22-modda. Yoshlar huquqlari va erkinliklarining kafolatlari
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunga muvofiq har bir yosh fuqaroning huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi.
Yosh fuqarolarning huquqlari va erkinliklari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, yoshlarning huquqlari va erkinliklarini biror bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi hamda bunday cheklash qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Davlat voyaga yetmaganlarni jazoni ijro etish muassasalarida saqlashda shaxsning huquqlariga va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, insonparvarlik prinsiplariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Voyaga yetmaganlar uchun ular sodir etgan huquqbuzarlikning ogʻirlik darajasi va ularning yoshi hisobga olingan holda jazoni ijro etish muassasalarida qonunchilikka muvofiq tabaqalashtirilgan rejimda saqlash nazarda tutiladi.
