19-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishi
Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida (O‘RQ-406-son) · Sana: 14.09.2016 · Amalda
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarda hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarni shakllantirishda, ularni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan qilib tarbiyalashda ishtirok etadi;
sogʻlom va barkamol yoshlarni tarbiyalashga, jamiyat hayotida ularning roli hamda faolligini oshirishga doir tadbirlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
yoshlarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni hamda roʻyobga chiqarishni taʼminlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashadi;
fan, sport, sanʼat va madaniyat sohasida yoshlarning ijodiy isteʼdodi va qobiliyatini erta aniqlashga hamda rivojlantirishga koʻmaklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirishda, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga, ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka, kashandalikka hamda oʻzga zararli illatlarga qarshi kurashishga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda, yoshlar sportini ommaviy rivojlantirishda ishtirok etadi;
yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirishga, ekologik taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashadi;
qonunchilikda belgilangan tartibda yoshlarni oʻqitish bilan shugʻullanishi mumkin;
yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga, kasbga yoʻnaltirishga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga koʻmaklashadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Davlat yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishini kafolatlaydi va taʼminlaydi.
