21-modda. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlari
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) oʻz ishtirokchilari (aʼzolari) oʻrtasida taqsimlamaydigan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishni hamda himoya qilishni, shuningdek yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni oʻzining maqsadlari deb biladigan, oʻzini oʻzi boshqaradigan tashkilotdir.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat moddiy va moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda taʼlim muassasalarining binolaridan, klublar, madaniyat va aholi dam olish markazlaridan, sport inshootlaridan va boshqa inshootlardan foydalanish huquqini beradi.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti oʻz ustavida nazarda tutilgan, faoliyatini moddiy jihatdan taʼminlash uchun zarur boʻlgan binolarga, inshootlarga, uy-joy fondiga, uskunalarga, ashyolarga, madaniy-maʼrifiy va sogʻlomlashtirish uchun moʻljallangan mol-mulkka, pul mablagʻlariga, qimmatli qogʻozlarga va boshqa mol-mulkka ega boʻlishi mumkin.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlgan shaxs yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti aʼzosi boʻlishi mumkin. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotiga aʼzo boʻlish, aʼzolikni yoʻqotish shartlari va tartibi, shu jumladan yoshiga koʻra uning aʼzoligidan chiqish shartlari tegishli nodavlat notijorat tashkilotining ustavida belgilanadi.
