25-modda. Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
qonunchilikda belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, taʼlim grantlari taqdim etish;
fan, madaniyat va sanʼat sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga koʻmaklashish;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika toʻgaraklari va ijodiy toʻgaraklar faoliyatini tashkil etish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni aniqlash va ragʻbatlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, koʻrgazmalar, festivallar, koʻriklar, konsertlar, simpoziumlar, oʻqishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda oʻtkazish;
yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda oʻqitish, qayta tayyorlash va amaliyotni oʻtash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini taʼminlash;
ilmiy-tadqiqot, madaniy-maʼrifiy ishlarni oʻtkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga koʻmaklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish;
sport-taʼlim muassasalari, klublari tarmoqlarini rivojlantirish, iqtidorli va isteʼdodli yosh sportchilarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar oʻrtasida sport musobaqalarini oʻtkazish;
iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ragʻbatlantirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Qonunchilikda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
