8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi va amalga oshiradi;
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishning samaradorligini oshirish uchun yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini taʼminlaydi;
yoshlarning bandligi va ularni ishga joylashtirish siyosati roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi, mehnat bozori va yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish amaliyoti monitoringini tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
