga topshirish majburiyatini oladi.
Uy-joy yuridik shaxslarga ijara shartnomasi yoki boshqa shartnoma asosida egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Yuridik shaxs uy-joydan faqat fuqarolarning yashashi uchun foydalanishi mumkin.
601-modda. Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasi
Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joylar fuqarolarga uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan beriladi. Uy-joyni ijaraga berishning bunday shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchi bilan birga yashaydigan uning oila aʼzolari uy-joyni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha barcha huquqlardan ijaraga oluvchi bilan teng foydalanadilar va barcha majburiyatlarni bajaradilar.
Ijaraga oluvchi va uning oila aʼzolarining talabiga binoan shartnoma oila aʼzolarining bittasi bilan tuzilishi mumkin. Ijaraga oluvchi vafot etgan yoki uy-joydan chiqib ketgan taqdirda, shartnoma uy-joyda yashab turgan oila aʼzolarining biri bilan tuziladi.
Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasi uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar, shartlar va tartibda tuziladi. Bunday shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 603, 604, 607, 609, 610-moddalarining, shuningdek 613-modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarining qoidalari qoʻllanadi. Ushbu Kodeksning boshqa qoidalari, agar uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qoʻllanadi.
602-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining obyekti
Doimiy yashash uchun yaroqli boʻlgan alohida uy-joy (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismi) uy-joyni ijaraga berish shartnomasining obyekti boʻlishi mumkin.
Uy-joyning yashash uchun yaroqliligi uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Koʻp kvartirali uydagi uy-joyni ijaraga olgan shaxs undan foydalanish bilan bir qatorda ushbu Kodeksning 211-moddasida koʻrsatilgan mol-mulkdan foydalanish huquqiga ega boʻladi.
603-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shakli
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
Fuqarolar oʻrtasida tuzilgan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim.
604-modda. Uy-joyga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganida uy-joyni ijaraga berish shartnomasining saqlanishi
Ijara shartnomasi boʻyicha egallab turilgan uy-joyga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi shartnomaning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishiga olib bormaydi. Bunda yangi mulkdor ilgari tuzilgan ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchiga aylanadi.
605-modda. Uy-joyni ijaraga beruvchining majburiyatlari
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga doimiy yashash uchun yaroqli boʻsh uy-joyni berishi lozim.
Ijaraga beruvchi ijaraga berilgan turar joy joylashgan uydan tegishli darajada foydalanishni amalga oshirishi, ijaraga oluvchiga haq evaziga zarur kommunal xizmat koʻrsatishi yoki xizmat koʻrsatilishini taʼminlashi, koʻp kvartirali uyning umumiy foydalaniladigan mol-mulki va turar joy binosida joylashgan kommunal xizmat koʻrsatish qurilmalari taʼmirlanishini taʼminlashi shuningdek uy-joydan faqat ijara shartnomasida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanishni taʼminlash choralarini koʻrishi lozim.
606-modda. Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar
Uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga binoan faqatgina fuqaro ijaraga oluvchi boʻlishi mumkin.
Shartnomada uy-joyda ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar koʻrsatilishi lozim. Shartnomada bunday koʻrsatmalar boʻlmasa, mazkur fuqarolarni uy-joyga qoʻyish ushbu Kodeks 608-moddasining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar uy-joydan foydalanish boʻyicha u bilan teng huquqlarga egadirlar. Ijaraga oluvchi bilan bunday fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlar qonunda belgilanadi.
Ijaraga oluvchi oʻzi bilan birga doimiy yashab, uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shartlarini buzayotgan fuqarolarning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻladi.
Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ijaraga beruvchini xabardor qilgan holda uy-joyda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi ijaraga oluvchi bilan birga ijaraga beruvchi oldida solidar javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ijaraga oluvchi bilan shartnoma tuzishlari mumkin. Bunday holda ushbu fuqarolar birgalikda ijaraga oluvchi boʻladilar.
607-modda. Uy-joyni ijaraga oluvchining majburiyatlari
Ijaraga oluvchi uy-joydan faqat uning vazifasi boʻyicha foydalanishi, uy-joyning saqlanishini taʼminlashi va uni yaxshi holda tutishi shart.
Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligisiz uy-joyni qayta qurishga va tuzilishini oʻzgartirishga haqli emas.
Ijaraga oluvchi uy-joy haqini oʻz vaqtida toʻlab turishi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi kommunal xizmatlar haqini mustaqil toʻlashi shart.
608-modda. Uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga ijaraga oluvchining yangi oila aʼzolarini kiritish
Uy-joyni ijaraga oluvchi, shuningdek uning oila aʼzolari boshqa fuqarolarni oila aʼzosi sifatida uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritishni talab qilishga haqli. Bunday fuqarolarni uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.
609-modda. Vaqtincha yashovchilar
Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar umumiy kelishuvga binoan va ijaraga beruvchini oldindan xabardor qilgan holda vaqtincha yashovchilarga (foydalanuvchilarga) uy-joyda bepul yashab turishlari uchun ruxsat etishga haqlidirlar. Basharti, qonunchilikning jon boshiga toʻgʻri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilmasa, ijaraga beruvchi vaqtincha yashovchilarning yashab turishlarini taqiqlab qoʻyishi mumkin. Vaqtincha yashovchilarning yashab turish muddati olti oydan oshmasligi kerak.
Vaqtincha yashovchilar uy-joydan foydalanishda mustaqil huquqqa ega boʻlmaydilar. Ularning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida ijaraga oluvchi javobgardir.
Vaqtincha yashovchilar ular bilan kelishilgan yashab turish muddati oʻtganidan keyin, agarda bunday muddat kelishilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi yoki u bilan birga doimiy yashaydigan har qanday fuqaro tomonidan tegishli talab qoʻyilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan yetti kun ichida uy-joyni boʻshatishlari shart.
610-modda. Ijaraga berilgan uy-joyni taʼmirlash
Ijaraga berilgan uy-joyni joriy taʼmirlash, agar uy-joyni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchining zimmasidadir.
Ijaraga berilgan uy-joyni kapital taʼmirlash, agar uy-joyni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchining zimmasidadir.
Ijaraga berilgan uy-joy joylashgan uyni qayta jihozlashga, agar bunday qayta jihozlash uy-joydan foydalanish shart-sharoitlarini jiddiy ravishda oʻzgartirsa, ijaraga oluvchining roziligisiz yoʻl qoʻyilmaydi.
611-modda. Uy-joy uchun toʻlanadigan haq
Uy-joy uchun toʻlanadigan haqning miqdori taraflarning oʻzaro kelishuviga binoan uy-joyni ijaraga berish shartnomasida belgilab qoʻyiladi. Basharti qonunga muvofiq uy-joy uchun toʻlanadigan haqning eng koʻp miqdori belgilab qoʻyilgan boʻlsa, shartnomada belgilangan haq ana shu miqdordan oshib ketmasligi lozim.
Uy-joy uchun toʻlanadigan haqning miqdori bir tomonlama oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Uy-joy uchun haq ijaraga oluvchi tomonidan uy-joyni ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda toʻlab turilishi lozim. Agar shartnomada bunday muddatlar nazarda tutilgan boʻlmasa, haq ijaraga oluvchi tomonidan har oyda qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlab turilishi shart.
612-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddati
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u besh yilga tuzilgan hisoblanadi.
Bir yilgacha muddatga tuzilgan uy-joyni ijaraga berish (qisqa muddatli ijara) shartnomasiga nisbatan, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeks 606-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 609-moddasida, ushbu moddaning uchinchi qismida, 613 va 614-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanmaydi.
Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega.
Agar ijaraga beruvchi uy-joyni bir yildan kam boʻlmagan muddatda ijaraga bermaslikka qaror qilgan boʻlsa, u yangi muddatga shartnoma tuzishni rad qilishga haqli.
613-modda. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligi bilan oʻzi ijaraga olgan binoning bir qismini yoki hammasini muayyan muddatga ikkilamchi ijaraga oluvchiga beradi. Ikkilamchi ijaraga oluvchi uy-joydan mustaqil foydalanish huquqiga ega boʻlmaydi. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi qonunchilikning jon boshiga toʻgʻri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilgan taqdirdagina tuzilishi mumkin.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi haq evaziga amalga oshiriladi.
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining muddati uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddatidan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda bir vaqtning oʻzida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi ham bekor qilinadi.
Yangi muddatga shartnoma tuzishga boʻlgan imtiyozli huquq toʻgʻrisidagi qoida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
614-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasida ijaraga oluvchini almashtirish
Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning talabiga binoan va ijaraga beruvchining roziligi bilan uy-joyni ijaraga berish shartnomasidagi ijaraga oluvchi u bilan birga doimiy yashaydigan voyaga yetgan boshqa bir fuqaro bilan almashtirilishi mumkin.
Ijaraga oluvchi vafot etgan yoki u uy-joydan ketib qolgan taqdirda, shartnoma avvalgi shartlarda amal qilaveradi, avvalgi ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolarning umumiy kelishuviga binoan ulardan biri ijaraga oluvchi boʻladi. Agar bunday kelishuvga erishilgan boʻlmasa, uy-joyda birgalikda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi birgalikda ijaraga oluvchi boʻladilar.
615-modda. Ijara shartnomasini bekor qilish
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.
Uy-joyni ijaraga oluvchi oʻzi bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning roziligi bilan ijaraga beruvchini uch oy avval yozma ravishda ogohlantirib, istalgan vaqtda ijara shartnomasini bekor qilishga haqli.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi:
agar shartnomada uzoqroq muddat belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi tomonidan uy-joy uchun olti oy mobaynida, qisqa muddatli ijarada esa shartnomada belgilangan haq toʻlash muddati oʻtganidan keyin ikki martadan koʻproq haq toʻlanmagan boʻlsa;
ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar boʻlgan boshqa fuqarolar tomonidan uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa;
uy-joydan gʻayrihuquqiy qilmishlarni sodir etish uchun foydalanilgan boʻlsa, ijaraga beruvchining talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi:
agar uy-joy doimiy yashash uchun yaroqli boʻlmay qolsa, shuningdek avariya holatiga kelib qolsa;
uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda shartnomadagi istalgan tarafning talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.
Agar uy-joyni ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar boʻlgan boshqa fuqarolar uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmasalar yoxud muntazam ravishda qoʻshnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsalar, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarliklarga barham berish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirishi mumkin.
Agar ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar boʻlgan boshqa fuqarolar ogohlantirish olganlardan keyin ham uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmaslikni yoki qoʻshnilarning huquq va manfaatlarini buzishni davom ettirsalar, ijaraga beruvchi uy-joyni ijaraga berish shartnomasini sud tartibida bekor qilishga haqli.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻlgan qoidabuzarliklarga barham berish tartibi va muddatlari qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
616-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilishning oqibatlari
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ijaraga oluvchi va shartnoma bekor qilingan vaqtda uy-joyda yashab turgan boshqa fuqarolar sudning qaroriga asosan uy-joydan koʻchirib chiqarilishi lozim.
36-bob. Tekin foydalanish
617-modda. Tekin foydalanish shartnomasi tushunchasi
Tekin foydalanish (ssuda) shartnomasi boʻyicha bir taraf (ssuda beruvchi) ikkinchi tarafga (ssuda oluvchiga) ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi, ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan boʻlsa, normal yeyilishni hisobga olib xuddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi.
Tekin foydalanish shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeks 537-moddasida, 540-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 545-moddasida, 553-moddasining toʻrtinchi qismida, 555-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
618-modda. Ssuda beruvchi
Ashyoni tekin foydalanishga berish huquqiga uning mulkdori va qonun yoki mulkdor tomonidan vakolat berilgan boshqa shaxslar ega boʻladi.
Tijorat tashkiloti oʻz muassisi, ishtirokchisi (aksiyadori), rahbari, oʻz boshqaruv yoki nazorat organlarining aʼzosi boʻlgan shaxsga ashyoni tekin foydalanishga berishga haqli emas.
619-modda. Ashyoni tekin foydalanish uchun berish
Ssuda beruvchi ashyoni undan tekin hamda vazifasiga muvofiq foydalanish shartlariga javob beradigan holatda topshirishi shart.
Agar shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo undan tekin foydalanish uchun barcha mansub ashyolari va tegishli hujjatlari (foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar, texnik pasporti va shu kabilar) bilan birga beriladi.
Agar bunday ashyolar va hujjatlar berilmagan boʻlib, ularsiz ashyodan vazifasiga muvofiq foydalanib boʻlmasa yoki undan foydalanish ssuda oluvchi uchun oʻz ahamiyatini ancha yoʻqotsa, ssuda oluvchi bunday ashyolar va hujjatlar berilishini yoki shartnoma bekor qilinib, oʻzi koʻrgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
620-modda. Ashyoni tekin foydalanishga bermaslik oqibatlari
Agar ssuda beruvchi ashyoni ssuda oluvchiga bermasa, ssuda oluvchi shartnomani bekor qilish va yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
621-modda. Tekin foydalanish uchun berilgan ashyoning kamchiliklari uchun javobgarlik
Ssuda beruvchi tekin foydalanish shartnomasini tuzish paytida qasddan yoki qoʻpol ehtiyotsizlik bilan ashyoning kamchiliklarini aytib qoʻymagan boʻlsa, bu kamchiliklar uchun javob beradi.
Bunday kamchiliklarni aniqlaganida ssuda oluvchi oʻz xohishiga qarab, ssuda beruvchidan ashyodagi kamchiliklarni tekin bartaraf etishni yoki ashyoning kamchiliklarini bartaraf etishga qilingan xarajatlarni qoplashni yoxud tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Ssuda oluvchining talablaridan yoki uning ashyodagi kamchiliklarni ssuda beruvchining hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ssuda beruvchi buzuq ashyoni kechiktirmasdan tegishli holatdagi xuddi shunday ashyo bilan almashtirishi mumkin.
Ashyoning tekin foydalanish shartnomasini tuzish vaqtida koʻrsatib oʻtilgan yoki ssuda oluvchiga oldindan maʼlum boʻlgan yoxud u ashyoni koʻzdan kechirish yoki shartnoma tuzish yoxud ashyoni topshirish vaqtida uning sozligini tekshirish chogʻida aniqlashi lozim boʻlgan kamchiliklari uchun ssuda beruvchi javobgar boʻlmaydi.
https://neolex.uz/uz/laws/civil-2
