121-modda. Madaniyat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Madaniyat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar oʻrtasida badiiy ijodiyot, xalq va havaskorlik ijodiyoti targʻibotini amalga oshiradi;
yoshlar oʻrtasida kino, teatr, musiqa, xoreografiya, tasviriy sanʼatni, sirk, xalq amaliy sanʼatini va estrada sanʼatini rivojlantirishga, ularning gʻoyaviy-badiiy va axloqiy saviyasini oshirishga koʻmaklashadi;
yoshlar oʻrtasidagi ommaviy-madaniy va bayram tadbirlari gʻoyaviy mazmun bilan toʻldirilishini taʼminlaydi, ijodiy uyushmalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
yoshlar oʻrtasida xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda, konferensiyalar va koʻrgazmalar oʻtkazishda ishtirok etadi;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi, ularning oʻz iqtidori va isteʼdodini toʻlaqonli namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
ijodiy safarlar tashkil etilishini hamda madaniyat sohasida xalqaro va respublika miqyosida oʻtkaziladigan koʻriklarda, tanlovlarda, festivallarda, boshqa tadbirlarda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarning ishtirok etishini taʼminlaydi;
milliy oʻzlikni anglashda mustaqillik, yuksak maʼnaviyat, insonparvarlik anʼanalariga sadoqat gʻoyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmning yot gʻoyalariga qarshi immunitetni mustahkamlash hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida yoshlar oʻrtasida maʼrifiy ishlarni amalga oshiradi;
xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa ijodkor yoshlarga har tomonlama koʻmaklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Madaniyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
