11-modda. Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlarining va sogʻliqni saqlash muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida sanitariya-gigiyenaga oid bilimlarni tarqatish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha targʻibotni tashkil etadi;
yoshlar oʻrtasida tizimli tibbiy tekshiruvlarni tashkil etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka chalingan, ruhiy holati buzilgan, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga chalingan yosh fuqarolarni aniqlaydi, ularni hisobga olishni, tekshiruvdan oʻtkazishni, shuningdek tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni va ijtimoiy moslashtirishni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
