Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son)
14.09.2016
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 12-avgustda qabul qilingan Senat tomonidan 2016-yil 24-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilik
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yoshlarga oid davlat siyosati — davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
yoshlar (yosh fuqarolar) — oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar;
yosh oila — er-xotinning ikkisi ham oʻttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan oʻttiz yoshdan oshmagan yolgʻiz otadan yoki yolgʻiz onadan iborat boʻlgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);
yosh mutaxassis — oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini bitirgan, taʼlim muassasasini bitirganidan soʻng olgan ixtisosligi boʻyicha uch yil ichida ishga kirgan va maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan ixtisosligi boʻyicha ishlayotganiga uch yildan koʻp boʻlmagan oʻttiz yoshdan oshmagan xodim;
yoshlar tadbirkorligi — yuridik shaxs tashkil etmagan holda yosh fuqarolar tomonidan, shuningdek taʼsischilari yosh fuqarolar boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati.
4-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ochiqlik va shaffoflik;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi;
yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
maʼnaviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;
yoshlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmasligi.
5-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
yoshlarning hayoti va sogʻligʻini saqlash;
yoshlarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashish;
yoshlar uchun ochiq va sifatli taʼlimni taʼminlash;
yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;
yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuygʻusi, bagʻrikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoya qilish;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish;
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yoshlarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yosh oilalarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
yoshlarning huquqlari va erkinliklarini roʻyobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
6-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar
Yoshlarga oid davlat siyosati davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va roʻyobga chiqarishni taʼminlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat hayotida ularning oʻrni va faolligini oshirish, sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash maqsadida ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.
2-bob. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yoshlarga oid davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishning borishini umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etadi hamda uni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining hamkorligini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
71-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini tahlil qiladi, shuningdek uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xorijda oʻqiydigan yoshlar bilan ishlarni tizimli asosda tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining hamkorligini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar toʻgʻrisida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan soʻrovlar yuborishga haqli.
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari maxsus vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda kelishiladi.
8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi va amalga oshiradi;
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishning samaradorligini oshirish uchun yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini taʼminlaydi;
yoshlarning bandligi va ularni ishga joylashtirish siyosati roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi, mehnat bozori va yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish amaliyoti monitoringini tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimi
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimiga quyidagilar kiradi:
taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari;
davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha organlar;
madaniyat organlari;
mehnat organlari;
prokuratura organlari;
ichki ishlar organlari;
adliya organlari;
mudofaa ishlari boʻyicha organlar.
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar ham qonunchilikka muvofiq ishtirok etishi mumkin.
10-modda. Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlarining va taʼlim muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
taʼlim sifatini oshirishga, malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
manfaatdor organlar va muassasalar bilan birgalikda oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligining tahlilini amalga oshiradi hamda uning natijalari asosida taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
yoshlarning taʼlimi va tarbiyasi sifatini oshirish, oʻquv jarayoniga taʼlimning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish chora-tadbirlarini koʻradi;
taʼlim muassasalarida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni taʼminlash maqsadida sport seksiyalari, fan, texnika toʻgaraklari va ijodiy toʻgaraklar, klublar tashkil etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek ularni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga doir faoliyatda ishtirok etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy-psixologik va pedagogik yordam koʻrsatadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlarining va sogʻliqni saqlash muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida sanitariya-gigiyenaga oid bilimlarni tarqatish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha targʻibotni tashkil etadi;
yoshlar oʻrtasida tizimli tibbiy tekshiruvlarni tashkil etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka chalingan, ruhiy holati buzilgan, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga chalingan yosh fuqarolarni aniqlaydi, ularni hisobga olishni, tekshiruvdan oʻtkazishni, shuningdek tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni va ijtimoiy moslashtirishni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga boʻlgan intilishni va sportga qiziqishni ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar oʻrtasida xalq oʻyinlari, milliy va boshqa sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilishini tashkil etadi;
yoshlar oʻrtasida xalqaro sport aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashda, sport musobaqalarini oʻtkazishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamda respublika miqyosida oʻtkaziladigan tadbirlarda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarning ishtirok etishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha organlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
121-modda. Madaniyat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Madaniyat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida badiiy ijodiyot, xalq va havaskorlik ijodiyoti targʻibotini amalga oshiradi;
yoshlar oʻrtasida kino, teatr, musiqa, xoreografiya, tasviriy sanʼatni, sirk, xalq amaliy sanʼatini va estrada sanʼatini rivojlantirishga, ularning gʻoyaviy-badiiy va axloqiy saviyasini oshirishga koʻmaklashadi;
yoshlar oʻrtasidagi ommaviy-madaniy va bayram tadbirlari gʻoyaviy mazmun bilan toʻldirilishini taʼminlaydi, ijodiy uyushmalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
yoshlar oʻrtasida xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda, konferensiyalar va koʻrgazmalar oʻtkazishda ishtirok etadi;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi, ularning oʻz iqtidori va isteʼdodini toʻlaqonli namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
ijodiy safarlar tashkil etilishini hamda madaniyat sohasida xalqaro va respublika miqyosida oʻtkaziladigan koʻriklarda, tanlovlarda, festivallarda, boshqa tadbirlarda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarning ishtirok etishini taʼminlaydi;
milliy oʻzlikni anglashda mustaqillik, yuksak maʼnaviyat, insonparvarlik anʼanalariga sadoqat gʻoyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmning yot gʻoyalariga qarshi immunitetni mustahkamlash hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida yoshlar oʻrtasida maʼrifiy ishlarni amalga oshiradi;
xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa ijodkor yoshlarga har tomonlama koʻmaklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Madaniyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Mehnat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mehnat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning bandligi darajasini tizimli asosda tahlil qiladi, ularning bandligini taʼminlashda ishtirok etadi;
yoshlarni kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash boʻyicha tizimni tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mehnat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Prokuratura organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Prokuratura organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Prokuratura organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15-modda. Ichki ishlar organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Ichki ishlar organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini koʻradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Ichki ishlar organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. Adliya organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Adliya organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Adliya organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. Mudofaa ishlari boʻyicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mudofaa ishlari boʻyicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarligini tashkil etishda ishtirok etadi;
yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mudofaa ishlari boʻyicha organlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan yosh fuqarolarga qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻshimcha moddiy yordam koʻrsatadi;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirishga, sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, oilada maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻradi;
yoshlarni tarbiyalash masalalari yuzasidan taʼlim muassasalari va boshqa muassasalar bilan hamkorlik qiladi;
tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda yoshlarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
19-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishi
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarda hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarni shakllantirishda, ularni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan qilib tarbiyalashda ishtirok etadi;
sogʻlom va barkamol yoshlarni tarbiyalashga, jamiyat hayotida ularning roli hamda faolligini oshirishga doir tadbirlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
yoshlarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni hamda roʻyobga chiqarishni taʼminlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashadi;
fan, sport, sanʼat va madaniyat sohasida yoshlarning ijodiy isteʼdodi va qobiliyatini erta aniqlashga hamda rivojlantirishga koʻmaklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirishda, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga, ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka, kashandalikka hamda oʻzga zararli illatlarga qarshi kurashishga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda, yoshlar sportini ommaviy rivojlantirishda ishtirok etadi;
yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirishga, ekologik taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashadi;
qonunchilikda belgilangan tartibda yoshlarni oʻqitish bilan shugʻullanishi mumkin;
yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga, kasbga yoʻnaltirishga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga koʻmaklashadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Davlat yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishini kafolatlaydi va taʼminlaydi.
20-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi
Ommaviy axborot vositalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga, shu jumladan sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, jamiyat hayotida uning roli va faolligini oshirishga, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarni yoritadi;
yoshlarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashishga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi, davlat dasturlari va hududiy dasturlar roʻyobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar, shuningdek fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi.
Ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
21-modda. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlari
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) oʻz ishtirokchilari (aʼzolari) oʻrtasida taqsimlamaydigan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishni hamda himoya qilishni, shuningdek yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni oʻzining maqsadlari deb biladigan, oʻzini oʻzi boshqaradigan tashkilotdir.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat moddiy va moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda taʼlim muassasalarining binolaridan, klublar, madaniyat va aholi dam olish markazlaridan, sport inshootlaridan va boshqa inshootlardan foydalanish huquqini beradi.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti oʻz ustavida nazarda tutilgan, faoliyatini moddiy jihatdan taʼminlash uchun zarur boʻlgan binolarga, inshootlarga, uy-joy fondiga, uskunalarga, ashyolarga, madaniy-maʼrifiy va sogʻlomlashtirish uchun moʻljallangan mol-mulkka, pul mablagʻlariga, qimmatli qogʻozlarga va boshqa mol-mulkka ega boʻlishi mumkin.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlgan shaxs yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti aʼzosi boʻlishi mumkin. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotiga aʼzo boʻlish, aʼzolikni yoʻqotish shartlari va tartibi, shu jumladan yoshiga koʻra uning aʼzoligidan chiqish shartlari tegishli nodavlat notijorat tashkilotining ustavida belgilanadi.
3-bob. Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish
22-modda. Yoshlar huquqlari va erkinliklarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunga muvofiq har bir yosh fuqaroning huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi.
Yosh fuqarolarning huquqlari va erkinliklari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, yoshlarning huquqlari va erkinliklarini biror bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi hamda bunday cheklash qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Davlat voyaga yetmaganlarni jazoni ijro etish muassasalarida saqlashda shaxsning huquqlariga va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, insonparvarlik prinsiplariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Voyaga yetmaganlar uchun ular sodir etgan huquqbuzarlikning ogʻirlik darajasi va ularning yoshi hisobga olingan holda jazoni ijro etish muassasalarida qonunchilikka muvofiq tabaqalashtirilgan rejimda saqlash nazarda tutiladi.
23-modda. Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari
Qonunchilikda belgilangan tartibda yoshlar uchun quyidagilar kafolatlanadi:
bepul tibbiy xizmat koʻrsatilishi;
bepul umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim olish;
davlat taʼlim muassasalarida davlat grantlari doirasida bepul kasb-hunar va oliy taʼlim olish;
davlat sport-sogʻlomlashtirish va madaniy-maʼrifiy muassasalariga borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
uy-joy qurish, olish va uni rekonstruksiya qilish uchun imtiyozli kreditlar berish;
taʼlim muassasalarida oʻqish uchun imtiyozli kreditlar berish;
yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash;
oʻrta maxsus, kasb-hunar yoki oliy taʼlim muassasasini bitirganidan keyin bandlikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;
mehnat sohasida yoshga doir oʻziga xosliklarni inobatga olgan holda imtiyozlar berish va ishni taʼlim bilan qoʻshib olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish va qurish chogʻida yoshlarning ehtiyojlarini hisobga olish;
jamoat transportidan foydalanishda imtiyozlar berish.
Ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan yosh fuqarolarni ishga joylashtirishga yordam qoʻshimcha ish oʻrinlari va ixtisoslashtirilgan korxonalarni barpo etish, oʻqitish boʻyicha maxsus dasturlarni tashkil etish, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda ish joylarining eng kam miqdori zaxirasini yaratish yoʻli bilan taʼminlanadi.
Kam taʼminlangan yosh oilalarga qonunchilikda belgilangan tartibda moddiy yordam berish choralari koʻrilishi mumkin.
Oʻquv jarayoni vaqtida oʻquvchilar va talabalarni jamoatchilik ishlariga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ular tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos va oʻquv-ishlab chiqarish amaliyotining shakli boʻlgan hollar yoxud oʻquvchilar va talabalar oʻqishdan boʻsh vaqtida ixtiyoriy mehnat qilgan hollar mustasno. Mazkur mehnat faoliyatiga mehnat toʻgʻrisidagi yoki fuqarolik qonunchilikka muvofiq shartnoma mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Qonunchilikda yoshlarni ijtimoiy himoya qilishning boshqa kafolatlari ham berilishi mumkin.
24-modda. Yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab- quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari
Yosh fuqarolar va yosh oilalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagilar vositasida yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari nazarda tutilishi mumkin:
oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar berish tizimini rivojlantirish;
yoshlarga ijtimoiy xizmat, ijtimoiy yordam koʻrsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tizimini rivojlantirish;
yoshlarning dam olishi va ularni sogʻlomlashtirishni tashkil etish tizimini rivojlantirish.
Qonunchilikda yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa qoʻshimcha chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
25-modda. Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
qonunchilikda belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, taʼlim grantlari taqdim etish;
fan, madaniyat va sanʼat sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga koʻmaklashish;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika toʻgaraklari va ijodiy toʻgaraklar faoliyatini tashkil etish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni aniqlash va ragʻbatlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, koʻrgazmalar, festivallar, koʻriklar, konsertlar, simpoziumlar, oʻqishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda oʻtkazish;
yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda oʻqitish, qayta tayyorlash va amaliyotni oʻtash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini taʼminlash;
ilmiy-tadqiqot, madaniy-maʼrifiy ishlarni oʻtkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga koʻmaklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish;
sport-taʼlim muassasalari, klublari tarmoqlarini rivojlantirish, iqtidorli va isteʼdodli yosh sportchilarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar oʻrtasida sport musobaqalarini oʻtkazish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ragʻbatlantirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Qonunchilikda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
26-modda. Yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini qoʻllab-quvvatlaydi.
Yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
davlat organlari tomonidan yoshlar tadbirkorligini tashkil etishda koʻmaklashish;
yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida imtiyozli kreditlar berish;
yoshlarni tadbirkorlik faoliyati asoslari boʻyicha oʻqitish, taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasida hamkorlikni shartnoma asosida rivojlantirish;
yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish va roʻyobga chiqarish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan qonunchilikka muvofiq tegishli imtiyozlar va afzalliklar belgilanadi.
27-modda. Yoshlar ijtimoiy xizmati
Yoshlarni va yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyat koʻrsatadi.
Yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyatining yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
yosh fuqarolarga psixologik-pedagogik, yuridik yordam koʻrsatish va maslahatlar berish;
imkoniyati cheklangan yosh fuqarolarga ijtimoiy yordam koʻrsatish;
yosh oilalarga ijtimoiy yordam koʻrsatish;
taʼlim va mehnat jamoalarida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;
yosh mutaxassislarga yangi ish joyiga moslashishida, ularni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ularni uy-joy bilan taʼminlashga koʻmaklashish;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan qaytib kelgan yosh fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish;
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga koʻmaklashish;
huquqiy targʻibot, yoshlarni ishga joylashish, taʼlim olish va kasbiy tayyorgarlik borasida, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, turizm va sport sohasidagi imkoniyatlar toʻgʻrisida xabardor etish;
yoshlarning yashash joylarida boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish.
Yoshlar ijtimoiy xizmati oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham amalga oshirishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini moliyaviy jihatdan taʼminlash
Yoshlarga oid davlat siyosatini moliyaviy jihatdan taʼminlash qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining, homiylarning mablagʻlari va boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
29-modda. Nizolarni hal etish
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
30-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
31-modda. Ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi 429-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 80-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini kuchga kiritish tartibi haqida”gi 430-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 81-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 621-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 102-modda) I boʻlimining 3-bandi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 621-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 90-modda) III boʻlimi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi 714-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 18-modda) I boʻlimining 8-bandi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-197-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 3-moddasi.
32-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 14-sentabr,
OʻRQ-406-son
